O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi z. M. Bobur nomidagi andijon davlat universiteti “ijtimoiy-iqtisodiyoT” fakulьteti


-mavzu: Jadid ma’rifatchiligining vujudga kelishi va davlatchilik g’oyalarini shakllanishi



Yüklə 1,52 Mb.
səhifə2/49
tarix12.05.2023
ölçüsü1,52 Mb.
#112427
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   49
Жадидчиларнинг маърифатчилик харакати

1-mavzu: Jadid ma’rifatchiligining vujudga kelishi va davlatchilik g’oyalarini shakllanishi.


Reja.

1.Jadidchilik harakatini vujudga kelishining tarixiy shart-sharoitlari.


2.Jadidlarning Milliy istiqlol va davlatchilik g’oyalarining shakllanishi va amalga oshirilishi.
3. I.Karimov va boshqalarning jadidchilik harakatiga bergan bahosi.
4.Jadidlarning maqsadi – Vatanni ozod va obod, millatni ozod va erkin, boy-badavlat qilish bo’lganligi.
Tarixdan shu narsa ma’lumki, har bir kichik harakat ertangi katta harakatning zamini vazifasini o’taydi. Bu kungi mag’lubiyat ertangi g’alabaning amalga oshuvida ozmi-ko’pmi rolь o’ynaydi. Busiz jamiyat rivojini tasavvur etish qiyin1.
XIX asrning ikkinchi yarmida Turkistonning rus mustamlakachilari tomonidan bosib olinishi natijasida, jadidchilik harakatining vujudga kelishiga sabab bo’ldi. Zero, jadidlar siyosiy faoliyatining negizi mustaqillik va ozodlik g’oyalari bilan sug’orilgan edi. Bu g’oyalar avvalombor XIX asrning 50-70 yillarida o’zbek xalqining Rossiya tajovuziga karshi janglarida o’z ifodasini topgan edi. Ular rus davlatining Turkiston zaminida hukmronligi o’rnatilganidan keyin ham xalqning qalbida jo’sh urib turdi. Bu hamisha o’z xalqining dardida yashagan va uning ozodligi uchun jonini tikkan jadidlarning ongi hamda kalbini chulg’ab oldi. CHunki rus davlati mintaqada milliy davlat va qo’shinni tugatib, mustaqillikni barbod etdi. U o’zining manfaatlarini ta’minlaydigan siyosiy-ma’muriy tizimni tashkil etib, butun mintaqani yagona egasi bo’lib qoldi. Rus hukumati 1867 yilda Turkiston general-gubernatorligini tashkil etdi va K.P.Kaufmanni birinchi gubernator qilib tayinladi. U 1868 yil 1 yanvarь kuni Toshkent shahrining nufuzli kishilari huzurida nutq so’zladi. U o’z so’zida rus davlatining Turkiston zaminiga bostirib kirishini, qonli urushlarni oqlash va xas-po’shlash uchun ko’p nayrangbozlik qildi2. Zero, u xonliklar davrida o’lkada adolatsizlik va zo’ravonlik hukm surib, xalq ommasi hamisha og’ir ahvol va azob-ukubatda yashaganligini ta’kidlab, rus davlatining Turkistonni bosib olish sababini go’yoki tub aholiga ozodlik va farovon hayot baxsh etish bilan izoxlaydi. U o’lkada o’zi tuzgan mustabid siyosiy-ma’muriy tizimni maqtab shunday deydi: “Baxt-saodat keltiruvchi yangi tartib va qonunlarni, ulug’ imperatorning marhamatini anglashga tub aholining aql idroki yetarlimikin?... Takror ogohlantiramanki, sizlarning taqdiringiz o’zlaringizni ko’llaringizda. Agar o’zlaringizni foydangizni o’ylab va bizning marhamatimizni his etib, rus hukumatiga xayrixohlik bilan munosabatda bo’lsangizlar baxtli hayotga erishasizlar, bordiyu, sizlar boshqacha ish yuritib hukumatga qarshi tursangiz, hokimiyat kuch ishlatishga o’tadi”3.
Ko’rinib turibdiki, K.P.Kaufman xalkni rus hukumati atrofiga ongli ravishda jipslashishga da’vat etdi. Aks holda harbiy kuch ishlatishini bildirib, tahdid ham kiladi. U rus davlatini adolatli va insonparvar sifatida tasvirlashga imkoni boricha harakat qiladi, o’zini esa mana shunday «salohiyatli» davlatni Turkistondaga vakili sifatida gavdalantiradi. Ammo, ko’p o’tmay rus davlatining ham, shaxsan uning o’zining ham niqobi yirtilib, haqiqiy qiyofasi oshkor bo’ladi. CHunonchi, KP.Kaufman bosqinchilik va talonchilik urushini davom etkazib, Buxoro, Xiva va Kuqon xonliklarini vahshiylarcha bosib oldi. SHundan keyin rus xukumati mintaqani Turkiston general-gubernatorliga, Buxoro va Xiva xonliklaridan iborat uch qismga parchalangan holda boshkardi. CHor ma’muriyati o’lkada cheklanmagan mustamlakachilik va ulug’ millatchilikka asoslangan siyosat olib bordi.
Rus davlati o’lkada o’ziga mustahkam tayanch hosil qilish va yerlarni o’zlashtirish maqsadida, rus shaharlari va posyolkalarini bunyod etdi. Bu joylarga minglab ruslar joylashtirildi. XIX asrning oxiriga kelib o’lkadagi ruslarning soni 197.420 kishiga yetdi. 1909 yilda esa, ular 619.320 kishini tashkil etdi4. Buning orqasida o’lkadagi o’troq va ko’chmanchi aholi unumdor yerlar va yaylovlarning talay qismidan maxrum bo’lib, og’ir ahvolga tushib qoldi. O’lkada ruslarning tobora ko’payib borishi siyosiy jihatdan ham tub aholiga o’ta xavfli edi. Zero, ular rus davlatining mustamlakachilik va ulug’ millatchilik siyosatini mustahkamlovchi omillardan biri bo’lgan. Demak, XIX asrning ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Turkiston zaminida mustamlakachilik va ulug’ millatchilikka asoslangan siyosiy-ma’muriy tizim hukm surdi.
Turkiston zamini Rossiyadan keltirilgan tayyor sanoat mollari bilan to’ldirilib, rus hukumati va firmalari undan ham mo’may daromadlarni qo’lga kiritdilar. Umuman aytganda, rus davlati yarim asrlik vaqt ichida mahalliy xalqlarning boyliklarini imkoni boricha o’zlashtirishga hech narsadan toymadi.
“Ellik yildan beri, deb yozgan edi Fitrat ezildik, tahqir etildik Qo’limiz bog’landi, tilimiz kesildi, og’zimiz boylandi, yerimiz bosildi, molimiz talandi, sharafimiz yemirildi, nomusimiz kasb qilindi. Insoniyligimiz oyoq osti qilindi. Tizimli turdik, sabr etdik. Kuchga tayangan har bir buyruqqa, butun borlig’imizni berdik”5.
Xullas, Turkistonni Rossiyaning xomashyo manbaiga va tayyor mahsulotlar bozoriga aylantirilishi, ayovsiz talanishi va qashshoklanishi jadidlarning ham, milliy burjuaziyaning ham nafratini uyg’otdi. Bu holat, ularda ona yurtning iqtisodiy mustaqilligini tiklash g’oyasi va kurashini shakllantirdi.
SHuningdek mustamlakachilik siyosati o’lkaning ma’naviy hayotiga ham zarba berdi. CHunonchi, u milliy tilni rivojlanishiga yo’l bermay, rus tiliga davlat maqomini berdi. XX asr boshlarida bir nechta gazetalarni chikarishga ruxsat berildi, lekin ular ko’p umr ko’rmay berkitilib yuborildi. Savodsizlikni hukm surishi orkasida gazetalar ma’lum bir tor doiraning ehtiyojini qondirdi, xolos. Rus hukumati xalq maorifini rivojlantirishni xayoliga ham keltirmay, maktab va madrasalarni mablag’ bilan ta’minlamadi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, Turkiston general-gubernatorligi byudjetining faqat bir foizigina maorifga ajratilgan. Uning 74 foizi rus maktablarini, 26 foizi rus tuzem maktablarini ta’mirlashga sarfladi. Rus hukumati maktab va madrasalarni o’rta asr qolokligida saqlashga harakat qilib, ularni qattiq nazorat ostida ushlab turdi6.
Buning sababi shundan iborat ediki, rus hukumati tub aholining savodini, bilimini va milliy his-tuyg’ularini o’sishidan juda cho’chigan. U iloji boricha, o’lka xalqini asta-sekin ruslashtirishga qaratilgan siyosatni hayotga tatbiq etishga harakat qildi. 1870 yildayoq Rossiya xalq maorifi vazirligi maorifning maqsadi pirovardida barcha mahalliy aholini ruslashtirishdan iborat bo’lishi haqida qaror qabul qilgan. SHunga o’xshash fikrni N.O.Ostroumov ham aytgan: “Rus hukumati mahalliy aholini rus xalqi bilan aralashtirishga harakat qilishi kerak. SHu yo’nalishda mahalliy aholining maorifini ma’lum darajada rivojlantirish lozim”7.
Rus davlatining yarim asrdan ortiq hukmronligi davrida hukumat tomonidan mahalliy aholi uchun birorta zamonaviy milliy maktab, o’rta va oliy o’quv yurti ochilmadi. Natijada o’zbek va boshqa tub aholi vakillari qorong’ulikda va qoloqliqda, umuman ma’naviy qashshoqliqda hayot kechirdi. Bunda, yuqoridagi N.Ostroumovning «xizmati» katta bo’ldi. SHu bois ham jadid Mirmuhsin SHermuhamedov shunday yozgan edi: “Tabiiyki, Turkistonga maorif inspektori qilib belgilangach qart missioner Ostroumovning ta’siri ila bizda... muntazam maktab, madrasa ochira olmas edi. Qart missioner bunga pichroq (iflos) bir qasd ila karshi keladir edi. Zero, tajribali bir maktab va madrasada o’qib chiqqan shogirdlarda diniy, milliy his-tuyg’u bo’lar edi. Ular missionerning pichroq maslagiga xizmat etmasdilar. Endi revolyutsiyadan so’ng missionerlarning uyasiga tayoq tiqilib to’zdirilgach, qart missioner Ostroumov Turkistondan yo’qoldi. Turkiston 27 yillik shum ma’ulindan qutilganidan keyingina sulu oldi”8.
Haqiqatan xam, Ostroumov ko’p yillar mobaynida ulug’ millatchilik siyosatining ilhomchilaridan va ijrochilaridan biri edi.
Rus ma’muriyati va ziyolilari orasida agar maktab va madrasalarni faoliyatiga imkon yaratilsa, “g’aflatda yotgan musulmonlarni uyg’onishi” va “nonimiz yarimta” bo’lishi mumkin, degan xavotirlanish yo’k emas edi.
Ko’rilayotgan davrda ma’naviy hayotning negizi bo’lmishdin dahlsizligi saqlangan bo’lsada, lekin din peshvolarini jamiyatdagi mavqeiga qattik zarba berilib, kattik ta’qib ostiga olindi. Vaqf yerlarining qisqartirilishi va ularning rus ma’muriyati nazoratiga olinishi ham dinni iqtisodiy zaminini zaiflashtirdi. Dinpeshvolarining har bir “nojo’ya” harakati panislomizm va panturkizm sifatida qoralandi. Mustamlakachilar
xalqning ma’naviy hayotini tarixiy yodgorliklarni xarobaga aylantirish bilan ham qashshoqlashtirdi.
Bundan ko’rinib turibdiki, rus imperiyasining tub axolini savodli bo’lishiga, siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy yuksalishiga to’sqinlik qilishga harakat qilganlar. Bosqinchilar o’zbeklarni jahon tarakkiyotidan chetda qoldirib, fan va madaniyatining o’sishiga katta to’sqinlik qildi. Bunday, millatning bu kunigina emas, balki kelajagini ham barbod etuvchi milliy zulm, jadidlarning ma’naviy kurashining asosini shakllantirdi
SHuni yana alohida ta’kidlash kerakki, Turkiston general-gubernatorlari ulug’ imperiyachilik mustamlakachilikni eng yuqori nuqtasida bo’ldi. Zero, Turkiston o’lkasidagi rus general-gubernatorlarini asosiy maqsadlari ularning siyosiy faoliyati davomida faqat o’z manfaatlari yo’lida faoliyat yuritishini ko’rishimiz mumkun. CHunki Turkiston o’lkasiga yuborilgan raxbarlarni maxsus topshiriq bilan yuborilgan edi.
Rus hukumati general-gubernator lavozimiga ulug’ millatchilik ruhi bilan sug’orilgan va qattiq qo’llik kimsalarni tayinlagan. Ular o’lkada mustamlakachilik siyosati va milliy zulmni izchillik bilan amalga oshirib boyliklarni talashda muhim o’rin egalladilar. Natijada xalqning g’azabini, nafratini keltirib chiqardilar, bu hol esa milliy ozodlik harakatlarini avj olishiga sabab bo’ldi. Jadidlarni milliy ozodlik kurashishga bu kurashlarning ijtimoiy, siyosiy, huquqiy maqsadlari Vatan va millat ozodligi yo’lidagi harakatlarga asos bo’ldi.
XIX asrning 80-90-yillariga kelib milliy ozodlik yo’lidagi harakatlar siyosiy tus ola boshladi. Uzaro savdo-sotiqning rivojlanishi Urta Osiyo mintaqalarida yashovchi madaniy jihatdan orqada qolgan xalqlarning ham ko’zini ocha bordi. Bu xalqlar jahon taraqqiyotiga yaqin bo’lgan Ovrupo xalqlari, xususan, ruslardan ibratli tomonlarni o’rgana boshladi, CHor amaldorlarining, hatto “o’zbek xalq”lari ichiga ko’chirib keltirilgan rus mujiklarining yerlik aholiga nisbatan o’tkazgan zulmi chegaradan chiqdi. Xalqning sabr kosasi to’ldi. Natijada, bosqinchilar zulmiga qarshi qo’zg’olonlar alangasi tobora kuchaya boshladi. Bu jihatdan olganda, 1897 yilda boshlangan Mingtepa isyoni diqqatga molikdir: “Dukchi eshon qo’zg’oloni” nomi bilan tarixga kirgan bu harakat sho’rolar davrida ham uzoq vaqt haqqoniy baholanmay kelindi. Unga ortiqcha diniy bo’yoqlar berilib, qo’zg’olonga sabab bo’lgai masalalar yoritilmadi. Toki XX asrniig 90-yillariga kelib, oshkoralik tufayli tarixning ataylab o’qilmay kelingan, yoki bo’lmasa, noto’g’rn talqin etilgan o’rinlari qayta ko’rib chiqila boshlandi. SHu jumladan, Muhammadali Ismoil o’g’li boshchiligidagi Mingtepa qo’zg’oloni qavatlarida milliy ozodlik harakatlari bor bo’lganligi ilmiy jihatdan isbotlandi va tarix sahifalariga kiritildi.
XX asr boshlarida ichki Rassiyada boshlanib ketgan inqilobiy harakatlarning ta’siri butun mustamlaka o’lkalariga ham yetib keldi. Rossiyaning markaziy shaharlaridan badarg’a qilingan rus inqilobchilari chekka o’lkalarda o’z siyosiy faoliyatini boshlab yubordilar. Rus va yerlik boylar tomonidan qurilgan zavod va fabrikalarda turli millatga mansub kishilarning ishlashi ham u yerda inqilobiy fikrlarniig tarqalishiga turtki bo’ldi.
SHu o’rinda Rossiya qo’l ostidagi yerlarda yashovchi musulmon xalqlariniig ijtimoiy-siyosiy jihatdan uyg’onishiga rus inqi-lobchilarininggina ta’sirini ta’kidlash unchalik to’g’ri emas. Bu davrga kelib Rossiyadan bo’lak o’lkalarda, chunonchi, Turkiya va Eronda ham xalqning siyosiy jihatdan uyg’onishi boshlangan va bu harakatlar, shubhasiz, Qavkaz orti, Urta Osiyo mintaqalariga ham o’z ta’sirlarini ko’rsata boshlagan edi. Bu jihatdan Turkiyadagi milliy istiqlol ruhi bilan sug’orilgan harakatlar qrimtatar va ozarbayjon ziyolilari vositasida boshqa musulmon xalqlariga ta’sirini o’tkaza boshlaganligi diqqatga molikdir. Rossiya mintaqalarida yashovchi musulmonlarning ko’pchiligi markaziy shaharlardagi ilm dargohlariga, shu bilan birga, Turkiya va Eronga ham bordilar. U yerda o’z bilimi va siyosiy ongini oshirdilar. U yerdagi turmushning ilg’or tomonlarini kelajakda o’z yurtlarida tadbiq etib, xalqni farovon, ozod yashash tuyg’ulari bilan oshno etish armoni bilan yashadilar. Hayotning barcha sohalarida yangilikka, milliy va madaniy taraqqiyot sari intilish bu davr yoshlarining asosiy maqsadlaridan biriga aylangan edi.
“Rus imperiyasida, parchala va hukmronlik qil, degan aqidaga amal qilib, o’z qo’li ostidagi musulmon millatlariga mansub xalqlarning tili, yozuvini alohida-alohida qilib tashladi. Ularni bir-birlariga qarama-qarshi qo’ydi. Ichki nizolarni keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan xufyona rejalarni ham tuzib qo’ydiki, bu ma’lum ma’noda hukmron davlatning bosqinchilik siyosatini niqoblovchi vositalardan biri edi”9.
Rus mustamlakachilari olib borgai shovinistik siyosat tabiiy ravishda musulmon xalqlarida norozilik kayfiyatlarini kuchaytirdi. Bu holat istilochilarga qarshi qurolli harakat shaklidagina emas, balki ma’naviy mustaqillik, milliy-diniy urf-odatlarni, tilni saqlab qolish shakllarida ham kechdi.
Tarixdan ma’lumki, ko’pchilik hollarda katta millat kichik millatni yo’q qilib yuborgan. Bu jarayon goh qirg’inbarot urushlar vositasida amalga oshirilgan bo’lsa, goh millat tilini, tarixini, urf-odatlarini yo’qotish shakllarida kechgan. Inglizlarning anglo-saklarga nisbatan olib borgan siyosatini yoxud Amerikaning tub aholisi hisoblangan xindularga nisbatan yevropaliklarning amalga oshirgan siyosatini rus mustamlakachilari turkiy xalqlarga qo’llashdi10. Albatta, oxir-oqibatda dahshatli oqibatlarni vujudga keltiruvchi bu siyosat turkiy xalqlarga mansub ziyolilarga ravshan edi. SHuning uchun ham ular chorizmning madaniyat olib kelish niqobida boshlagan harakatlarining tub maqsadlarini ochib tashlashdek ishlarga qo’l urdilar. Bunday harakatlarning boshlanishida qrimtatar xalqining farzandi Ismoilbek Gasprali (1854—1914 y.y.)ning harakatlarini alohida ta’kidlash o’rinlidir.Uning o’z oldiga qo’ygan maqsadlaridan biri bir-birlaridan har jihatdan uzoqlashtirilgan turkiy xalqlarni birlashtirish, bir maqsad manziliga yo’naltirish edi. I. Gaspralining millat ozodligi yo’lidagi fidoyiligi tufayli ko’plar unga millatning otasi deb ta’rif bergan edilar: Gasprali ma’rifatparvarlik qarashlarining Turkistondagi davomchilaridan biri Mahmudxo’ja Behbudiy ustozi haqida shunday degan edi: u “Rusiyadagi turk-tatar xalqlarini juda oz tarixiy muddatda xayr-xo’shlik yo’li bilan yaxlit bir milliy oilaga birlashtirmoqqa noyil o’ldi”11.
Mahmudxo’ja Behbudiyning bu fikrlaridan xam shuni bilsak bo’ladiki, qrimtatar farzandlari, jumladan, I.Gaspraliniig milliy ozodlik yo’lidagi harakatlarini ijobiy baholash bilan birga uning qaysidir ma’noda turkiy xalqlari birlashtirishga erishgan xamda milliy ozodlik yo’lida o’z g’oyalari bilan izdoshlarini ergashtira olgan. I.Gaspralining sa’y-harakatlari bilan chiqarilgan “Tarjumon” ro’znomasi o’z oldiga ana shu maqsadni qo’ygan edi. Uni barcha turkiy-zabon xalqlar lug’atsiz o’qiy olishardi. I. Gasprali yetuk siyosatshunos va publitsist sifatida Rossiya qo’li ostidagi musulmonlarning ertangi taqdiri haqida bir qator chiqishlar qildi. 1881 yilda rus tilida yozilgan “Rus musulmonligi” risolasi ana shu maqsadda qilingan dastlabki jiddiy ish edi. Unda muallif, asosan, Rossiyada yashovchi musulmonlarning teng huquqliligini ta’minlash, ularni milliy, diniy jihatdan himoya etish masalalarini ko’tarib chiqdi. Uning fikricha, dinni yo’qotib bo’lmaydi. Musulmonchilik e’tiqod bo’lishi bilan birga turmush hamdir. U o’z fikrlarini davom ettirib, millatni ma’naviy takomillashtirishning birdan-bir vositasi o’z tili va o’quv vositalariga suyanib, yangilikka iitilishdir. SHuning uchun ham u rus-tuzem, rus-tatar maktablariga qarshi chiqdi. Musulmonlarning jamoa maktablari, jome’ masjidi, madrasalarini rivojlantirish, ayrim sohalarda qator islohotlar qilish lozimligini alohida ta’kidladi. U o’z g’oyalarini nafaqat matbuotda, balki turli o’lkalardagi ziyolilar bilan bevosita muloqotlarda ham targ’ib qildi.
“Rus musulmonligi” risolasida ko’tarilgan masalalarga rus shovinistlari " qarshi chiqishdi. 1882 yilning 30 avgustida Toshkentda chaqirilgan yig’ilishda M.A.Murapiev I.Gasprali qarashlariga o’z e’tirozini ochiq-oydin ifoda etdi. “Agar biz taklif qilingan loyihani qabul etsak, shu choqqacha mudrab yotgan musulmon mutaassibligini uyg’otib yuboramiz va bu bilan ko’ksimizda ilonni asragan bo’lib chiqamiz”12, — deya u o’z nutqida Rossiyaning SHarqqa nisbatan olib borgan siyosatini dangal ifodalab berdi. Demak, mustamlaka o’lkalarga har tomonlama yetuk zamonaviy bilimlarni berishga hukmron davlat doim qarshi turib kelgan va bu siyosat sovetlar zamonasida ham davom ettirildi.
Bir xalqning ikkinchi bir xalqqa hurmati, eng avvalo, uning madaniyatiga, tarixiga, tiliga, urf-odatiga hurmatdan boshlanadi. Rus zobitlarida esa buning tamoman aksi bo’ldi.
I.Gasprali “Tarjumon” ro’znomasida bir qator maqolalar bilan chiqib, millat erkini, o’zligini tiklash g’oyalarini targ’ib qildi. Bu jihatdan olganda, “Muallim”, “Mehnat va taraqqiyot” maqolalari ancha ibratli bo’lib, unda ingliz, frantsuz maorifi, iqtisodiyotidagi ayrim tomonlar talqin etiladi va ulardan ibrat olishga chaqiriladi; Albatta, ro’znomadagi hur fikrlar chor amaldorlari g’azabini keltirsada, musulmonlarning ma’lum darajada aql ko’zlarini ochdi. Urta Osiyoning turli shaharlarida ham ana shunday ro’znoma va oynomalar chop etila boshlandi. Jurnalistika, maorif sohalarida I. Gaspralining hamsaflari soni ko’paya bordi. I.Gasprali 1884 yilda “usuli jadid” — yangicha usul bilan o’qitish maktabini ochdi. Dastlab unda 12 bola tahsil oldi. Qirq kunda ularning savodi chiqdi. Bolalarning ota-onalari va chetdan kelgan odamlar imtihon qildilar. Uqitishda a’lo natijaga erishilganligi z’tirof etildi13. Bundan ilhom olgan muallif “usuli jadida” maktablari uchun to’rt qismdan iborat “Xo’jai sibiyop” “Bolalar muallimi” nomli ilk darslikni yaratdi. Darslik bir qator turkistonlik ma’rifatparvarlarning ham diqqatini tortdi. Undan andoza olib, yangicha usuldagi bir qator darsliklarni yaratdilarki bu, albatta, I.Gasprali nufuzining o’zbek ma’rifatparvarlari orasida beqiyos darajada oshib borayotganligidan dalolat edi. M.Behbudiyning “Muntahabi jug’rofiyai umumiy” (“Qisqacha umumiy geografiya”), Saidrasul Azi-ziyning “Ustozi avval” (1901), Munavvar qorining “Adibi avval” (1907), Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim” (1910) kabi darsliklarining vujudga kelishi “usuli jadid” maktablariga e’tiborning kuchayib borayotganligidan dalolat edi.
XX asr boshlarida avj olib ketgan ijtimoiy-siyosiy harakatlar, ayniqsa, 1905, 1907, 1917 yillarda bo’lib o’tgan inqilobiy harakatlar barcha xalqlarning ma’naviy olamida ichki to’lqinlarni vujudga keltirdi. Jumladan, ko’plab turkistonliklar ham eskicha yashab bo’lmasligini anglab yetdilar. Zulmning barcha turlariga qarshi kurash harakatlari boshlanib ketdi. Bunda bir qator siyosiy partiyalarning faolligi sezilarli bo’ldi. 1905-1907 yillarda bo’lib o’tgan siyosiy namoyishlarda o’zbek mehnatkashlari ham ishtirok etdilar. CHor hukumatining mahalliy aholiga o’tkazgan zulmi Birinchi Jahon urushi davrida nihoyat kuchaydi. O’zbek mehnatkashlari, ayniqsa, mardikor olish haqida chiqarilgan farmondan keyin yanada kuchliroq ko’tarildi. Urush tufayli oshirilgan soliqlar xalqning sillasini quritgan, pichoq borib suyakka yetgan edi. 1916 yil 25 may farmoni qurigan hashakka gugurt chaqqan bilan barobar bo’ldi. Bu alanga Tur-kistonning bir qator shaharlarida o’z ta’sirini ko’rsatdi.
Bu o’rinda yana bir narsani z’tirof etish lozim bo’ladi. O’tgan asrning 80-90-yillarida boshlangan ijtimoiy-siyosiy harakat tobora tarmoq ota boshladi. Turli tabaqadagi mehnatkash xalq vakillari bu harakatga kelib qo’shildi va o’znavbatida turkiy xalqlarning yangi ijtimoiy-siyosiy harakatlar to’lqinini avj olib bordi. Ushbu siyosiy xarakatlar to’lqini turkiy xalqlar tarixida yangi bosqich kasb etib aholini barcha vakilini qamrab olgan yangi ijtimoiy siyosiy oqimni shakllantirdi hamda bu jadidchilik harakatini vujudga keltirdi.
Rus hukumati o’zbek va boshqa tub aholiga siyosiy va insoniy huquqlarni berishni xayoliga ham keltirmadi. Rus matbuotida va ilmiy asarlarda Turkiston o’lkasi ochiqdan-ochiq “Rossiya mustamlakasi” nomi bilan izohlandi. Ish shu darajaga borib yetdiki, “Russkiy Turkistan” (“Rus Turkistoni”) atamasini ishlatish odat tusiga aylandi. SHuningdek, tub xalk o’zbek va qozoq singari asl nomlari bilan emas, balki «inorodets» (“begona zot”), “tuzemets” (“erli aholi”) deb yuritildi. Qozoqlar esa “kirgizi” (“qirg’izlar”) nomi bilan ataldi14. Mustaqillikning yo’qotilishi, siyosiy haqsizlik va adolatsizlik butun jamiyat ahlini rus davlatiga qarshi kuchli muxolifatga aylantirdi. Ularning orasida mahalliy yuqori tabaqalarning ilg’or vakillari ham bo’lib, ozodlik g’oyalari borgan sari kuch-kuvvatga to’lib bordi. Bu g’oyalar jadidlar siyosiy faoliyatining asosini tashkil etdi. SHuning uchun jadidlar mazlum xalqni ozodlik kurashiga da’vat etdilar. Zero, Abdurauf Fitrat shunday yozgan: “Ey ulug’ Turon, arslonlar o’lkasi. Senga na bo’ldi. Dunyoni “Urxavalari” bilan titratgan yo’lbars bolalaring kani. Nechun tovushlari chikmaydir?... Nechun chekindilar? Nechun ketdilar? Kurash maydonlarini o’zgalarga nechun qo’ydilar”15.
Rossiyaning O’rta Osiyoda o’tkazayogan mustamlaka siyosati, ayniqsa, iqtisodga va ma’naviyatga katta ta’sir ko’rsatdi. Rus davlatining maorif va madaniy sohadagi siyosati o’zbek va boshqa tub aholini savodsizlikda va qoloqlikda saqlashga, umumjahon taraqqiyotidan mahrum etishga qaratilgan edi. SHuning uchun ham xalq ommasi ma’naviy jihatdan qashshoqlashdi. Mana shunday reaktsion siyosatga qarshi o’laroq jadidlarning ma’rifiy va ma’naviy chiqishlari yuzaga keldi.
XIX asrning ikkinchi yarmi-XX asr boshlaridaga sharoit jadidlarning siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy qarashlarini belgilagan edi. Bu tarixiy ahamiyatga molik g’oyalar milliy burjuaziya, ruhoniy va umuman mahalliy yuqori tabaqaning ilg’or vakillarini ham qamrab oldi. CHunki Rossiya hukmronligi o’lkani xom ashyo manbasi va tayyor mahsulotlar bozoriga aylantirdi, mustamlakachilik va ulug’ millatchilik siyosatini avjiga mindirdi.
Vatanga sodiqlik va uning mustaqilligini tiklash his-tuyg’ulari ham jadidlar yetakchiligida jamiyatdagi barcha tabaqalarni ozodlik kurashiga chorladi. Jadidlar sharoit taqozosiga ko’ra, birinchi navbatda, xalqning savodini chiqarish, bilimini oshirish, milliy his-tuyg’ularini va siyosiy ongini o’stirish uchun qurashdilar. Boshqacharoq aytganda, ular faoliyatining dastlabki bosqichida ma’rifatparvarlik salmoqli o’rinni egalladi. Ammo, bu ularda siyosiy g’oyalar va maqsadlar yo’q edi deyish emas, albatta. Aksincha, oldingi sahifalarda ko’rsatilganidek, siyosiy qarashlar mavjud edi, lekin uni darhol amalga oshirish uchun hali sharoit yetilmagan edi. 1917 yilda jadidlar, milliy burjuaziya va ruhoniy vakillari birgalikda Turkiston mustaqilligi uchun siyosiy kurash boshladilar.
XIX asrning ikkinchi yarmida Turkistonning rus mustamlakachilari tomonidan bosib olinishi ikki tomonlama zulmni keltirib chiqardiki, bu yerlik xalq sabr kosasini to’ldira boshladi. Turkistonliklar rus chorizmini non-tuz bilan kutib olmaganidek, keyinchalik ham taqdirga tan berib, mutelik jandasini kiymadi. Erk, ozodlik yo’lidagi qurashlar to’xtamadi. Bu kurashlarning katta ijtimoiy maqsadlari bo’lsada, kuchlar birlasha olmadi, siyosiy maqsadlar aniqlashtirilmadi, rejalashtirilmadi. Natijada Vatan va millat ozodligi yo’lidagi bu harakatlar ayovsiz bostirildi.
Bu esa o’z navbatida kurashning yangi yo’lini vujudga kelishiga olib kelib xalqimizning istiqlol yo’lidagi sobit qadami jadidchilik xarakatini vujudga keltirdi. “Jadid” so’zi arabcha yangi usul degan ma’noni anglatadi16. Zero, jadidchilik harakati XIX-asr oxirida turk- islom huquqiy munosabatlarini, milliy ma’rifiy, taraqqiyot va milliy istiqlol muammolarini o’z ichiga olgan yangi siyosiy oqim edi. Demak, jadidchilik XIX asr oxiri - XX asr boshlarida Turkistonda hukm surgan favkulodda qoloq iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sharoitda yashayotgan xalqlarni ma’rifatlashtirish, jamiyat hayotida ijtimoiy va madaniy islohotlar o’tkazish, pirovardida, milliy mustaqillik g’oyalarini hayotga tadbiq etish maqsadini o’z oldiga qo’ygan xarakat sifatida, tarixiy vaziyat taqozosi bilan vujudga keldi. Jaxon urushi davomida o’lkada iqtisodiy axvol yomonlasha bordi. O’lkaning maxalliy axolisi ham siyosiy kurash jabhasiga ortildi. Jadidlar paydo bulib kelayotgan milliy-demokratik kuchlarning yetakchisi bulib maydonga chiqdilar. Ular demokratik inqilobga katta umidlar bog’lab, uning g’oyalarini amalga oshirishga harakat kilish bilan birgalikda milliy birlikni mustaxkamlashga kirishdilar.
Bu harakat o’zining shakllanish yo’lini bosib o’tar ekan, asr boshlaridan 1917 yil fevralь inqilobiga qadar bo’lgan birinchi bosqichida, milliy ozodlik harakati sifatida uzil-kesil rasmiylashdi. Fevralь inqilobining ro’y berishi va chor hokimiyatining falajlanishi bilan u o’zining pirovard siyosiy maqsadi-mustaqil davlatni barpo etish g’oyasini amalga oshirishga kirishdi. Lekin bu harakatning kuchli va birlashgan partiya yo tashkilotga ega bo’lmaganligi hamda xalq ommasini hali uyg’ota olmaganligi sababli, uning mustaqil o’zbek davlatini barpo etish rejasi ro’yobga chiqmadi. Hali oyoqqa turib ulgurmagan yosh Turkiston muxtoriyat hukumatini sho’rolar davlati ko’p o’tmasdanoq parchalab tashladilar .
Jadidchilik harakati va uning namoyandalarini yoqtirmagan bolьsheviklar bu harakatni faqat ma’rifiy harakat deb boxolagan va ularni siyosiy kaltabinlikda ayblab kelgan edilar. Jadidchilik harakatining ulkan arboblari va tashkilotchilaridan biri Munavvarqori Abdurarashidxonov 1927 yilda yozgan maqolasida bolьsheviklar qo’ygan bu aybga: “CHor xukumatini yo’qotish jadidlarning tilagida bor edi. Siyosiy vazifamiz va maqsadimiz ham shundan iborat bo’lishi yashirin emas. Nainki, biz jadid maktabi ochish bilan savdo xizmatchilari, boshkacha ta’bir bilan aytganda, do’konda o’ltirib nasiya yozadurg’on xodimlar yetkazsak. Bu ishga aqlli odam shu bahoni berishda u yok, bu yoqni mulohaza qilsun”17 deya javob yozgan edi.
Munavvarqori Abdurashidxonovning bu so’zlariga tayanib aytish mumkinki, jadid maktabini tuzishdan maqsad, bolьsheviklar aytganidek, savdo xodimlarinigina tayyorlash emas, balki xalqning umumiy saviyasini ko’tarish, zamonaviy fanlarni egallagan injener, vrach, jurnalist, yuristdan tortib, davlat arbobigacha bo’lgan kishilarni tarbiyalash va ular yordamida davlat idoralarini yerlilashtirish, shu tarzda mustamlakachilarni Turkiston tasarrufidan siqib chiqarish edi. Jadidchilik harakatining bu jabhalari orqali Turkiston xalklari hayotini tubdan o’zgartirib, mustakil o’zbek davlatini qurmoqchi bo’ldilar. Turkistonda siyosiy partiyalar faoliyatini yaxshi o’rgangan frantsuz razvedkachisi mayor Lyakosta, 1906 yilda o’z mamlakatiga yo’llagan xufyanomasida bunday yozgan edi: “Turkiston o’lkasidagi eng e’tiborli va kelajagi porloq siyosiy kuch sotsial demoqratlar (bolьshevik va menьsheviklar) yoki sotsial inqilobchilar (eserlar), yo kadet va liberallar emas, balki o’zbek jadidlaridir”18. Jadidlarning xalqaro aloqalari juda keng qamrovli bo’lgan. Ular Rossiya, Turkiya, Misr va boshqa mamlakatlardagi jadidchilik oqimlari dasturlaridan xabardor bo’lganlar, o’zaro safarlar, muloqotlar orqali tajriba almashganlar. 1905-1906 yilgi Rossiyadagi inqilobiy harakatlar Turkistonga ham o’z ta’sirini ko’rsatdi. Progressiv kuchlar jipslasha boshladilar va jadidlar ma’rifatchilik faoliyatini jadallashtirdilar. Bu faqatgina maktablarda emas, balki jonli matbuotchilik faoliyati, jumladan, ro’znomalarning ko’plab vujudga kelishida ham ko’rindi.
Lekin tez orada chor ma’muriyati o’zining eksperti N.P.Ostroumov bildirishnomasiga asoslanib, bu ro’znomalarni man etdi.
Jadidlar Rossiyadagi siyosiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib bordilar, vujudga kelayotgan rus siyosiy partiyalari dasturlarini o’rgandilar. Lekin milliy mentalitetning o’ziga xos xususiyati bo’lgan o’zbek xalqining tinchliksevarlikka, bosiqlikka moyilligidan kelib chiqib, ular tinchlik yo’li bilan, jamoatchilikning murojaatlari, Davlat Dumasidagi ommaviy bahslar va boshqa legal vositalar bilan podsho hokimiyatidan o’z maqsadlarini amalga oshirish yo’lida yon berishga erishishga intildilar. Ammo chorizm ma’muriyati Davlat Dumasida turkistonlik vakillar bo’lishini man etgan. Bu, bir tomondan, o’lka xalqining hukuklari va qadr-qimmatini poymol qilish bo’lsa, ikkinchi tomondan, ularning siyosiy ongining o’sishi Rassiya imperiyasi davlatchiligiga xavf tug’dirar edi. O’shandayoq jadidlar, Mahmudxo’ja Behbudiyning 1906 yil 11 oktyabrda “Xurshid” ro’znomasida chop etilgan maqolasida o’z aksini topgan xulosaga, ya’ni birlashib yagona musulmon partiyasi tuzish va Butunrossiya musulmonlari ittifoqi tarkibiga kirish zarurligi haqidagi fikrga keldilar19. SHu bilan ular Rassiyadagi barcha turkiy xalqparvar orasidagi progressiv kuchlarga tayanishga intildilar. Ushbu maqolasida Behbudiy sotsial-demokratlar partiyasiga nisbatan o’zining salbiy munosabatini bildiradi. U bu partiyaning dasturini musulmonlar hayoti normalariga muvofiq kelmaydigan xayoliy (utopiya) dir, deb hisoblagan. Markaziy Osiyo jadidchiligiga Turkiya va 1905-1911 yillardagi Eron inqiloblari sezilarli ta’sir ko’rsatdi. Bu mamlakatlardagi milliy ziyolilar vakillari monarx hokimiyatining konstitutsion doirada cheklanishiga, milliy burjuaziyaning iqtisodiy qudratini mustahkamlash uchun shart-sharoitlarni qo’lga kiritishga erishishni o’z oldilariga maqsad qilib qo’yganlar. Biroq u davrning tajribalari Turkiston jadidlari tomonidan mexanik tarzda ko’chirib olinmadi. Ular SHarq va Yevropa mamlakatlarining mustamlakachilikka qarshi kurash hamda demok-ratik harakat amaliyotidan o’lka sharoitlariga muvofiq keluvchilarini tanlab oldilar, sharoitga to’g’ri kelmaydiganlaridan voz kechdilar yoki bir oz o’zgartirib qabul qildilar. Rossiya Fevralь demokratik inqilobi arafasida, Turkiston jadidchiligi yetuk siyosiy harakatga aylandi. Agar Birinchi Jahon urushidan keyin jadidlar parlamentar monarxiya uchun kurashgan bo’lsalar, Fevralь inqilobidan keyin Turkiston jadidlarining “taraqqiyparvarlar” oqimini tashkil qilgan radikal qismi ancha keng qamrovli, bir qator siyosiy talablarni ilgari surdi. Ular qatoriga mahalliy aholi huquklarini kengaytirish tomon o’lkani boshqarish yuzasidan asosiy islohotlar o’tkazish, o’lkaga Davlat Dumasidan aholi soniga qarab o’rin berish, asosiy demokratik erkinliklar, avvalo, milliy matbuot erkinligani ta’minlash, chorizmni konstitutsion tuzum bilan almashtirish kabilar kirardi. Rossiyadagi Fevralь demokratik inqilobi Rossiyada yangi davlat tuzumi o’rnatilgandan so’ng federativ davlat shaklida muxtoriyat olishga umid bog’lagan jadidlarni ruhlantirib yubordi. Ayni paytda, milliy siyosiy partiyalar va tashkilotlar, jumladan, jadidlar tomonidan “SHo’roi Islomiya”, “Ittifoq” kabi bir qator tashkilotlar tuzildi20. Bu paytga kelganda jadidlar tub yerli aholi ijtimoiy tarkibining turli qatlamlarini o’z ortlaridan ergashtira oldilar, ular ongida musulmonlar birligini mustahkamlash, jipslashtirish hissini uyg’otdilar. Ammo ular tez kunlarda tushundilarki, Rossiyadagi Muvaqqat hukumat ham, uning Turkistondagi Muvaqqat Qo’mitasi ham o’lkada avvalgidek mustamlakachilik siyosatni davom ettirish yo’lini tutmoqda.. CHunonchi, bu siyosat Ta’sis majlisini chaqirishga tayyorgarliqda yaqqol namoyon bo’ldi. SHu vaqtdan jadidlar uchun mustaqillik va muxtoriyat yo hayot, yo mamot muammosiga aylandi va jadal siyosiy janglar boshlandi. Ular hukumatning mustamlakachilik siyosatini qattiq tanqid ostiga oldilar va Turkistonning Rossiya Demokratik Federativ Respublikasi tarkibida milliy-hududiy muxtoriyat olish uchun astoydil harakat qilishga kirishdilar. Jadidlarning dasturiy xujjatlarida diqqat-e’tibor milliy-hududiy muxtoriyatning asosiy tamoyillarini amalga oshirish mexanizmlari Turkiston Federativ Respublikasi imkoniyatlariga taalukli bo’lgan masalalar bo’yicha, qonunlar chiqarishni amalga oshirish uchun chaqirilgan mustaqil vakolatli o’lka hokimiyatining oliy organlari, boshqaruvi va sudi mexanizmlarini ishlab chiqish, o’z davlat tuzilishini barpo etishga qaratildi. Boshqaruvning poydevori sifatida respublika shakli tanlab olindi. Demokratik huquq va erkinliklar berilgan va konstitutsion jihatdan kafolatlanishi lozim bo’lgan demokratik jamiyatni shakllantirish - ustuvor maqsad qilib belgilandi. Turkiston jadidlari davlat mustaqilligi haqidagi o’z g’oyalarini hayotga tatbiq etishni mamlakatdaga turli ijtimoiy kuchlar o’rtasida tinchlik va kelishuvchilik, demokratik asosda shakllantirilgan Rossiya Ta’sis majlisini chaqirish bilan bog’laganliklari ham diqqatga sazovor. O’sha paytda, jadidlarning taraqqiyparvar namoyondalari “SHo’roi Islomiya”, konservativ qismi “SHo’roi Ulamo” tashkilotlariga ajralib ketgan edilar. Ammo Ta’sis majlisida o’rin olish masalasining muhimligini anglash, bu ikki jadidchilik oqimining qo’shilishiga va “Turk Odami markaziyati” nomi bilan ataluvchi yagona Turkiston Federalistlari partiyasining tashkil etilishiga olib keldi. Biroq, Turkistondagi oktyabrь voqealari va bolьsheviklarning hokimiyatni egallashi ularga o’z maqsadlarini oxirigacha amalga oshirishlariga imkon bermadi. SHunga qaramay, ular yangi bolьsheviklar hokimiyatining “Millatlarning o’z takdirini o’zi belgilashi to’g’risida”gi deklaratsiyasida ko’rsatilgan hukuqlaridan foydalanib, markazi Ko’qonda bo’lgan, “Turkiston muxtoriyati” deb atalgan mustaqil muxtor respublika e’lon qildilar21. Uch oygina yashagan bu muxtor respublika tarixi, uning oqibatida jadidlarning ta’qibga uchrashi va amalda, 1937-1938 yillarda butunlay qirib tashlanishi, tarixning qonli sahifalaridir. Lekin jadidlar fooliyatidagi siyosiy xarakatlar xalkimiz milliy ongini va siyosiy dunyo qarashini kengayishiga xizmat qildi. Xususan, 1917 yil 19 martda Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligida “SHo’roi islom” tashkiloti tuzildi. 14 martda bo’lib o’tgan yig’ilishda “SHo’roi islom” ning 5 kishidan iborat rayosati tuzildi. Uning hay’atiga Munavvarqoridan tashqari Abdurauf Fitrat, Ubaydulla Xo’jaev va boshqardi. "SHo’roi islom"ning asosiy maqsadi Turkiston musulmonlarini birlashtirishga doir ishni avj oldirish, Ta’sis majlisiga tayyorgarlik ko’rish, Turkistonga milliy-diniy muxtoriyat berdirish, shaxsiy mulk egaligini saqlab qolish va x.k.dan iborat edi. Tezda o’lkaning boshqa joylarida xam “SHo’roi islom”ning sho’’balari tuzildi. 1917 y. iyunь oyida ”SHo’roi islom”ning bir guruxi (ko’proq, ruxoniylar) bu tashkilotdan ajrab chiqib, o’zining “SHo’roi ulamo” tashkilotini tuzdi, 1917 y. Mart-apr oylarida Toshkent, Samarkand, Farg’ona va boshqa shaxarlarda musulmon mexnatkashlari kasaba uyushmalari tuzildi. SHu tarzda milliy demokratiya tobora o’sib bordi. Maxalliy tashkilotlar progressiv g’oyalarni, o’lka mustaqilligi istiqbolini yoqlab chiqdilar. 1917 y, 16 aprelda Toshkentda “SHo’roy islom” tashabbusi bilan Butunturkiston musulmonlari I qurultoyi bo’lib utdi. Qurultoy Rossiyada Federativ demokratik respublika ta’sis etish, barcha xalqlarga, jumladan Turkiston xalqlariga xam milliy muxtoriyat berish g’oyasini qo’llab-quvvatladi. Qurultoyda Turkiston o’lkasi musulmonlari soveti (O’lkamussovet) tuzildi. SHunday qilib 1917 y. 1 (14) noyabrga qadar o’lkadagi siyosiy vaziyatni 3 ta asosiy kuch belgiladi22. Bular: Muvaqqat xukumatning Turkiston qo’mitasi bo’lgan O’lkamussovet O’lka ishchi va soldat deputatlari yetakchilik qilgan. O’lkamussovet Muvaqqat xukumatni Qo’llab - quvvatlashni davom etsada Ishchi soldat deputatlari Sovetidagi bolьsheviklar faoliyatiga qarshi turdiyu, lekin Rossiyadagi 25 oktyabr (7 noyabr) inqilobiy to’ntarish Turkistondagi siyosiy vaziyatni bolьsheviklar foydasiga hal bo’lishiga olib keldi. Lekin jadidlarning siyosiy fooliyati biroz bo’lsada to’xtamadiki, balki yanada faollashib avj olib bordi.
Buni 1917 yilda Turkistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida eng muhim masalalaridan biri, bu turkistondagi davlatchilikni tashkil etish jadidlarning eng oliy maqsadlaridan biri bo’lganligidan bo’lishi mumkin. O’sha tarixiy shart-sharoitlarda milliy davlatchilikka ega bo’lish g’oyasi turli tashkilot va partiyalarining o’zaro kurashida asosiy qurolga aylangandi. Jadidlarning intilishlari Turkistonda federatsiya asosida milliy-demokratik davlatchilikni barpo etishga karatilgan edi.Jadidlarning muxtariyat (aftanomiya), davlatchilik to’g’risidagi g’oyalari o’sha paytdagi Rossiyada mavjud siyosiy-ijtimoiy va inqilobiy axvol bilan bog’liq xolda shakillanib keldi. Ular mustamlaka xalqlarning Rossiyadan butunlay mustaqil bo’lib chiqib ketishlarini hali kun tartibiga qo’yolmagan edilar. CHunki Rossiyadek qudratli imperiya changalidan asta-sekinlik bilan, oqilona nozik siyosat yurgizish orqali butunlay mustaqillikka erishish mumkinligini jadidlar yahshi anglaganlar. 26 noyabrdan Ko’qon shaxrida O’lka musulmonlarining IV favkulodda s’ezdi ish boshladi. Unda o’lkaning barcha mintaqalari va ko’pgina jamoat tashkilotlaridan 200 nafardan ortiq vakil hozir bo’ldi23.
Kun tartibiga o’lkani boshqarish shakli, Turkiston Markaziy musulmonlar sho’rosini qayta saylash, Turkiston Ta’sis majlisi, militsiya, moliya va boshka masalalar qo’yildi.
Mandat komissiyasining a’zosi T.Norbo’tabekov qatnashchilarni vakillar tarkibi bilan tanishtirdi. Bu paytda s’ezdda Farg’onadan-100, Sirdaryodan-22, Samarqanddan - 21, Buxorodan - 4 va Kaspiy ortidan -1 vakil qatnashayotgan edi. Viloyat vakillaridan tashqari s’ezdda, shuningdek, “SHo’roi Islomiya”, “SHo’roi Ulamo”, musulmon harbiylari sho’rosi, O’lka yahudiylari jamiyati (Pao-ley Sion), shuningdek, mahalliy yahudiylar vakillari qatnashdi! Mahmudxo’ja Behbudiy o’z chiqishida s’ezdning hukukiy jihatdan qonuniyligi haqida shunday degandi: “S’ezd qarorlari shuning uchun ham katta mavqega sazovorki, unda Turkistonning ovrupalik aholisi vakillari ham katnashmokda”24.
Mahmudxo’ja Behbudiyning ta’kidlashicha, hay’atni ham shunday tuzish kerakki, unga turli musulmon guruhlari bilan birga rus, yahudiy va boshqa xalklarning vakillari kiritilsin. Vakillar uni ko’llab-quvvatlaydi. Andijon vakillari shu fikrga qo’shiladi, undan so’ng so’zga chiqkan Ko’qonlik vakil O. Mahmudov ham “Hay’atni saylashda viloyatlar bo’yicha emas, balki alohida diniy karashlar va milliy guruhlarni hisobga olgan holda, ya’ni bilimdon, o’kuvli va g’ayratli kishilarni tanlab olish kerak”, deydi.
Muhokamadan keyin 13 kishidan iborat hayьat saylashga kelishib olindi. Ochiq ovoz bilan quyidagi tartibda hay’at saylanadi: M.CHo’kaev, U Xo’jaev, Yu.Agaev, S.Akaev, S. Gertsfelьd, O.Mahmudov, A.O’razaev, I.SHoahmedov, Kishchinbaev, Kamol Qozi, Abdul Badin, Tillaev, Karimboev.
S’ezdning uch kunlik faoliyati mobaynida, vakillar Turkistonning bo’lg’usi siyosiy tuzumi to’g’risida qatьiy bir fikrga kelishdi. Deyarli yakdil ovoz bilan (ikki kishi qarshi) 1917 yil 27 noyabr kuni kechasi soat 12 da qabul etilgan qarorda, jumladan, shunday deyiladi: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi da’vat etgan xalklarning o’z huquklarini o’zlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qiladi, shu bilan birga muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis Majlisiga havola etadi”. SHundan keyin s’ezd “Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik aholi huquqlarining muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e’lon qiladi”.
28 noyabrda tashkil topayotgan mazkur davlatning nomi aniqlanib, “Turkiston Muxtoriyati” deb ataladigan bo’ldi25. Hokimiyat tarkibi esa quyidagicha shakllanishi lozim edi: Ta’sis s’ezdi chaqirilgunga kadar, hokimiyat to’la ravishda Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Xalq (milliy) Majlisi qo’lida bo’ladi.
Jadidchilikning fenomeni shundaki, keyingi uch asr ichida bu oqim birinchi bo’lib milliy davlatchilik qurishga urindi, yagona mustaqil Turkiston uchun qurashdi va u milliy mustaqillik g’oyasiga asos soldi, uykudagi SHarqni uyg’onishga va harakatlanishga, ozodlik, milliy g’urur, o’z buyuk ajdodlari, boy madaniyati va, umuman, mustamlaka tuzumning tazyiqi ostida unutilgan barcha qadriyatlarini xotirlashga undadi. Jadidlar ta’limoti o’z zamonasining haqikiy ta’limoti edi. CHunki u nafaqat taraqqiyparvar shaxslar, balki fikrlovchi yoshlarni, shuningdek, barcha taraqqiyparvar ziyolilarni o’z ketidan ergashtira oldi. Ularning faoliyati va dasturi kelajak uchun namuna bo’ldi. Jadidlar tomonidan jamiyatda pishib yetilgan ijtimoiy vazifalarni tadrijiy-islohotchilik tamoyillari asosida hal etish ishlab chiqilganligi, ularning formatsion-institutsional o’zgartirishlarni, mustamlaka tuzumni tubdan yo’qotishning maksimal darajada samarali yo’llarini tanlay bilgan-liklari, shubhasiz, ularning tarixiy xizmatlaridir. Jadidlarning kontseptual g’oyalari hozirgi o’zgarishlar amaliyotining ma’naviy darakchisi, bugungi kundagi strategiya va keng qamrovli islohotlar kursining genetik asosi bo’lib xizmat qildi. Tarixdan yaxshi ma’lumki, deb yozadi Behbudiy, “Haq olinur, berilmaydur. Har millat va mamlakat xalqi o’zining huquqi, dini va siyosatini harakat va ittifoq ila boshqalardan oladi... Biz musulmonlar, xususan, Turkiston musulmonlari, istaymizki, hech bir kishi bizning din va millatimizga zulm taxdid qilmasun va bizni ham boshqalarga taxdid qilmoqqa aslo fikr va niyatimiz yo’q”26!
Jadidchilik o’zidagi qaysi belgilari bilan favqulodda hodisa edi? Ularning jamiyatdagi inqiroz va mutaassiblikni shu darajada aniq ko’rishlariga, diniy, huquqiy va ahloqiy normalarga amaliy yondashishiga nima yordam berdi? Birinchidan, uning noyobligiga (fenomeni), avvalo, unda g’oyatda yuqori darajadagi aql-idrokli, ham SHarq, ham Yevropa madaniyatiga xos bilimlarga ega bo’lgan ziyolilar jamlanganligi bilan belgilanadi. O’tmishga nazar solib, uni o’rganib, o’z davrini tashkil qilgan jadidlar o’z Vatanining kelajagi loyihasini tuza bildilar, uning rivojlanish yo’llarini rejalashtirdilar. Ularning deyarli barchasi oliy diniy ta’lim olganlari, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy she’riyati, qadimgi SHarq mutafakkirlarining falsafiy asarlari ruhida tarbiyalanganlari holda, o’z bilimlarini chet el madaniyati, jumladan, ham SHarq, ham G’arb madaniyati yutuqlari bilan boyitdilar, albatta, bu narsa ularning boshqa davlatlarning turmush tarzi qonuniyatlarini o’rganishga itilishlari, ularning eng yaxshi ziyo urug’larini o’zlarining sermahsul va qadimiy madaniyat tuprog’ida qo’llash uchun o’rganish va tushunishga urinishlari edi. Jadidlar ongida madaniyatning yuqori darajadagi yutuqlari saralandi va uyg’unlashuvi yuz berdiki, uning asosida Turkistondagi taraqqiyotning maxsus shakllari mulohaza etilishi va ishlab chiqilishi ro’y berdi.
Jadidlarning siyosiy qarashlarini tasavur etishda 1913 yilda “Turkuston ovozi” va “Golis Turkistana”gazetalarida kutarilgan quyidagi uch masala ham diqqatni jalb etadi:
1.Sibirь temir yo’lidan to Afg’oniston va Erongacha bo’lgan joyda
yashayotgan butun yerli xalqlar bilan ruslar orasida hukuq va soliqlar sohasida tenglikni vujudga keltirish;
2.Ko’chmanchi hayot kechiruvchi musulmonlarga qishloq va shaharlardan joylar bo’lib berilganiga kadar ko’chib kelayotgan ruslarga yer bermaslik;
3.Zamonaviy ma’rifatni tarqatish.
Ushbu masalalarning yo’nalishi rus davlatining ulug’ millatchilik siyosatiga qarshi qaratilganligi jadidlarning milliy ozodlik xarakatidagi eng axamiyatli qarashlaridir. Rus davlatining maorif va madaniy sohadagi siyosati o’zbek va boshqa tub aholini savodsizlikda va qoloqlikda saqlashga, umumjahon taraqqiyotidan mahrum etishga qaratilgan edi. SHuning uchun ham xalk ommasi ma’naviy jihatdan qashshoqlashdi. Mana shunday reaktsion siyosatga qarshi o’laroq jadidlarning ma’rifiy va ma’naviy chiqishlari yuzaga keldi.
XIX asrning ikkinchi yarmi - XX asr boshlaridagi sharoit jadid-larning siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy qarashlarini belgilagan edi. Bu tarixiy ahamiyatga molik g’oyalar milliy burjuaziya, ruhoniy va umuman mahalliy yuqori tabaqaning ilg’or vakillarini ham qamrab oldi. CHunki Rossiya hukmronligi o’lkani xom ashyo manbasi va tayyor mahsulotlar bozoriga aylantirdi, mustamlakachilik va ulug’ millatchilik siyosatini avjiga mindirdi. Vatanga sodiqlik va uning mustaqilligini tiklash his-tuyg’ulari ham jadidlar yetakchiligida jamiyatdagi barcha tabaqalarni ozodlik kurashiga chorladi. Jadidlar sharoit taqozosiga ko’ra, birinchi navbatda, xalqning savodini chiqarish, bilimini oshirish, milliy his-tuyg’ularini va siyosiy ongini o’stirish uchun qurashdilar. Vatanparvar jadidlarning asosiy maksadlaridan birinchisi milliy istiklol bulsa, ikkinchisi, milliy tarakkiyot bulgan. Zero, Munavvar kori, Fitrat, CHulpon singari erksevar jadidlarning aytganidek, "oyogida hatto oltin kishan bilan yashovchi xalk ham mute xalqdir". SHuning uchun, jadidlar avvalambor uz oldilariga mudrok xalqni uyg’otish, ular qalbiga istiqlol orzusini payvandlash vazifasini qo’ydilar.
Boshqacharoq aytganda, ular faoliyatining dastlabki bosqichida ma’rifatparvarlik salmoqli o’rinni egalladi. Ammo, bu ularda siyosiy g’oyalar va maqsadlar yo’q edi deyish emas, albatta. Aksincha, yuqoridagi fikirlarmiz, siyosiy qarashlar mavjud ekanligini tasdiqlaydi, lekin uni darhol amalga oshirish uchun hali sharoit yetilmagan edi.
SHunday qilib Turkiston Muxtoriyati millatlarini o’z taqdirini o’zi belgilash masalasini demokratik yo’l bilan hal etishga bel bog’lagan xalq irodasi va ilg’or ziyolilarning ko’tarinki xatti-harakatlari zaminida vujudga keldi.
Demak, jadidchilik ongli harakat kuchlar nisbatini to’g’ri hisobga olgan holda o’zining bosh strategik maqsadi, Vatanni ozod qilish, millatni ijtimoiy g’aflat uyqusidan uyg’otish va jamiyatni taraqqiy ettirish uchun maktab, ma’rifat, matbuot, adabiyot, maorif va madaniyatdan taktik yo’l sifatida keng foydalandi.
Jadidchilik harakatining maqsad va mohiyati uning shioridan ham ma’lum. O’z davrida millatga ma’naviy-mafkuraviy ota bo’lgan Munavvarqorining ko’rsatishicha, jadidlarning eng yaxshi ko’rgan shiori “Ozodlik, Tenglik va Adolat” bo’lgan.
SHunga qaramay jadidlar, jadidchilik ongli madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy, mustamlakachilikka qarshi antifeodal va demokratik harakat bo’lgan edi.
U ijtimoiy adolat, tenglik va ozodlik uchun istiqlol bayrog’ini baland ko’tarib kurashdi. Vatan va millatning ozodligi uchun kurashda yengildi, biroq tarixda ibratli tajriba qoldirdi.



Yüklə 1,52 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   49




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin