Xitoy manbalari. Qadimgi Xitoy manbalarida ham o‘lkamizning uzoq o‘tmishi xaqida uzuq-yuluq (fragmentar) ma’lumotlar mavjud. Ko‘p hollarda bu ma’lumotlar o‘zaro bog‘lanmagan bo‘lsada, mintaqamizda yashagan xalqlarning turmushi, iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli hususida e’tiborga loyiq axborotlar beradi.
Xitoy manbalarning asosan 2 guruhga bo‘lish mumkin. Birinchi guruhga O‘rta Osiyoga tashrif buyurgan sayyoxlar va elchilarning safar xotiralari kiradi. Ikkinchi guruh esa xitoy tarixchilari qalamiga mansub asarlardan iborat. Birinchi guruhga kiradigan manbalar ayniqsa muhim ahamiyatga egadir, chunki sayyoh va elchilar o‘zlari ko‘rgan hodisa va voqealarni bayon qiladilar. Xitoy tarixchilari asarlarida keltirilgan ma’lumotlar ham asosan sayyohlar va elchilarning axborotlariga tayanadi.
O‘rta Osiyoga kelgan birinchi Xitoylik sayyox CHjan Szyan edi. U Xitoy xukumati topshirig‘iga muvofiq, O‘rta Osiyolik hukmdorlarni xunnlarga qarshi urushga da’vat etish maqsadida m.a. II asrda bu erga tashrif buyurgan edi. CHjan Szyan o‘z hukumati nomiga yozgan xabarlarida Kaspiy dengizigacha cho‘zilgan hududlarda yashagan halqlar to‘g‘risida dastlabki ma’lumotlarni etkazadi. Jumladan m.a. 127-yilda yuborgan axborotnomasida u Farg‘ona vodiysidagi Davan davlati, uning axolisi, ho‘jalik hayoti haqida qiziqarli ma’lumotlar bergan. Elchining yozishicha, bu erdagi katta va kichik shaharlarning soni 79 tani tashkil etadi. Davanliklar o‘troq xayot kechirib, sholi va bug‘doy ekkanlar, chorvachilik, jumladan-yilqichilik bilan shug‘ullanganlar. Xuddi shu davrda yashagan tarixchi Szyan Xanshu uning bu ma’lumotlarini to‘ldirib, Farg‘onada 60 ming xonadon borligini qayd etadi. Sima Syan o‘zining «SHitszi» - «Tarixiy esdaliklar» nomli asarida Farg‘onadan Parfiyagacha bo‘lgan hududda yashagan aholi turli shevalarda gapirsada, lekin bir-birini bemalol tushunadi, deb yozadi. Demak, m.a. II asrda O‘rta Osiyoda til jihatdan bir-biriga yaqin bo‘lgan eroniyzabon qabila va elatlar yashaganlar. Lekin huddi shu davrda, ayniqsa, yuechjilar istilosidan keyin axoli tarkibida turkiy qatlam ko‘paya boshladi.
O‘rta Osiyo xalqlari haqidagi ma’lumotlar Xitoyda hukmronlik qilgan sulolalar tarixiga bog‘ishlangan asarlarda ko‘p uchraydi. Ularning mualliflari O‘rta Osiyo tarixini maxsus tadqiq etmagan bo‘lsalarda, lekin o‘lkamiz hususida qiziqarli ma’lumotlar yozib qoldirganlar. Yuqorida nomi tilga olingan Sima Szyan (uni «Xitoy tarixchilarining otasi» deb atashadi) o‘zining «Tarixiy esdaliklar» nomli asarining 130-bobida Davan davlati va uning xalqi haqida e’tiborga loyiq ma’lumotlar keltiradi. Xitoy manbalarida xitoylik hukmdorlarning Davanga nisbatan bosqinchilik siyosati, davanliklarning o‘z ozodligi uchun qaxramonona kurashi tasvirlanadi. Miloddan avvalgi II asrda yuechji qabilalarining O‘rta Osiyoga bostirib kirishi ham xitoy manbalarida o‘z aksini topgan. Jumladan, elchi Chjan Szyan axborotlarida bu borada batafsil ma’lumotlar keltiriladi. M.a. I asrda yashagan tarixchi Ban Gu «Avvalgi Xan sulolasi tarixi» nomli asarida, hususan uning 95-bobida Kangyuy davlati, yuechji va usunlar to‘g‘risida, Sharqiy Turkiston o‘lkasining o‘tmishi, bu erdagi axoli turmushi xaqida ma’lumotlar beradi.
Shunday qilib, qadimgi Eron epigrafik manbalari, antik mualliflar va xitoylik elchi va sayyoxlarning asarlari arxeologik ma’lumotlar bilan mushtarak tarzda o‘rganish, ulardan tanqidiy ruhda foydalanish eng qadimgi tariximiz manzarasini yaratish imkoniyatini beradi.
3-ma’ruza: O‘zbekistonda o‘rta asrlar tarixining o‘rganilishi Reja 1. IX-XV asrlarda yozilgan arab tilidagi yozma manbalar.
2. IX-XV asrlar tarixiga oid forsiy yozma manbalar.
3. Temuriylar saltanati tarixiga oid forsiy yozma manbalar .
4. Sharq qoʻlyozmalari va ularning sivilizatsiya tarixidagi oʻrni. Arab tarixnavisligining xalq ijodiyoti, an’analari bilan uzviy bogʻliqligi.
5. Tabariyning «Tarixi ar-rusul-va-l-muluk», Narshaxiyning «Buxoro tarixi», Bеruniyning «Osoru-l-boqia» asarlarining tarixshunoslik jihatidan tahlili.