356
Tezlikni rostlash diapazoni -
elektr motor hosil qiladigan eng katta tezligi
qiymatining hosil qilinadigan tezligining eng kichik qiymatiga bo‘lgan nisbati
elektr yuritma tezligini rostlash diapazoni deyiladi.
Tezlikning turg‘un bo‘lish ko‘rsatkichi -
tezlikning turg‘un bo‘lish ko‘rsatkichi,
elektr motor validagi yuklanish momenti qiymatining ma’lum o‘zgarishlarida
motor tezligining o‘zgarishini bildiradi va bu mexanik tavsifning bikirligi bilan
bog‘liq. Bikirlik qancha katta qiymatga ega bo‘lsa, shuncha tezlikning yuklanish
momentiga bog‘liqligi kam bo‘ladi va aksincha.
Tezlikning silliq rostlanishi ko‘rsatkichi -
bu ko‘rsatkich elektr motor sun’iy
mexanik tavsiflaridagi bir sun’iy tavsifdan ikkinchi sun’iy tavsifga o‘tishdagi
tezlikning o‘zgarishini bildiradi. Berilgan tezlikni rostlash diapazonida sun’iy
tavsiflarning soni qancha ko‘p bo‘lsa, tezlikning rostlanishi shuncha silliq kechadi.
Masalan, mustaqil qo‘zg‘aluvchan o‘zgarmas tok motori yakori zanjiriga
beriladigan kuchlanishni bir qiymatidan ikkinchisiga uzluksiz holda o‘zgartirish,
tezlikning sakrab o‘zgarmasdan silliq o‘zgarishiga olib keladi. Asinxron motor
qutblar juftligi sonini o‘zgartirish tezlikning silliq emas, balki sakrab o‘zgarishiga
olib keladi va tezlikni rostlash silliq kechmaydi.
Ishchi mexanizm holatini rostlash -
ba’zi texnologik jarayonlardan kelib chiqqan
holda ishchi mexanizm ijrochi organining fazodagi yoki ma’lum yuzadagi holatini
yetarli darajada aniqlikda o‘zgartirish. Masalan, robot va manipulatorlar ishchi
organlarining fazodagi holatini boshqarish, liftlarning kabinalarini qavatlarda
kerakli aniqlikda to‘xtatishlarda qo‘llaniladi.
|