7.2.5. Eritmalar tabiatini oʻrganish Fizik kimyo faning asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan moddalar eritmalarining tabiatini oʻrganish XIX asrning 2-yarmida boshlandi. Bu sohada fransuz kimyogari Fransua Mari Raul (1830-1901-yy.), rus olimlari D.P. Konovalov (1856-1929 yy.), M.S.Vrevskiy (1871-1929 yy.) va amerikalik J.U. Gibbs tadqiqotlari eʻtiborga loyiq. D.P. Konovalov asosan kimyoviy kinetika, eritmalar termodinamikasi yoʻnalishlarida ilmiy-pedagogik faoliyat yuritdi. U 1880-1881-yillarda Strasburg universiteti professori Adolf Kundt rahbarligida “Eritmalar bugʻining qovushqoqligi” mavzusida magistrlik disetatsiyasini bajardi. Ilmiy ish jarayonida suyuqliklar aralashmasini fraksiyalarga ajratib haydab olish va azeotrop (oʻzgarmas haroatda qaynaydigan va bugʻ tarkibi suyuqliklar aralashmasi tarkibiga mos) suyuqliklar aralashmasi xususiyatlarini oʻrgandi. D.P.Konovalovning 1- va 2-qonunlari va M.S. Vrevskiyning 1-3 qonunlari azeotrop aralashmalarni haydash, ajratish, toza suyuqliklar olish, neftni qayta ishlash va rektifikatsiya kolonnalarini loyihalashda muhim nazariy va amaliy ahamiyatga ega boʻldi.
F.M. Raul (1830-1901 yy.) – 1878-yilda eritma ustidagi toʻyingan bugʻ bosimi, eritma harorati va konsentratsiyasi orasidagi bogʻliqlikni oʻrganib, suvli eritmalardagi bugʻ bosimi va qaynash haroratining pasayishi bilan erigan moddalar molekulyar massasi orasida uzviy bogʻliqlikni: “eritma ustidagi toʻyingan bugʻ bosimining nisbiy kamayishi erigan moddaning molyar ulushiga teng, ammo uning kimyoviy tabiatiga bogʻliq emas”ligini isbotladi. 1882-yilda F.M. Raul 29 ta organik birikmaning suvli eritmasi bilan krioskopik tajribalar oʻtkazdi va 1 litr suvda 1 mol miqdorda modda eritilganda eritmaning muzlash harorati doimo bir xil – 1,86°C miqdorida pasayishini kuzatdi va shu asosda oʻzining 2-qonunini: “cheksiz suyultirilgan eritmalarda kristallanish haroratining pasayishi eritmaning molyal konsentratsiyasiga toʻgʻri proporsional, ammo erigan modda tabiatiga bogʻliq emas”ligini kashf etdi. Bu qonunlar asosida eritmalardagi erigan modda konsentratsiyasini va moddaning molekulyar ogʻirligini topishning krioskopik va ebullioskopik usullarini yaratdi: