Analitik kimyo fani tarixini oʻrganishda ushbu fan sohasida ishlagan barcha xalqlar olimlarining ishlari koʻrish mumkin. Shu yoʻnalishdagi yurtdoshlarimizning va umuman, Osiyo va Oʻrta Osiyo mutafakkir olimlarining analitik kimyoga oid ishlarini aʻloxida takidlash oʻrinli.
Jobir ibn Xayyan, Abu Rayxon Muhammad ibn Axmad al-Beruniy, Abu ar-Raxmon Xaziniy, Abu Ali ibn Sino, ar-Roziy, Abu Abdullo Muhammad ibn Yusuf Kotibiy Xorazmiy, Abdulhakim ibn Abdumalik al-Kosiy kabi Osiyolik va koʻplab yurtdoshlarimizning kimyo va analitik kimyoga qoʻshgan ulkan hissa laridan toʻlqinlanib gʻururlansak arziydi. ayniqsa, XX asr analitik kimyosi tarixiga nazar solsak, oʻzbek olimlarining analitik kimyo sohasidagi ishlari jaxon ommaviy ilmiy axborotnomalari, ilmiy nashrlarida yoritilmaganligiga, bajarilgan ilmiy kashfiyotlar, amaliy ishlar umumiy nom bilan sovet olimlarining yutuqlari tarzida yoritilgan, ifoda etilganligini, kuzatish mumkin. Vaholanki, bu davrga kelib yurtimizda maqtovga arzigulik ilmiy yoʻnalishlar, maktablar shakllanganki bu bilan biz yangi avlod vakillari haqli ravishda faxrlanishimiz munkin.
Bu sohada chet el olimlarining baʻzi ishlarini keltirib oʻtish maqsadga muvofiqdir.
1957-yilda Moskva davlat universitetida M.G. Syurupa tomonidan “XIX asrning 60-yillarigacha Rossiyada anorganik analizning asosiy rivojlanish bosqichlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Unda analitik kimyoning rivojlanishi, jumladan, texnik analiz kimyoning nazariy asoslari bilan qoʻshib asoslangan.
Termokimyoning asoschisi G.I. Gess va buyuk D.I. Mendeleyev ishlarining analitik kimyo rivojiga ta’siri va “Mendeleyev D.I. va analitik kimyo” kabi muhim muammolarni koʻtarib isbotlagan ilmiy ishlar ham katta ahamiyatga egadir.
Undan keyin 1974-yilda T.I. Lisning “Miqdoriy analizning klassik usullari tarixi” ga oid ishida faktografiya bilan chegaralanib qolmasdan gravimetrik va titrimetrik analizning rivojlanish tarixiga katta eʻtibor berilgan. Kimyoviy atomistika yaratilishi va unda stexiometrik qonunlarning amal qilish tartibini oʻrnatishda miqdoriy tajribalarning hal qiluvchi oʻrnini asoslab koʻrsatadi. Bunda u asosiy eʻtiborini analizda yuqori aniqlikka erishishga qaratib, aniqlik oraligʻi va unga erishish yoʻllariga eʻtibor berdi.
Lekin qayd etilgan ishlar analitik kimyo tarixi mutaxassislarining faqat maʻlum qismigagina tanish boʻlib, umumiy holda yaxlit monografiya yoki oʻquv qoʻllanmasi sifatida tanilmadi.
A.X. Batalinning “Analitik kimyo va uning rivojlanish yoʻllari" ga bagʻishlangan kam sonda bosilgan qoʻllanmasi ham keng koʻlam ololmadi.
Shu bilan bir vaqtda chet el olimlarining ham bir qancha analitik kimyo tarixiga oid fundamental ishlari tayyorlandi. Bunga E. Ranke-Madsenning titrimetrik analiz tarixiga oid kitobini (Ranke-Madsen E. “The Development of titremetric analysis tell 1806”. -Copenhagen, 1958) misol keltirsa boʻladi.
Vengriya kimyo tarixchisi F. Sabadvari 1966 yilda oʻzinning fundamental monografiyasi "Analitik kimyo tarixi" ni chop ettirdi. (Sabadvary F. Geschichte der Analytischen chemie, Budapest, 1966) Ushbu monografiya keyinchalik ham ommaviylashib, rus, ingliz va nemis tillarida chop etildi.
1977 - yilda G.A. Laytinen va G.V.Yuinglarning analitik kimyo tarixiga oid asarlari chop eildi. Unda asosan Amerika qoʻshma shtatlari analitik kimyosi tarixi toʻgʻrisida toʻliqroq maʻlumot beradi (H.A. Laitinen, G.W. Ewing. History of Analytical Chemistry. Amer.Chem.Soc. 1977).
60-yillarda chop eilgan A. Aydaning (Amerika olimi) maxsus boʻlimlardan iborat qilib ishlangan "Analitik kimyo tarixi" darsligi ham juda ommabop adabiyot sifatida tan olindi.
1980 - yilda Vengriyalik F. Sabadvari (Vengriya fan va texnika tarixi muzeyi direktori) va professional analitik olim A. Robinsonlar (Shimoliy Irlandiya, Olster universiteti) ning birgalikda ishlagan "Analitik kimyo tarixi" kitobi hozirgi vaqtda shu yoʻnalishda mavjud boʻlgan oxirgi mukammal qoʻllanma hisoblanadi.
Kitobning kamchiligi sifatida hozirgi zamon fizik-kimyoviy va fizikaviy analiz usullariga kam eʻtibor berilganligini qayd etish mumkin.
Bundan tashqari asosiy eʻtibor Amerika va YEvropa olimlari erishgan yutuqlarga qaratilgan boʻlib, Osiyo davlatlari olimlarning ishlariga eʻtibor berilmagan.
Analitik kimyo fani ilmiy va amaliy jihatdan nihoyatda katta ahamiyatga ega boʻlib, moddalarni va ularning oʻzgarishi jarayonlarini tekshirish, analiz qilish usullari toʻplami hisoblanadi. Biror jihatdan kimyoviy hodisalar bilan bogʻlangan deyarli har qanday ilmiy tekshirishlarda analitik kimyo usullaridan foydalanishga toʻgʻri keladi.
Koʻpchilik olimlarning fikriga koʻra fan tarixini oʻrganish hozirgi fan rivojlanishining instrumenti boʻladi. Bunday fikrni akademik V.I Vernadskiy ham bildirgan. Analitik kimyoning oʻtmishini oʻrganish uning moxiyatini ochishga, taraqqiyot mexanizmini oʻrganishni va kelajakda nimalar kutilayotganligini bilishga olib keladi. Ikkinchi tomondan analitik kimyo tarixini oʻrganish koʻpgina qiziqarli maʻlumotlar beradi. Bu toʻgʻrida D.K. Maksvell quyidagi fikrni aytgan: "Bizlar buyuk tadqiqotchilarning xayotini oʻrgana turib, ularning kashfiyotlarining ochilish tarixini oʻrganamiz va shu bilan fanga qiziqib qolamiz".
Kimyoviy analiz qadim zamonlarlarda ham bajarilgan. Birinchi analitik asbob – tarozilar juda qadimdan maʻlum. Analizda rudalar, qotishmalar va qimmatbaxo metallardan yasalgan buyumlar tekshirilgan. Rim tarixchisi Pliniy oltinning analiz usulini yozgan, undan oldinroq esa oltinning tarkibini baholash toʻgʻrisida Imperator Vavilon yozgan. Pliniy oshlovchi yongʻoq ekstraktini reaktiv sifatida ishlatishni yozadi. Ekstrakt shimdirilgan papirus yordamida misni temirdan ajratishgan (temir sulfat eritmasida papirus qoraygan). Qadimda konsentratsiyani nisbiy massa yordamida aniqlashgan "nisbiy massa" tushunchasi Arximed davrida maʻlum boʻlgan. Vaqt oʻtishi bilan paydo boʻlgan analitik asbob bu aryoometrdir. U haqda qadimgi yunon olimlari yozishgan.
Alkimyo davrida juda katta tajribaviy ishlar amalga oshirilgan boʻlib, bu kimyoviy jarayonlar texnikasining rivojlanishiga va moddalarning tarkibi toʻgʻrisida maʻlumotlar toʻplanishiga sabab boʻlgan. Moddalarni bir-biridan ajratish usullari topilgan. Oltin va kumushlarni aniqlash usullari ishlab chiqarilgan. Fransiyada XIV asrda Filipp VI (1343) ning qirollik dekretida batafsil yozilgan va hamma ushbu usulni ishlatishi mumkin boʻlgan.
Oʻrta asrlarda har xil tarkibli 24 igna shkalasi ishlatilgan. Analiz uchun eritmalar ishlatiladigan boʻldi. Rux, surma va vismut ochilgan.