O`zbekiston respublikasi oliy va o`rta maxsus



Yüklə 0,93 Mb.
səhifə19/52
tarix07.01.2024
ölçüsü0,93 Mb.
#210295
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   52
sharq allomalari majmua (2)

«AL-JOMI' AS-SAHIYH». At-Termiziyning ijodiy faoliyatida yaratilgan asarlari ichida «al-Jomi' as-sahiyh» («Ishonchli to‘plam») eng asosiy o‘rinni egallaydi. Ushbu asar yuqorida qayd qilganimizdek, «al-Jomi' al-kabiyr», («Katta to‘plam»), «Sahiyh at-Termiziy», «Sunan at-Termiziy» («Termiziy sunnatlari») kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Tarixchi Ibn Xajar al-Asqaloniyning yozishicha, at-Termiziy ushbu asarini 270 hijriy (884 melodiy) yilda, ya'ni qariyb oltmish yoshlarida, ilm-fanda katta tajriba orttirib, imomlik darajasiga erishgandan keyin yozib tugatgan.
Ushbu asar qo‘lyozmalari dunyoning bir qancha shaharlarida, shuningdek, o‘zimizda, O'zbekiston Fanlar Akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda. Muhim manba sifatida «Al-Jomi' as-sahiyh» bir necha marta nashr qilingan. Bunga dalil sifatida 1283 (1866) yili Mitohda, 1292 (1875) yili Qohirada, shuningdek, 1980 yili Bayrutda nashr etilganligini ko‘rsatish kifoya. At-Termiziyning bu muhim asariga bir qator sharhlar ham yozilgan bo‘lib, ulardan ibn al-Arabiy (vafoti 543 hijriy, 1148 melodiy yili) nomi bilan mashhur bo‘lgan imom hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulla al-Ashbiliyning «Oridat al-Ahvaziy ala kitob at-Termiziy» nomli 13 juz' (qism)dan iborat sharhlarini keltirish mumkin. Ushbu sharh dastlab 1931 yidda Qohirada nashr qilingan. Imom Hofiz Abu Ali Muhammad Abdurrahmon ibn Abdurahim al-Muborakfuriy (1283-1353) qalamiga mansub yana bir sharh ham «Tuhfat ul-Ahvaziy bisharhi at-Termiziy» deb ataladi. To‘rt juz'dan iborat bo‘lgan bu asar 1979 yilda Bayrutda nashr qilingan (Hindiston nashri ham mavjud). Misrlik olim va adib Jamoliddin Abdurrahmon ibn Abu Bakr as-Suyutiyning (1445-1505) at-Termiziy asariga yozgan sharhi «Qut al-mug‘taziy ala Jomi' at-Termiziy» (undan ikki qismi nashr qilingan), deb atalgan.
Bulardan tashqari Muhammad ibn Abduqodir Abu at-Tayyib al-Madaniyning «Sharh Sunan at-Termiziy», Ahmad Muhammad Shokirning «Tahqiyq va sharh Jomi' at-Termiziy» (o‘ndan ikki qismi 1937 yidda Mustafa al-Bobiy al-Halabiy tomonidan nashr qilingan), Muhammad Yusuf al-Bannuriyning «Maorif sunan sharh sunan at-Termiziy» (uning birinchi qismi 1963 yilda Pokistonda nashr kilingan), Siroj Ahmad as-Sarhandiyning «Sharh sunan at-Termiziy» nomli forscha sharhi, shuningdek Rashib Ahmad al-Kanuhiyning «Al-kavkab ad-durriy ala at-Termiziy» (Hindistonda chop etilgan), Muhammad Anvarshoh al-Kashmiriyning ikki juz'dan iborat «Al-Urf ash-shaziy ala Jomi' at-Termiziy» (bu asar ham Hindistonda chop etilgan) va nihoyat Abul-Hasan Muhammad ibn Abdulhodiy as-Sanadiyning (u 1138 yilda vafot etgan) «Hoshiya ala sunan at-Termiziy» kabi sharhlarini ko‘rsatish mumkin.
Avval eslatib o‘tganimizdek, hijriy uchinchi asr (melodiy to‘qqizinchi asr) hadis ilmining rivojida oltin davr hisoblanadi. Dastlab bu davrda yashab ijod qilgan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim kabi allomalarning sermahsul faoliyati katta ahamiyat kasb etadi. O'z ustozlari Imom al-Buxoriy, Imom Muslim asos solgan xayrli ishni Imom at-Termiziy chuqur mas'uliyat va katta idrok bilan davom ettirdi. Hadisshunoslikning ilmiy asosda rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shib, musulmon dunyosidagi eng nufuzli muhaddislardan biri darajasiga ko‘tarildi. Abu Iso at-Termiziyning shoh asari bo‘lmish «Al-Jomi' as-sahiyh» olim mashaqqatli mehnatining mahsuli sifatida hadis ilmida katta ahamiyatga ega. Eng avvalo shuni aytish kerakki, muallif o‘z asarini alohida-alohida boblarga bo‘ladi, imkoni boricha har bir hadis roviylarini keltiradi. Har bir hadisdan keyin uning ishonchli yoki ishonchsizlik darajasini aniqlab alohida ko‘rsatadi. Oldinroq biz asarini «As-sunan» («Sunnatlar») nomi bilan («Sunan at-Termiziy») atalishini ham eslatib o‘tgandik[14]. Bu nom bilan atalishiga asosiy sabablardan biri - unda fiqh masalasiga doir ahkom hadislar juda ko‘p keltirilgan. Shular bilan bir qatorda asarda pand-nasihat, axloq-odob, go‘zal xulqu fazilatlar xususida ham juda ko‘p hadisi shariflar keltirilganki, bu darajadagi hadislar hech bir muallif asarida uchramaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tarkibiy jihatdan asar quyidagi boblarga bo‘linadi. Undan tahorat, salot (namoz), zakot, ro‘za, haj, janoza, nikoh, emizish, taloq, savdo-sotiq, qozilik ahkomlari, tovon to‘lash, me'yor, sayd, qurbonlik, nazr-nuzur, iymon, siyratlar, jihod, kiyim-kechak (libos), taomlar, ichimliklar (al-ashriba), xayr-ehson va saxovat, tabobat, farzlar, vasiyatnomalar, xayrixohlik va taqdir, xuruju fitnalar, bashoratlar, shahodatlar, zohidlar, jannat va jahannam sifatlari, ilm, izn so‘rash, odob va axloq, masallar, Qur'on fazilatlari, qiroat, tafsir, duolar, ma`noqiblar (fazilatlar), illatlar haqidagi boblar keltirilgan[15].
Mana shu boblar asarda sarlavha tarzida bo‘lingan bo‘lib, bobga doir hadislar bo‘lim mazmunini to‘la-to‘kis ifodalaydi. Ushbu bobga doir masala bo‘yicha muallif bir qancha hadislarni keltiradi, so‘ng bu masala yuzasidan boshqa ulamoyu faqihlarning fikrlarini ham batartib bayon etadi. Undan keyin rivoyat qilingan hadisning sahiyh, hasan, zaif yoki g‘aribligi darajasiga o‘z munosabatini bildiradi. Shundan so‘ng hadis roviylari, sanadlari va sanadning o‘z ichiga olgan illatlari xususida o‘z fikrini bildiradi.
Yuqorida aytilgan fikrimizga misol tariqasida Abu Iso at-Termiziyning «Al-Jomi' as-sahiyh» asarida «Tahorat» bobida «Safardagi va bir joyda muqim turgan kishi mahsisiga mash tortishi» haqida keltirilgan bir hadis xususida mufassal to‘xtalamiz.
«Bizlarga Qutayba so‘zlab berdi, unga Abu Uvona rivoyat qilgan, u Sa'yid ibn Masruqdan, u Ibrohim at-Tayamiydan, u Amir ibn Maymundan, u Abu Abdulloh al-Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan, u payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qiladilar. Rasuli akramdan mahsiga mash tortish haqida savol bilan murojaat qilganlarida, payg‘ambar alayhissalom: «Safardagi kishi uchun uch kecha-kunduz, bir joyda muqim kishi esa bir kecha-kunduz o‘z mahsisiga mash tortadi», deb javob qilganlar. Yahyo ibn Mu'iyn mash haqidagi Xuzaymadan rivoyat qilgan ushbu hadisni sahiyh (ishonchli) deydilar. Yuqorida zikri o‘tgan Abu Abdulloh al-Jadaliyning ismi esa Abu ibn Abd bo‘lib, ba'zan uni Abdurahmon ibn Abad ham deb atashar edi.
Imom Abu Iso at-Termiziy aytadilar: «Bu hadis hasan (ma'qul) va sahiyhdir». Shu bob haqida Ali, Abu Bakr, Abu Hurayra, Safvon ibn Ussol, Avf Ibn Molik, Ibn Umar va Jariyrdan rivoyat etilgan hadis bor. Bizlarga Xudod rivoyat qildi, u Abul Ahvasdan, u Osim ibn Abi an-Nujuddan, u Zar ibn Xubayshdan, u Safvon ibn Ussoddan, u aytdi: «Rasululloh sallollohu alayhi vasallam safarida birga bo‘lgan chog‘larimizda bizlarga uch kechayu uch kunduzgacha choriq - mahsilarimizni yechmaslikka buyurardilar. Faqat junub bo‘lgandagina yechib, katta va kichik tahorat singanda ham, uyqudan keyin ham yechmas edik». Abu Iso at-Termiziy aytdilar: bu hadis sahiyh va hasandir. Al-Hakam ibn Utayba va Hammod Ibrohim an-Naxayidan, u Abu Abdulloh al-Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan rivoyat qilgan hadis sahiyh emas. Ali ibn al-Madiyniy xabar beradi: «Menga Yahyo Ibn Sa'yid aytdi, unga Shu'ba shunday degan: Ibrohim an-Naxayi «Mash» haqidagi hadisni Abu Abdulloh al-Jadaliydan hech qachon eshitmagan. Zaida Mansurdan eshitganiga tayanib shunday deydi: «Biz Ibrohim at-Tayamiyning hujrasida o‘tirgan edik, bizlar bilan birga Ibrohim an-Naxayi ham bor edi. Shunda Ibrohim at-Tayamiy bizlarga hadis rivoyat qildi, u Amr ibn Maymundan, u Abu Abdulloh al-Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan, u payg‘ambar alayhissalomdan «Mahsi - choriqqa mash tortish» haqidagi hadis edi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy: «Ushbu bobdagi eng ma'qul hadis Safvon ibn Ussol tomonidan rivoyat etilgan hadisdir», deydilar.
Abu Iso at-Termiziy aytadilar: Mash bobidagi bu so‘z payg‘ambar alayhissalomning aksari sahobai ulamolari va tobe'inlari hamda ulardan so‘ng o‘tgan Sufyon, Ibn al-Muborak, ash-Shofi'iy, Ahmad va Ishoq kabi fuqaholarning so‘zlaridir. Ular: «Bir joyda muqim turgan kishi bir kecha-kunduz, safardagi kishi esa uch kecha-kunduzgacha mash tortadi», deydilar. Ba'zi bir ahli ilmlardan rivoyat qilishlaricha, ular mahs - choriqqa mash tortishda muddatni belgilamaydilar. Bu Molik ibn Anasning so‘zidir. (Ammo) Abu Iso at-Termiziy aytganlar: «(Mash tortishda) vaqt (muddat) belgilash va unga rioya qilish to‘g‘ridir». Darhaqiqat, ushbu hadis (avval zikr qilinganidek) Safron ibn Ussoldan rivoyat qilingan edi.
Muallif roviylarning fikr-mulohazalari, payg‘ambar alayhissalomga yaqin bo‘lgan sahobalar va boshqa ulamolar fikriga tayanib hadis haqidagi fikrlarini bayon etadi. Asarga kiritilgan bir necha ming hadisni shunday tadqiq qilish muallifdan tinimsiz mehnat, sabr-toqat, irodani talab qilganligini tasavvur qilish qiyin emas.
Chunonchi, at-Termiziy kitoblarida bu xildagi hadislarning birmuncha ko‘pligi uning benazir izlanishlaridan dalolatdir. Ushbu asar haqida muallifning o‘zi ham: «Al-Jomi'»ni yozib tugatib Hijoz, Iroq va Xuroson olimlariga ko‘rsatganimda, ular uni mamnunlik bilan bir ovozdan ma'qul topdilar. Rostdan ham kimning xonadonida bu kitob bo‘lsa, go‘yoki bu uyda payg‘ambar alayhissalomning o‘zlari so‘zlayotgandek, - deb yozadi.
Mashhur olim Toshko‘briyzoda Imom at-Termiziy faoliyatiga yuqori baho berib shunday yozadi: «Imom at-Termiziyning hadis ilmi sohasida ko‘plab tasnifotlari bor. Ul zotning «As-Sahiyh» asari ushbu kitoblarning eng yaxshisi va g‘oyat foydalisidir. Bu kitobda «sahiyh», «hasan», «g‘ariyb» kabi turli xildagi hadislar bayon etiladi. Kitobning «Kitob al-ilal» qismi illatli hadislarga bag‘ishlangan holda foydali mulohazalarni o‘z ichiga olgan. Ushbu asarni mutoala qilgan har bir kishi uning noyob durdonalaridan bebahra qolmaydi».
At-Termiziy zamonidagi olimlar uning hadis ilmidagi xizmatlarini yuksak baholaganlar. Hadis imomlaridan biri Abdurahmon ibn Muhammad al-Idrisiy «at-Termiziy hadis ilmida iqtido qilinadigan imomlardan biridir», deb yozsa, Taqiuddin ibn Taymiya «Abu Iso at-Termiziy birinchi bo‘lib hadislarni sahiyh, hasan, zaifga taqsim qilgan olimdir», deb guvohlik beradi. Hofiz ibn Rajab o‘zining «Sharh ilal al-Jom'» nomli kitobida «bilgilki, Imom at-Termiziy birinchilardan bo‘lib o‘z kitoblarida hadisni sahiyh, hasan va g‘ariybga bo‘lganlar», deb allomaning hadis ilmidagi xizmatlarini alohida ta'kidlaydi. At-Termiziy asarining barchaga - keng ommaga foydasi haqida al-Hofiz Abul-Fazl Muhammad ibn Tohir al-Muqaddasiy (u 507-hijriy - 1113 melodiy yilda vafot etgan) «men uchun Imom at-Termiziyning «al-Jomi'» tasnifi Imom al-Buxoriy va Imom Muslim ibn al-Hajjoj asarlaridan ko‘ra ham foydaliroqdir. Chunonchi al-Buxoriy va Muslimning kitoblaridan ko‘pincha faqat o‘qimishli, ziyoli kishilargina foydalanadi. Ammo Abu Iso at-Termiziyning asaridan esa har bir istagan kishi bemalol foydalana oladi», - deb yozgan edi. Shu narsani alohida qayd etish zarurki, Imom at-Termiziyning ushbu asarida hadis ilmining turli masalalari kabi roviylar masalasiga ham alohida e'tibor berilgan. Bu jihatdan mazkur asar muallifning boshqa asarlaridan tubdan farq qiladi.
Imom at-Termiziy asarining ushbu foydali tomonlari xususida al-Hokim an-Naysoburiy «al-Madxal ilo ma'rifat kitob al-iqliyl», al-Muqaddasiy «Shurut al-aimmat as-sitta» kabi asarlarida alohida ta'kidlab o‘tgan. Shu bilan birga hadis ilmining istilohlarini yaratishda ham Imom at-Termiziyning hissasi katta. Hadis ilmiga doir istilohlarni o‘rganishda asosiy manbalar hisoblangan «U'lum al-hadiys» («Hadis ilmlari») kitoblarida uchraydigan barcha istilohlar «al-Jomi'» asarida keng ko‘lamda keltirilgan. At-Termiziy uslubiga taqlid qilib asar yaratgan mualliflardan Imom ad-Doruqutniyni (995 yilda vafot etgan) ko‘rsatish mumkin. U o‘zining ulkan asari «as-Sunan»ni yaratishda hadislarni turli toifalarga ajratib, ularni sahiyh, hasan va zaif darajalarda keltiradi. Shuningdek, Imom Abdulazim al-Munziriy (1258 yidda vafot etgan) ham «At-Targ‘iyb vat-tarhiyb»da Imom at-Termiziy uslubidan yurib har bir hadis haqida alohida fikr yuritadi. Imom at-Termiziy haqida alloma al-Idrisiy «al-Jomi'», «Tarixlar», «al-Ilal» kabi buyuk asarlar tasnif etdi. Hifzda (yodlashda) u haqida masallar keltiradilar». Muarrix Ibn al-Asir uning haqida: «Hadis ilmida iqtido qilinadigan buyuk olimlardan biri, u eng buyuk hofizlardan ham sanaladi», deb yozgan.
Imom at-Termiziy o‘z ustozi va safdoshi Imom al-Buxoriy suhbatida bo‘lganda u at-Termiziyga «Men sendan ko‘rgan foyda sen mendan ko‘rgan foydadan ko‘proq», deb uning bilimi va aql-idrokiga yuksak baho bergan. Mana shu keltirilgan fikr-mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, Imom at-Termiziy hadis ilmining ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan buyuk alloma bo‘lgan. Shu bilan bir qatorda Imom at-Termiziy faoliyatiga bir qadar ta'na bilan qaragan olimlar ham bo‘lgan. Uni sahiyh va hasan hadislar darajasi (rutbasi)ni aniqlashda biroz ko‘ngli bo‘sh, iltifotli bo‘lgan. Bu shundan iboratki, ba'zi bir sahiyh yoki hasan hadislar ushbu darajaga loyiq bo‘lmasa ham ularni sahiyh va hasan deb qabul qilgan deyiladi. Mana shunday at-Termiziyga ta'na bildirganlardan biri tarixchi Shamsuddin az-Zahabiy bo‘lib, u o‘z asari «Miyzon al-e'tidol»da bu e'tirozini bildirgan. Lekin Imom at-Termiziy ijodini chuqur o‘rgangan qator tadqiqotchilar az-Zahabiy e'tirozlari aksar holda asossiz ekanligini ilmiy, asosli xulosalar bilan isbotlagan.
Ayni vaqtda Imom at-Termiziyning o‘zi ham ushbu asarni yozib tugatgach, o‘z davrining yetuk olimlari hukmiga havola etgan va ular muhokamasidan o‘tkazgan. Bu haqda alloma shunday hikoya qiladi: «Ushbu asarimni tasnif etib bo‘lgach, al-Hijoz ulamolariga taqdim etdim, ular ma'qulladilar, keyin Iroq ulamolariga ko‘rsatdim, ular ham ma'qulladilar, so‘ng Xuroson ulamolariga ko‘rsatganimda, ular ham ma'qul topdilar».
Hadis ilmi bilan shug‘ullangan muhaddislar hadislarni boblarga bo‘lish (tabviyb)ga, tarojum va unvonlar (anoviyn)ga alohida e'tibor berganlar. Bu masalalar muallifdan yuksak salohiyatni talab qiladi. Boblarga bo‘lish masalasi yaxshi hal bo‘lgan asarlarning, bir tomondan, ilmiy ahamiyati katta bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu zayldagi asarlar ulkan amaliy ahamiyatga ham molikdir. Chunonchi, undan foydalanuvchi har bir kishi istagan masala bo‘yicha kerakli ma'lumotga ega bo‘lishi mumkin. Mana shu tarzdagi ilmiy-amaliy ahamiyatga molik olti kitob eng ishonchli manba hisoblanadi. Ular olti kitob (kutub sitta) yoki olti sahiyh kitoblar (as-sihoh as-sitta) nomli bilan ataladi: al-Buxoriyning «Sahiyh», Muslim ibn Hajjojning «Sahiyh», at-Termiziyning «al-Jomi'», Abu Dovudning «as-Sunan», an-Nasoiyning «al-Mujtabo» yoki «as-Sunan» va Ibn Moja al-Qazviniyning «as-Sunan» asarlari.
Imom at-Termiziy hadislarni boblarga bulish (tabviyb)da ikki xil uslubga tayandi. Birinchi uslub: Bir mavzuga, masalan, tahorat, zakot, nikohga oid turli-tuman masalalar va boblarni o‘zida mujassam qilgan hadislarni umumiy bir unvon (sarlavha) ostida keltiradi... Masalan: Abvob at-tahorati a'n Rasululloh (Rasululloh aytganlaridan tahoratga oid boblar), Abvob az-zakot a'n Rasululloh («Rasululloh aytganlaridan zakotga oid boblar») va hokazo. Ikkinchi uslub: Muayyan masalaga oid bir yoki bir necha hadislarni muallif dalolat uchun maxsus unvon (sarlavha) va bobda keltiradi. Bunday hollarda at-Termiziy ushbu bob mazmuniga oid bosh so‘zga tayanib yozadi. Masalan: «Bob mo joa fis-sivok» («Misvok (tish tozalovchi) xususida kelgan hadis...»).
Imom at-Termiziy hadislar mavzu bayonida bob (ko‘pligi abvob) iborasini qo‘llagan bo‘lsa, ayni shu maqsadda Imom al-Buxoriy esa «kitob» lafzini ishlatgan. At-Termiziy muqarrar ravishda har safar bob (abvob)dan keyin «Rasululloh sallallohu alayhi vasallam» iborasini qo‘shib keltiradi. Bu o‘rinda har bir bob tarjimasida Imom at-Termiziy qo‘llagan tariqa (yo‘l, uslub)ni bilish alohida ahamiyat kasb etishini ta'kidlash zarur, chunki mana shu tarojumlar oxir-oqibatda muallifning jiddi-jahdi, uning iqtidori va qolaversa fiqhiy chuqur bilimini ham ifodalaydi. Mana shu masalani muayyan darajada o‘rganish Imom at-Termiziy tarojumlarini uch turga bo‘lishni taqozo etadi:
Birinchidan, tarojuming zohiriy tariqasini, bu uning mazmunidan ochiq oydin anglashilib u haqda hech bir fikrlash va mulohazaga ehtiyoj bo‘lmaydi.
Ikkinchidan, istinbotiy (tadqiq qilib o‘rganiladigan) tarojumlarki, ularning muayyan darajada (chuqur yoki bir qadar yuzaki) bahs va tafakkur vositasida o‘sha bob mazmuniga mosligi idrok etiladi. Uchinchidan, mursaliy (bo‘sh, ochiq) qoldirilgan tarojumlar bo‘lib, unda hadisning mazmuniga ishorat qiladigan unvon (sarlavha) bo‘lmay faqat «bob» iborasi bilan chegaralanadi. Mana shu uch tariyqa (yo‘l, uslub) tarojumlar Imom at-Termiziyning «al-Jomi'», shuningdek, Imom al-Buxoriyning «Sahiyh al-Buxoriy» asarida ham mavjuddirki[29], bu taqsimlash uslubi tarojumlarni chuqur tadqiq etishda katta ahamiyat kasb etadi.
Eng avvalo zohiriy tarojumlar (at-tarojum az-zohira) haqida gapiradigan bo‘lsak, bu xildagi tarojumlar at-Termiziyning asarida aksar hollarda uchrab, hatto uning asari, ba'zi mualliflar alohida ta'kidlaganlaridek], bu yo‘nalishdagi eng qulay asarlardan sanalgan. Chunonchi, at-Termiziy asari bilan tanishgan har bir ilm tolibi bu holni osonlikcha fahmlaydi. Muallifning «mo joa» (taalluqli, doir) yoki ko‘p hollarda «bobun mo joa fi kazo» («falon masalaga doir bob») deb alohida ta'kidlashi mazkur tarojumning mazmun-mohiyatini aniq ko‘rsatadi. Ushbu ibora Imom al-Buxoriy faoliyatida ham, garchand kam hollarda bo‘lsa-da, kuzatiladi.
Imom at-Termiziy faoliyatida ko‘p uchraydigan ushbu xildagi tarojumlar muayyan maqsadlarga qaratilgan va ma'lum ma'nolarni anglatadi. Ushbu masalada Imom at-Termiziy maslaklarini Imom al-Buxoriy maslaklari bilan muqoyasa qilishlikning ilmiy ahamiyati borligining guvohi bo‘lamiz.
Imom al-Buxoriy va Imom at-Termiziy asarlari zohiriy tarojumlarning qator maslaklarida bir-biriga mushtarak ekanligini ko‘ramiz. Bu hol quyidagi masalalarda ayon bo‘ladi:
1. Umumiy xabariy (hikoyat) siyg‘aga ega tarojum bo‘lib, bunda tarojum, bobning mazmunini umumiy bir xabar, extimollik holatiga ishorat qilib so‘ngra bobda keltirilgan hadis orqaligina asil maqsad ayon bo‘ladi. Bu hol avvalroq qayd qilganimizdek, Imom at-Termiziyda ko‘p uchrab, Imom al-Buxoriyda kamroq keltiriladi.
At-Termiziyning «Al-Jomi'» asaridan bir misol keltiramiz. Asarda muallif «Bobun mo joa fis-sivok» (Sivok) tishkovlagich, misvok xususidagi bobga doir «Agarki ummatimga qiyin bo‘lmaganda edi har bir namozdan oldin misvok bilan tishlarini tozalashni buyurardim», degan hadis bilan tasdiqlaydi-ki, bu bilan asl murod-maqsadini aniq bayon qiladi. Yoki bo‘lmasa kiyim haqidagi boblarda «Bobun mo joa fil-hariyr vaz-zahab» («shoyi va tillo xususidagi bob»)ga doir Abu Muso al-Ash'ariyning rivoyati asosida Rasulullohning «Shoyi (hariyr) va tillo buyumlarni kiyishni ummatimning erkaklariga harom va ayollariga halol qilganligini» hadisga tayanib ta'kidlaydi.
2. Xos (maxsus) xabariy (hikoyat) siyg‘aga ega tarojum bo‘lib, bundagi bob masalani aniq ifoda qiladi.
Bunga misol tariqasida Imom at-Termiziy asaridan salot (namoz) haqidagi hadislarni keltirish mumkin.
3. Savol tarzidagi siyg‘aga ega tarojum (at-tarojuma bi-siyg‘atil-istifhom) - bu shunday holatki, bunda bob tarojumasi savol (istifhom) tarzidagi iboralardan tashkil topadi. Bu maslak Imom al-Buxoriy ijodida ko‘proq va daqiyq uslubda qo‘llanilgan, Imom at-Termiziyda esa nisbatan kam hollarda uchraydi. Ulamolarning fikricha, bu tarzdagi tarojumlar asosan ixtilofli va bahsli masalalarga doir bo‘lib, masalan, Imom at-Termiziy o‘z asarida keltirgan (namoz paytida nuhud (sajdadan turish) qanday bo‘lishi kerak haqidagi bobga doir» ni ko‘rsatish mumkin. Turli mazhablar (masalan, shofe'iylar va hanafiylar) o‘rtasida ushbu masalada muayyan ixtilof bo‘lib, bu haqda muallif ham o‘z asarida ko‘rsatib o‘tgan.
4. Bob hadisdan iqtibos etib olingan tarojum yoki to‘lig‘icha hadisning so‘zlari bobda kelgan tarojumda qisman yoki to‘lig‘icha rivoyat qilinadi. Bu fikrni Imom at-Termiziy odob haqida keltirgan bir hadisda yaqqol ko‘rishimiz mumkin. «Olloh atsni (aks urmoqni) xushlab, esnashni yoqtirmasligiga doir bob»da ushbu hadisni ixroj etadi. «Darhaqiqat, Olloh aksirishni xush ko‘rib, esnashni yomon (karohatli) ko‘radi. Shu tufayli agar biror kishi aks, ursa alhamdullilohi, deydi va uning bu so‘zini eshitgan har bir kishi «Senga Ollohning rahmati yog‘ilsin» (yarhamuka Olloh) va hokazo deydi». Mana shu misoldan yaqqol ko‘rinib turibdiki, ixroj qilinayotgan hadisdan bir qismi tarojumda keltirilgan. Ayni shu holni Imom al-Buxoriyning asarida ham uchratamiz. Masalan, tib (tabobat) haqida «dardini bergan Olloh uning shifosini ham o‘zi beradi bobidagi» hadisning so‘zi aynan shu bobda ham ixroj qilingan.
5. Amrli masalaning boshlanishi va biror ishning paydo (zohir) bo‘lishi haqida ogoh etuvchi tarojumlar. Imom at-Termiziy, shuningdek, al-Buxoriy biror ishning boshlanishidan darak beruvchi tarojumlarni keltiradi. Masalan, Imom at-Termiziy salot (namoz) haqida «Azonning boshlanishiga doir bob». Mana shu mavzuning qay tariqa boshlanishi haqidagi to‘liq ma'lumotlarni o‘z ichiga qamraydi. Shu sababli ular shariatning tarixiga doir ko‘plab ma'lumotlarga ega bo‘lganligidan ulamolar, ilm toliblari va tadqiqotchilar uchun g‘oyatda qimmatlidir. Ayni vaqtda shuni ham qayd etish kerakki, turli mazhablarga mansub ulamolar o‘rtasidagi ixtilofli masalalar bo‘yicha, xususan fiqhiy masalalarda Imom at-Termiziy o‘z asarlarida alohida hadislarni dalillar vositasida boblar bilan keltirgan hollari ko‘p uchraydi.
Arab tilida istinbotiy tarojumlar deb nomlanadigan boblarda mualliflar o‘z kitoblariga kiritilgan masalalarga ularning mazmun va mavzularidan kelib chiqqan holda unvon (sarlavha)lar qo‘yadilar. Bu holda sarlavha o‘sha bobning mazmuniga ochiq-oydin mos bo‘ladi. Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad kitob muallifi muayyan bobda mavjud hadislar bevosita yetisha olmagan natijaga erishishdir. Shu bois ham muallif o‘z fikr-mulohazasi yordamidagina ushbu maqsadga erishadi. Bu uslub Imom al-Buxoriy kitobida ko‘p qo‘llanilgan bo‘lsa, Imom at-Termiziyda nisbatan kamroq qo‘llanilgan.
Ayni vaqtda bu ikkala buyuk muhaddis ijodiyotida istinbotiy tarojumlarda mushtarak yo‘l-yo‘riqlar (maslaklar) mujassam bo‘lganligining ham guvohi bo‘lamiz. «Mursaliy tarojumlar» deb atalgan boblarda esa tarojumlar rivoyat etilgan bo‘lsa-da, to‘lig‘icha zikr qilinmaydi va uning unvoni «bob» degan so‘z bilan chegaralanadi. Imom at-Termiziy «al-Jomi'» asarida bu xildagi tarojumlar ikki so‘z (ibora)da - «bob» va bob minhu (undan bob) bilan keltiriladi. Imom al-Buxoriy esa faqat bir siyg‘a (ya'ni bob)ni qo‘llash bilan chegaralangan.
Yuqoridagi fikr-mulohazalardan quyidagi xulosaga kelish mumkin:
- Imom al-Buxoriy uslubiga ergashgan holda Imom at-Termiziy ham o‘z kitobini avval boblarga bo‘lgan holda tartib berib, so‘ngra tarojumlarni al-Buxoriy oldin qo‘llagan uslub va maslaklarga tayanib ta'lif etdi;
- Imom at-Termiziy o‘z ustozi Imom al-Buxoriydan g‘oyatda ta'sirlangan holda uning ijodidan o‘z «al-Jomi'» asari tasnifida foydalandi;
- Imom at-Termiziy asarida keltirilgan tarojumlarni idrok etish osonroq bo‘lib, Imom al-Buxoriy asarida mukammal istinbot (chuqur tadqiq etish) ustunligi ko‘zga tashlanadi;
- Imom al-Buxoriyning Abu Iso at-Termiziydan yana bir ustunligi tarojumlar yo‘l-yo‘riq (masolik)larining xilma-xilligi, ularda ko‘p ilmiy va boshqa foydali jihatlarining aks etishidir;
- Imom at-Termiziy tarojumlarga mazkur bob mazmuniga dalil sifatida qaraydi, ammo Imom al-Buxoriy esa ularga (tarojumlarga) o‘z fiqhi va ilmini ham ifoda etadi.
Imom at-Termiziy illatli hadislarga bag‘ishlab ikki asar yaratgan bo‘lib, ular «Al-Ilal as-sag‘iyr» va «Al-Ilal al-kabiyr yoki al-mufrad» nomi bilan ataladi. «Al-Ilal as-sag‘iyr» asarini Imom at-Termiziy «al-Jomi'»ning xotimasi sifatida yaratgan. «Al-Ilal al-kabiyr yoki mufrad» esa alohida mustaqil asar bo‘lib, unda birinchi asariga kirmagan illatli hadislar keltirilgan.
«AL-ILAL FI-L-HADIYS» ASARI. Imom at-Termiziyning bizgacha yetib kelgan «Al-ilal fil-hadiys» («Hadislardagi illatlar yoki nuqsonlar») nomli muhim asari ikki mustaqil asardan tashkil topgan. Ulardan biri «Al-ilal al-kabiyr» yoki «Al-mufrad» nomi bilan atalgan asari bizgacha yetib kelmagan, degan taxmin bor. Garchand aksar tadqiqotchilar ham shunday fikrda bo‘lsalar-da, Imom at-Termiziyning hayoti va faoliyatiga doir maxsus risola yozgan olim Nuriddin Atar (ushbu risolaning Bayrutda 1988 yilda chop etilgan ikkinchi nashrida) Turkiyaning qimmatli qo‘lyozmalarga boy kutubxonalaridan birida at-Termiziyning «Al-ilal al-kabiyr» asarining yagona qo‘lyozmasini ko‘rgani va undan fotonusxa olib o‘z tadqiqotining ushbu qayta nashrida foydalangani haqida yozadi[55]. Uning yozishicha, at-Termiziy «Al-ilal al-kabiyr»ni ta'lif etgan paytda uni boblarga bo‘lmagan holda yozgan. Ammo keyinchalik bu ajoyib kitob olim Abu al-Valid al-Qoziy tomonidan tartibga keltirilib boblarga ajratilgan va kitob oxirida mustaqil bir bob, hadis rijjol (roviy)lari haqidagi fikr mulohazalar bayon etilgan.
«Al-ilal»ning ikkinchisi «Al-ilal as-sag‘iyr» deb ataladi. U muallifning bosh asari «Al-Jomi' as-sahiyih»ga bevosita aloqador bo‘lganligi sababli xotima tariqasida ushbu asarning oxirida keltirilgan. Umuman olganda, arabcha «ilal» so‘zi «illat»ning ko‘pligi bo‘lib, o‘zbekcha kasal, betob, xasta, noqis, illatli, og‘ish kabi lug‘aviy ma'nolarni anglatadi. Kezi kelganda shuni ta'kidlash kerakki, hadis ilmida ilal masalasi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, turli sabablarga ko‘ra roviylar tomonidan yo‘l qo‘yilgan zaiflik, noaniqlik, g‘alat, xato, sahvu kabi yanglishlar tadqiq etiladi. Ko‘pgina muhaddislarning hadislarga bu jihatdan ham katta e'tibor berib, asarlar yaratgani bu ilmning islom ta'limotida g‘oyatda foydali va muhim ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi. Illatli hadislar xususida Imom al-Buxoriyning ustozi Ali ibn Abdulloh al-Madiyniy, Imom Ahmad ibn Hanbal, Imom al-Buxoriy, Imom Muslim, Imom at-Termiziy, Abu Hotam va boshqalar asarlar yozganlar. Mana shu buyuk muhaddislar orasida ham Imom at-Termiziyning ilal to‘g‘risidagi asarlari hadislarning siqasi (to‘g‘riligi, aniqligi)ni tekshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Imom at-Termiziyning o‘zlari «Ilal» masalasi xususida: «Bu (ilal) masalada uzoq vakt fikr-mulohaza yuritdim, buning boisi shundaki, bizdan shu xususda so‘ralganda, oldin o‘z nuqtai nazarimizni ochiq-oydin aytmadik. Sababi, bizdan avval ilal masalasi xususida so‘ralgan bir qancha ulamolar ham o‘z fikrlarini bildirmaganlar, shuningdek, ba'zi muhaddislar o‘rtalarida hadisda siqa (ishonchli) bo‘lgan roviylarning xato, yanglish va kamchiliklarini aytish g‘iybat bo‘ladi, degan ulamolar ham bor edi. So‘ng bir qancha mashhur muhaddislar, xususan, ustoz Imom al-Buxoriy bilan bir necha yillik muloqotda bo‘lganimdan keyin hamda mazkur fikrga aloqador rivoyatlarni eshitgandan keyin ilal masalasini oshkora qilishga jazm qildim. Na Iroqda, na Xurosonda ilal, tarix va isnodlar sohasida Imom Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydan ko‘ra bilimdonroq biror olimni ko‘rmadim», deb ta'kidlaydilar.
“Ash-Shamoil an-Nabaviya” asari payg`ambar Muhammad alayhissalomning shaxsiy hayotlari, suvrat va siyratlari, odatlari haqidagi 408 hadisni o`z ichiga olgan muhim manbadir. Abu Iso at-Termiziyning boshqa bir yirik asari «Ash-shamoil an-nabaviyya» («Payg‘ambarning alohida fazilatlari») deb ataladi. Bu asar ba'zi manbalarda «Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sallollohu alayhi vassallam», «Ash-shamoil al-Muhammadiya» nomlari bilan ham keltirilgan. Asar payg‘ambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u zotning suvrat va siyratlari, ajoyib fazilat va odatlariga oid to‘rt yuzu sakkiz hadisi sharifni o‘ziga jamlagan qimmatli manbadir. Bu o‘rinda shuni ta'kidlash kerakki, ushbu mavzu ya'ni payg‘ambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni to‘plash bilan juda ko‘p olimlar, muhaddislar shug‘ullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan o‘rin olgan. Lekin at-Termiziy asarining boshqalardan afzalligi va farqi shundaki, muallif imkoni boricha payg‘ambar alayhissalom fazilatlariga doir barcha hadislarni muntazam ravishda to‘plab, mantiqan izchil bir holatda tartibga keltirgan va o‘ziga xos mustaqil, yaxlit kitob shaklida tasnif qilgan. «Ash-shamoil an-nabaviyya» azaldan islomshunos olimlar va tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga jalb qilib keladi.
Arab tilida bitilgan ushbu asarga bir qancha sharxlar va hoshiyalar ham yozilgan. Ulardan Abdurauf al-Munoviy al-Misriyning (vafoti 1003 hijriy yili) «Sharh ush-shamoil», Ali ibn Sulton al-Haraviy al-Qoriyning (vafoti 1192 hijriy yili) «Jam' ul-vasoil fi sharhi ash-Shamoil», Sulaymon ibn Umar ibn Mansur al-Jumalning «Al-Mavohib al-Muhammadiyya bisharh ash-shamoil at-Termiziyya» kabilarni keltirish mumkin. Bu asarning bir qo‘lyozmasi Qohiradagi al-Azhar kutubxonasida 144 hadis ilmi raqami ostida saqlanmoqda, Muhammad ibn Jasus al-Molikiyning (vafoti 1182 hijriy yili) «Al-Favoid al-jaliyla al-bahiyya ala «Ash-shamoil al-Muhammadiyya (bu asar 1927 yilda nashr qilingan) va nihoyat al-Azhar universitetining sobiq shayxi Ibrohim al-Bojuriyning (vafoti 1277 hijriy yili) «al-Mavohib al-Laduniyya ala ash-shamoil at-Termiziyya» kabi sharhlarini ko‘rsatish mumkin.
Kezi kelganda shuni ham ta'kidlash kerakki, asar tili oddiy va ravonligi, soddaligi bilan ham ajralib turadi. Muhim tarixiy manba sifatida «Ash-shamoil an-nabaviyya» fors va turk tillariga ham tarjima qilingan. 1248 hijriy yili Hisomiddin an-Naqshbandiy tomonidan turkiy tilga qilingan tarjimasi arab tilini bilmaydigan turkiy xalqlar uchun g‘oyatda foydali qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi. At-Termiziyning ushbu asariga sharh yozgan shayx ibrohim al-Bojuriy: «Imom at-Termiziyning «Ash-shamoil an-nabaviyya» kitoblari o‘z bobida yakkayu yagona asardir. Uning ovozasi Mag‘ribu Mashriqqa borib yetdi», - deb ta'kidlaydi. Mashhur olim Ali ibn Sulton al-Haraviy al-Qoriy o‘zining yuqorida zikr qilingan «Jam' al-vasoil fi sharh ash-Shamoil» nomli sharhida at-Termiziyning ushbu asari xususida shunday deb yozadi: «Rasululloh sallollohu alayhi vassallamning fazilatlari, axloqlari haqida tasnif etilgan musannafotlarning eng chiroyli va yaxshisi bu Imom at-Termiziyning payg‘ambar siyratlari haqidagi mukammal va muxtasar kitoblaridir. Bu kitobni mutolaa qilgan har kishi janob payg‘ambarni ko‘rganday va ul zotning har bobidagi mahosini shariflaridan bahramand bo‘lganga o‘xshaydi». Oldinroq eslatib o‘tganimizdek, asarning Saudiya Arabistonida istiqomat qilgan vatandoshimiz Sayyid Maxmud Taroziy tomonidan ona tilimizga qilingan muxtasar tarjimasi 1990 yili Imom at-Termiziyning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan Toshkentda qaytadan nashr qilindiki, bu hol buyuk muhaddisning qimmatli asarini o‘rganishda katta ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.
«Ash-shamoil an-nabaviyya»ning tuzilishi va tarkibi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu muxtasar asar ellik olti bobga bo‘linib u «bobun joa fi xalqi Rasululloh sallollohu alayhi vassallam», ya'ni «Rasululloh sallollohu alayhi vassallamning jismi karimlari haqida rivoyat qilingan hadis shariflar bobi» dan tashkil topgan. Umuman olganda, mazmun-mohiyatiga ko‘ra asarni ikki asosiy qismga bo‘lish mumkin. Birinchi qismga mansub hadislar payg‘ambar alayhissalomning suvrat (tashqi qiyofa)lariga bag‘ishlangan. Bularga ko‘ra payg‘ambarimiz novcha ham, pakana ham bo‘lmay, balki o‘rta bo‘ili, yag‘rindor, qo‘llari bo‘lali, go‘shtdor va doimo jun bilan qoplangan, kaftlari bo‘liq, qirg‘iyburun, peshonalari keng, ko‘zlari katta-katta bir zot bo‘lgan.
Asarning ikkinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar esa payg‘ambar alayhissalomning siyratlari - ichki dunyosi va axloqiy fazilatlarini bayon qiladi. Bu hadislar bilan tanishar ekanmiz, Muhammad alayhissalom axloqiy jihatlardan namunaviy, mukammal bir siymo ekanligini, muomalada u zotning kattayu kichik, ayol erkak, boy-kambag‘allar bilan o‘zini bir xil muomalada tutishlarini, ro‘zg‘or va oila yumushlarida o‘z ayollariga astoydil ko‘maklashib yordam berishlarini, basharti biror gunoh qilib qo‘ygan kishi uzr so‘rasa, uning gunohlarini kechirganlarini, yo‘lda uchragan barcha kishilarga birinchi bo‘lib salom berib, samimiy hol-ahvol so‘rashlarini bilib olamiz.
«Ash-shamoil an-nabaviyya»ning XVI asrga oid qo‘lyozmasi Toshkentda, O'zbekiston musulmonlari diniy idorasi kutubxonasida saqlanmoqda. 1980 yilda Toshkentda mazkur diniy boshqarma buyurtmasi bilan «Ash-shamoil an-nabaviyya»ning ushbu qo‘lyozmasi ofset tariqasida nashr etilgan bo‘lib, undagi qisqacha so‘zboshi O'rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi hay'atining sobiq raisi, marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari tomonidan yozilgan. Bundan tashqari «Ash-shamoil an-nabaviyya»ning ayrim qo‘lyozmalari O'zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda.



Yüklə 0,93 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin