Kompaniyalar tomonidan jalb etiladigan moliyaviy resurslarning hajmi aksiyadorlar ixtiyorida qoldiriladi. Ko‘p kompaniyalar har xil turdagi aksiyalarga ega. Bundan tashqari aksariyat kompaniyalar pul mablag‘larini uzoq muddatli qarz asosida jalb etadilar (ko‘pchilik qisqa muddatli kredit ham oladi). Biz keyingi boblarda kompaniyalar nima uchun va qanday qilib bittadan ortiq turdagi aksiyalarni chiqarishlarini va pulni qarzga olishlarini ko‘rib chiqamiz. Mazkur bobda uzoq muddatli korporativ moliyaviy resurslar bilan qisqacha tanishishni davom ettiramiz.
Oddiy aksiyalar Oddiy aksiyalar (ordinary shares) o‘z bo‘yniga riskni olishga tayyor va bir vaqtning o‘zida investitsion qo‘yilmalaridan katta qaytim kutgan investorlar uchun chiqariladi. Oddiy aksiyalar ko‘pincha sodda qilib aksiyalar (equities) deyiladi. Kompaniyaning odatdagi tajribasi aksiyadorlarga soliqlar to‘langandan so‘ng olingan foydaning bir qismini dividendlar (dividends) tarzida to‘lash hisoblanadi. Har bir aksiyador oladigan summa u egalik qiladigan aksiyalar soni bilan bevosita bog‘liq. Dividend miqdori har bir aniq yil uchun direktorlar ko‘rib chiqqandan so‘ng belgilanadi. Dividendlar ko‘pincha aksiyadorlarga mukofot sifatida qaraladi, xuddi kreditlarga foiz to‘lovlarini biz kreditorlar uchun mukofot sifatida qabul qilganimiz kabi. Qolaversa, dividendlarning mohiyatini bunday talqin qilish shubha tug‘diradi. Kompaniyaning barcha daromadlari, ular dividend tarzida to‘lanishidan yoki ishlab chiqarishga reinvestitsiya qilinishidan qat‘i nazar - aksiyadorlarga tegishli hisoblanadi. Agar oldin olingan foyda reinvestitsiya qilinsa, ushbu holat aksiyalar qiymatining o‘sishiga olib kelishi lozim. Bunday o‘sish o‘z aksiyalarini sotayotgan aksiyadorlar
tomonidan mohirona amalga oshirilishi mumkin. Aksiyadorlar uchun foydani reinvestitsiya qilish yoki ularga tegishli fondlardan dividend to‘lash masalasi o‘tkir bahs-munozara predmeti bo‘lib qoladi. Bu munozaralar dividend siyosatiga bag‘ishlangan bobda ko‘rib chiqiladi.
Agar kompaniya tugatiladigan bo‘lsa, oddiy aksiyalarning har bir egasi, boshqa barcha qonuniy talablar to‘liq qanoatlantirilgandan so‘ng qolgan pul mablag‘larining unga hisoblangan qismini oladi.
Qachonki aksiyalar bir investordan boshqasiga o‘tganda aksiyalar birinchi marta joylashtirilgan narxni (original issue price) yoki nominal narxni (nominal value) talab qilish mantiqsiz hisoblanadi. Har bir aniq kompaniya aksiyalarining qiymati iqtisodiy prognozlar holatiga muvofiq o‘zgarib boradi, shuning uchun aksiya narxi doimo tebranadi.
Shuni ham qayd etish lozim, aksiyador u yoki bu kompaniyaning aksiyasini aniq bir narxga sotganida ushbu kompaniyaga to‘g‘ridan- to‘g‘ri moliyaviy ta‘sir ko‘rsatmaydi. Faqat kompaniya kelgusida yangi aksiyadorga dividend to‘laydi va ovoz berish huquqini beradi.
Oddiy aksiya egalari kompaniyada ovoz berish huquqiga ega. Shunday tarzda, aynan ular kompaniyani nazorat qiladilar.
Oddiy aksiyalar o‘z egalariga dividendlar olish, kompaniya tugatilganda to‘lov olish, shuningdek, ovoz berishda ishtirok etish borasida teng huquqlarni taqdim etadi. Ikkita aksiya bittasiga nisbatan aynan (roppa-rosa) ikki baravar ko‘p huquqlarni beradi. Qonun direktorlarga yirik miqdordagi aksiya egalaridan tashqari alohida aksiyadorlar huquqlari o‘rtasida tafovut o‘rnatishni ta‘qiqlaydi (bitta aksiyalar sinfiga egalik qilish sharti bilan). Z plc, kompaniyadagi 100 ta aksiyaga egalik qiladigan X xonim xuddi shu kompaniyadagi va shuncha miqdordagi aksiyalarga egalik qiluvchi janob Y bilan bir xil huquqqa ega bo‘lishi shart. Fond birjalari va boshqa ko‘ngilli tashkilotlar mazkur tenglikka rioya qilishga yordam beradilar.