Fotografiya (yorugʻlik bilan yozish) – quyosh nuri bilan kmuush birikmalariga taʻsir etib, shisha plastinka yoki fotoplyonkalarda tasvirlar hosil qiladi. Kumush tuzlarining quyoshda qorayishini alkimyogarlar ham kuzatishgan va uni havo taʻsiri bilan tushuntirishgan. Faqatgina 1727-yilda Iogann Genrix Shulse, kumush xlorid parchalanishining sababi quyosh nuri ekanligini aniqlagan. 1802-yilda nemis fizigi Iogann Ritter quyosh spektrining turli qismlarining kumush xloridga taʻsirini oʻrganib, koʻrish diapazoni pastki qismida (200-400 nm) ultrabinafsha nurlarni kashf qilgan. Fotografiyani rivojlantirishda fransuz fizigi J.N. Neps (1765-1833 yy.), rassom L.J.M. Dager (1787-1851 yy.), ingliz tadqiqotchisi U. Telbotlar (1800-1877 yy.) oʻz hissalarini qoʻshdilar. Fotokimyoviy jarayonlarni oʻrganish davomida quyidagi qonuniyatlar aniqlangan:
Teodor Grotgus (1818 y.) va amerikalik Jon Uilyam Dreper (1843 y.) fotokimyoning 1-qonuni: “faqatgina yutilgan yorugʻlik modda molekulalarini faollashtirishi”ni kashf etdi;
R. V. Bunzen va N.A. Rosko 1855-yilda: “fotokimyoviy taʻsir samaradorligi yorugʻlik miqdori (intensivligi) va yoritish vaqti (t, sek) koʻpaytmasiga bogʻliq” ekanligini aniqladilar;
A. Eynshteyn va I. Shtark 1912-yilda “har bir yutilgan foton faqat bitta molekulani faollashtirishini” hisoblab koʻrsatdilar.
XX asrda fotokimyo yoʻnalishida akademik A.N. Terenin koʻplab kimyoviy jarayonlarning yorugʻlik taʻsirida boorish shart-sharoitlarini oʻrganib, fotoionlanish va fotodissotsialanish (1926 y.) hodisalarini va energiyaning triplet-triplet koʻchish holatini kashf etdi, fotokimyo jarayonlarini oʻrganishning fotoelektron spektroskopiya usulini (1961 y.) yaratdi, va bir qator qimmatli ilmiy natijalarga erishdi. Jonli tabiatda koʻp uchraydigan va biotexnologik ishlab chiqarishda keng qoʻllaniladigan biokataliz va fermentativ kataliz haqidagi maʻlumotlarni tavsiya etilgan adabiyotlardan qarashingiz mumkin.