Jamoa ijtimoiy jamiyatning bir qismi hisoblanadi, unda ijtimoiy hayot va kishilik munosabatlarining barcha me’yorlari o‘z ifodasini topadi. Zero, jamoa jamiyatdagi mavjud munosabatlar tizimida namoyon bo‘lar ekan, jamoa va ijtimoiy jamiyat maqsadi, intilishida o‘zaro birlik, uzviylik, aloqadorlik yuzaga keladi.
Shu bois jamoa hayotining aniq (yagona) maqsadga qaratilganligi va ijtimoiy- g‘oyaviy xususiyat kasb etishi uning yetakchi belgisi sanaladi.
Har bir jamoa boshqa jamoalar bilan uzviy aloqadorlikda mavjud bo’ladi. Muayyan jamoaning har bir a’zosi jamiyat ijtimoiy faoliyatini tashkil etish jarayonida o‘z jaomasi bilan birgalikda ishtirok etadi. Jamoa a’zolarini intilishlarini tushunish, jamoa oldiga qo‘yilgan maqsad mohiyatini chuqur his etish hamda uning shaxsni shakllantirishdagi o‘rni va rolini to‘g‘ri baholay olish jamoa a’zolarining umumiy va xususiy (shaxsiy) maqsad, qiziqishi, ehtiyoj va faoliyatlari o‘rtasidagi birlikni namoyon etadi hamda jamoaning bo‘linishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Jamoa xususiyatini aniqlashda jamoani tashkil qilishda qanday usuldan foydalanilganlikni bilish muhim hisoblandi.
Pedagogik jihatdan maqsadga muvofiq tashkil etilgan jamoa a’zolari o‘rtasida o‘zaro ruhiy yaqinlik, ishchanlik, bir-biri uchun g‘amxo‘rlik, o‘zaro yordam, jamoa manfaati uchun qayg‘urish, mazkur yo‘lda amaliy harakatlarni tashkil etish hamda javobgarlik hissi qaror topadi. Shunga ko‘ra jamoa o‘zida quyidagi xususiyatlarni namoyon etadi:
Jamoaning o‘ziga xos xususiyatlari
Birgalikdagi faoliyat umumjamiyat ishi uchun ma’suliyat hissini uyg‘ota borib, jamoa a’zolarini bir-biriga yaqinlashtiradi, a’zolarda jamoaga mansublik hissini paydo bo‘lishiga ko‘maklashadi, jamoa bilan munosabatda bo‘lish ehtiyojini oshiradi. Jamoa a’zolari orasida o‘zaro hissiy birlik (bir-birini yoqtirish hissi) yuzaga keladi. Ushbu munosabat ko‘pincha o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi hamda ular o‘qituvchiga ta’sir ko‘rsatish uchun qo‘l keladi. Jamoa a’zolari o‘rtasidagi ruhiy birlik mazmuni ular orasida hosil bo‘lgan ishchanlik faoliyatining xarakteriga bevosita bog‘liqdir.