Issiqlik almashinuvi. Ikkita turli temperaturali jismlarni bir-biriga tekkizaylik. Ma'lum vaqt o'tgandan keyin ular temperaturalarining tenglashuvi ro'y beradi. Issig'ining temperaturasi pasayadi, sovug'iniki ko'tariladi. Bir jism molekulalarining betartib harakat kinetik energiyasi ikkinchi jism molekulalarining betartib harakat kinetik energiyasiga o'tadi.
Mexanik ish bajarmasdan ichki energiyaning uzatilish jarayoni issiqlik almashinuvi deyiladi. Issiqlik miqdori deb, issiqlik almashinuvi jarayonida jismlar oladigan yoki beradigan energiyaga aytiladi. Issiqlik va ish energiyaning ko'rinishi emas, balki uning uzatish shaklidir. Ular energiyaning uzatilish jarayonidagina mavjud bo'ladi.
Jismga issiqlik berilganda uning ichki energiyasi ortadi, ya'ni molekulalarining betartib harakat energiyasi ortadi.
SI da issiqlik miqdorining birligi sifatida ish va energiyaniki kabi Joul (J) ishlatiladi.
SI kiritilguncha issiqlik miqdorining birligi sifatida kaloriya ishlatilgan. 1 g distillangan suvni 1 °C ga, aniqrog'i 19,5 °C dan 20,5 °C gacha isitish uchun kerak bo'ladigan issiqlik miqdori 1 kaloriya deyiladi: 1 kal = 4.19 J.
Issiqlik sig'imi. Solishtirma issiqlik sig'imi. Issiqlik balansi tenglamasi Mazmuni: issiqlik sig'imi; solishtirma issiqlik sig'imi; SI da issiqlik sig'imining birliklari; issiqlik balansi tenglamasi.
Issiqlik sig'imi. Ikkita teng massali, turli xil moddalardan yasalgan ikkita jismni bir xilda qizdiraylik. Ma'lum vaqtdan keyin ularning temperaturalarini o'lchab teng emasligini bilamiz. Bunga sabab turli moddalarning issiqlik sig'dirish qobiliyatlarining turlicha ekanligidir. Moddalarni ana shunday qobiliyatlarini xarakterlash maqsadida issiqlik sig'imi tushunchasi kiritiladi.
Jismning issiqlik sig'imi deb uning temperaturasini 1 К ga o'zgartirish uchun kerak bo'ladigan issiqlik miqdoriga aytiladi:
Jism 1 К ga soviganda isigandagiga teng issiqlik miqdori ajralib chiqadi. Bir xil moddadan yasalgan turli massali jismlarning issiqlik sig'imlari ham turlicha bo'ladi. Chunki issiqlik sig'imi massaga proporsional. Ba'zan turli xil moddalardan yasalgan jismlarning issiqlik sig'imlarini solishtirish zararati paydo bo'ladi. Buning uchun esa teng massali jismlarning issiqlik sig'imlarini bilish kerak.
Solishtirma issiqlik sig'imi. Solishtirma issiqlik sig'imi deb 1 kg massali jismning temperaturasini 1 К ga o'zgartirish uchun kerak bo'ladigan issiqlik miqdoriga aytiladi.