Stixiyali rivojlanish davri. Metrologiya xizmati va metrologik ta’minot masalalarining dastlabki kurtaklari turli davlatlarda turlicha tarzda vujudga kela boshlagan. Masalan, rus knyazi Svyatoslav Yaroslavich belidagi oltin kamaridan uzunlikning namunaviy o’lchash vositasi sifatida foydalangan. Tarixiy ma’lumotlarga ko’ra knyaz davriy ravishda bozor rastalarini oralab yurib, turli mato sotuvchilarining uzunlik o’lchovlarini kamari bilan taqqoslab turgan. Agar ular orasidagi tafovut belgilanganidan ortib ketsa, sotuvchini shafqatsiz jazolagan.
Italiyada ham bu borada muayyan tartib belgilangan edi (o’rta asrlarda). Cherkov va butxonalarda aniq sondagi marvarid donalari saqlanib, ulardan sochiluvchan (dispers) moddalarning hajm va massa birliklarini hosil qilishda foydalanganlar. Markaziy Osiyoda ham o’lchovlar va ularning turg’unligini saqlash, o’lchash qoidalariga qat’iy rioya etish masalalariga jiddiy e’tibor berilgan. Aksariyat hollarda buning nazorati eng yuqori amaldorlar tomonidan olib borilgan. Masalan, islom ta’limotida to’g’ri o’lchash, ya’ni xaridor haqini urib qolmaslik (buni hozirda ham «tarozidan urib qolish» deyiladi) masalalariga juda qattiq qaralgan. Bu borada xalqimiz manaviyatiga singdirilgan «xaridorning haqi etti pushtingga uradi», «tarozidan urib qoluvchining joyi do’zahning eng to’rida bo’ladi», «xaridor haqiga xiyonat qiluvchi ollohning birinchi dushmanlaridandir» kabi iboralar bu ta’limotning isbotidir. Tarixiy yozishmalarda davlatlar orasida urushlarning kelib chiqishlarida ba’zan o’lchashlardagi kelishmovchilik ham sabab bo’lganligi kabi ma’lumotlar ham keltirilgan. Garchand, o’lchashlar nazariyasining, bundagi yondoshuvlarning turli davlatlardagi rivojlanishi turlicha uslub va usullarda, muayyan ma’noda stixiyali tarzda bo’lgan bo’lsada, barcha hollarda quyidagi umumiylik prinsiplari saqlanib qolgan:
o’lchovning o’z xossalarini uzoq muddat saqlab qolishi;
o’lchanayotgan kattalikning turli qiymatlarini hosil qilish imkoniyatini mavjud bo’lishi.
Bu davrdagi o’lchashlarning asosiy kamchiligi sifatida o’lchov birliklarining o’zaro mutanosibligi bo’lmaganligi hamda asosiy kattaliklarning birliklarini bir-biriga bog’liq emasligini ko’rsatish mumkin.