1. Kimyoning alkimyodan avvalgi davri. Bu davr dunyoda madaniyat boshlanishidan tortib to IV asrga qadar davom etgan. Bu davrda tajribada qoʻlga kiritilgan bilimlar avloddan avlodga oʻtib kelgan. Ularni birlashtiruvchi tushunchalar hali yaratilmagan edi. Xomashyolardan mis, bronza, temir, shisha, boʻyoq va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish asosini tashkil etgan kimyoviy jarayonlar haqidagi taʻlimot koʻpming yillik tarixga ega. Insonlar juda qadim zamonlardan beri oltin, simob, kumush, oltingugurt kabi elementlarni, osh tuzi, achchiqtosh kabi murakkab moddalarni yaxshi bilganlar.
Amaliy kimyo Miloddan qariyb 4000 yil ilgari Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy mamlakatlarida rivojlana boshlaydi. Amaliy kimyoviy bilimlar Misrdan qadimgi dunyoning turli qismlariga tarqalgan. Kimyo soʻzining kelib chiqishi haqida ikkita fikr bor: birinchisi: “Kimyo” - bu arab tilida “qora” degan maʻnoni bildiradi; bu soʻz Nil daryosi boʻylaridagi qora tuproqli joylarda amaliy kimyo taraqqiy etganidan kelib chiqqan boʻlsa kerak; ikkinchisi: “kimyo” soʻzi yunoncha soʻz boʻlib, asl metallar ishlab chiqarish texnologiyasini bildiradi,
Bu davr hunar kimyosi davri ham deyiladi.
2. Alkimyo davri. Bu davr IV asrdan XVI asrga qadar davom etadi. Bu 1200 yillik davrda yashagan alkimyogarlar kimyoning moʻjizalaridan foydalanib, uchta vazifani oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi:
- hamma narsani oʻsha davrdagi boylik, kuch-quvvat va saltanat timsoli - oltinga aylantirish uchun falsafiy tosh yaratish,
- universal erituvchi - alkagest yaratish,
- umrni uzaytiruvchi eliksir yaratish va uni amalda sinash.
3. Kimyoviy bilimlarning birlashish davri. Bu davr oʻz ichiga XVI—XVIII asrlarni oladi. Davr toʻrtta bosqichdan iborat deb qabul qilingan: yatrokimyo (tibbiyot kimyosi) bosqichi, pnevmokimyo (gazlar kimyosi) bosqichi, flogiston nazariyasi bosqichi, M. V. Lomonosov va A. Lavuazyening flogistonga qarshi ishlari bosqichi.
4. Miqdoriy qonunlar davri -XIX asrda kimyo. XVII asrda kimyoning asosiy vazifalaridan biri tabiiy minerallar tarkibi va xossalarini oʻrganish edi. XVIII asrda esa kimyoviy elementlar oʻzaro hohlagan miqdorda birika oladimi, yoki ular bir-biri bilan birikishida qandaydir cheklanishlar bormi? degan muammoni hal etish kimyo fani uchun asosiy masala boʻlib qoldi. Bu muammoni hal etishda boshlangʻich moddalar va mahsulotlar orasidagi miqdoriy nisbatlarni oʻrganish, ilgari olingan maʻlumotlarni qayta koʻrib chiqishga togʻri keldi. XIX asr boshlanishida taraqqiy etgan kimyoviy tahlil imkoniyatlari boshlangʻich moddalar bilan bir qatorda mahsulotlar tarkibini mukammal oʻrganishni, minerallar tarkibini chuqur bilishni, yangi elementlar kashf etishni, ularning xossalarini chuqur oʻrganish kabi muhim amaliy ishlarni rivojlantirishga sabab boʻldi. Bunday izchil yoʻnalishga ega boʻlgan izlanishlar natijasida muhim maʻlumotlar toʻplandi, anorganik moddalar turlari va sinflarga boʻlish usullari shakllandi.