KIRISH
Ma‘lumki, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga muvofiq kadrlar tayyorlashning mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlar darajasida oliy ma‘lumotli mutaxassislar tayyorlashga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-
apreldagi “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-sonli qarori hamda 2017-yil 27-iyuldagi “Oliy ma‘lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3151-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qarorlarda yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish va ularni oliy ta‘lim muassasalarining ta‘lim
jarayoniga keng tatbiq etish, oliy ta‘lim muassasalarini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta‘minlash, shu jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlar sotib olish va tarjima qilish, axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish, rivojlangan xorijiy davlatlarning eng ilg‘or tajribasini chuqur o‘rgangan holda o‘quv
rejalari va fan dasturlari, o‘quv adabiyotlarini xalqaro standartlar asosida zamonaviy, mutlaqo yangi talablar asosida ishlab chiqilishi va bosqichma-bosqich joriy etilishini tashkil qilish ko‘zda tutilgan.
Qo‘lingizdagi ushbu o‘quv qo‘llanma “Biznes moliyasi” fanidan xorijiy adabiyotlar asosida tayyorlangan, mazkur qarorlarning ijrosiga qaratilgan vazifalarning bir in‘ikosi hisoblanadi.
Ushbu o‘quv qo‘llanmada xorijiy mamlakatlar iqtisodiyotining xususiy sektori misolida moliya va investitsiya sohasida qarorlar qabul qilish masalalari ko‘rib o‘tilgan. Moliyaviy qarorlar qabul qilishning har bir bosqichiga tegishli nazariyalar bayon qilingan, so‘ngra esa haqiqiy amaliyot bilan taqqoslangan. Qayerda amaliyot va nazariya bir-biriga mos bo‘lmay qolsa, kitobda ularni “murosaga keltirish”ga va farq qilish sabablarini tushuntrishga harakat qilingan.
Kitobda shuningdek, amaliyotda keng qo‘llanilmayotgan ayrim nazariyalarning amaliy ahamiyatiga baho berilgan.
O‘quv qo‘llanma rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotining xususiy sektoriga bag‘ishlangan bo‘lsada, undagi nazariy qarashlar va amaliy tajriba xohlagan mamlakat, jumladan O‘zbekiston iqtisodiyotining xususiy sektorida tatbiq etilishi mumkin. Bundan tashqari mazkur kitobda iqtisodiyotning davlat sektori tarmoqlariga bevosita aloqador ko‘p masalalar ko‘rilgan.
Kitob o‘quvchilaridan chuqur matematik bilimlarni talab qilmaydi. Biroq, korrelyatsiya, statistik ehtimollar va differensial hisoblar to‘g‘risida birlamchi tasavvurga ega bo‘lsalar foydadan holi emas.
Kitobxonlar har bir bobni qanchalik o‘zlashtirganliklarini baholashlari maqsadida bobning oxirida nazorat savollari shakllantirildi.
Kitobxonlardan —Biznes moliyasi” fanidan o‘zbek tilida adabiyot ilk marta chop etilayotganligini hisobga olishlarini, kitobni takomillashtirish bo‘yicha o‘zlarining fikr-mulohazalarini bayon qilishlarini so‘rab qolamiz. Bildirilgan takliflar kelgusida kitobni mazmun hamda hajm jihatidan takomillashtirilgan holda qayta chop etishda albatta inobatga olinadi.