GABRIEL GARSIA MARKES
Gabriel Garsia Markes - buyuk Kolumbiya yozuvchisi, mashhur romanlar, qissalar, hikoyalar muallifi, Nobel mukofotining sovrindori.
Markes 1928- yil 6- martda, Kolumbiyaning Arakataka shahrida tug'ilgan. Arakataka Atlantika okeani yonbag'irlari va Kolumbiyadan uncha uzoq bo'lmagan Magdalena daryosi sohilida joylashgan kichik shaharcha. Markesning otasi telegrafchi edi. Yozuvchi iste'dodining shakllanishida buvisi Trankilinaning ta'siri katta bo'ldi. Trankilina kuchli, matonatli ayol edi, oila tizgini uning qo'lida edi. Ayni paytda 1899—1903- yillar fuqarolar urushining ishtirokchisi bo'lgan bobosi keksa polkovnik Nikolos ham yosh Gabriel hayotida o'chmas iz qoldirgan. Ijodkor sifatida shakllanishidagi uchinchi omilni Markes o'zi o'sgan muhitda deb biladi. U yashagan shahar turmushi g'aroyibotlarga to'la, fantastika va voqelik ajoyib tarzda uyg'unlik kasb etgan edi. Bobosining o'limidan so'ng 8 yoshida Markes Arakatakani tark etadi, uni Sapakira shahridagi maktab-internatga o'qishga beradilar. Ilk marotaba yozishga shu yerda urinib ko'radi...
1946- yilda Bogota universitetining yuridik fakultetiga o'qishga kiradi.
Markesning birinchi hikoyasi 1947- yilda e'lon qilinadi. Lekin u yozuvchi bo'lishni xayoliga ham keltirmagan, uni kasb qilib olish haqida o'ylab ham ko'rmagan edi. 1948- yilda liberal partiyaning yo'lboshchisiga suiqasd qilingach, poytaxtdagi vaziyat keskinlashadi va Markes Kartaxena shahriga ko'chib o'tib, o'qishini davom ettirishga urinib ko'radi. Biroq advokatlik karyerasi uni ortiq qiziqtirmay qo'ygan edi, u bu sohaga adashib kirib qolgani, bu o'tkinchi havas ekanligini anglab yetadi va o'qishni tashlab, jurnalistlik faoliyatida o'zini sinab ko'rishga qaror qiladi.
1950—1954- yillarda Markes reportyor bo'lib ishlaydi, xronikalar bo'limini boshqaradi. 1951- yilda «To'kilgan barglar» qissasini e'lon qiladi, asarda ilk marotaba muallifning keyinchalik barcha asarlaridagi voqealar ro'y beradigan xayoliy Makondo shahri tasvirlanadi. Bu shahar yozuvchining qadrdon Arakataka shahriga juda o'xshab ketardi. Makondo shahri bilan yozuvchi asarlaridagi markaziy - yolg'izlik mavzusi ham paydo bo'ladi.
1954- yilda Markes Bogota shahriga ko'chib o'tadi, gazetadagi ishini davom ettiradi, siyosiy hayotda faol qatnashadi.
1955- yilda «El Espektador» gazetasining muxbiri sifatida Yevropaga ishga yuboriladi. U Rimda ishlaydi, ayni paytda Tajriba kinematografik markazining rejissyorlik kurslarida tahsil oladi. Markes Rimdan Parijga ko'chib o'tadi. Vatanida ro'y bergan davlat to'ntarishi yozuvchining Parijda qolishiga sabab bo'ladi. Shu yerda yozuvchi o'ziga ilk shuhrat keltirgan «Polkovnikka hech kim yozmaydi» qissasini yaratadi. Kitobning birinchi nusxasi 1956- yilda yozilgan, alohida kitob holida 1961- yilda nashr etiladi.
Tanqidchilik bu qissada mashhur Amerika yozuvchisi Xemingueyning ta'sirini ko'radi, buni yozuvchining o'zi ham e'tirof etadi, ayni paytda qissada uning muxbirlik tajribasi ham sezilib turadi. Asar tili yozuvchi maqsadiga bo'ysundira bilinganligi, aniqligi, so'zning imkoniyatlaridan mohirlik bilan foydalanilgani, unga salmoqli ma'no yuklay bilish, uni his qilish kabilar bilan ajralib turadi. Markes uslubini sayqallashtirish, yuksak badiiylik va psixologik jihatdan haqqoniylikka erishish maqsadida bu asarni o'n bir marta qayta ko'chiradi. Asar voqeasi 1956- yilda nomsiz shaharchada ro'y beradi. Biroq asar qahramoni fuqarolar urushi ishtirokchisi polkovnikning tushlari va xotiralarida vatani Makondo gavdalanadi. Makondo shahri bilan tasvirga real va ulkan hodisalar ro'y bergan tarixiy davr kirib keladi «Polkovnikka hech kim yozmaydi» ning mavzusi insonning yolg'izligidir. Bu insonning voqelik absurdligiga, ochlik, qashshoqlik va ojizlikka, hissizlikka sabot-matonat bilan qarshi turishi, uning adolat tantanasiga bo'lgan o'lmas ishonchi to'g'risidagi qissadir. Ana shu jihatlari qissani Xemingueyning mashhur «Chol va dengiz» asari bilan yaqinlashtiradi.
Markes turli lotin amerikasi gazetalarining muxbiri sifatida Yevropaning ko'plab mamlakatlarini kezib chiqadi, ma'lum muddat Venesuelada yashaydi, 1961- yildan Meksikada qo'nim topadi va «Xosiyatsiz vaqt» romanini tugatadi. Asar birinchi marta muharirlar tomonidan buzilgan holda Ispaniyada nashr qilinadi, 1966- yilda Meksikada to'liq va asl holida bosiladi. Asar mavzui zo'ravonlik va uning shaxsni yemiruvchi mohiyatidir. Bu asarda yana Makondo shahri namoyon bo'ladi, Aureliano Buendia, Rebeka nomlari paydo bo'ladi. (Ular keyinchalik yozuvchining «Tanxolikning yuz yili» romanida ham ishtirok etadi).
Bolalik xotiralari, zo'ravonlik va yolg'izlikning taqdir ekanligi to'g'risidagi fikr yozuvchiga tinchlik bermaydi. Keyinchalik ushbu tuyg'u «Katta onaning ma'rakasi» hikoyalar to'plamida o'zining badiiy ifodasini topadi. To'plam dunyo yuzini ko'rgach, Markes ma'lum muddat adabiyot ishidan uzoqlashadi, kuchini kinematografiya sohasida sinab ko'rmoqchi bo'ladi.
Biroq kino san'atida Markes o'zi istagan narsani topa olmadi: «Kinoda ishlab, men, albatta, tasviriylik boshqa hikoyalash elementlaridan ko'ra ancha afzalliklarga ega ekanligiga ishonch hosil qildim, biroq, shuningdek, ma'lum jihatdan chegaralangan ekanligiga ham amin bo'ldim va bu men uchun kutilmagan kashfiyot bo'ldi; faqat shundagina roman qanchalar cheksiz imkoniyatlarga ega ekanligini anglab yetdim», deb yozadi.
1965- yilda Markes yana o'zida yozishga kuchli ehtiyoj va ishtiyoq sezadi hamda ixtiyoriy ravishda 18 oyga uzlatga chekinadi — shu tariqa 20 yil davomida yozuvchi qalbida ardoqlab kelgan asari «Tanxolikning yuz yili» vujudga keladi. Roman 1967- yil Buenos-Ayresda bosilib chiqadi va yozuvchiga olamshumul shuhrat keltiradi. Asar tiraji uch yarim yil ichida yarim milliondan ko'proq nusxani tashkil qiladi, bu Lotin Amerikasi uchun misli ko'rilmagan hodisa edi. Roman haqida gap ketganda «magik realizm» iborasi qo'llanila boshladi, bu tushuncha aynan Markes uslubiga xos bo'lgan xususiyat bilan bog'liq ravishda paydo bo'ldi. Magik realizm lotin amerikasi yozuvchilari ijodiga xos bo'lib, cheksiz erkinligi, yer hayotini xayolot, ongning tub-tubida yotgan hissiyotlar bilan uyg'un ravishda tasvirlash bilan xarakterlanadi. Asar dunyo romanchiligi va realizm tarixidagi yangi bosqich sifatida yuksak baholandi.
«Tanholikning yuz yili» ko'p planli asardir. Unda Buendialar sulolasining olti avlodi tasvirlanadi. Voqealar yozuvchining ardoqli Makondo shahrida kechadi. Adib ushbu shahar va undagi insonlar tarixi orqali Lotin Amerikasi tarixi va unga o'z muhrini bosgan tamaddunning ta'sirini aks ettiradi. Ayni paytda roman jahon adabiyotining antik eposdan maishiy romangacha bosib o'tgan yo'li hamdir. Yozuvchi Buendialar oilasi misolida insoniyat ongi taraqqiyotini tadqiq etadi. Boshdagi buyuk Renessans davrining tinib-tinchimas, izlanuvchan va tadbirkor kishisi Aurleanio Buendia timsolida XX asrga yetib keladi. U barcha sohalarni qamrab olgan begonalik, yolg'izlik qurboniga aylanadi. Shu romani bilan yozuvchi Makondo va uning aholisi mavzusiga so'nggi nuqta qo'yadi. Keyin yaratilgan asarlarida ushbu qahramonlarga va mavzuga qaytmaydi.
1972- yilda «Soddadil Erendira va uning shafqatsiz buvisi haqida mislsiz g'amgin qissa» hikoyalar to'plami bosiladi. Shundan e'tiboran Markes uchun hukmronlik va zo'ravonlik yetakchi mavzuga aylanadi. «Buzrukning kuzi» romanida ushbu mavzu chuqur tahlil qilinadi, zo'ravonlik va shafqatsizlikning g'ayriinsoniy mohiyati ochib beriladi. Asar markazida zo'ravonlikni hayotning asosiy qonuni deb bilgan kuchli shaxs obrazi turadi.
1981- yilda «Oshkora qotillik qissasi» asari e'lon qilinadi, oradan bir yil o'tgach esa Markes Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.
Dostları ilə paylaş: |