Jamoa rivojlanishining birinchi bosqichi. Mazkur bosqichda talab faqat o‘qituvchilar tomonidan qo‘yiladi. Bu jamoa rivojlanishining boshlang‘ich nuqtasidir. Ushbu davrdagi jamoa hali tarbiyalovchi jamoa bo‘lmay, balki “tashkil etuvchi birlik” (guruh) hisoblanadi. Bu bosqichda o‘quvchilar o‘qituvchi tomonidan talablarning qo‘yilishiga e’tiborsiz qaraydilar. Jamoa a’zolarining uzluksiz ijodiy faoliyatini tashkil qilish va ularni muayyan (yagona) maqsad atrofida birlashtirishga erishish orqaligina jamoa qaror topadi. O‘quvchilarning jamoa faoliyatida ishtirok etishi tufayli asta sekin boyib boradigan tajriba, faoliyat natijasini birgalikda muhokama qilish, qilinajak
ishlarni rejalashtirish jamoa a’zolarida mas’uliyat, javobgarlik, faoliyat biriligi, shuningdek, ishchanlik munosabatining paydo bo‘lishi, shuningdek, o‘quvchilarda jamoa faoliyatiga nisbatan qiziqishni paydo bo‘lishiga olib keladi. Bolalarning jamoada faoliyat ko‘rsatish tajribasiga ega emasliklari bu bosqichda o‘qituvchi jamoa a’zolarini oddiy tarzda uyushtirish maqsadini ko‘zlaydi.
O‘qituvchining talabchanligi, jamoaning barcha a’zolariga birday talabni qo‘ya olishi, u tomonidan qo‘yilayotgan talabning qat’iyligi, izchilligi hamda murosasizligi muhim omil hisoblanadi. Bu vaziyatda o‘qituvchining «hukmdorlik» davri uzoq davom etishi mumkin emasligi, bir qarashda intizomning vujudga kelganligi ma’lum bo‘lsada, ayni vaqtda guruh a’zolarining faolliklarini rivojlantirish uchun zarur bo‘luvchi sharoitning hali mavjud bo‘la olmaganligini hisobga olish zarur.
Jamoa hayotining birinchi bosqichida jamoa faolining paydo bo‘lishi ushbu davr uchun xarakterli hodisadir. Jamoa faoli (aktivi) muayyan guruhning shunday a’zolaridirki, ular jamoa manfaatiga muvofiq tarzda harakat qiladilar, o‘qituvchi faoliyati va talabiga nisbatan xayrixohlik bilan munosabatda bo‘ladilar. Faollar o‘qituvchining yaqin yordamchilari sifatida ish olib boradilar.
Jamoarivojlanishiningikkinchibosqichi. Bu bosqich jamoa faolining o‘qituvchi talabini qo‘llab-quvvatlash va uning o‘zi ham bu talablarni jamoa a’zolari zimmasiga qo‘yishi bilan tafsiflanadi. Endilikda o‘qituvchi jamoada paydo bo‘lgan va u bilan bog‘liq muammo, masalalarni yolg‘iz o‘zi hal qilmaydi. Jamoa faolini bu ishga jalb etadi. Ushbu bosqichda jamoa hayotini tashkil qilish usuli murakkablashib boradi, ya’ni, jamoa o‘z-o‘zini boshqarishga o‘tadi.
O‘quvchilar amaliy faoliyatining doimiy ravishda murakkablashib borishi mazkur davrning muhim xususiyati sanaladi. Ikkinchi bosqichda jamoaning muhim ishlarini o‘quvchilar tomonidan mustaqil rejalashtirilishi, tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik, uni o‘tkazish hamda faoliyat natijalarini muhokama qilish jamoa faoliyatining ijodiy xususyat kasb etishini ko‘rsatuvchi omillar sanaladi.
Jamoaning ijobiy rivojlanishi uning a’zolarida motiv (rag‘bat)larning paydo bo‘lishi, ijodiy hamkorlik va o‘zaro yordam munosabatlarining tez sur’atlar bilan rivojlanishiga olib keladi.
Jamoada mustaqil faoliyatning yuzaga kelishida jamoa faolining roli beqiyosdir. Ammo jamoa faolining jamoa a’zolari orasida hurmat qozona olishi, ularga namuna bo‘lishi, o‘z burchlarini aniq va puxta bajarishi hamda o‘z mavqelaridan noo‘rin foydalanmasliklari juda muhimdir. Bu o‘rinda A.S.Makarenkoning jamoa faoliga nisbatan “jamoa vijdoni” deya bergan ta’rifini eslab o‘tish joizdir. Jamoa faoli birmuncha imtiyozlar (huquqlar)ga ega bo‘lsada, ayni paytda uning o‘ziga ham oshirilgan talablarning qo‘yilishi maqsadga muvofiqdir.
Jamoaning rivojlanishi bu bosqichda to‘xtab qolishi mumkin emas, chunki faoliyat ko‘rsatayotgan kuch jamoaning bir qismigina xolos. Bordi-yu, jamoaning rivojlanishi ushbu bosqichda to‘xtatib qolinsa, jamoa faolining guruhning boshqa a’zolari bilan
qarama-qarshi qo‘yish xavfi tug‘ilishi mumkin. Bu bosqichda jamoaning barcha a’zolarining alohida faollik ko‘rsatishga erishishlari zarur sanaladi.