“Nazariya”
termini keng ma‟noda aqliy bilish, tafakkurni anglatadi, uni
amaliyotdan farq qiluvchi faoliyat turi sifatida ifodalaydi. Tor ma‟noda
esa, nazariya ma‟lum bir sohaga oid tasavvurlar, tushunchalar, g„oyalar,
gipotezalarni sistemaga soladigan, predmetni ratsional tarzda anglashga
imkon beradigan bilim shaklini bildiradi.
65
Nazariyaning bunday talqini ilmiy bilishda empirik va nazariy
bosqichlarning farq qilinishi bilan bog„liq.
Empirik bosqichda ilmiy faktlar to„planadi, o„rganiladi, sistemaga
solinib, turli xil jadvallar, sxemalar, grafiklar tuziladi; muayyan bir
umumlashmalar, xususan, empirik tushunchalar, farazlar, empirik qonunlar
shakllanadi.
Ilmiy bilishning keyingi taraqqiyoti empirik bilish bosqichida hosil
qilingan, lekin bir-biri bilan bo„lgan aloqasi hali aniqlanmagan bilimlar
o„rtasida munosabatlarni o„rnatish, ularni umumlashtirish, shu asosda
yangi fundamental tushunchalar, umumiy qonunlarni yaratish, ilmiy
bashoratlar qilish bilan uzviy bog„liq.
Bilishning bu ikki bosqichi o„rtasida zaruriy aloqadorlik mavjud.
Xususan, nazariyani yaratish empirik bilish jarayonida hosil qilingan
predmetning ayrim tomonlari, xususiyatlarini aks ettiruvchi tushunchalar,
qonunlar, farazlar o„rtasida mantiqiy aloqalarni o„rnatishga, predmet
haqida yaxlit tasavvur hosil qilishga, uning mohiyatini tushuntirishga
bo„lgan ehtiyoj bilan belgilanadi.
Demak, nazariya – ma‟lum bir predmet sohasiga oid tushunchalar,
qonunlar, gipotezalar, g„oyalarni sistemaga solib, u haqida yaxlit tasavvur
hosil qiladigan, yangi fundamental umumlashmalar yaratishga olib
keladigan, shu sohadagi hodisalarni tushuntirish, oldindan ko„rish imkonini
beradigan ishonchli bilimdan iborat.
Ilmiy nazariya quyidagi tarkibiy qismlardan tashkil topadi: 1) empirik
asos: nazariyaga aloqador faktlar, ularga mantiqiy ishlov berish natijalari;
2) boshlang„ich nazariy asos: nazariyaning asosiy tushunchalari,
postulatlari
(aksiomalari),
fundamental
qonunlar
(prinsiplar);
3) nazariyaning mantiqiy apparati: tushunchalarni hosil qilish va ta‟riflash
qoidalari, xulosa chiqarish (isbotlash) qoidalari; 4) olingan natijalar
(xulosalar).
Ilmiy nazariya oxir-oqibatda real sistemani, obyektni aks ettiradi, uning
tabiatini tushuntiradi va shu ma‟noda o„zining empirik asosiga ega. Lekin
empirik asosining mavjudligi nazariyaning barcha tushunchalari ifoda
etadigan predmet va belgilarning hissiy idrok qilinishi yoki nazariyaning
barcha hollarda mavjud hodisalarni, ularning real xususiyatlari va
munosabatlarini aks ettirishini anglatmaydi.
Nazariyani qurish murakkab jarayon bo„lib, ko„p hollarda bir qancha
olimlarning hamkorlik qilishini taqozo etadi. Tabiiyki, nazariya ma‟lum bir
metod yordamida, ya‟ni metodologik prinsiplar, usullarni qo„llash asosida
quriladi.
66
Qurilgan nazariya bilishning keyingi bosqichlarida aniqlashtiriladi,
yangi faktik materiallar asosida mazmunan boyitiladi, qayta talqin qilinadi.
Ilmiy nazariyaning juda ko„p turlari mavjud. Ularni turli xil asoslarga ko„ra
klassifikatsiya qilish (turkumlash) mumkin. Xususan, qurilish metodiga ko„ra
nazariyalarni to„rtta turga ajratish mumkin: 1) tajriba bilan ish ko„radigan
fanlarning mazmundor nazariyalari; 2) gipotetik-deduktiv (yoki yarim
aksiomatik) nazariyalar; 3) aksiomatik nazariyalar; 4) formallashgan
nazariyalar.
Dostları ilə paylaş: |