Birinchi bosqich (1997 – 2001 yillar)da mavjud kadrlar tayyorlash tizimining ijobiy salohiyatini saqlab qolish asosida Ushbu tizimni isloh qilish va rivojlantirish uchun huquqiy, kadrlar jihatidan, ilmiy – uslubiy, moliyaviy – moddiy shart – sharoitlar yaratish vazifalari ro‘yobga chiqariladi.
Ikkinchi bosqich (2001 – 2005 yillar)da Milliy dastur to‘liq ro‘yobga chiqadi, mehnat bozorining rivojlanishi va real ijtimoiy – iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda unga aniqliklar kiritiladi.
Uchinchi bosqich (2005 va undan keyingi yillar)da to‘plangan tajribani tahlil etish va umumlashtirish asosida, mamlakatni ijtimoiy – iqtisodiy rivojlantirish istiqbollariga muvofiq kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtiriladi va rivojlantiriladi.
Prezidentning 2004-yildagi farmoni asosida 2004–2009-yillarda maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi qabul qilindi. Dastur doirasida yangi maktablar qurildi, boshqalari kapital ta’mirlandi; aniq va tabiiy fanlardan o‘quv laboratoriyalar zarur uskunalar bilan jihozlandi. Umumiy o‘rta, umuman, ta’limning barcha bosqichlarida yangi o‘quv dasturlari, davlat ta’lim standartlari yaratildi. Maktab darsliklari tamomila yangilandi hamda fan va amaliyot yutuqlari bilan boyitish bo‘yicha takomillashtirib borildi. Multimedia o‘quv adabiyotlari ham yaratilishi yo‘lga qo‘yildi. Respublikada 10 mingga yaqin maktablar ishlab turibdi. Ularning moddiy-texnika ta’minoti ham davlat hisobidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq umumiy o‘rta ta’limning to‘qqiz yillik etib belgilanishi munosabati bilan to‘qqiz yillik maktabni tugatgan barcha o‘quvchilar ta’lim olishni o‘rta maxsus yoki kasb hunar kollejlarida ta’lim olishni davom ettirdilar. Bu yangi ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tildi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi 1-bosqichi (1997–2001) doirasida amalga oshirildi. Shu davr mobaynida 300 ga yaqin yangi turdagi ta’lim muassasalari ochildi. Oliy o‘quv yurtlari qoshida 46 ta litsey tashkil etildi, 800 ga yaqin o‘quvchi chet ellarda ta’lim oldi, ko‘pgina o‘qituvchilar xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish maqsadida chet mamlakatlarga borib qaytdi. O‘rta maxsus ta’lim sohasida viloyatlarda, joylarda biznes maktabi, kichik va o‘rta maktab uchun kasb-hunar kurslarining ochilishi, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan
holda, yangi mutaxassislik (fermer, soliq va bojxona xodimi, audit va hokazo) lar kiritildi.Unga binoan, yurtimizda 1997-yildan boshlab hozirga qadar 1400 dan ortiq kasb-hunar kolleji, 200 ga yaqin akademik litsey bunyod etildi. Ular sohalar bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalariga ham biriktirilishi tufayli bu bosqichda o‘quv jarayoni samarali tashkil etilib, kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlanishiga e’tibor qaratilganiga qaramay, bu borada qoniqarli natijaga erishilmadi.
2017-yil umumta’lim va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimida tub islohotlar yili bo‘ldi. Xalq qabulxonalari va Prezidentning virtual qabulxonasiga tushgan taklif va mulohazalar, shuningdek, respublika maktablaridagi bitiruvchilarning ota-onalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalaridan kelib chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 9+3, ya’ni 12-yillik majburiy ta’limdan 11-yillik ta’limga qaytildi. 2017-yilning o‘zida 10-sinf o‘quvchilari uchun 9 mln. nusxa darsliklar chop etildi va 10 mingga yaqin umumta’lim maktabida 11-yillik ta’limga o‘tilgan holda o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Maktabgacha ta’lim tizimi uzluksiz ta’limning birlamchi, eng asosiy bo‘g‘inidir. Maktabgacha taʼlim, 6–7 yoshgacha oilada, bolalar bogʻchasida va boshqa taʼlim muassasalarida olib boriladi. Mutaxassislarning ilmiy xulosalariga ko‘ra, inson o‘z umri davomida oladigan barcha axborot va ma’lumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda oladi. Shu bois, bolalarning sog‘lom va bilimli, yetuk kadrlar bo‘lib voyaga yetishida bog‘cha tarbiyasi juda muhim o‘rin tutadi. Maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 30-sentabrda «Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Yangi vazirlik tizimiga Qoraqalpog‘iston maktabgacha ta’lim vazirligi, Toshkent shahri maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, viloyatlarning maktabgacha ta’lim boshqarmalari va ularning shahar va tumanlardagi bo‘limlari kiradi.
Dostları ilə paylaş: |