Metallurgiya va metallarga ishlov berish
O’rta asrlarga kelib metall ishlab chiqarish texnologiyasi va ma’danlar haqidagi bilim darajasi juda kam o’zgardi. Yevropa va Osiyo davlatlarida temir hali ham eskicha usullar bilan qazib olinar edi. Bu davrda mis va boshqa rangli metallar ishlab chiqarish haqida juda kam ma’lumot saqlangan. XIII asrdan boshlab Yevropaliklar (Ispaniya, Saksoniya va boshqalar) kumushni polimetallik ma’danlardan qo’rg’oshin yordamida ajratib olishardi. Kumushdan tashqari oltin, qo’rg’oshin, qalay, vismut, surma, mishyak oz miqdorda ishlab chiqarilar, asta-sekin metallarga qayta ishlov berila boshlandi. Usta-hunarmandlarga nisbatan ilm va keng texnologik imkoniyatlarga ega bo’lgan metallurglar, temirchilar nafaqat boy amaliy tajribalari bilan, balki konchilik maktablarida olgan nazariy bilimlari bilan ham ancha ustun edilar. Natijada Uyg’onish davri konchilari, metallurg va metall quyish ustalari metallarni ajratib olish, ularga ishlov berish borasida XV asrda va ayniqsa XVI asr davomida texnologik jarayonlar to’liq bayon etilgan risolalar yozishdi.
Uyg’onish davrining birinchi yirik texnologiya va metallurgiya nazariyotchisi Vannochcho Biringuchcho (1480-1539-yy.) 1540-yilda “Pirotexniya” asarini chop etdi. “Pirotexniya” 10 ta kitobdan iborat bo’lib, unda har xil metallurgik jarayonlar va bosqichlar, ishlatiladigan kimyoviy reaktivlarning to’liq tavsifi keltirilgan. Kitobda har xil elementlar, ma’danlar va birikmalarning parametrlarini izohlashda olim taxminiy emas, balki amaliyotchilar va shaxsan o’zining tajribada orttirgan aniq ma’lumotlaridan foydalanadi. 1529-yili Florensiyada uzunligi 6,7 m va og’irligi 6 t keladigan ulkan to’p quydi.
Biringuchcho birinchi bo’lib metallar ochiq havoda kuydirilganda (kalsinatsiyalash, yani ohakka aylantirish) og’irligi ortishini aniqladi. Metallarning qizdirilganda oksidlanib og’irligining ortishini tushuntirish uchun Biringuchcho tajribalaridan to’g’ri xulosa chiqarish uchun olimlarga hali uzoq 200 yil chamasi vaqt kerak bo’ldi.
Yana bir nemis olimi va vrachi Georgius (Bayer) Agrikola (1494-1555-yy.) tog’-konchilik metallurgiya jarayonlarini takomillashtirish, ma’danlarni tahlil qilish va tavsiflashda o’z hissasini qo’shdi. Ma’danshunoslik, tog’-konchilik ishlari va metallurgiya texnologik jarayonlarini puxta o’zlashtirgan olim hayotining so’nggi yillarida “Metallar haqida 12 kitob” (“De re metallika libri XII”) asarini 1556-yilda nashr ettirdi. Agrikola asari sodda va ravon tilda yozilgan bo’lib, boshqa alkimyogarlarning risolalaridan keskin farq qiladi. Har bir ishlab chiqarish va laboratoriya jarayonlari bajarilishini ko’rsatuvchi 275 ta rasm va loyihalar chizilgan.
Dostları ilə paylaş: |