5-Mavzu: Jadidlarni milliy istiqlol g’oyalari targ’ibotida san’at va yangi usul maktablarining ahamiyati.
Reja.
1.Jadidlarning adabiyot, teatr va musiqa soxasidagi qarashlari.
2.Jadidlarning milliy g’oyani singdirishda yangi usul maktabining ahamiyati.
3. Jadid adabiyoti va teatrining ijtimoiy-siyosiy xarakteri.
4. M.Behbudiyning “Padarkush” p’esasi va ilk bor milliy teatrning paydo bo’lishi.
5. Buyuk jadid adib va dramaturglari hamda ularning asarlarida istiqlol, islohot masalalari.
XIX asrning oxirlari va XX asr boshlarida Turkiston zaminidagi eng ilg’or fikrli ziyolilar ongida paydo bo’lgan milliy uyg’onish ma’rifatchi-liqda yaqqol namoyon bo’ldi. Yangicha ma’rifatchilikning ilk jarchilari bo’lgan jadidlar keng miqyosli amaliy faoliyatlari bilan o’z g’oyalarining jamiyat hayotida mustahkamlanib barqaror bo’lishi, oxir pirovardida milliy ozodlik, siyosiy mustaqillik kurashlariga o’sib o’tishi uchun zamin yarata boshladilar. Bu davr Turkistonda ijtimoiy-siyosiy tafakkur rivojida yangi bosqich edi. Ana shu bosqichda yerli xalqning madaniy-ma’rifiy hayotida shu qadar ko’p o’zgarishlar yuz berdiki, uni hech mubolag’asiz Renesans, ya’ni Uyg’onish hodisasigagina qiyoslash mumkin.
Maktab-maorif ishlari bilan bir qatorda, jadid ma’rifatchiligi-
ning yana bir yorqin ifodasi bo’lib, ilk o’zbek milliy matbuoti, biroz o’tib turli ma’rifiy jamiyatlar paydo bo’la boshladi. Jamiyatlar bevosita ma’rifatchilikning ham ma’naviy, ham moddiy davomiyligini ta’minlashni vazifa etib belgila-gan edi. Tijorat va boshqa mablag’ manbalarini yaratib, jadid maktablari to’xtab qolmasligi, gazetalarning muntazam chiqib turishi, alohida iste’dod ko’rsatgan mahalliy bolalarni xorijga tahsil olish uchun yuborish kabi ezgu ishlar jamiyatlarning asosiy maqsadlari edi.
Turkiston o’lkasiga Rusiyadan millionlab mujiklarni ko’chirib keltirish natijasida, Turkiston xalqining serhosil yerlarga joylashtirish va mahalliy halkni esa quvib chikarish avj oldi. O’lkani mustamlakachilik tartiblari bilan idora eta boshladilar44. Maorif va ijtimoiy sohalarda esa islomni buzish, yerli xalqni ruslashtirish chor hukumatining bosh yo’li qilib bel-gilandi. Ushbu maqsadni ko’zda tutuvchi davlat qaramog’idagi rus-tuzem mak-tablari ko’payib bordi. Bu maktablar tub joy bolalarga dastlabki ta’limni berishni, go’dakligadanoq aqlu fikrini, qalbini ham egallab olishni ko’zda tutardi. O’rta maktablarga ular o’qishga ko’yilmas edilar. Rus-tuzem maktablariga munosabat yerli ziyolilarda ikki xil edi:
1.Hamkorlik qiluvchilar (Saidg’ani Saidazimboy o’g’li, Sattorxon Abdug’afforov, Saidrasul Saidazizov).
2. Rad etuvchilar (I.Gasprinskiy, Z.Validiy, M. CHo’kaev).
Mahalliy maktablar esa, xususiy bo’lib, ularga ko’plab to’siklar ko’yilardi. Ayniqsa, Ismoilbek Gasprinskiy boshlab bergan zamonaviy usuli jadid maktablariga mustamlaka hukumati qattiq turdi. SHularga qaramay, mahalliy ziyolilarning jasoratlari tufayli yangi maktablar ochilaverdi. Ma’lumotlarga karaganda, 1903 yilda Turkistonda 102 ta boshlang’ich, ikkita o’rta “Usuli jadid” maktabi bo’lgan45.
CHor hukumati til siyosatiga, Rus tili va madaniyatining nufuzi tobora ortib, mustahkamlanib borishiga mahalliy xalqning tildan foydalanish doirasi uzluksiz va rejali qisqartirilib borishiga alohida e’tibor berdi. Ruslar Turkistonning boyliklarini o’zlashtirish, xalqini qul qilish bilan cheklanmadilar. Tarixchi Zaki Validiy qayd etganidek, uning kundalik turmushiga, madaniy-maishiy hayotiga ham aralashdilar. Bir so’z bilan aytganda, uni har jihatdan buzish, ezish, so’ng esa o’z tarkibiga singdirib yuborishdek mudhishona bir maqsad bilan ishga kirishdilar.
1908 yilda podsho farmoyishi bilan senator graf. K.K. Polen boshchiligidagi hay’at Turkiston general gubernatorligini o’lkada mustamlakachilik siyosatini yanada kuchaytirish, moddiy boyliklarni jadalroq o’zlashgirish nuqtai nazaridan taftish qiladi. “Ruslar egalik qiluvchi yer” maydonini “tinch iqtisodiy kurash yo’li bilan” kengaytirishning puxta rejasi tuziladi. Ayni paytda, 1910 yildan bir kator rayonlarda dehqonchilikdan bexabar “ko’chmanchi” niqobi ostida mahalliy tubjoy xalqning serhosil yerlarini ko’chirib keltirila-yotgan ruslarga tortib olib berish qonunlashtirildi va bu bilan “Turkistonda rus xalqining siyosiy ustunligi uning xo’jalik sohasidagi quvvati bilan ham mustahkamlanadi”46gan bo’ldi.
Yangi qarashdagi mahalliy ziyolilar - jadidlar mana shunday sharoitda ish ko’rdilar. Va siyosiy mustaqillikni qo’lga olishni o’zlari uchun bosh maqsad bildilar. 1913 yildagi “Turon”, 1917 yilda tuzilgan “SHo’roi-Islomiya”, “SHo’roi-Ulamo” jamiyatlari partiya darajasiga o’sib chiq magan bo’lsada, siyosiy faol edi.
O’zbekiston milliy xavfsizlik xizmati arxivining 554335 (Munavvarqo-ri) va 4269 (Fitrat) raqamlik «ish»laridagi tergov materiallarida 10 yil-lardan Toshkent va Buxoroda “Yosh turklar inqilobi” ta’sirida paydo bo’lgan “Ittahod va taraqqiy”, inqilobdan keyin esa “Milliy ittihod”, “Milliy istiklol” kabi yashirin tashkilotlar haqida ma’lumotlar keltiriladi. 1917 yil noyabrda Turkiston muxtoriyatining tashkil topishi, 1920 yildagi Buxoro va Xorazm xalq jumhuriyatlari jadidlarning faoliyati samarasi sifatida maydonga kelgan edi.
Ular, birinchi navbatda, ochiq fikrli yangi avlodni tarbiyalashga diqqatni qaratdilar. Buning uchun “usuli jadid” maktablariga zo’r berdilar. Ikkinchi-dan, mahalliy milliy matbuotni adabiyotni maydonga keltirdilar. Toshkentda 1970 yildan chiqa boshlagan “Turkiston viloyatining gazetasi”, Turkistonda mahalliy tilda chiqqan birinchi matbuot namunasi edi. Gazetada SH. Ibrohimov (1872), H.CHanishev (1881) kabi yerli tatarlar, I. Xudoyorxonov (1885) singari o’zbeklar ma’lum muddat muharrirlik qilgan bo’lsalarda, uning asl egasi, yo’rig’chisi N.Ostroumov edi. SHunga ko’ra, uning milliy gazeta bo’lishi imkondan tashqarida edi.
CHor huqumati 1905 yil 17 oktyabrda Rusiyada yuz bergan inqilobiy voqealar munosabati bilan Manifest e’lon qilib, xalqqa ma’lum konstitutsion-demokratik erkinliklar berishga majbur bo’lgan edi. SHu jumladan, matbuot erkinligi, siyosiy tashkilotlar tuzishga ham ruxsat etildi. Turkiston jadidlari bu imkondan foydalandilar. Bir qator madaniy uyushmalar tuzdilar. Gazeta-jurnallar chiqardilar. SHulardan biri, 1906 yilning 27 iyunida dunyo ko’rgan “Taraqqiy” gazetasi edi.
“Bu gazeta tez fursatda shunday shuhrat qozondikim, - deb yozadi Abdulla Avloniy. - Hatto gazeta muharriri bo’lgan Ismoil Obidiyga “Taraqqiy” ismi berildi. Hozirgacha xalq Ismoil Obidiyning ismini “Taraqqiy” deb yuritadur”47.
Gazeta mahalliy yoshlarga o’z sahifasidan keng o’rin berdi. Uning yaqin hamkorlaridan biri Munavvarqori edi. 1906 yilning sentyabrida Munavvarqori muxarrirligida Toshkent jadidlarining ikkinchi muhim gazetasi “Xurshid” paydo bo’ldi. 1907 yilning birinchi dekabridan Abdulla Avloniy o’z uyida “Xurshid” gazetasini chikara boshladi. Bu uch gazeta, shu davr Turkistonining eng e’tiborli nashrlari bo’lib, ularda mashhur Beh-budiydan havaskor shoir Mulla Ko’shoq Miskingacha bo’lgan keng ziyolilar qatlami faol ishtirok etdilar.
SHuningdek, Toshkentda “Tujjor” (1907 yil, muharriri Saidkarim Saidazimboy o’g’li), “Osiyo” (1908 yil, muharriri Ahmadjon Bektemirov) kabi gazetalar ham chiqa boshladi. Bu gazetalarning hech biri uzoq faoliyat olib boraolmadi, ayrimlari iqtisodiy, ba’zilari esa, siyosiy sabablar bilan berkitildi.
1901-yilning boshida Turkistonda yangi adabiyot shakllana boshladi. Bu borada, 1901 yildan chop etila boshlagan Munavvarqorining “Adibi avval”, “Adibi soniy”, Saidrasul Aziziy (1866-1933) ni “Ustozi avval” (1902), Aliasqar Kalininning “Muallim soniy” (1903), so’ngroq Abdulla Avlo-niyning “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, Rustambek Yusufbekov (1880-1950) ning “Ta’limi avval”, “Ta’limi soniy” kabi darslik va darslik-majmualari, xususan, ulardagi ixcham didaktik she’r va hikoyalar yangi adabiyotning shakllanishida ilk tajribalar vazifasini o’tadi.
Abdulla Avloniyning “Adabiyot yohud milliy she’rlar” (1909), Saidahmad Vasliyning “Milliy she’rlar” (1912), Sidqiy Xondayliqiyning “Tuhfai SHavkat” (1913), “Savg’oti SHavkat” (1914) “Bazmi ishrat” (1914), Hoji Muinning “Guldastai adabiyot” (1914) kitoblari yangi o’zbek she’riyatining dastlabki namunalari edi.
Mahmudxo’ja Behbudiyning 1911 yilda yozilib, 1913 yilda chop etilgan “Padarkush” dramasi o’zbek dramachiligini boshlab berdi. “Falokatzada” (1911 y, muallifi Abdulrauf SHahidiy), “Befarzand Ochildiboy” (1914 y, muallifi Mirmuhsin SHermuhammedov) kabi ilk realistik proza namunalari maydonga keldi.
Matbuotning maydonga kelishi publitsistika taraqqiyotiga yo’l ochdi. Bu borada Behbudiy, Fitrat, Munavvarqorilarning xizmati katta bo’ldi.
1914 yilda boshlangan Birinchi jahon urushi va Rusiyaning unga qo’shili-shi Turkistonning o’z mustaqilligini qo’lga olishiga ma’lum umid va imkon tug’dirdi. Biroq chor hukumati qattiq turdi. O’lkada “tartib saqla-nishi”ga alohida ahamiyat berdi. 1914 yil 24 iyulda podshoning shaxsiy farmoni bilan, Turkiston o’lkasida “favqulodda qo’riqlanadigan” holat e’lon qilindi48. Gubernator va uezd boshliqlariga aholining o’yfikrini kuzatib borish, “ozgina bo’lsa ham dushmanlik niyatida bosh ko’tarilgudek bo’lsa”, “g’oyat shafqatsizlik bilan darhol bostirish” hakida ko’rsatma berildi. 1916 yilning iyulida butun Turkistonni “Mardikorlik voqealari” nomi bilan tarixga kirgan milliy-ozodlik harakatlari chulg’ab oladi. “Mardikorlik ari uyasiga cho’p suqqandek bo’ldi. Turkistonda bamisoli yer larzaga keldi”,2 deb yoza-di, 1916 yilning 9 avgustida Toshkentga kelgan “Vaqg” muxbiri SHahid Muhammaddyorov. Lekin bu qo’zg’olonlar shafqatsiz bostirildi. Masalan, eski Jizzax aholisi qatliom qilinib, shaharga o’t ko’yildi. O’nlab qishloqlar xonavayron qilinib, xalqi iyulь-avgust jaziramasida Qiyli cho’liga quvib chiqarildi.
Ko’zg’olonlar sentyabrning boshlarida biroz paysal topdi. 18 sentyabrdan esa mardikorlarni jo’natish boshlandi.
1917 yil fevralь inqilobi chor hukumatining qulashi bilan yakun topdi. Mardikorlar yurtlariga kaytdilar. Mahalliy ziyolilar mustakil Turkiston hukumatini tuzish uchun kurashni kuchaytirdilar.
1920 yilda Buxoro va Xiva ham bolьsheviklar nazoratiga o’tdi. Bir muddat har ikki xonlik o’rnida “xalq jumhuriyati” nomi bilan qo’g’irchoq hukumatlar tuzilib ish olib bordilar. 1924 yilda bularning hammasi barham topib, Rus Turkistoni sovet imperiyasning uzoqni ko’zlagan siyosatini ko’zda tutgan holda, besh bo’lakka bo’lib tashlandi. So’ng esa uni bolьshevik didiga moslab “o’zlashti-rish” boshlandi. Asriy tartib va udumlarni yo’qqa chiqaruvchi “Er-suv isloho-ti”, “Xotin-qizlar ozodligi” niqobi ostida millatning mukaddas tarbiya o’chog’ini buzib tashlash, nihoyat “kollektivlashtirish” kabi “sotsialistik” tajribalar o’lka hayotini batamom izdan chikardi. Bular yetmaganday, sotsializm rivojlang-ani sari sinfiy kurash kuchayib boradi, degan soxta stalincha nazariya to’qib chiqarilib, dushman izlash avj oldi. SHu bahonada mahalliy ziyolilarni ta’qib qilish kuchaydi. Xususan, jadidchilikni millatchilik sifatida qoralash yo’lga qo’yildi. 1925 yilda yer-suv islohotiga ozgina e’tiroz bildirgan kishilar –“18lar guruhi” nomi bilan “fosh” etildi. 1926 yilda O’zbekiston maorif vaziri R. Inogomov va uning bir kator maslaqdoshlari eski ziyolilardan foydala-nish masalasini ko’targanlarida ko’lga olinib, “Inog’omovchilik” deb atalgan kompaniya o’tkazildi. 1927 yil oktyabrda shoir CHo’lpon badnom etilib, O’zbekiston ziyolilarning Samarqanddagi qurultoyidan haydab chiqarildi.
SHu tariqa, 1929 yil sovet tarix fani qayd etganidek, sovetlar uchun “buyuk burilish” yili bo’ldi. Har qanday erkin fikr tugatilib, kommunistik diktatura mustahkam qaror topdi.
Turkistonning ilg’or ziyolilari oq imperiyani ham, qizil imperiyani ham qabul qilgan emas. SHu sababli, Oktyabrning dastlabki kunlaridanoq millatning vatanparvar farzandlari istiqlol yo’llarini qidirdilar. Arxiv materiallari va tarixiy shaxslarning guvoxliklari, 1917 yildan o’lkada shu maqsadni ko’zda tutuvchi “Ittihod va taraqqiy”, “Turk adam markaziyati”, “Itti-hodi milliy”, “Birlik” (1919), “Erk” (1919), “Temur”, “Botir gapchilar” kabi yashirin tashkilotlar tuzilganligini, 1921 yilda “Turkiston milliy birligi” tashkil topganligini ko’rsatadi. “Turkiston milliy birligi” 20-yillarda tarixga “bosmachilik” nomi bilan kirgan milliy ozodlik harakatlarini o’zaro muvofikdashtirib borishda muhim rolь o’ynadi.
Birinchi jahon urushi yillarida, so’ng inqilobiy harakatlar davrida matbuot va adabiyot faollashdi. Toshkentda “Najot” (muxarriri Munavvarqori), “SHo’roi islom” (A.Batgol), “Turon” (Avloniy), “Kengash” (Zaki Validiy), “Ulug’ Turkiston” “(Kabir Bakir), “Turk so’zi” (T. Xudoyorxonov), “Xalq dorilfununi” (Muxtor Bakir); Samarkandda “Hurriyat” (Mardonqul SHohmuhammadzoda, Akobir SHohmansur, Abdurauf Fitrat), Ko’qonda “El bayroga” (Po’lat Soliev), Namanganda “Fargona nidosi” (Xusayn Makaev) kabi ko’plab gazetalar, “Kengash” (Ko’qon: Xamza, Raximjon hoji Tursunmuhammad o’g’li), “Yurt” (Ko’qon: Ashurali Zohiriy), “Hurriyag” (Ko’qon: Mahmudxo’ja Rizoiy), “CHayon” (Toshkent: H.To’lakov, I.Toxiriy), “Ishchilar dunyosi” (Toshkent), “Izhoril xaq” (Toshkent:Sadriddinxo’ja mufti ibn SHarifxo’ja Eshon) kabi o’nlab nomdagi bir ko’rinib, yopilgan jurnallar ko’p bo’ldi. 1918 yildan sotsialistik matbuot izga tusha boshladi. Uning dastlabki namunasi shu yilning 20 iyunidan chiqa boshlagan “Ishtiro-kiyun” gazetasi (mas’ul muharrirlari: O.Klebleev, A.Avloniy, N.To’rakulov, A.Donskoy, H.Burnashev, Mirmuhsin) bo’ldi. Gazeta 1920 yilning 19 dekabridan “Qizil bayroq”, 1922 yilning 13 sentyabridan “Turkiston” nomlarida davom etadi. “Maorif” (1918, Toshkent), “Bolalar yo’ldoshi” (Samarqand, 1919), “Tayoq” (Samarqand, 1920), “Tong” (Buxoro, 1920), “Qizil tikon” (Namangan, 1920), “Qizil yo’l” (Toshkent 1920), “Kasabachilik harakati” (Toshkent, 1920) kabi umri qisqa jurnallar dunyo yuzini ko’rdi.
1918 yilda Toshkentda Fitrat tashabbusi bilan “CHig’atoy gurungi” adabiy-madaniy uyushmasi maydonga keldi va CHo’lpon, Botu, Elbek, G’ozi Yunus, G’ulom Zafariy, Mannon Uyg’ur, Kayum Ramazon kabi fan va madaniyatimizning yorqin iste’dodlarini o’z atrofiga to’pladi. Bor yo’g’i bir yarim yilcha faoliyat ko’rsatgan ushbu uyushma-jamiyat ta’lim qoidalarini ishlab chiqishda, adabiyot tarixini o’rganish, sistemalashtirishda, teatrchilikni yuksaltirishda katta ishlar qildi. Biroq, bunday milliy-madaniy tiklanish yo’llari tobora yopila bordi. Va madaniy-adabiy hayot ham sekin-asta siyosat izmiga tushib qoldi.
XX asr 10- yilning ikinchi yarmi – “O’zbek jadid adabiyoti” nomi bilan tarixga kirgan yangi adabiyotning shakllanib, dastlabki dadil qadamlarini tashlagan yillar bo’ldi. Milliy matbuotning maydonga kelishi bilan yangi adabiyotning mazmun va yo’nalishi, til va uslubi, janr va mavzulari, badiiyati bilan bog’lik masalalar keng muhokama kilina bordi.
Davrning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, sotsial-ijtimoiy mavzularga, zamonaviy masalalarga, ma’rifat va ozod-likka katta e’tibor berildi. Abdulla Avloniy “Oyinayi har millat erur til-adabiyot” deb yozadi. Mahmudxo’ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov teatrni “ibratxona” deb atadilar.
Biroq, XX asr 10- yillar she’riyati ma’rifatni maqsad emas, vosita deb bildi. “Kuchli” millatlar –“jahon jayxunlari” haqida yozdi. “Kuchsiz”larning ularga lo’qma (“tu’mai tayyor”) bo’layotganlariga (Avloniy) diqqatni qaratdi. SHoir Bahriddin Aziziy ochiqdan-ochiq siyosiy tashkilot (“jamiyat”)lar tuzish, o’zaro itifoq bo’lish va “jumhuriyat” uchun “bir til” bo’lib kurashish lozim deb hisoblaydi. Siddiqiy-Ajziy esa bu borada o’ziga xos iqtisodiy nazariyalarni ilgari suradi.
Bugina emas, she’riyat yangi qurilajak davlat va jamiyatning siyosiy tuzumi-dan axloqiy turmushigacha, iqtisodidan madaniyatigacha qiziqdi. Xullas, XX asr 10- yillardagi yangi o’zbek she’riyati, bu birinchi navbatda, ijtimoiy-siyosiy she’riyatdir.
Ayni paytda, unda qator poetik-stilistik o’zgarishlar yuz berdi. Avloniy va Hamza ko’pgina she’rlarini qadim she’riy barmoq vaznida yozdilar. Hamza sarbastda o’z imkoniyatlarini sinab ko’rdi (“SHe’ri mansur”). Siddiqiy-Ajziy va Tavallo sotsial satiraning an’anaviy aruzdagi eng sara namunalarini yaratdilar.
SHe’riyat Birinchi jahon urushi yillarida, xususan, mardikorlik voqealari davrida g’oyat jonlandi. CHunonchi, mardikorlik voqealariga bag’ishlangan o’nga yaqin she’riy to’plam chop etilgani ma’lum. Bular orasida Muhiddin Ibrohi-mov tuzgan “Loshmon” (Namangan, 1916y), Hamzaning “Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi”ning 7- bo’limi – “Safsar gul” (Qo’qon, 1917y), Akbariy Toshkandiyning “Vatanga xizmat” (T., 1917y), Sidqiyning “Rabotchi-lar namoyishi” (T., 1917y), “Rabotchilar kelishi” (T., 1917y), shuningdek, Bahridin Aziziyning “Yangi shugufa yoxud milliy adabiyot” (T.1917y), Sidqiy Xondayliqiyning “Rusiya inkilobi” (T.,1917) kabi asarlarida ham mardikorlik voqealari tasviri uchraydi. Bu asarlar, bir qaraganda, mahalliy xalqni mardikorlikka borib, oq podsho xizmatini qilib kelishga targ’ib-tashviq etayotgandek bo’lsada, aslida ularning maqsadlarida xalkning osoyishta hayo-tini alg’ov-dalg’ov qilib yuborish, urush bahonasida millatning sha’ni shu-kuhini oyoqosti etgan hukmron millatga istehzo, o’z ona xalkini g’aflatdan uyg’onishga, qulliqdan qutulishga da’vat balqib turar edi.
Turkistondan ishchilar olish 1917 yilning fevraliga kadar davom etdi va 123 mingdan ko’proq kishi safarbar qilindi. Ular Qora dengizdan Boltiq bo’yiga qadar cho’zilgan front orqasidagi og’ir ishlarda, Petrograd, Moskva, Nijniy Novgorod, Qozon, Kiev, Xarьkov kabi shaharlardagi sanoat korxona-larida, SHimoliy Kavkazdagi mis zavodlarida ishladilar.
Mardikorlarning u yerlardagi og’ir va mashaqqatli hayoti Sidqiyning “Rabotchilar kelishi” (1917) kitobida va Hamzaning “Safsargul” (1917)idagi “Vatan ishchilarining zabun holindan” deb nomlangan turkum she’rlaridan “Sog’inib”, “Salom ayting”, “Hoy, pahlavon!”larda aks etdi. SHoirlarimiz mar-dikorlarning qaytib kelishlariga bag’ishlab ham she’rlar yozdilar (Sidqiy, “Sitamdiyda rabotchilar kelishi”, “Sizlarga mujda”).
1917 yil fevralь voqealarini Turkiston xalqi zo’r xursandchilik bilan kutib oldi.... SHoirlarimiz unga yuzlab she’rlar bag’ishladilar. SHukuriy (Xurshid) va Sidkiy qisqa muddat ichida “Hurriyat mevasi” (1917) va “Rusiya inqilobi” (1917) nomli dostonlar yozib chop ettirdilar.
O’zbek adabiyotida, o’sha kezlarda Oktyabrь voqeasiga bag’ishlab yozilgan badiiy asar uchramaydi. CHunki u keng umumxalq hodisasi sifatida qutib olinmadi. Aksincha, to’ntarish deb qaraldi. U haqida asar yozish 1918-1919 yillardan izga tushdi. Aksincha, 1917 yilning 27 noyabridagi muxtoriyat e’loni keng xalk ommasidagi kabi adabiyot ahlida ham shavq-zavq uyg’otdi, yangi poeziya XX asr 20-yillarga g’oyat murakkab va ziddiyatli tuyg’ularni o’zida jo etgan e’tirof va e’tiroz bilan kirib kelgandi.
XX asr 10- yillarda yaratilgan nasr namunalari u qadar ko’p emas. An-bar Otinning “Karolar falsafasi”, Saidrasul Aziziyning 1910 yildagi “Moskva va Peterburg sayohati” xotiralari kabi ijtimoiy-falsafiy, sarguzasht-avtobiografik asarlarini nazardan soqit qilsak, Behbudiyning “Oq yelpog’ichli chinli xotun”, Abdurauf SHahidiyning “Falokatzada” (1911) hikoyalarini, Mirmuhsin SHermuhammedovning “Befarzand Ochildi-boy” (1914), Hamzaning “Yangi saodat” (1915) singari “milliy roman” deb nomlangan qissalarini, nihoyat 1915-1916 yillarda e’lon qilingan Abdulla Qodiriyning “Juvonboz” va “Ulokda”, CHo’lponning “Do’xtir Muhammadyor” asarlarinigina qayd etish lozim bo’ladi.
Dramachilik, XX asr 10- yillarning ikkinchi yarmida qizg’in rivoj topdi. Toshkent, Samarqand, Ko’qonda teatr havaskorlar truppalari tuzilib, samarali ish olib bordi. Samarqandda Behbudiy izidan borib, Abdulla Badriy (“Juvonmarg”, “Ahmoq”), Hoji Muin (“Eski maktab, yanga maktab”, “Ko’knori", “Mazluma xotin”, “Juvonbozlik qurboni”, “Boy ila xizmat-kor”, “Qozi ila muallim”), Nusratilla Qudratilla o’g’li (“To’y”, “Kengash majlisi”), Toshkentda Abdulla Avloniy (“Advokatlik osonmi?”, “Pinak”, “Biz va Siz”), Abdulla Qodiriy (“Baxtsiz kuyov”), G’ulom Zafariy (“Baxtsiz shogird”), Farg’ona vodiysida Hamza (“Zaharli hayot”, “Ilm hidoyati”, “Mulla Normuhammad domlaning kufr hatosi”), Xurshid (“Bezori”, “Orif ila Ma’ruf”, “Qora xotin”), nihoyat, Buxoroda Abdurauf Fitrat (“Begijon”, “Mavludi sharif”, “Abo Muslim”) kabi adiblarimiz bir qator dramalar yozdilar.
1916 yilgi mardikorlik voqealariga bag’ishlangan dramalar paydo bo’ldi. “Loshmon fojiasi”, “Rabochiy”, muxtoriyat haqida “Avtonomiya yoki muxtoriyat” (Hamza) nomli drama yozildi. Fitratning mashhur “Temur sag’anasi” dramasi Turkiston muxtoriyatining fojiona qonga botirilishi taassurotlari asosida maydonga kelgan edi.
Yangi zamonaviy adabiyotshunoslik va tanqid shakllandi. Zamon va ijod badiiy adabiyot tili, yangi adabiy janrlar bilan bog’liq masalalar matbuot sahifalarida keng muhokama qilindi. Behbudiy, Avloniy, Fitrat, CHo’lpon, Ibrohim Davron kabilarning bu borada vaqtli matbuot sahifalarida e’lon qilgan maqolalari yangi estetikaning shakllanishida muhim rolь o’ynaydi.
XX asr 10- yillarda Turkiston ma’naviy hayotida keng tomir otgan o’zbek-jadid adabiyoti o’zining chinakam samaralarini qiyin-qistov 20-yillarda berdi. CHo’lpon o’z she’riyati bilan yangi o’zbek she’riyatining asl poydevo-rini yaratdi. Qodiriy o’zbek romanchiligiga asos soldi. Fitrat o’zbek dramachiligining eng sara namunalari muallifi va yangi o’zbek adabiyotshunosligining asoschisi bo’lib tarixga kirgan.
Jumladan jadidchilik yo’nalishidagi Teatr axamiyati jadidlar nazdida, avvalo, “ulug’lar maktabi”, “ibratxona” bo’lib, xuddi maktab va matbuot kabi ma’rifat, ilm olmoq g’oyasini targ’ib etishi ko’zda tutilgan edi. Ikkinchidan esa, ma’rifiy va ko’ngilochar tomoshalar orqali mablag’ topib, maorif, matbuot ehtiyojlariga sarflamoq ko’zlangan edi. Turkistonga tatar, ozarbayjon, rus sayyor teatr jamoalarigashg kirib kelishi ovro’pocha o’zbek milliy teatr san’atining tug’ilishiga turtki berdi. Turkistonning asr bosh-lari matbuotida Ovrupocha teatr san’atining turi bizda, 1913 yil rasman shakllanmasidan biroz ilgariroq boshlanganiga oid dalillar uchraydi. O’zbek yangi teatri tarixini maxsus o’rgangan B.O.Pestovskiy “Inqilob” jurnali-ning bir necha sonlarida e’lon qilingan katta maqolasida “Korako’l” shaxriga yaqin bir qishloqqa 1909 yilda “o’zbek teatri o’ynaldi” degan, xabar borganligini qayd etgan edi. “Turkiston viloyatining gazeti” 1910 yil yanvarь sonlaridan birida esa “tez fursatda Toshkent shahrida teatr, ya’ni “muqallid” o’yini o’ynalaturg’on musulmon jamiyati (truppa) ochilur emish... Ul jamiyat musulmon zabonida “muqallid” o’ynar ekanlar”, degan xabar bosiladi. Bu xabardan besh-olti kun o’tib, yana shu gazetada yerli tatar havaskorlari doimiy teatr truppasi tuzgani haqida ham kichik axborot berilgan. Balki avvalgi habarda “musulmon jamiyati” deganda mazkur tatar havaskorlari nazarda tutilgandir? Ammo bundan qatьiy nazar, o’sha jamiyat spektakllari bevosita mahalliy ziyolilar ishtirokida o’tgan. Agar “Oyina” jurnalidagi “Doxiliya xabarlari” deb nomlangan ruknni ko’zdan kechirsak, teatr yo kontsert tomoshalari haqidagi xabarlarda, mahalliy havaskorlar tatar teatrchilari bilan hamkorliqda spektakllar qo’ygani, aksariyat, milliy pьesalardan so’ng tatar pьesalari o’ynalgani, har bir spektaklda tatar va o’zbek aktyorlarining birgalashib ishtirok etganidan ogoh bo’lamiz.
Umuman, teatr masalasiga e’tibor XX asr 10- yillarda juda kuchli bo’lgan. CHor hukumatining Turkiston o’lkasidagi rasmiy nashri afkori hisoblangan “Turkiston viloyatining gazeti”dan tortib, “Sadoyi Turkiston”, “Sado Farg’ona” gazetalari, “Oyina” majalasida shunday kiziqishni ifodalovchi oddiy xabarlardan to spektakllarga taqrizi, teatr tanqidchiligiga oid nazariy maqolalargacha uchratish mumkin. Masalan, “Oyina” jurnali 1913 yilgi 8-sonida “Ovrupoda teatru” nomli maqola e’lon qilib, unda G’arbdagi yirik mamlakatlar teatrlari, ularning miqdori haqida batafsil ma’lumotlar beradi. Madaniy taraqqiyoti yuksak bo’lgan Angliya, Italiya, Ispaniya, Frantsiya, Germaniya kabi davlatlarda yuzlab teatr tomoshaxonalari borligi, bular yonida endilikda kineematug’rofning ham paydo bo’lib, rivojlanayotgani aytiladi. Bunday maqolalar mahalliy ziyolilarni teatrchilik harakatiga da’vat qilsa, avomni shunday ma-daniyat o’choqlaridan baxramand bo’lishga targ’ib etar edi.
1911 yilda Mahmudxo’ja Behbudiy “Padarkush yoxud o’qumagan bolaning holi” nomli “3 parda 4 manzarali milliy, birinchi fojia”sini yozadi. Asarni chop qilish xususidagi urinishlar ikki yilgacha muvaffakiyatsiz kechadi. Faqat pьesani 1812 yili rus-frantsuz muhorabasining Borodino maydonidagi ruslar galabasi bilan yaqunlanishi, 100 yilligiga bag’ishlab, Tiflisdagi tsenzorga yubori-lishi nashr uchun imkon beradi. “Matbuot ishlari Tiflis ko’mitasi tsenzori ruxsati bilan Kavkaz o’lkasi sahnalarida ko’yish mumkin” degan 1913 yil 23 mart 19940-son qaroriga ko’ra, asar 1913 yil Samarqandda alohida kitob holida chop etiladi.
“Padarkush”ning nashrdan chiqishi, tom ma’noda, milliy teatrning tug’ilishini belgiladi. SHu yilning o’zidayoq, Samarqandda Behbudiy, Toshkentda Munavvarqori va Abdulla Avloniy rahbarligida asarni sahnalashtirish harakatlari boshlanadi. “Oyina” yozadi: “Samarqandning o’zbek va tatar yosh va taraqqiyparvarlari bir bo’lib, o’zbekcha “Padarkush” va tatarcha – “Oldaduk ham oldanduk” asarlarini Samarqand qiroatahonai islomiyasi naf’ig’a 1914 yil 15 yanvarь okshominda Samarqandda ko’ymoqchi bo’ldilar va ham ushbu g’ayratli o’zbek va tatarlar birlashib, Ho’kand va Buxoro va o’zga Turkiston shaharlarinda milliy tiyotrlar ko’rsatmokchidurlarki, niyat va gayratlari shoyoni shukronadur. Idoraga kelgan maktublarga karaganda, Ho’qand va Toshkantda ham “Padarkush” fojiasini saxnado qo’ymoq uchun mashq qilmokda emishlar. Agarda g’ayratli yoshlar milliy tiyotrg’a rivoj bersalar, yana boshka asarlarda tartib nashr qilinur”49.
Demak, “Padarkush” pьesasining e’lon qilinishi, bu, Behbudiy yoki Samar-qand shahri ziyolilari uchun ahamiyatli bir hodisa bo’lmay, butun Turkistonda ijtimoiy-madaniy hayotning yanada jonlanmog’i, teatr havaskorlari negizida yangi-yangi ma’rifatchi jamoalar maydonga kelishi uchun turtki bo’lgan.
1913 dekabrdan boshlab “Toshkentda ham “Padarkush”ni sahnaga ko’yish uchun hozirlik ketadi. Bu to’g’risida Toshkent jadid muallimlari aktiv rolь o’ynaydilar. Jumladan, professor Avloniy, Muhammadjon qori, Nizom-xo’jaev, SHokir Rahimiy va boshqalar jiddiy kirishadilar. Professor Avloniy aytuvi bo’yicha, hozirlik ko’rar vaqtda Toshkent havaskorlariga Muhammadyorov nomli tatar ziyoli rejissyorlik vazifasini ko’ra boradi. Lekin hozirlikning borishi yaxshi bormay, teatrni ko’yilishi sudralib ketadi. 1914 fevralda Aliasqar Asqarov Samarqanddan kelib, Toshkent havaskorlariga o’zini tanita oladi va rejissyorlik vazifasi unga topshiriladi. Buning bilan oz kunda hozirlik bitib, 1914 fevralda “Padarkush” pьesasi - hozircha “Xo’r-xo’r” komediyasi bilan birlikda sahnaga qo’yilmoqchi bo’ladi50. Demak, rejissuraning ojizligi spektakl samarqandliklar bilan birga yoki ulardan avvalroq chiqarish imkonini bermagan. Aliasqar Asqarning Samarqandda spektaklь postanovkasini yakunlashini kutishga majbur bo’lingan.
1914 yil 27 fevralda “Toshkent Yangi shaharidagi “Kolizey” teatrining 2000 kishilik tomoshaxonasida kech soat yettida “musulmon” jamiyat imdodiyasi foydasig’a Toshkent teatr havaskorlari rasman o’z spektakllari namoyishini boshlaydilar. Teatr kechasi, Abdulla Avloniy me’morial muzeyida saqlanayotgan “maromnoma” (afisha)dan ma’lum bo’lishicha, uch bo’limdan tashkil topgan. Birinchisi - Mahmudxo’ja Behbudiyning “Padarkush” pьesasi asosidagi spek-taklь namoyishi. Ikkinchisi, - ozarbayjon aktyorlaridan Aliasqar Asqarov, Guluzorxonim va M.SHaxbalovlar ijrosida bir pardalik ozarcha “Xo’r-xo’r” kulgu tomoshasi (S.Muzag’ayni asari). Uchinchi bo’lim – “Milliy o’qish va jo’rlar” bo’lib, bunda sakkiz nomerlik kontsert ko’rsatilishi ma’lum bo’ladi. Kontsertda Mulla To’ychi hofiz, mashhur raqqosa Kurbonxon, mulla Ahmadjon to’ra kabilar qatnashishi va so’ngra “Turkiston faryodi” va “To’y” nomli Abdulla Avloniy qalamiga mansub manzumalar jo’rlikda aytilishidan ogoh etiladi. Maromnoma so’ngida butun kecha uchun mudiri mas’ul Abdulla Xo’ja o’g’li, rejissyor Aliasqar Asqarov ekani qayd qilinadi.
Ilk parda ochilishidan avval sahnaga Munavvarqori Abdurashidxonov chiqib, teatrning “ibratxona” ekani, unga yengil-elpi qaramaslik, aktyorlar esa “bir tabibi hoziq misoli” ekanliklaridan qisqacha va’z so’ylab, butun jamoani buyuk madaniy hodisa bilan tabrik etadi.
Milliy teatr g’oyasi 10- yillarning o’rtalariga kelib, butun Turkiston shaharlaridagi ziyoli yoshlarning fikri yodini qamrab oldi. Millatning najotini ma’rifatda ko’rgan jadid taraqqiyparvarlari o’z qarashlarining keng miqyos kasb etishida, xalq o’rtasida ommalashib, ularning “basirat ko’zlari” ochilishida teatrning benazir ahamiyatini tobora chuqurroq his etmokda edilar. Ayniqsa, “Padarkush” spektaklining Samarqand va Toshkentda favqulodda muvaffaqiyat qozonishi turli shaharlardagi yoshlarni g’ayrat “ot”iga mindirdi. O’z teatr truppalari, o’z milliy pьesalari haqidagi orzu-o’ylarni qalblariga jo qildi. Qolaversa, spektaklь namoyishlaridan tushadigan mablag’, joylarda moddiy qiyinchiliqdan qiynalib va yopilib qolayotgan “usuli jadid” maktablarini kerakli o’kuv anjomlari bilan ta’minlash uchun ham zarur edi.
Agar xronologik tartibda oladigan bo’lsak, Toshkent, Samarqand, Ko’qondan so’ng Kattako’rg’on, Buxoro, Andijon, Namangan shaharlarida truppalar tashkil topib, teatrchilik harakatining keyingi taraqqiyotiga zamin hozirlab borildi.
Turkiston hududida teatr va dramaturgiya rivoji yanada jadalroq odim otishi ham mumkin edi. Afsuski, bu jarayonga juda qattiq qarshilik qilgan kuchlar paydo bo’ldi. Sahna san’atimizning, jadid ziyolilari orzulaganidek, bir necha ming aholi soniga to’g’ri keladigan qator teatr-ibratxonalari vujudga kelishida eng katta to’siqning biri mustamlaka istibdodi bo’lsa, ikkinchisi diniy jaholat va mutaassiblik edi. Rus ma’murlari Turkistondagi teatrchilik harakatiga, milliy dramaturgiya taraqqiyoti va targ’ibotiga ham tashkiliy-ma’naviy, ham moddiy to’sqinlik qilishga urindilar.
Pьesalarni sahnalashtirishdagi murakkabliklardan yana biri shunda ediki, tsenzura ruxsatidan o’tgan asar, qayta namoyish etnlganda yoki boshqa shahar truppalari sahnalashtirganda, yana takroran mahalliy hokimiyatdan ruxsat olishi zarur hisoblangan. SHuningdek, har bir milliy spektaklь afishasi “Hokimlarning ruxsati bilan” degan yozuvdan boshlanardi. Hatto frantsuz hayotidan olib yozilgan “Qotili Karima” melodramasining “Turon” truppasi spektakli afishasidagi birinchi jumla ham, “Hokimlarning ijozati ila” degan so’zlar bilan bosh lanardi. SHu truppaning tashkilotchilaridan Abdulla Avloniy “Sadoi Turkiston” gazetasining 1914 yil 2-sonida “Teatr o’ynovchi kishilar janob gubernatordan izojat olub, bosh hokimlarning farmoyishlari ila so’zlaydurgan so’zlarini e’lonnoma yozub chiqarub, har kimga ma’lum oshkor qilib so’zlamishlar”, deb yozgan ediki, bu ham taraqqiychi yoshlarning naqadar qattiq ma’naviy iskanjada ish tutganlaridan guvohliqdir.
XX asr 10- yillardan boshlab Turkistonda milliy dramaturgiya - teatr vujudga keldi va ma’lum ma’noda o’zbek milliy dramasi bo’lgan Mahmudxo’ja Behbudiyning “Padarkush” asari bunda belgilovchi rolь o’ynadi. Padarkushni, o’lka ijtimoiy-madaniy voqeligida tutgan o’rni va ahamiyatiga ko’ra, 10- yillar Turkiston tarixining buyuk ijtimoiy-siyosiy hodisalaridan biri, deb baholamok lozim.
Jadidlar teatrni ibrat maktabi, ibratxona, dramaturgiyani esa “ta’ziri adabiy”, deb tushundilar va faqat shu tushunchaga qat’iy amal kildilar. SHu maqsadda, sahna asarlarida bachkana, noravo qiliklar, beparda iboralar, tuban manzaralar bo’lmasligi uchun kurashdilar. Darhaqiqat, “ibratxona”da beadab hatti-harakat yo so’zlar bo’lishi hech bir mantiqka to’g’ri kelmas edi. Buni ilk teatr arboblarimiz estetik printsip darajasiga ko’targan edilar. Balki shuning uchun ham xalq teatrni muqaddas dargoh, deb bildi. Bu maskanga borish va ibratli tomosha ko’rish esa hayajonli bir voqeadek qabul qilindi. SHu tahlit, ilk milliy sahna asari yangicha milliy teatrning tug’ilishini belgilagandek, o’z navbatida, teatr ham dramaturgiyamizning shakllanib ravnaq topishida g’oyat muhim bir manba vazifasini o’tadi.
Teatr, dramaturgiya jadidchilik harakatining va jadid adabiyotining bag’oyat muhim jabhalaridan bo’lgani uchun harakatning ma’rifiy, ijtimoiy hamda siyosiy maslaklari tomon yo’naltirildi, shu bilan mutanosib rivojlandi.
Risolaning ahamiyatini muayyan etish uchun, unga ikki nuqgai nazardan qarash maqsadga muvofiq: biri - professor A.Fitrat merosida kitobning o’rni, ikkinchisi, kitobning musika fanida, jumladan, sharq musiqashu-nosligida tutgan ilmiy ahamiyatidir, va keng ma’noda-jadidlarning hayoti hamda ma’naviyat sohasidagi ishlarida musiqaning o’rnini bilmokdir.
A.Fitratning serqirra ijtimoiy va ilmiy faoliyatida musiqiy masalalar salmog’i xususida so’z yuritar ekanmiz, jadidlar xarakatiga oid umummadaniy dastur mazmunini yodda tutish lozim. CHunki A. Fitrat san’at hayotida faol qatnashgan. Odamzod taraqqiyotida ma’naviyat ahamiyati va shunga o’xshash muammolar inqilobga kadar uning butun xayolini kamrab olgan edi. Bunga uning “Oila” monografiyasi dalil bo’la oladi51.
O’sha paytda inqilobga xos to’polon, tartibsizlikni ko’zda tutsak, shu bilan birga, ajnabiy ishbilarmonlar kator ma’naviy boyliklarimizni arzon-garovga olib ketganlarini inobatga olsak, A.Fitratning bu sohada ham millat-parvar, yiroqni ko’ra olgan olim ekanligini yaqqol ko’ramiz. O’zi merosning kadrini bila turib o’zgalarda ham shu ishtiyoqni uyg’otar edi.
Zamona ham, davr ham garchi sharoit og’ir bo’lsa-da, qadimiy kitob, musiqaviy sozlar, amaliy san’at asarlarini kadrlaydigan bo’lgan.
“O’zbek klassik musiqasi va uning tarixi”ni nashrga tavsiya etgan Ilmiy qo’mita Fitratning musiqada mutaxassis emasligini ta’kidlaydi va shu bilan birga, milliy musiqashunoslar yetishib chiqishini kutib, hech narsa qilmay o’tirishni ham nodurust deb biladi. Muallifning o’zi ham kamtarinlik bilan bir necha bor musikashunos emasligini takrorlaydi. Ammo Fitratning zamondoshi bo’lgan mashhur cholg’uchi Abduqodir naychining qizi raqqosa va dramatik aktrisa Qumrixon opa (o’sha kezlarda o’n yoshda bo’lgan) Fitrat domlaning do’stlar majlisida navozandalik qilganligi to’g’risida bizga qimmatli ma’lumot berdi. “SHerdor madrasasiga kelib, dadam, Domla Halim, yana o’sha institutda (Samarqanddagi raqs va musiqa institutida - D.R.) ishlaydigan muzikantchilarni bog’lariga olib ketar edilar, o’shanda Fitratning tanbur chertganlari esimda”52.
A.Fitratning madaniy-ijtimoiy faoliyatida, umuman, hamma san’atlarning rivoji ko’zda tutilgan deyish mumkin. Bu musika, teatr, Kino san’ati, ham musikaviy folьklor, etnografiya, xalq amaliy san’atlariga tegishli bo’lib, asosan, yosh, qobiliyatli yigit-qizlarni topib, ularni o’qishga, yetuk san’atkorlarni esa o’qituvchilikka jalb etgan edi.
Bu gaplarni hozir aytish oson, u paytlarda esa hayotiy murakkab muammolar ko’p edi. Ulardan biri: san’at sohasida xizmat qilish sharafli ish deb hisoblanma-ganligida. Bunday munosabatni jamiyat psixologiyasida keskin o’zgartirish kerak edi. Yigarmanchi yillarda milliy san’atlarga qiziqish avj olgan edi. Rus Jo’g’rofiya Jamoati (Russkoe Geograficheskoe Obxtsestvo) qoshida etnografiya bo’limi tashkil etiladi. SHu bo’limda xalq musikasini o’rganish Komissiyasi (Komissiya po izucheniyu narodnoy muziki) 1925-1926 yilning hisobotida quyidagi ilmiy ma’ruzalar aks ettirilgan: 10 may - S.E.Malov va Ye.E.Bertelьs: “Uyg’ur va Xitoy sartlarining musiqa va ashulalari”; 22 iyunь - S.D.Bergelьson: “SHarq musika madaniyatining tarixiy bosqichlari”; 5 iyulь - Ye.E.Bertel’s: “Turk darvishlarining ashula va musiqalari”; 27 noyabrь - Ye.E.Bertelьs: “X asr arab allomalarining musiqaviy nazariyalari”1.
Domla Fitratning musiqa va san’atlarga bag’ishlangan yozuvlaridan “Ozod Buxoro” gazetasida (1926 y.), “Maorif va o’kituvchi” jurnalida, “Sanьat manshai” (1927 y.), “Alanga” jurnalidagi, “O’zbek musiqasi to’g’risida” (1928 y.) maqolalari monografiyaning yozilishi va nashr etilishi jarayonida jamoaga manzur bo’lgan edi. Hatto, Bokuda nashr etilgan eng birinchi yirik “Oila” nomli asarining “Ibo” bobida musikaning halol va pokiza soha ekanini isbotlaydi va buning uchun, “Sahihi Buxoriy” hadislaridan Bibi Oysha so’zlagan hikoyani tanlab olgan. Bu hadisda Muhammad payg’ambar ashula aytayotgan kanizaklarni Abu Bakr g’azabidan himoya etadi. Fitrat tanlagan xadislarning yana bir nechtasida payg’ambarimiz oilalari bilan birga raqs tomosha qilganlari, musika tinglaganlari haqida hikoya etilgan. Aynan birinchi hadisni XVI asrning II yarmida ijod etgan musiqashunos, ohangsoz va shoir Darvesh Ali CHangiy ham o’z kasbini oqlash uchun qo’llagan edi. Oralari to’rt yuz yil bo’lgan ikki muallif bir manbaga murojaat etishibdi. SHu davr mobaynida, musiqaga, axdi san’atga munosabat o’zgarmaganligi diqkatni jalb etayapti: hamon musiqa-ning islom shaxsi hayotida kerakligi ta’kidlanadi. SHu katorda, “SHashmaqom”ni notalar vositasida yozib olishni tashkil etilishi ham, Fitratning musika soha-sida bajargan ulug’ ishi bo’ldi. Kitobda muallif bu ishlarda o’zining ishtiroki haqida kamtarlik ko’rsatib, aytmay o’tgan. Ammo shu ishni bajargan .A.Uspenskiy, do’sti V.M.Belyaevga yozgan bir maktubida: “SHashmaqomni notaga yozib olish g’oyasi o’zbek yozuvchisi va musika muxlisi Fitratga mansub”, - degan. SHu ikki rus olimlarining o’sha yillarga doir xatlarining sahifalarida Fitratning ismi bir necha bor tilga olinadi. Jumladan, 1924 yili V.M.Belyaevning V.AUspenskiyga “Muzikaga oid qo’lyozmalarni qidirgan, topgan, bu nihoyatda zarur manbalar” degan so’zlariga javoban, V.A.Uspenskiy “Bu qo’lyozmalarni qadrlovchisi va bilimdoni Fitratdir” - deb yozadi53.
“Muzikamizning katta kamchiliklaridan bitgasi uning tarqoqligidir”, deb ko’rsatgan edi A.Fitrat, 1928 yilda e’lon qilgan maqolasida. – “Bir kuy Xi-vada boshqa, Toshkentda “Ammo, yillar o’tgach, hayot, ijodiy faoliyat shuni ko’r-satdiki, domlaning musiqaviy ijrochilik uslublarining “birlashishiga" intilgani aslan, bizning musiqaviy mafkuramizga yot ekan. Mintaqamizning har bir shahari o’z ohangida so’zlaydi. Faqat birgina Farg’ona vodiysi bo’ylab sayr etsak, Qo’qonda, Marg’ilonda, Andijon yoki Farg’onada suhbatning ohangi, musiqaviy usuli o’zgacha, garchi har biri o’zbek tili bo’lsa ham. Yoki Samarkand, Buxoro, Xo’jandning tojik tilini eshitsak bularning so’zlashuv ohangi, musiqaviy usuli, ijrochilik uslubida farq bor. Va shunday rang-baranglik boyligimizdir, tinglovchi shuni yaxshi ko’radi, xohlaydi. Hozirgi radio va televizor ta’sirida shu lokal farqlar raqs va ashula aytish uslublarida yo’qolayotgan sari afsuslanmoqdamiz. Va shuni ham shoxidi bo’lmoqdamizki, agar usta mahoratli sozanda, tug’ilgan yerining musiqaviy mafkurasi egasi bo’lsa, o’zligini saqlab qola oladi va qadimiy rang-barang an’analarga bugun o’z hissasini qo’shadi.
Musika ilmining tarixi, to’g’rirog’i, yozma tarixi ming yilga ega. Yozma tarixi deganimizda saqlanib qolgan risolalarni nazarda tutsak, bu fan ulug’ mutafak-kir Abu Nasr Forobiy kitoblaridan boshlanadi. SHu ming yil davomida yaratilgan eng katga fundamental asarlarning mualliflarini eslab o’taylik:IX-X asrlarda Al-Forobiy, Abu Ali ibn Sino, XVI asrda Umar Xayyom, XIII asrda Kutbiddin SHeroziy, Safiuddin Abdulmo’min Urmaviy, XIV asrda Abdulqodir Marog’iy, XV asrda Abdurahmon Jomiy, al-Husayniy, XV-XVI asrda Najmiddin Kaikabiy Buxoriy, XVI asrning ikki-yarmi XVII asrning 20-yillarida ijod ettan Darvesh Ali CHangiy, chorak asrdan keyin Boqiyoyi Noiniy, XVIII asrda Davra Sufrachi Karomiy risolalari bizgacha yetib keldi. Bu risolalar sharq musiqashunosligida nazariy, amaliy va tarixiy bilimlarni mujassam etgan fundamental tadqikotlar hisoblanadi. Ammo ilmiy manba sifatida yana bir qator, asarlar qo’llanib kelingan. Bular noma’lum (anonim)mualliflar qalamiga mansub risolalar, qomusiy (entsiklopedik) asarlardan o’rin olgan musikiy bo’limlar, tarixiy nomalar, xotiralar, lug’atlar, adabiy she’riy va nasriy badiiy kitoblardir. Masalan, Davlatshohning “Tazrikat-ush-shuaro”si, shu nom bilan mashhur Mutribiyning tazkirasi, “G’iyos-ul-lug’ot”, “Burhoni qote’” farhanglari, Navoiyning “Majolis-un-nafois”i va bayozlar shular jumlasidandir. Fitratning kitobi musiqa shunoslik nuqtai nazaridan baholansa, musiqa ilmining poydevor asarlari qatoriga kiradi.
Fitratning kitobi o’rta asr sharq musiqaviy risolalari tarzida yozilgan, ya’ni risolada ilmi musiqiyning hamma an’anaviy (Forobiy davrvdan buyon) qismlari aks ettirilgan54. Bunda ma’lum darajada, ham o’tmish, ham muallif yashagan davridagi musiqiy nazariya amaliyot, ijodiy muhit in’ikosi bo’lgan.O’tmish risolalarni o’qiganda, bir muhim va qimmatli jihat ayon bo’layapti.
Bu musiqa san’akorlarining serkirra faoliyati va shunga binoan tarbiyaviy-pedagogik an’anadir. Odatda hofiz ham sozandalik qilar, ham she’r ilmini mukammal bilar edi. SHuningdek, aksariyat, o’zi she’r ijod etib, unga o’zi kuy bastalar edi. Sozanda bir emas, balki bir necha cholg’uni o’zlashtirar edi. Musiqada o’tkir qobiliyatli bo’lganlar esa, garchand boshqa bir kasb egasi bo’lsalarda, bo’sh vaqglarida musikaviy ijrochilik bilan mashg’ul bo’lardilar.
Risolalarning varaqlarida o’nlab cholg’uchi, mutrib, ohangsoz yoki musiqiy risola yozgan jarroh, munajjim, qozi, shoir, muarrix, novvoy, kulolchi, rassom va xattotlarning ismlarini uchratamiz. Abdurauf Fitrat o’zi ham shunday allomalardan bo’lgan edi. SHoir, dramaturg, dinshunos, muarrix, arab, fors, turkiy tillarini mukammal bilgan olim, sharq musiqiy ilmidan yaqindan xabardor bo’lgani holda, ushbu kitobini yozishga kirishadi.Ulardan keyingi davrda ijtimoiy hayotda keskin o’zgarishlar sodir bo’ldi. Fitrat aytganlaridek, “kun sayin o’zgarishlar kirib keldi”55.
Radio, grammofon, patefon, plastinkalar, keyin televizor vositalari maishiy turmush jarayoniga singib bordi. SHu tariqa, yangi taassurotlar yuzaga keldi. SHarq bilan g’arb orasida jonli rishtalar kuchaya bordi. Asrlar osha sharq sadolari ila shakllangan Buxoro SHashmaqomining XX asr XXnchi asr yarmida yangi matnlar, estetik tus olishi tabiiydir. Fitrat o’sha eski makgabning oxirgi namoyandalaridan ma’lumot olishga intildi va ulgurdi.
Fitrat ham shu zaminning farzandi. Manbalar yetarli darajada bo’lmaganligi sababli yozilmay qolgan, ammo “Duvozdah maqom” sistemasiga, uning tarixi, kelib chiqishi, buloklari va islom dinidan oldingi va o’rta asrlar davrlari xususidagi ilmiy tadqiqot Fitratdek olimning ijodiy rejalarida bo’lishi tabiiydir. Butun ilmiy merosining mantig’i shunga olib kelayapgi.
SHunday qilib, xulosada Fitratning “O’zbek klassik, musiqasi va uning tarixi” risolasi bir ming sanalik tarixni yangi, XX asr davri bilan tutash etgan ko’prik deyish mumkin. Fitrat, hatto, birinchi o’zbek operasiga libretto ham yozgan edi.
Fitratning ismi va merosi man etilgan qatag’on yillarda, ba’zi sovet olimlarining shaxsiy tashabbusi va mardligi ila nazardan chetda qolmadi. Professorlar V.M.Belyaev, F.M.Karomatov, Ishoq Rajabov Fitratning kitobidan unumli foydalanishdi va uning tarixiy ahamiyatini kitobxonga yetkazishdi. Hozirda esa, Otanazar Matyoqubov, Alekeandr Jumaevning izlanish-lari katta ahamiyatga ega. Umuman, Fitratning serqirra faoliyati qaysi sohada bo’lmasin - xoh teatr, xoh adabiyot tarixi, xoh ijtimoiy ishlar sohasida qay darajada nohaq koralangan bo’lsa-da, faqat musiqashunoslikda qoralanmay qoldi. Myunxenda yashayotgan vatandoshimiz, professor Temur Xo’ja o’g’li Fitratning adabiy va umumiy faoliyatiga bag’ishlangan tadqiqotlarda uni musiqashunos sifatida tilga oladi.
Jadidchilikning ozodlik yo’lidagi milliy yo’nalishlarida, ya’ni angi usul maktablari, gazeta va jurnal, adabiyot, teatr va musiqa soxasidagi qarashlarida olib, borgan islohotlari, avvalo, Turkiston xalqini xar bir soha jabhalarda marifatli etib tarbiyalash edi. Yana shu narsani ta’kidlash keraki, jadid bobolarimizni olib borgan ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy- marifiy yo’nalishdagi faoliyatida aloxida o’rin egallagan insoniylik Vatanparvarlik, Mexnatsevarlik xamda Fidoiylikdir.
Xalqimizning asl tabiatida mavjud bo’lgan marifatparvarlik, ilmiy-ma’naviy solohiyati va fazilatlari haqida fikr yuritganda, “Oqqan daryo oqaveradi”, degan naql yodimizga tushadi. CHindan ham, tariximizning qaysi davrini olmaylik, yurtimizda ilm-u ma’rifat va yuksak ma’naviyatga intilish hech qachon to’xtamaganini, xalqimiz daholarining o’lmas timsoli sifatida eng og’ir va murakkab davrlarda ham ma’rifatparvarlikka intilganligini tariximizda yaqqol namoyon bo’lib kelganini ko’ramiz.
Dostları ilə paylaş: |