1. Mikrokreditbank bank bosh ofisi haqida
O'zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida hozirgi vaqtda amalga oshirilayotgan tarkibiy o'zgarishlar eng avvalo bank tizimi bilan bevosita bog'liq bo'lib kelmoqda. Shuning uchun ham bank kreditlaridan samarali foydalanish, ularning eng qulay shakllaridan, jumladan, iste'mol kreditidan foydalanish ham muhim masalalardan biri bo'lib qolmoqda.
Mamlakatimiz Prezidenti SH.Mirziyoyev ta`kidlaganidek, - «Iqtisodiyotni rivojlantirishda puxta va barqaror bank-moliya tizimi ulkan ahamiyatga ega.
2018-yilda bank tizimi faoliyatini rivojlantirish bo'yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishda banklar bilan tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasida samarali va o'zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratiladi.
O'zbekistonda xalqaro standartlar asosida valyutani liberallashtirish jarayoni boshlandi. Valyuta siyosati biznes va iqtisodiyotni rivojlantirish manfaatlariga to'liq xizmat qilishi, investitsiya faoliyatiga ijobiy turtki berishi lozim.»
Bank tizimi tarixi2
2010 yil
O'zbekiston tijorat banklari, avvalo, ixtisoslashgan kredit institutlari sifatida ko'zga ko'rina boshladi. Bu, bir tomondan xo'jaliklarning vaqtincha bo'sh mablag'larini jalb etishi, boshqa tomondan esa jalb etilgan mablag'lar hisobidan korxonalar, xususiy tadbirkorlar va aholining moliyaviy ehtiyojlarini qondirishi bilan dolzarb ahamiyat kasb etdi.
Xorijiy va mahalliy ekspertlarning qayd etishicha, so'nggi yillar davomida respublikada asosiy tamoyil — ixtisoslashuvdan uzoqlashish va bank faoliyatida universallashtirishni chuqurlashtirish kuzatilmoqda. Bu esa bank operatsiyalari mazmuni va kredit munosabatlari mohiyatini oldindan belgilab beradi.
2008–2009 yillar
Ushbu yillarda aholi va tadbirkorlik sub'ektlari uchun bank chakana mahsulotlarini rivojlantirish bank faoliyatining muhim yo'nalishiga aylandi.
Mazkur yo'nalishda banklar o'z faoliyatini dunyoviy amaliyotning “oltin” printsipidan kelib chiqqan holda olib bordilar. Ya'ni, aholiga ko'rsatiladigan xizmatlarning jozibadorligi tadbirkorlarning kreditlardan foydalanish keng imkoniyati bilan mutanosib holda rivojlantirildi. Davom ettirilgan islohotlar bank faoliyatini aholining turmush darajasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi, ilgari qabul qilingan “Iste'mol krediti to'g'risida”gi va “Ipoteka to'g'risida”gi qonunlar doirasidagi faolligini yanada kuchaytirdi.
O'zbekiston tijorat banklari respublikamizdagi va jahon bank hamjamiyatidagi yangi voqelikka javoban o'zlari taklif etayotgan xizmatlari to'plamini kengaytirdi, bozorga yangi bank mahsulotlarini chiqardi va ayni paytda moliya institutlari faoliyatining xalqaro standartlarini faol joriy etishga kirishdi.
2006–2007 yillar
Ipotekaviy kreditlashning rivojlanish davri. Bank xizmatlarining mazkur yangi shakli mahalliy aholi tomonidan darhol ijobiy baholandi. Aholining barcha qatlamlarini, ayniqsa, yoshlarni ijtimoiy himoyalashni ko'zda tutuvchi ushbu manba O'zbekiston Respublikasi “Iste'mol krediti to'g'risida”gi va “Ipoteka to'g'risida”gi Qonunlari orqali mustahkamlandi.
O'zbekiston Respublikasining“Iste'mol krediti to'g'risida”gi Qonuni iste'molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur qonun turar-joy va maishiy sharoitlarni yaxshilash borasida aholining imkoniyatlarini yanada kengaytirishga, binobarin, banklarda iste'mol kreditlash hajmining sezilarli darajada oshishiga xizmat qiladi.
2006 yilning oktyabr oyida esa O'zbekiston Respublikasi “Ipoteka to'g'risida”gi qonuni kuchga kirdi. Ko'chmas mulkni xarid qilish uchun kreditlar ajratishning huquqiy mexanizmini o'zida mustahkamlagan ushbu qonun hujjati bank ipotekaviy kreditlash rivojida muhim ahamiyat kasb etdi. Undan ko'zlangan asosiy maqsad ko'chmas mulkka garov qo'yishda yuzaga keluvchi munosabatlarni tartibga solishdan iborat edi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 16 fevraldagi “Uy-joy qurilishi va uy-joy bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori doirasida uy-joylar qurilishini uzoq muddatli ipotekaviy kreditlash tizimida bir qator mexanizmlar joriy etildi.Bu davrda, shuningdek, banklarning strategiyalari naqd pul muomalasini mustahkamlashga, har bir filialda naqd pul zahiralarini shakllantirishga va o'z faoliyatida samaradorlikni oshirishga qaratildi.
“2005–2007 yillarga mo'ljallangan bank tizimini isloh qilish va rivojlantirish dasturi”da belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi banklar kapitallashuv darajasi va ko'rsatkichlarining barqaror o'sishini ta'minlagan holda, bank tizimini yanada isloh qilish va liberallashtirishda muhim omil bo'ldi. Bu borada pul muomalasini mustahkamlash va milliy valyuta, uning ayirboshlash kursi barqarorligini oshirish, banklarda aholi omonatlarini ko'paytirishni rag'batlantirishga ustuvor yo'nalishlar sifatida e'tibor qaratildi. Rivojlanish sari doimiy ravishda intilayotgan tijorat banklariga mamlakatimiz hukumati tomonidan o'z vaqtida taqdim etilgan imtiyozlar kredit muassasalari o'z yangi instrumentlarini ishlab chiqadigan va taklif qiladigan bank-moliya bozorining shakllanishini oldindan belgilab berdi.
Dostları ilə paylaş: |