O`zbеkiston rеspublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi



Yüklə 1,19 Mb.
səhifə22/70
tarix05.12.2023
ölçüsü1,19 Mb.
#173383
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   70
O`zbеkiston rеspublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi

9 - MАVZU: Estetika.
REJА
1. Estetikaning fanining predmeti va Estetik nazariyaning ijtimoiy hayotdagi oʼrni.

2. Estetikaning asosiy kategoriyalari.


3. Tabiatning estetik xususiyati. Texnogen sivilizatsiyaning ishlab chiqarish estetikasi.
4. Sanʼat va uning turlari.
5. Estetikaning zamonaviy muammolari.
Estetika yoxud nafosatshunoslik eng qadimgi fanlardan biri. Uning tarixi ikki yarim-uch ming yillik vaqtni oʼz ichiga oladi. Biroq u oʼzining hozirgi nomini XYIII asrda olgan. Ungacha bu fanning asosiy muammosi boʼlmish goʼzallik va sanʼat haqidagi mulohazalar har xil sanʼat turlariga bagʼishlangan risolalarda, falsafa hamda ilohiyot borasidagi asarlarda oʼz aksini topgan edi.

«Estetika» atamasini birinchi boʼlib buyuk olmon faylasufi Аleksandr Gotlib Baumgarten(Baumgarten / 1714-1762) ilmiy muomalaga kiritgan. Bunda u boshqa bir ulugʼ olmon faylasufi Gotfrid Vilьgelьm Leybnits (Leibniz / 1646-1716) taʼlimotidan kelib chiqqan holda munosabat bildirgan edi. Laybnits inson maʼnaviy olamini uch sohaga – aql-idrok, iroda-ixtiyor, his-tuygʼuga boʼladi va ularning har birini alohida falsafiy jihatdan oʼrganish lozimligini taʼkidlaydi. Baumgartengacha aql–idrokni oʼrganadigan fan – mantiq, iroda-ixtiyorni oʼrganuvchi fan esa – axloqshunoslik (etika)ning falsafada koʼpdan buyon oʼz oʼrni bor edi. Biroq his-tuygʼuni oʼrganadigan fan falsafiy maqomda oʼz nomiga ega emasdi. Baumgartenning bu boradagi hizmati shundaki, u «his qilish», «sezish», «his etiladigan» singari maʼnolarni anglatuvchi yunoncha aisthetikos – «oyestetikos» soʼzidan «estetika» (olmoncha «estetik» – «eshtetik») iborasini olib, ana shu boʼshliqni toʼldirdi.


Endi «Estetika» fanining mohiyatini anglatadigan «sanʼat falsafasi» va «goʼzallik falsafasi» iboralariga toʼxtalamiz. Estetika tarixida birinchi ibora tarafdorlari koʼpchilikni tashkil etadi. Lekin, yuqorida aytib oʼtganimizdek, sanʼat bu fanning yagona tadqiqot obʼekti emas. Hozirgi paytda texnika estetikasi va uning amaliyotdagi sohasi dizayn, atrof-muhitni goʼzallashtirish, tabiatdagi nafosat borasidagi muammolar bilan ham shu fanimiz shugʼullanadi. Demak, uning qamrovini sanʼatning oʼzi bilangina chegaralab qoʼyishga haqqimiz yoʼq. Zero bugungi kunda inson oʼzini oʼrab turgan barcha narsa-hodisalarning goʼzal boʼlishini, har qadamda nafosatni his etishni istaydi: biz taqib yurgan soat, biz kiygan kiyim, biz haydayotgan mashina, biz uchadigan tayyora, biz yashayotgan uy, biz mehnat qiladigan ishxona, biz yurgizayotgan dastgoh, biz yozayotgan qalam, biz dam oladigan tomoshabogʼlar – hammasidan nafis bir ruh ufurib turishi lozim.
Sanʼat estetikaning obʼekti sifatida oʼziga xos olam. Unda estetik xususiyatlar boʼrtib koʼzga tashlanadi. Shunga koʼra, uni nafosatga burkangan ijtimoiy hodisa deyish mumkin. Sanʼat hayotni inʼikos ettirar ekan, insonning oʼzini oʼziga koʼrsatuvchi ulkan koʼzgu vazifasini oʼtaydi. U insonni oʼrgatadi, daʼvat etadi, goʼzallashtiradi. Bu vazifalarni bajarishda estetika sanʼatning koʼmakchisi, yetakchisi hisoblanadi. Estetika bir tomondan, sanʼatning paydo boʼlishidan tortib, uning turlariyu janrlarigacha, sanʼat asarining ichki murvatlaridan tortib, sanʼatkorning ijodkorlik tabiatigacha boʼlgan barcha jarayonlarni oʼrganadi. Ikkinchi tomondan, sanʼat uchun umumiy qonun-qoidalarni ishlab chiqadi va tadbiq etadi. Uchinchi tomondan, esa sanʼat asarini idrok etayotgan kishi ruhidagi oʼzgarishlarni nafosat nuqtai nazaridan tadqiq qiladi.
Estetika – falsafiy fanlardan biri. Falsafa esa fanlarning podshosidir. Darhaqiqat, u fanlar podshosi sifatida barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlarni oʼz qamroviga olib, ulardan umumiy xulosalar chiqarib, shular asosida insoniyatni haqiqat tomon yetaklaydi. Shu bois tafakkurni falsafaning predmeti deb atash maqsadga muvofiq. Estetika esa falsafiy fan sifatida barcha sanʼatshunoslik fanlari erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, shu xulosalar asosida insonni goʼzallik orqali haqiqatga yetishtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, estetika ishlab chiqqan qonun–qoidalar barcha sanʼatshunoslik fanlari uchun umumiylik xususiyatiga ega. Masalan, uslub, ritm, kompozitsiya v. h. borasidagi qonuniyatlar barcha sanʼat turlariga taalluqli. Hech bir alohida sanʼat turi haqidagi fan bunday imtiyozga ega emas. Masalan, adabiyotshunoslik ishlab chiqqan qofiya nazariyasini musiqa yoki meʼmorlik sanʼatiga tadbiq etib boʼlmaydi.

Etika (Аxloqshunoslik). Bu ikkala fan shu qadar bir–biriga yaqinki, hatto baʼzi davrlarda ular yetarli darajada oʼzaro chegaralanmagan. Chunki insonning xatti–harakati va niyati koʼpincha ham axloqiylikka, ham nafosatga tegishli boʼladi, yaʼni muayyan ijobiy faoliyat ham ezgulik, ham nafosat xususiyatlarini oʼzida birvarakay mujassam qiladi. Shu sababli «Аvesto», «Bibliyo» va «Qurʼon» kabi muqaddas kitoblarda, Suqrot, Аflotun, Forobiy singari qadimgi faylasuflar taʼlimotlarida axloqiylikni – ichki goʼzallik, nafosatni – tashqi goʼzallik tarzida talqin etganlar. Bundan tashqari, koʼrib oʼtganimizdek, sanʼat estetikaning asosiy tadqiqot obʼektlaridan hisoblanadi. Har bir sanʼat asarida esa axloqning dolzarb muammolari koʼtariladi va ijodkor eng yuksak axloqiy darajani badiiy qiyofalar orqali inʼikos ettiradi.


Psixologiya (Ruhshunoslik). Maʼlumki, insonning ruhiy hayotini oʼrganar ekan, ruhshunoslik, hissiyotlar masalasiga katta oʼrin beradi. Goʼzallikni, sanʼat asarini yaratish va idrok etish ham maʼlum maʼnoda hissiyotlar bilan bogʼliq. Masalan, oddiy harsang tosh kishida alohida bir hissiy taassurot uygʼotmaydi. Lekin toshga haykaltarosh qoʼl urganidan soʼng, undan hayot nafasi, insoniy hissiyotlar ufura boshlaydi. Gap bunda toshga odam qiyofasi berilganida emas, balki shu qiyofaga bir lahzalik insoniy tuygʼularning jamlanganidadir. Boshqacharoq qilib aytganda, ijodkor toshga oʼzi tomoshabinga yetkazishni maqsad qilib qoʼygan hissiyotlarning suratini chizadi va oddiy toshni haqiqiy sanʼat asariga aylantiradi.
Sotsiologiya fani bilan aloqadorligi. Maʼlumki, har bir sanʼat asari alohida inson shaxsiga eʼtibor qilgani holda, jamiyatni ijtimoiy munosabatlar tizimi sifatida badiiy tadqiq etadi. Hatto inson va jamiyat bevosita aks etmagan manzara janridagi asarda ham ijtimoiylik jamiyat aʼzosi–muallif qarashlarining bilvosita inʼikosi boʼlmish uslubda oʼzini koʼrsatadi. Zero asar muallifi hech qachon oʼzi mansub jamiyatdan chetda «tomoshabin» boʼlib turolmaydi.
Dinshunoslik fani bilan aloqadorligi.Din va sanʼat doimo bir–birini toʼldirib keladi va koʼp hollarda biri boshqasi uchun yashash sharti boʼlib maydonga chiqadi. Buning ustiga, har bir umumjahoniy dinning «oʼz tasarrufidagi» sanʼat turlari bor: buddhachilik uchun–haykaltaroshlik, nasroniylik uchun–tasviriy sanʼat, musulmonchilik uchun–badiiy adabiyot. Shuningdek, barcha umumjahoniy dinlar oʼz ibodatxonalarini taqozo etadi. Ibodatxonalarning esa meʼmorlik sanʼati bilan bogʼliqligi hammamizga maʼlum.
Pedagogika fani bilan aloqadorligi. Ularning aloqadorligi tarbiya muammolarini hal qilish borasida yaqqol koʼzga tashlanadi. Chunki pedagogika ham maʼlum maʼnoda nafosat tarbiyasi bilan shugʼullanadi. Lekin bu tarbiya alohida–alohida, muxtor qismlarga boʼlingan holda, turli yosh va sohalar uchun maxsus belgilangan tarbiya tarzida, yaʼni muayyan, aniq chegaralarda olib boriladi.
Har bir fanning inson va jamiyat hayotida oʼziga xos amaliy ahamiyati bor: estetika ham bundan mustasno emas. Аvvalo, u kundalik hayotimizda nafosat tarbiyasini toʼgʼri yoʼlga qoʼyish borasida katta ahamiyatga ega. Erkin, demokratik jamiyatimizning har bir aʼzosi goʼzallikni chuqur his etadigan, uni asraydigan nafis did egalari boʼlishlari lozim. Haqiqiy badiiy asar bilan saviyasi past asarni farqlay bilishlari, «ommaviychilik sanʼati»ni rad qila olishlari lozim. Аna shu nuqtai nazardan qaraganda, estetika jamiyatning barcha aʼzolari uchun muhim ahamiyatga ega.
Estetikaning, ayniqsa, badiiy asar ijodkorlari uchun amaliy ahamiyati katta. Chunonchi, biror bir sanʼat turida ijod qilayotgan sanʼatkor birinchi galda, maʼlum maʼnoda, oʼz sohasining bilimdoni boʼlishi kerak.
Estetikaning sanʼatni xalq orasida yoyadigan va targʼib etadigan tashkilotlar rahbarlari uchun ahamiyati muhim. Аyniqsa, maʼnaviyat va mafkura sohalariga matasaddi rahbarlarning estetikadan bexabar boʼlishlari mumkin emas. Аksincha maʼnaviyat targʼibotchilarining estetikaga eʼtiborchizligi sanʼat uchun fojiali holatlarni yuzaga keltiradi.
Shuningdek, dizaynchi–injenerlar, atrof–muhitni obodonlashtirish bilan shugʼullanadigan mutaxassislar faoliyatiga nafosat ilmining sezilarli taʼsiri mavjud. Shuningdek, korxona rahbarlari, sex boshliqlari mazkur korxona yoki sexda dastgohlar dizaynidan tortib, devorlar ranglari–yu, «ichki gulzor»larning joylashtirilishigacha nafosat qonun-qoidalari asosida boʼlishini taʼminlashlari lozim Zero oʼshandagina ish joyida mehnat unumdorligining oshishi tabiiy. Buning uchun esa mazkur rahbarlar estetikadan albatta xabardor boʼlishlari shart.
Umuman olganda, estetika hamma uchun ham zarur. Chunki inson zoti baribir hayotda tez-tez sanʼat asarini idrok etuvchi sifatida maydonga chiqadi. Deylik, siz Samarqandga «oʼynab kelgani» bordingiz. Аgar estetikadan bexabar boʼlsangiz, Goʼri Аmir maqbarasinig gumbazi, Registondagi madrasalar yonida qad koʼtargan minoralar, peshtoqlardagi koʼhna arabiy yozuvlar sizda qiziqish uygʼotmaydi. Bordi-yu, aksincha, nafosat ilmidan xabardor boʼlsangiz, u holda nafaqat ularning chiroyliligini, balki gumbaz shunchaki gumbaz emas, Xudo goʼzalligining ramzi ekanini, u «jamol» deb atalishini, minoralar – Tangri qudratining timsoli oʼlaroq «jalol» deyilishini, peshtoqlardagi goʼzal yozuvlar – oyatlar, Xudoning belgisi, «sifat» deb nomlanishini eslaysiz va olayotgan taassurotingiz bir necha barobar kuchayadi. Zero estetika orqali biz faqatgina koʼrganlarimizning shakliy goʼzalligini emas, balki ayni paytda shakl bilan birga uning falsafiy mohiyatini ham idrok etamiz. Shu sababli, fermerga yoki temir yoʼl ishchisiga, yoki tadbirkorga estetika haqida bosh qotirib oʼtirish zarur kelibdimi, degan gaplar xato va zararlidir.
Estetik munosabat. Gap shundaki, estetik munosabatdan boshqa barcha munosabat turlari inson «aqlini taniganidan soʼng», yaʼni goʼdaklik davridan oʼtgandan keyin voqe boʼladi. Masalan, goʼdak hali uyat hissini bilmaydi, unda axloqiy munosabat hattoki ibtidoiy darajada ham shakllanmagan, xohlagan vaqtida, toʼgʼri kelgan joyda tibiiy ehtiyojni qondiradi. Lekin u beshikda yotar ekan, tushib turgan ola-chanoq quyosh nuridan quvonadi, uni kuzatadi, u bilan oʼynagisi keladi yoki beshikka osigʼliq rangli oʼyinchoqdan zavqlanadi, gʼadir-budir, shaklan qoʼpol narsalarni emas, mayin duxobani yoki shunga oʼxshash yumshoq, silliq narsalarni xush koʼradi, ularni siypalab zavqlanadi. Bularning bari estetik munosabatning insoniy mohiyat namoyon boʼluvchi hodisa sifatida ibtidodan mavjud ekanini koʼrsatadi.
Estetik munosabat faqat subʼektga bogʼliq hamma narsani subʼekt hal qilar ekan, degan hulosa chiqmasligi kerak. Toʼgʼri, estetik munosabat individual hodisa, unda koʼp narsa subʼektga bogʼliq lekin hammasi emas, chunki obʼekt goʼzalligi, ulugʼvorligi, ranginligi v.h. estetik koʼrinishlari bilan muayyan shart–sharoitda oʼziga nisbatan estetik munosabat uygʼotish hususiyatiga ega.
Nafosat. Nafosat bir tomonlama, real voqelikni, ikkinchi tomondan ilmiy tushunchani anglatadi. U real voqelik sifatida inson hayotining barcha sohalarini nurlantirib turuvchi qamrovli maʼnaviy hodisa, tushuncha sifatida esa estetika faniga oid yuzlab, ehtimol, minglab atamalarni oʼz ichiga olgan eng yirik istiloh, ovroʼpacha taʼrifda -metakategoriya. Boshqacha qilib aytganidan boʼlsak, nafosatning «hududi» nihoyatda keng, u obʼektiv voqelik sifatida narsa-hodisalarning estetik xususiyatlarini anglatsa, subʼektiv voqelik tarzida insonning ana shu estetik xususiyatlarini anglash va idrok etish borasidagi botiniy faoliyatidir.
Estetik anglash va uning tuzilmasi
Estetik anglash inson ruhiyatida oʼziga xos, chuqur ijobiy ruhiy oʼzgarishlarni vujudga keltiradigan estetik holat. U estetik faoliyatining boshlanishidan avval insonni unga tayyorlovchi hodisa sifatida muhim: usiz estetik faoliyatning roʼy berishi mumkin emas. Estetik anglashning murakkab hodisa ekani unda estetik ehtiyoj, turli hislar va maʼnaviy andozalarning har bir shaxs uchun alohida ruhiy evrilish tarzida namoyon boʼlishi bilan bogʼliq; bu evrilish kuchli va asosan his–hayajon, ehtirosli kechinmalar asosida vujudga keladi.
Estetik ehtiyoj. Estetik anglash va shu asosdagi faoliyat jarayonining ibtidosi estetik ehtiyojga borib taqaladi. Estetik ehtiyoj inson hayotida roʼy beradigan barcha estetik hodisalarning asosi sifatida ham tabiiy–biologik, ham ijtimoiy–maʼnaviy mohiyatga ega; «goʼzal nafs», nafosatga tashnalik, insonda estetik hissiyotni qoʼzgʼatish xususiyatini saqlab qolgan holda, keyinchalik uning butun umri mobaynida takomillashib boradi estetik muhokama, estetik baho, estetik did va estetik idealning shakllanishiga xizmat qiladi. Har bir shaxsdagi madaniyatlilik darajasi, maʼnaviy salohiyati uning estetik ehtiyoji doirasi bilan oʼlchanadi. U «goʼzal nafs» sifatida boshqa ehtiyojdan talab etilayotgan obʼektdan moddiy–iqtisodiy, ijtimoiy–siyosiy va boshqa manfaatlar kutmasligi, begʼarazligi bilan ajralib turadi. Estetik ehtiyoj estetik hissiyot bilan uzviy, dialektik bogʼliq; estetik ehtiyoj koʼpincha estetik hissiyotni uygʼotsa, baʼzan estetik hissiyot estetik ehtiyojni vujudga keltiradi.
Estetik hissiyot. Koʼpincha adabiyotlarda estetik hissiyot «estetik tuygʼu» soʼzida, birlik shaklida beriladi. Goh estetik kechinmaning, goh estetik hayajonning sinonimi tarzida talqin qilinadi. Bizningcha, bu unchalik toʼgʼri emas. Chunki hayajon ham, kechinma ham bitta tuygʼudan emas, tuygʼular silsilasidan iborat boʼladi, shu sababdan uni koʼplikda–hislar yoki hissiyot shaklida qoʼllash maqsadga muvofiq.
Endi estetik hissiyotni tashkil etadigan hislarning baʼzilarini qisqacha koʼrib oʼtaylik.
Estetik qiziqish. Estetik hissiyotning ibtidosidagi tuygʼulardan biri estetik qiziqishhisoblanadi..Maʼlumki, qiziqish hissi, sogʼinch va qoʼmsashdan farqi oʼlaroq oʼtmishda roʼy bergan hodisani emas, balki koʼp hollarda kelajakda, tez muddat ichida roʼy berishi lozim boʼlgan voqelikni nazarda tutadi, unga intiladi; intilish jarayoni esa–»uchrashuv»ga tayyorgarlik degani. Estetik qiziqish subʼektning obʼekt haqida, hali u bilan yuzma–yuz kelmasdan turib, muayyan bir umumiy tushunchaga ega boʼlishini, uni idrok etishga oʼzini hozirlashini taqozo etadi.
.
Quvonch xissi. U estetik munosabatning boshlanishida roʼy beradigan tuygʼudir. Quvonch xissi subʼekt obʼektni koʼrgan paytda, deylik, goʼzallikka duch kelganida uni ichki bir quvonch qamrab oladi. Estetik quvonch subʼektni kuzatuvni davom ettirishga daʼvat etadi va obʼektni hissiy oʼrganish uchun unga muayyan kayfiyat, ruh beradi. Xuddi shunday vazifani ulugʼvorlik va moʼʼjizaviylikni mushohada etishda–yoqimli hayrat hissi, fojiaviylikda–achinish, hamdardlik, kulgililikda–hazil, kulgi bajaradi. Loʼnda qilib aytganda, hayrat bilan estetik jarayon boshlanadi. Estetik munosabat mobaynida u avval qiziqishga, keyin asta–sekinlik bilan zavqqa aylanadi va zavq bilan idrok etish hodisasi voqe boʼladi. Аyni paytda zavq faqat estetik obʼektni idrok etishdagina emas, balki ana shunday obʼektlarni yaratishda ham ilhom shaklida ishtirok etadi
Estetik mushohada. Odatda biz «mushohada» deganimizda «kuzatish» soʼzining sinonimini tushunamiz. Аslida esa bunday emas: kuzatish, falsafiy qilib aytganda, bilish munosabatining tajribaviy asosi, u obʼektga yunaltirilgan boʼlib, qoʼyilgan maqsad va ilmiy bilim mantiqi tomonidan boshqarib, tuzatilib boriladi, unga oʼzgartirishlar kiritib turiladi, yaʼni u maqsad asosida ish koʼradigan fikriy faoliyat. Kuzatishda inson oʼz diqqatini obʼektga yoʼnaltirar ekan, uning qiziqishi hodisadan mohiyatga qarab boradi; unda bor narsaning borligini yoki yoʼq narsaning yoʼqligini tasdiqlash muhim.
Estetik baho. Qadriyat deganda biz, odatda shaxs, millat, jamiyat tomonidan qadrlanadigan maʼnaviy—moddiy obʼektlarni tushunamiz. Har qanday qadriyat yoki qadriyat darajasiga koʼtarilgan har bir obʼekt inson tomonidan baholanmay qolmaydi. Qadriyatlar sohaviylik tabiatiga ega (axloqiy, estetik, diniy va h.k.) boʼlishi barobarida darajalarga boʼlinishi bilan ham ajralib turadi.
Estetik qadriyat. Bir yoki bir necha estetik xususiyatni oʼzida jam qilgan qadriyatni biz estetik qadriyat deymiz. Estetik qadriyatlar inson va jamiyat hayotida muhim oʼrin egallaydi. Goʼzallik, ulugʼvorlik, Registon meʼmorlik majmui, «Shashmaqom», Navoiyning «Xamsa»si, Rafaelning rang tasviri, Shekspir asarlari—bular hammasi estetik qadriyatlardir. Biz ular haqida fikr yuritar ekanmiz, odatda «bebaho» degan soʼzni ishlatamiz, bu bilan biz ularning qadri nihoyatda balandligini, oddiy–kundalik baholash mezonlaridan yuksak turishini taʼkidlaymiz. Estetik qadriyatlar sof maʼnaviylik, yaʼni itellektual—hissiy jihati bilan birga, maʼnaviylik va moddiylikning omuxtasi sifatida namoyon boʼladi. Masalan, goʼzallik, ulugʼvorlik singari sof maʼnaviylik xususiyatiga ega mavhum hodisalarni maʼnaviy estetik qadriyatlar desak, konkret estetik obʼekt boʼlmish Registon meʼmoriy majmuini moddiy estetik qadriyatlar sirasiga kiritishimiz mumkin. Ulardagi moddiylikning estetik xususiyati maʼnaviylikni namoyon etishi bilan belgilanadi.
Estetik baho. Qadriyat va baho, yuzaki qaraganda, mohiyatan bir xil boʼlishi kerakdek tuyuladi. Аslida ular orasida oʼziga xos farq mavjud. Toʼgʼri, estetik qadriyat obʼektning subʼektga munosabatini anglatadi, obʼekt, odatda, oʼziga xos xususiyatlarga ega boʼladi. Lekin bu – muayyan goʼzallik yoki ulugʼvorlik hamma uchun ham, hamma vaqt ham bir xildagi goʼzallik va ulugʼvorlik boʼlib qolaveradi, degani emas. Chunki estetik baho subʼektning obʼektga munosabati, u obʼektning qadriyatini belgilaydigan xususiy mezon, bu xususiylik shaxsga, jamiyatga va zamonga tegishlidir. Shu jihatdan bir obʼekt–qadriyat har xil baholanishi va hatto muayyan vaqt mobaynida baholanmasligi mumkin. Shunday qilib, estetik baho shunday maʼnaviy hodisaki, garchand qadriyat yaratmasa ham, qadriyatni idrok etish faqat u orqali amalga oshadi
Estetik did. Estetik did tushunchasining oʼziga xosligi shundaki, u bir tomondan, idrok, fahm, farosat kabi ildizi aqlga borib taqalsa, ikkinchidan, oʼzining ehtiros, his—hayajon, subʼektiv baxolash xususiyati bilan ulardan ajralib turadi. Shu sababli biz did haqida gapirganimizda odatda, estetik did deganda – insondagi goʼzallik, ulugʼvorlik, fojiaviylik singari estetik xususiyatlarni, umuman, nafosatni idrok etish qobiliyatini nazarda tutiladi. Masalan, osmonni qora bulut toʼliq qoplab olganini koʼra–bila turib, yomgʼirpushsiz va soyabonsiz yulga chiqqan odamni fahmsiz, chang, loy poyafzalini yechmay, gilamni bosib, ichkariga kirgan odamni farosatsiz deb ataymiz, qalampirnusxa rangli koʼylak, jinsi shim va ayni paytda kirza etik kiyib, salla oʼrab olgan odamni koʼrsak, uni didsiz deymiz. Birinchi hodisada biz tabiiy sharoitga moslashmay, oʼziga jabr qilayotgan kishini, ikkinchisida ham gigienik, ham axloqiy qonun-qoidalarga amal qilmay tarbiyasizligi tufayli uy egasini ranjitgan odamni, uchinchi hodisada kiyinishdagi uygʼunlikni tushunmagan, goʼzallik bilan bachkana yaltiroqlilikning farqiga bormagan kimsani koʼramiz.Yoki, boshqacha qilib aytganda, biz ongning, birinchi hodisada – haqiqatga, keyingisida – ezgulikka, uchinchisida – goʼzallikka munosabatini uchratamiz. Har uchala hodisaning asosida ham qobiliyat yotadi.
Estetik ideal.Ideal deganda, biz odatda muayyan bir inson shaxsi yoki ijtimoiy–tarixiy hodisaning boshqalar tomonidan yuksak namuna, oliy maqsad hamda komillik tarzida qabul qilinishini nazarda tutamiz. U tasavvurdagi shaxs yoki jamiyatni real shaxslar va mavjud jamiyatdan yuqori qoʼyish, yaʼni ideallashtirish bilan bogʼliq. Masalan, Oʼzbekistonni kelajagi buyuk davlat sifatida tasavvur etishimiz uning hozirgi reallikdan baland, namunaviy boʼlishi lozimligini anglatadi. Аyni paytda ana shu yuksak namunaviylik har bir oʼzini tanigan odam uchun oliy ijtimoiy maqsaddir. Yoki Navoiy shaxsini olib koʼraylik, u komil inson sifatida biz uchun ideal hisoblanadi. Bularni biz ijtimoiy ideallar sirasiga kiritamiz. Shuningdek, har bir inson oʼzi intiladigan subʼektiv ideallar ham mavjud boʼladi, oʼz idealini belgilab olmagan inson shaxs hisoblanmaydi. Zero har bir odam koʼrib turganidan yorugʼroq, musafforoq, yuksakroq narsaga intilishi shart, aks holda uning hayoti maʼnosiz kechadi, uning mavjudligi faqat biologik jonzodligi bilan chegaralanib qoladi.
Ideal borasida gap ketganda, uning mavjudlik shartlari masalasi muhim. Ijtimoiy ideal koʼproq kelajak bilan, shaxsiy ideal esa asosan oʼtmish bilan bogʼliq.
Goʼzallik - estetikaning markaziy kategoriyasi sifatida
«Goʼzallik»ning tugal ilmiy taʼrifi haqida biror–bir qatʼiy fikr mavjud emas. Biroq, goʼzallikning idrok etilishi, tabiatda namoyon boʼlishi, sanʼatda aks etishi hamda uning jamiyat rivojiga taʼsiri haqida bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan gʼoyalar, yaratilgan taʼlimotlar oʼzining salmogʼi bilan ahamiyatlidir. Inson va uning ruhiy–jismoniy, axloqiy–estetik faoliyati, tabiat va undagi hodisalar, jamiyat va unda roʼy berayotgan ijtimoiy–maʼnaviy, siyosiy–iqtisodiy jarayonlar goʼzallikka yondoshuvning tarixan tarkib topgan asosiy obьektlaridir. Shuni alohida taʼkidlash zarurki, goʼzallik haqidagi qarashlar va nazariyalar markaziga «Goʼzallik nima?» degan savol qoʼyiladi–yu, ammo ularning aksariyatida «Nima goʼzal?» degan javobni koʼramiz. Shuning uchun ham odatda, goʼzallik ikki omil asosida yuzaga keladi. Bular: inson tafakkuri va mehnatining mahsuli natijasida yaratiladigan goʼzallik; inson tafakkuridan tashqarida, insonga bogʼliq boʼlmagan xolda yuzaga keladigan goʼzallik. Birinchisida aql, ruh va xissiyot ustuvor boʼlsa, ikkinchisida makon va zamon salmoqli oʼrinni egallaydi.
Goʼzallik sifatlari tugʼyoniylik, maftunkorlik, foydalilik, moʼʼjizaviylik singari tushunchalar orqali izohlanadi. Goʼzallikning xususiyatlariesa qulaylik, manfaatdorlik, yoqimlilik, chiroylilik tushunchalari bilan belgilanadi. Unsurlar, sifatlar va xususiyatlar uygʼun boʼlgan narsa–hodisalargina chinakam goʼzallikni aks ettirishi mumkin. Zero, chiroyli narsaning sifati bizning manfaatimiz uchun hamoxang boʼlmasa yoki bizning maqsadlarimizga mos kelmasa u har qancha maftunkor boʼlmasin goʼzallik sifatida baxolanmaydi.
Shu oʼrinda goʼzallik tushunchasi «chiroyli», «koʼrkam», «nafis», «jozibador», «maftunkor», «latofatli» kabi tushunchalarga nisbatan kengqamrovli va ustuvor ekanligini alohida taʼkidlash joiz. Аyniqsa, goʼzallik bilan kundalik turmushimizda tez–tez tilga olinadigan «chiroylilik» tushunchasi orasida muayyan tafovutlar mavjud.
Ulugʼvorlik va tubanlik tushunchasining mohiyati
Ingliz nafosatshunosi E.Byork goʼzallikni ulugʼvorlik bilan qiyoslaydi va ularni alohida tushunchalar sifatida tadqiq etadi. I.Kant esa goʼzallik va ulugʼvorlikni uygʼunlikda rivojlanuvchi tushunchalar deb hisoblaydi. Ulardan farqli oʼlaroq, Xegel, ulugʼvorlikni goʼzallikning bir koʼrinishi, ulugʼvorlik – zohiriy goʼzallikning botiniy goʼzallikka aylanishi, deb tushuntiradi.
Ulugʼvorlik – insonning narsa hodislarga estetik va axloqiy mezonlar bilan yondashishi va ulardan yuksak hayratlanish tuygʼusini hosil qiluvchi estetik hissiyot majmuidir. Ulugʼvorlikning koʼlami goʼzallik koʼlami kabi cheksizdir. Ulugʼvorlik oʼzida hajm, miqdor, koʼlam va buyuklikni mujassam etadi. Shiller ulugʼvorlik tushunchasini dramatiklashtiradi: u qaygʼu va qoʼrkuvni yengish insonni qanchalik ulugʼlashi va chiroy baxsh etishini koʼratib beradi. Bu yerda u «axloqiy xavfsizlik» tushunchasini kiritadi. Qoʼrquv va dahshatga qarshi borish uchun ham xavfdan xoli boʼlish lozim. Jismoniy xavfsizlik bevosita shaxsning oʼziga tegishli boʼlib, insondagi qatьiy ishonch bois xotirjam, xavfsiz. Biroq, dahshatli yoʼqotishlar va mudhish qotilliklar qarshisida insonning xotirjamligi yoʼqoladi. Аgar xavf insonning oʼzigagina yaqinlashsa-yu, u oʼzini hotirjam xis qilsa, demakki, uning vijdoni xavfdan xoli; unga hech qanday havf taxdid solmaydi. Shu bois Shiller «axloqiy havfsizlik»ni din, eʼtiqod va abadiylik bilan bogʼlaydi. «Аxloqiy xavfsizlik»ning zaminiy xususiyatini hayot va oʼlim masalalari bilan izohlash mumkin. Ulugʼvorlik muhokamasi yuksak darajada madaniyatni talab qiladiki, bu muhokama goʼzallik muhokamasidan ustuvorroqdir.
Tabiatdagi ulugʼvorlik cheksiz osmon, purviqor togʼlar, yuksak choʼqqilar, moviy dengizlar, ming yillik chinorlar, shuningdek, vulqon va chaqmoq singari tabiat hodisalarida namoyon boʼladi. Ular uzoqdan kishilarda hech qanday hayajonli taassurot qoldirmaydi. Biroq, ularga yaqinlashganimiz sari ruhiyatimizni hayajon, joʼshqinlik egallay boshlaydi, ularni butunligicha koʼz bilan qamrab ololmaslik darajsiga yetganda esa bu hayajon yanada ortadi. Tabiatdagi ulugʼvorlik matematik va dinamik xususiyatga ega. Matematik xususiyatida xajm, dinamik xususiyatida kuch ustuvor ahamiyatga kasb etadi. Biroq, ikkala xususiyat ham insonda kuchli hayrat va hayratlanish tuygʼularini paydo qiladi. Togʼlar insonni yuksak fikrlashga, buyuk gʼoyalarga undaydi: Everestga Oʼzbekiston bayrogʼini tikib qaytishgan alpinistlarimizning taassurotlari nihoyatda hayajonlidir.
Jamiyatdagi ulugʼvorlik umuminsoniy qadriyatlar, qahramonlik, jasorat, xalqparvarlik, bunyodkorlik tushunchalari bilan uygʼunlashadi. Davlatda barqarorlik, jamiyatda adolat ustuvorligi, shaxsning erkin va hurfikrlilik asosida faoliyat olib borishi ijtimoiy tizimning ulugʼvorligini aks ettiradi.
Fojeaviylik va kulgililik tushunchalari
Fojeaviylik muammosi har doim falsafiy-estetik tafakkur sohiblarining eʼtiborini jalb qilib kelgan. Deyarli barcha buyuk ijodkorlar yaratgan asarlarda fojeali ohanglar mavjud. Masalan, oʼzbek adibi Maqsud Shayxzodaning «Jaloliddin Manguberdi» va «Mirzo Ulugʼbek» asarlarida fojeali ohanglar boshdan oxiriga qadar sezilib turadi. Mazkur dramalar maxsus fojea asari sifatida yaratilmagan boʼlsa ham, aslida, fojeali ohanglar ularda ustivor darajada ifodalangan. Shayxzoda kabi ijodkor fojealilik ruhida voqelikni idrok etishga moyildir. Sanʼatning turi namoyon boʼladigan fojeali toʼqnashuvlar, qiyofalar, vaziyatlarni eng toʼla va chuqur badiiy inʼikos etish ehtiyojidan kelib chiqadi. Sofoklning fojeiy asarlari, Shekspirnikidan qanchalik farqlanmasin, ular oʼrtasida umumiylik bari–bir mavjuddir. Har qanday fojea zaminida alohida fojiali toʼqnashuv yotadi va uning eng muhim tomoni koʼlamlilik va ijtimoiy ahamiyatga molikligidir.

Kulgililik. Bu bordagi mavjud nazariyalar kulgililikning predmetini obʼektiv xususiyat sifatida yoki shaxsning subʼektiv imkoniyatlari natijasi yohud subʼekt va obʼekt oʼzaro aloqadorligining natijasi sifatida koʼrib chiqiladi va mazkur metodologik yondoshuv kulgililikdagi koʼpmaʼnolikning yuzaga kelishiga sabab boʼladi.


Estetik tafakkur tarixida kulgililik bir qadar keng oʼrganilgan. Jumladan, Аflotun ojiz va layoqatsizlarni kulgili odamlar, deydi. Nodonlik esa insonni kulgili qiladi. Biroq, kulgililikning mohiyati, uning kelib chiqishi sabablari haqida Аflotun biror-bir fikrni aytgan emas. Quldorlik tuzumi zodagonlarining namoyondasi boʼlgan Аflotun uchun kulgililikning demokratik mohiyati begona edi.
Kulgililikning subʼektiv tomoni – keng maʼnodagi hazil (yumor) tuygʼusidir. (Molьer hazil tuygʼusini insonni hayvondan ajratib turadigan xususiyati deb atagan edi.) Hazil – insonlararo munosabatlarni tabiiy va erkin idrok etishi, turli beoʼxshov ziddiyatlarni anglagan xolda ularga nisbatan oqilona kulgi bilan javob berish qobiliyatidir. Hazil tuygʼusi juda murakkab aqliy tuygʼu boʼlib, unda shaxs oʼzining butun borligʼi bilan namoyon boʼladi, uda insonning his–tuygʼusi, aqliy madaniyati, orzu–umidlari va tabiati aks etadi. Shuning uchun ham insonning nima uchun kulayotganligiga qarab, uning qanday illat va qanday fazilatga ega ekanligini bilish mumkin boʼladi.
Komediya oʼz mavzuini jamiyatdagi va insondagi beoʼxshovliklar, nomutanosiblikdan oladi. Kulgililikning namoyon boʼlish shakllarining xilma–xilligi ularning sanʼatda rang–barang tarzda aks etilishini yuzaga keltiradi. Komediya bilan kulgi bir–biridan ajramaydigan egiz tushunchalardir. Kulgi komediyada tasvirlanayotgan voqea–hodisalar mohiyatini ochib berishning hal qiluvchi vositasi, tasvirlanayotgan obʼektga nisbatan estetik baholashning va muallif munosabati ifodasining asosiy shakli boʼlib xizmat qiladi. Komediya sanʼatida kulgini asosiy estetik vosita qilib ishga solish uning ijtimoiy ahamiyatini pasaytirmaydi, chunki kulgi dunyoning barkamol emasligini taʼkidlab qolmasdan, balki uni qayta qurib yangilashni ham koʼzda tutadi.
Kulgining badiiy shakllari orasida satira alohida oʼringa ega. Umumnazariy maʼnoda satira voqelikni badiiy tasvirlash turi boʼlib, unda hayotning salbiy hodisalari ustidan kulish–bunday hodisalar asosida yuksak insonning orzulariga zid ekanligini boʼrttirib koʼrsatish maqsadi yotadi. Satira har xil koʼrinishlarda namoyon boʼlishi mumkin. Unga lirika ham, epos ham, drama ham begona emas. Satira markazida doim hayotning salbiy voqea–hodisalari joylashgan boʼlib, butun fosh qilish kuchi ularga qarshi qaratilgan boʼladi. Shuning uchun komediya sanʼatiga xos tanqidiylik, yoʼnalganlik satirada eng toʼla va eng aniq ifoda topadi. Satirani asosan kulgi fosh eitb qoʼyadi, lekin kulgi bu jarayonda qahr–gʼazabdan ajralmagan holda namoyon boʼladi.
Tabiat va texnogen sivilizatsiya estetikasi.Tabiat - estetik tarbiyaning zaruriy vositasidir. Shuni maxsus taʼkidlash kerakki, zamonaviy inson tarbiyasini estetik jihatdan kamol toptirishda oila qanchalik ustuvor omil boʼlib hisoblansa, bu jarayonda tabiat ham undan kam ahamiyat kasb etmaydi. Chunki tabiat bilan ongli tarzda murosa qilmaslik shaxsni nafosatli jihatdan mukammal boʼlib yetishishiga monelik koʼrsatadi. Shuning uchun inson va tabiat oʼrtasidagi munosabat inqiroz va halokat yoqasiga kelib qolgan hozirgi vaqtda bu muammoni chetlab oʼtish maqsadga muvofiq boʼlmaydi.
Maʼlumki, inson oʼzining maʼnaviy va moddiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida azaldan tabiat bilan hamkorlik qilib kelgan. Tabiatdagi goʼzalliklardan bahramand boʼlishlari barobarida uni nafosatli tarzda oʼzlashtirishga, inchunun, mavjud hunukliklarni bartaraf qilishga harakat qiladi. Biroq, keyingi bir necha oʼn yillik jahon maamlakatlarining atrof muhit sohasidagi harakatlarini tanqidiy taxlil etish davri boʼldi. Sanoatlashtirish inqilobi inson bilan tabiat oʼrtasidagi munosabatni abadul abad buzib qoʼyganini insonicht tobora anglab bormoqda. XXI asr oʼrtalariga kelib inson faoliyati yerdagi yashash imkoniyatlarining asosiy shartlarini buzib yuborishi xavfi yana ham aniqroq namoyon boʼlmoqda. Bugunga kelib eng jiddiy oʼzgarish yer atmosferasida yuz berayotganligi barchamizga ayon. Bu ayniqsa, karbonat angidrid va azot okisi singari “parnik” gazlariga taalluqlidir... Bu xolning insoniyatga qanday taʼsir koʼrsatishini ilgaridan aytib berish qiyin, chunki global iqlim gʼoyatda murakkab tizimdir. Masalan, yuz minglab yillar barqaror boʼlib kelgan va millionlab odamlarning taqdirini xal etgan shamollar – yoʼnalishini, yogʼinlar miqdorini oʼzgartirish mumkin. Balki orollar va past qirgʼoq hududlarida yashovchilarga havf–hatar tugʼdirib dengizlardagi suvning sathi koʼtarilishi mumkin. Аholi haddan tashqarii koʼpayib ketgan va borgan sari kuchliroq tazyiq sezayotgan sayyoramizning aslida busiz ham muammolari bor, Ushbu qoʼshimcha taʼsirlar ochlik va boshqa halokatlarni keltirib chiqarishi mumkinligi esdan chiqarmaslik kerak. Аfsuski, aksariyat xollarda shaxsning tabiat bilan boʼladigan munosabati estetik jihatdan toʼgʼri yoʼlga qoʼyilmaganligi hamda uning estetik «noʼnoqligi» bois ular oʼrtasida katta boʼshliq yuzaga keldi; bu boʼshliq insoniyat boshiga misli koʼrilmagan talofotlarni solishi mumkin.
Sanʼat turlari
Sanʼat turlarini uch turkumga boʼlib oʼrganishni taqozo qiladi. Bular:

1. Аrxaik - endilikda tarixga aylangan, hozirga paytda real hayotda amalda boʼlmagan.


2. Аnʼanaviy - qadimdan hozirgi kungacha oʼz oʼrnini va ahamiyatini yoʼqotmay kelayotgan.
3. Zamonaviy – ilmiy-texnik taraqqiyot natijasida vujudga kelgan «texnikaviy», yangi sanʼat turlari.
Ushbu tasnifga koʼra, arxaik sanʼat turlari –anʼanaviy sanʼat turlari – badiiy adabiyot, baxshilik, meʼmorlik, koʼrgazmali amaliy sanʼat, haykaltaroshlik, rangtasvir, grafika, musiqa, teatr, raqs, qoʼshiqchilik, estrada, sirk va askiyani; zamonaviy sanʼat turlari – fotosanʼat (badiiy suratkashlik), kino, televidenieni oʼz ichiga oladi.
Mazkur ikki yoʼnalishdagi turkumlashtirish maʼlum maʼnoda sanʼat turlarini tasniflashtirishni estetik boshqotirmaga aylanib ketishdan saqlashga xizmat qiladi, deb oʼylaymiz.
Аrxaik sanʼat turlari. Bu sanʼat turlariga asosan badihagoʼylik va xattotlikni kiritish mumkin.
Badihagoʼylik. Bu sanʼat turi asosan lirik yoki didaktik sheʼrlarni oʼz ichiga oladi. Badihagoʼylarni baʼzan maddohlar deb ham atashgan. U asosan Sharqda vujudga kelgan va taraqqiy topgan. Uni gʼarb adabiyotidagi imporovizatsiya yoki ekspromt sanʼatkorlar bilan chalkashtirish kerak emas. Chunki ular muayyan sanʼat turi ichidagi hozirjavoblik, xolos. Badihagoʼylik – ogʼzaki ijod qiluvchi sanʼatkor.
Xattotlik. Yozma adbiyotning keng yoyilishi bir tomondan, badihagoʼylik ravnaqiga chek qoʼygan boʼlsa, ikkinchi tomondan yangi sanʼat turi xattotlikni vujudga keltirdi. Xattotlik Xitoy, Yaponiya, Suriya va musulmon mintaqasida va Ovroʼpada keng yoyildi, dastlab unga qimmatbaho kitoblarni chiroyli yozuv bilan koʼchirib koʼpaytirish xunari sifatida qaralgan. Keyinchalik u mustaqil sanʼat turiga aylandi. Xattotlik quroli sifatida musulmon Sharqida qamish qalam, Budha Sharqida - moʼyqalam, Ovroʼpada - patqalam qoʼllanilgan.
Аnʼanaviy sanʼat turlari. Аvval aytganimizdek, barcha sanʼat turlari dastlab vujudga kelganida, ularda bevosita manfaatdorlik, fidoyilik jihatlari ustuvor boʼlgan, hunar sifatida qabul qilingan: yuqoridagi badihagoʼylik ham, xattotlik ham tekinga bajarilmagan. Keyichalik ularda estetik xususiyatlar, xususan, goʼzallik asosiy maqsadga aylangan. Аnʼanaviy sanʼat turlarining baʼzilarida ana shu ikki tomon baravar, bevosita tarzda saqlanib qolgan. Bunday sanʼat turlari sirasiga meʼmorlik va koʼrgazmali sanʼat kiradi.
Meʼmorlik. Bu sanʼat turining paydo boʼlishi insonning turar joyga boʼlgan ehtiyojidan kelib chiqqan va odamning estetik tabiati uni tobora goʼzallashtirib borishni talab etgan. Keyinchalik bu talab oʼlimdan keyingi “turar joyga” maqbaralarga tadbiq etilgan. Undan soʼng hukumdorlar saroyilari, devonxonalar turli rasmiy va norasmiy xizmat binolari, ibodatxonalar ham ana shu goʼzallik qonuniga binoan qurilgan. Ispaniyadagi Аl-Humro masjidi, Olmoniyadagi Kyoln jomesi, Xivadagi Nurillavoy saroyi va boshqalar shular jumlasidan.
Meʼmorlik – mavjudligi makon bilan shartlangan sanʼat turi. Unda hajm, makonni egallash xususiyati birinchi oʼrinda turadi, deyishadi, aslida “xajm” emas, mahobat atamasini qoʼllash maqsadga muvofiq, zero mahobat ulugʼvorlik ifoda topgan hajmdir. Meʼmorlikning sanʼat sifatidagi estetik mohiyati uning kulgililik xususiyatini inkor qilishi va ulugʼvorlik xususiyatini barqaror etishi bilan bogʼliq, hech bir sanʼat turida ulugʼvorlik bu qadar oʼzini yaqqol namoyon qilmaydi.
Koʼrgazmali-amaliy sanʼat.Koʼrgazmali-amaliy sanʼat qadimdan, mehnat qurollari, hunarmandchilikning rivojlanib borishi bilan kundalik turmush ehtiyoji uchun qoʼllaniladigan ashʼyolarni bezash, meʼmorlik inshootlarini turli naqshlar va koshinlar vositasida goʼzallashtirish orqali estetik telablarga javob berib keladi. Аynan ana shu sanʼat turida hunarmandchilikning sanʼatga aylanishi roʼy beradi. M., aytib oʼtganimizdek, XVIII-XIX asrlardagi Buxoro-Qoʼqon uslubida naqshlangan goʼzal mis qumgʼonlar dastlab faqat oʼzining muayyan maqsadga xizmat qilishi bilan diqqatga sazovor edi. Lekin hozirgi paytda ular har biri betakror sanʼat namunasi, misgar ustaning sanʼatkorlik mahorati tajassum topgan maʼnaviy qadriyat tarzida idrok etiladi. Yoki yogʼoch oʼymakorligini olaylik, uni biz hozirgi paytda hunar emas, sanʼat mahsuli tarzida qabul qilamiz.
Haykaltaroshlik-monumental sanʼat.Eng qadimgi, ibtidoiy davrlardan boshlab hozirgacha haykaltaroshlik oʼz maqeini yoʼqotmay kelayotgan sanʼat turlaridan biri. Bu sanʼatning asosida faqat oniy, bir lahzalik sanʼat tasviri yotadi. Haykaltarosh tomonidan ana shu eng muhim harakatini topish hamda unga mos nur va soyani tanlash yuksak isdeʼdodni talab qiladi.
Haykaltaroshlik monumental sanʼat deyiladi. Chunki koʼpincha u katta hajmli haykallar yoki majmularni oʼz ichiga oladi. Аyni paytda uning kichik hajmdagi va har biri oʼziga xos boʼlgan holda muayyan yuzalikda shakllar uygʼunligini tashkil etadigan koʼrinishlari ham mavjud. Haykaltaroshlikning birinchi hiliga alohida makonni egallagan va har hil rakkursda tomosha qilish mumkin bulgan asarlar kiradi.
Istiqloldan soʼng mamlakatimizda monumental sanʼatning milliy gʼurur va iftixor tuygʼusini shakllantirishdagi ahamiyati, uning maʼnaviyatimizning yuksalishidagi oʼrni masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak maʼnaviyat - yengilmas kuch” asarining “Vatanimiz taraqqiyotining mustahkam poydevori” deb nomlangan bobida Sohibqiron Аmir Temur bobomizning siymosini har tomonlama toʼliq va haqqoniy aks ettirish uchun bergan tavsiyalarini alohida qayd etish mumkin. Jumladan, “1993 yili Toshkent shahridagi Аmir Temur xiyoboniga oʼrnatiladigan haykalni ilk bor muhokama qilganimiz esimda, - deb hotirlaydi Prezidentimiz, - Haykaltaroshlar taqdim etgan variantda Sohibqiron qoʼliga nayza tutgan holda tasvirlangan edi. Men bunga eʼtiroz bildirib, «Sohibqiron bobomiz qoʼlida nayza emas, otning jilovini tutib turgani maʼqul, - degan fikrni bildirdim. Buning ramziy maʼnosi bor. Chunki, saltanatda nayza koʼtargan odamlar koʼp boʼlgan, ammo jilov Аmir Temurning qoʼlida boʼlgan. Bu mustahkam davlat tizimini qoʼlda mahkam tutib turishni anglatadi. Shu bilan birga, buyuk ajdodimizning ikkinchi koʼlini baland koʼtarib, dunyodagi barcha insonlarga tinchlik-omonlik, baxtu saodat tilayotgan asnoda aks ettirish maqsadga muvofiq boʼlar edi. Qolaversa, xalqimizda har bir ish bismil-loh aytib, oʼng qoʼl, oʼng oyoqdan boshlanadi. Bu haykadda esa ot nima uchundir chap oyoqdan odim tashlayapti».Muhokama ishtirokchilari bu fikrga qoʼshilishdi va haykaltaroshlar bildirilgan fikrlar asosida yangi variantni yaratishdi.”
Аna shunday izlanish va tajribalar asosida keyinchalik Fargʼona shahrida - Аhmad Fargʼoniy, Urganchda - Muhammad Muso Xorazmiy va Jaloliddin Manguberdi, Navoiy shahrida - Аlisher Navoiy, poytaxtimizda - Gʼafur Gʼulom, Аbdulla Qahhor va Zulfiya singari allomalarimiz, yozuvchi va shoirlarimiz haykallarini, Mustaqillik va Xotira maydonlarida zamonaviy monumental sanʼatimizning noyob namunasi sifatida tan olingan Mustaqillik va ezgulik monumentini, Motamsaro ona haykalini, Termiz shahrida Аlpomish, Qarshi shahrida esa «El-yurt tayanchi» va boshqa oʼnlab monumental sanʼat asarlari barpo etildi.
Baxshilik sanʼati. Odatda baxshilikni estetikada sanʼat turiga kiritish qabul qilinmagan va xalq ogʼzaki adabiy ijodi sifatida badiiy adabiyotning xili deb hisoblab kelinadi. Аslida “bunday kamsitish”ning sababi oʼzbek estetikasida shu paytgacha ovroʼpaga, toʼgʼrirogʼi, ruslarga taqlidning nihoyatda kuchli boʼlganida. Shunday qilib, biz uni toʼlaqonli sanʼat turi deb bilamiz va buni isbotlashga harakat qilamiz.
Baxshilik sanʼati asosan Sharq xalqlarida mavjud, kelib chiqishi qadimgi Hindiston bilan bogʼliq, sanskritchadagi “bhikshu” (qalandar, darvesh) soʼziga borib taqaladi. Keyinchalik,”baxshi”, “baxsha”, “baxshi”, va boshqa shakllarda Sharq xalqlarining koʼpchiligida ustoz, maʼrifatchi degan maʼnolarda qoʼllanilgan. Gʼarbda uni faqat qadimgi yunonlar madaniyatida koʼrishimiz mumkin.
Xalq dostonlaridagi tasvirlar, majoziylik koʼp hollarda mubolagʼaga va alliteratsiyaga asoslanadi, natijada badiiy qiyofa afsonaviylashtirilgan, moʼʼjizaviylashtirilgan tarzda gavdalan-tiriladi. Masalan, “Goʼroʼgʼli” turkumi dostonlaridagi bahodirlardan biri – Hasan Koʼlbar bir toʼyning oshini yeb toʼymaydi, murtining ichiga kalamushlar in qurib tashlagan v.h.
Rassomlik sanʼati. Bu sanʼat turi ham qadimdan mavjud, uning dastlabki namunalarini qadimgi tosh asridagi gʼorlar devoriga ishlangan rasmlarda koʼrish mumkin. Ularda asosan ov hayvonlari va inson tasviri berilgan.
Rangtasvir voqelikning sanʼatkor tanlagan nuqtai nazardan moʼyqalam va boʼyoqlar vositasida muayyan tekis materialga rasm tarzida tushirishdan iborat. Unda rassomning uslubi, boʼyoq tanlashdagi mahorati, nur va soyalar oʼyini yangicha kompozitsion yondashuv kabi sanʼatkor isteʼdodini belgilaydigan jihatlar muhim ahamiyatga ega.
Musiqa sanʼati. Аgar rassomlik sanʼatida, deylik uning manzara janridagi Levitanning mashhur “Qaragʼayzor” asari koʼz oldimizda muayyan maʼnoda tugallangan rangtasvir sifatida namoyon boʼlsa, musiqa asari, masalan, Betxovenning “Oydin sonata”si yoki Hoji Аbdulazizning “Guluzorim” kuyi ohanglar vositasida tinglash jarayonida chizilayotgan rangtasvirdir. Yaʼni rangtasvir badiiy mazmundagi markazni inʼikos ettirgan holda ibtido bilan intihonni tasavvurimizga havola qilsa, musiqada ibtido, markaz va intiho asarning oʼzida mujassam boʼladi. Shu bois rassomlik sanʼatini ranglar musiqasi, musiqani esa tovushlar tasviri deyish mumkin. Аyni paytda musiqa rassomlikdagi yoki badiiy adabiyotdagi aniq yo muayyan tasvirlash imkoniga ega emas, lekin u ohangdor tovush orqali inson qalbiga kuchli taʼsir koʼrsatish, uning ruhini qisqa vaqt ichida oʼzgartirish qudratiga ega. Bu jihatdan unga teng keladigan sanʼat turi yoʼq. Shu sababli musiqadagi “musiqiylik” tushunchasi barcha sanʼat turlari uchun yuksak mahorat maʼnosini anglatadi. M., sheʼriyatdagi musiqiylik, nasrdagi musiqiylik, meʼmorlik – qotib qolgan musiqa, ranglar musiqasi v.h.
Raqs sanʼati. Bu sanʼat turi Ovroʼpada xoreografiya deb ataladi va raqsning barcha turlarini oʼz ichiga oladi. Raqs qoʼl va oyoq harakatlariga asoslanadi, lekin bu harakatlar ritm, muqom va badanning plastik egiluvchanligi vositasida shiorona xayolot parvozini ifodalaydi. Bu vositalarning hammasi musiqa yordamida (juda boʼlmaganda bir musiqiy asbob ishtirokida) umumiy bir uygʼunlikni tashkil etadi, ana shu uygʼunlik raqsning sanʼat sifatidagi mohiyatini anglatadi. Raqsning ham oʼz ichki turlari koʼp, diniy-falsafiy raqslar, mehnat raqslari yoki kasbiy raqslar, sof oʼyindan iborat raqslar, insoniy kayfiyatni anglatadigan raqslar, maxsus stsenariy (libretto) asosida sahnalashtiriladigan va uzoq vaqt davom etadigan raqslar v.h.
Raqs sanʼati, yuqorida aytganimizdek, folьklorning uzviy qismi tarzidagi va sahnaviy – teatrlashtirilgan koʼrinishlarga egaligi bilan birga, mintaqaviy-mahalliylik xususiyatiga ham ega. Masalan, oʼzbek raqsida uch yoʼnalish mavjud: Toshkent-Fargʼona, Xorazm va Buxoro yoʼllari (baʼzan usullari ham deyiladi). Ular bir-biridan ifodaviy usullarning oʼziga xosligi bilan farqlanadi, ayni paytda har bir raqqosa yoki raqqosning oʼz uslubi bor.
Teatr sanʼati.Insoniyat maʼnaviy hayotida teatr sanʼati juda qadamdan oʼz oʼrnini yoʼqotmay keladi. Bundan bir necha ming yillar avval qadimgi Hindiston, qadimgi Xitoy va qadimgi Yunonistonda dastlab teatr bir kishilik sahnadan iborat boʼlgan, keyinchalik ikki kishilik sahnadan, undan keyingina jamoviy sanʼatturiga aylangan. Yaʼni spektakl jamoaviy ijod mahsuli – rejissyor, dramaturg, aktyor va rassomning ijodiy izlanishlari natijasi oʼlaroq yuzaga keladi. Аyni paytda unda bir necha sanʼat turi omuxta tarzda namoyon boʼladi: meʼmorlik, rassomlik (dekoratsiya), musiqa va notiqlik sanʼatining hamkorligi spektaklning sahnaviy asosini, dinamik tarzda rivojlanib boradigan dramatizm esa uning badiiy – estetik mohiyatini belgilab beradi.
Teatr sanʼatining oʼziga xos jihati shundaki, unda sahna asari tomoshabin oldida yaratiladi, oʼsha rejissyor, sahnaga qoʼygan oʼsha aktyorlar oʼynagan bugungi spektakl kechagidan farq qiladi. Bu sahna sanʼatining doimiy ijodiyligini koʼrsatadi, bugungi ijroga aktyor nimanidir qoʼshadi yoki undan olib tashlaydi. Bu uning ruhi, ijodiy kayfiyati, ikki yoki uch kunlik oʼsishi bilan bogʼliq.
Sirk sanʼati.Tsirk eng qadimgi anʼanaviysanʼat turlaridan biri. U Sharqda vujudgakelgan va dorbozlik sanʼati deb ham atalgan, koʼchma tomosha sifatida xalq orasida shuhrat qozongan. Unda dorda langar bilan yurishdan tashqari, dorboz havo gimnastikachisi (chigʼiriqda) vazifasini ham bajargan. Pastda albatta nogʼora dorbozning harakatlariga mos ohangda yangrab turgan. Аyni paytda pastda qiziqchi, koʼzboylogʼich, akrobat (besuyak), ayiq oʼynatuvchi ishtirok etgan, baʼzan askiyadan ham foydalanilgan.
Sirk insonning nafaqat oʼz aʼzolari va hissiyotlari, balki hayvonlar, oʼyin asbobi boʼlmish narsalar, makon, tomoshabinlar hissiyotlari, atrof-muhit ustidan, kengroq maʼnoda olganda, dunyo ustidan cheksiz hukumronligini namoyish etishi bilan bizni doimo xavotirdan hayratga aylanadigan estetik idrok etish jarayonini boshdan kechirishimizni taʼminlaydi. Zero sirk «sof estetik» sanʼat, unda bevosita manfaatdorlikni uchratmaymiz. Umuman, sirk musobaqa degan tushunchani inkor etadi.
Sirkning yana bir oʼziga xos xususiyati, unda doimiy masxaraboz-qiziqchining ishtirok etishi, yaʼni kulgililik xususiyatining doimiy mavjud boʼlishi bilan belgilanadi. Sirk sanʼatida vorisiylik birinchi navbatda oilaviy sanʼatkorlik, qolaversa ustoz-shogirdlik anʼanalari hukumron. Umuman olganda, sirk sanʼati millatni, ayniqsa yoshlarni moʼʼjizaviylikdan hayratlanib, kulgililikdan forigʼlanib-jismonan baquvat, epchil, oʼz ruhi aʼzoi badani ustidan hukumronlik qila oladigan, katta tabiatining bir qismi boʼlmish hayvonlar tabiatidan xabardor shaxs sifatida kamol topishida muhim ahamiyatga ega.
Estrada sanʼati. Sanʼat turi sifatida estrada omuxtalik tabiatiga ega, unda teatr, musiqa, sirk, askiya unsurlari yaqqol koʼzga tashlanadi. Masalan, drama va komediyaning kichik shakllari, intermediyalar, akrobotika, pontomima, janglyorlik, qoʼshiq, badiiy oʼqish v.b. janrlar muvaffaqiyatli ijro etiladi. Unda zamonaviy muammolarning koʼngil ochish usullari va kulgi vositasida ifodasini, xilma-xil tanqid yoʼllarini koʼrish mumkin. Falsafiylik, ijtimoiy-siyosiy mavzular estradada qisqa, loʼnda, qiziqarli tarzda ochib beriladi. Estrada, sahnaviy sanʼat boʼlsa-da, teatrdan aynan ana shu «engilligi», «koʼptomonlamaligi» bilan farq qiladi. Mashhur rus estrada aktyori Ye.Petrosyan shuni nazarda tutgan holda, bu sanʼat turini «sanʼatdagi jurnalistika» deb ataydi.
Zamonaviy sanʼat turlari. Texnikaviy yutuqlar asosida vujudga kelgan zamonaviy sanʼat turlari insonning har qanday qulay sharoitdan yangi sanʼat turi yoki asarlarini yaratish uchun foydalanishini koʼrsatadi, insondagi sanʼatga boʼlgan azaliy va abadiy intilishidan dalolat beradi. Bir paytlar, oʼta ratsional, sanʼat bilan sigʼishmaydigan, qoʼpol deb hisoblangan texnikadan hozirgi paytda inson ildizi noratsionallikka borib taqaladigan badiiy qiyofa yaratish uchun foydalanmoqda. Shuning natijasi oʼlaroq, keyingi bir yarim asr ichida bir necha zamonaviy (texnikaviy) sanʼat turlari paydo boʼldi va rivojlandi.
Fotosanʼat.XIX asrning 20-30-yillarida frantsuzlar J.Nьens, L.Dager, ingliz U.Tolbot tomonidan shahar manzaralari, mevalarning rassomlik sanʼatidagi koʼrinishlarini optika va kimyo yordamida suratga koʼchirish amalga oshiriladi. Uni dastlab «fotogeniya», «fotogenik sanʼat» deb, keyinroq esa, uni rassomlik sanʼatidagi rangtasvir va grafikaga yaqinligi nazarda tutib, «fotografiya» degan nom bilan atashdi. Muhimi shundaki, suratga tushirishni badiylashtirish, fototexnika asosida sanʼat asari yaratish boshlandi. Аyni paytda, endi rangtasvirning kuni bitdi, degan, shoshib aytilgan fikrlar ham oʼrtaga tashlandi.
Badiiy suratkashlikning, yaʼni nurtasvirning rangtasvirdan farqi va eng muhim belgisi – bu uning hujjatlilik xususiyati, undagi har bir suratga olingan hodisa real asosga ega. Rassom oʼzi tanlagan syujet tasvirida tasavvur va xayolotga keng oʼrin beradi, fotosanʼatkorda bu imkoniyat yoʼq, u tasvir obʼektini real, hayotdagi holatida qanday boʼlsa, shunday suratga tushiradi. Lekin u obʼektning «yalt» etgan jonli koʼrinishini topa bilishi va oʼsha jonlilikni saqlab qoladigan nuqtadan turib ijod qilishi, baʼzan obʼektning ishiga aralashishi, uni muayyan ruhiy yoki manzaraviy holatga kelishi uchun koʼmaklashishi kerak boʼladi. Biroq u rassomning erkin aralashuvi imkoniga ega emas. Shu bois biz fotosanʼatda eng yuksak darajadagi jonlilikni koʼramiz, tom maʼnodagi real borliqning qoʼshigʼini tinglaymiz.
Fotosanʼatda montaj katta ahamiyatga ega. Montaj orqali badiiy qiyofa yaratish imkoni nihoyatda keng. Fan va texnikaning ravnaqi tufayli u «moʼʼjizaviy» darajaga koʼtarildi.
Kino.Eng miqyosli zamonaviy sanʼat turi hisoblanadi. Bugungi kunda u hamma yerda «hoziru nozir». Uni kinoteatrlarda jamoaviy, televidenie va videomagnitafon orqali esa oilaviy yoki individual tomosha qilish mumkin. Hozirgi paytda kino oʼzining dastlabki «harakatdagi fotografiya» holatidan shu qadar uzoqlashib ketganki, endi uning ovozsiz davridagi montaj dramaturgiyasiga suyanib qolgan sanʼat sifatida tasavvur ham qilish qiyin. Hozir aktyorlar yaratgan, murakkab psixologizmga asoslangan badiiy qiyofalar, adabiy stsenariy zaminida ekranlashtirilgan real hayotni badiiy aks ettiradigan davomli, koʼpchiziqli syujet birinchi oʼrinda turadi. Kinoda teatrdagidek dinamik dramatizm hamda uning asosini tashkil etgan harakat, harakat va yana harakat (bunda fikriy harakat ham nazardan qochirilmasligi lozim) asarning moyasini tashkil etadi. Biroq kino, teatrdan farqli ravishda, kadrlar orqali zamondan-zamonga «sakrab» oʼtish imkoniga ega, biroq bu «sakrash», agar film rejissurasi puxta boʼlsa, tomoshabinga sezilmaydi, u hozirgi voqealarning ibtidosi, sababchisi – avval boʼlib oʼtgan voqealar ekanini his qilib turadi. Chunki oʼtgan voqealarning eng muhim, qahramonlar taqdirini belgilaydigan holatlari kadrlarda bugungi voqealar bilan tabiiy ulanib ketadi, yaʼni kecha – bugunga, bugun – kechaga oʼtib turishi ekran imkoniyati doirasidagi «oddiy gap», kino sanʼati usullaridan biri. Sahnada esa bunday imkoniyat yoʼq, unda mazkur holatlar tomoshabinga toʼgʼridan-toʼgʼri emas, balki dekoratsiya va musiqa oʼzgarishlari yordamida aktyorlar monologlarida, baʼzan dialoglarida nutq (soʼz) orqaligina shartli ravishda yetkazib beriladi.
Televidenie.Аgar estrada «sanʼatdagi jurnalistika» boʼlsa, televidenieni «jurnalistikadagi sanʼat» deyishimiz mumkin. Hozir uni faqat ommaviy axborot vositasi va sanʼat targʼibotini texnikaning eng yangi yutuqlari asosida amalga oshiruvchi zamonaviy omil sifatida olib qarash uni kamsatishdan boshqa narsa emas. Toʼgʼri, telejurnalistika mavjud va uni inkor etish aqlga toʼgʼri kelmaydi. Lekin ayni paytda ana shu real hayot real voqealar va real odamlar ishtirokidagi «jurnalistik» syujetlarning sanʼat darajasiga koʼtarilganini, ularning estetik ahamiyat kasb etganini yaqqol koʼramiz. M., Farhod Bobojonning «Bir oʼlkaki...» turkumidagi koʼrsatuvlarini olaylik. Ularni oddiy jurnalistik televizon reportaj deyish mumkinmi?! Bu koʼrsatuvlarning deyarli har biri oʼziga xos filьm, shunday filьmki, oldiga oddiy «hujjatli» degan sifatlashni qoʼyish nohaqlik.
Xulosa qilib aytganda, mazkur bob mobaynida sanʼat xillari, turlari va janrlarini tasniflashtirishdek murakkab masalalarni baholi qudrat koʼrib oʼtdik. Bizning baʼzi mulohazalarimiz, ilmiy xulosalarimiz umumjahoniy ildizga ega boʼlgan milliy estetikamizda bu boradagi dastlabki nazariy yondashuvlardir. Biroq ularni mutlaqlashtirishdan yiroqmiz, asosiy maqsad talabalar va domlalarda mustaqil fikrlash malakasini yuksaltirishdan iborat.


Yüklə 1,19 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   70




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin