Jamoa rivojlanishining uchinchi bosqichi. Bu bosqich anchagina sermahsul bo‘lib, unda butun jamoa “ayrim o‘zini chetga olib qoluvchi, injiq shaxs”larga talab qo‘ya boshlaydi.
Jamoa ishiga ushbu bosqichda faqat faolgina emas, balki uning butun a’zolari qiziqadi. Jamoa hayotidagi uchinchi bosqich, ijtimoiy fikr mavjudligi bilan ifodalanadi. O‘qituvchi mazkur yo‘nalishda maqsadga muvofiq va izchil ish olib borgan sharoitdagina ijtimoiy fikrni shakllantirishga erishishi mumkin. Shu maqsadda u yoki bu tadbir rejasi, jamoaning birgalikdagi faoliyati va uning a’zolari xatti-harakati jamoa bo‘lib muhokama qilinadi, turli mavzularda suhbatlar va ma’ruzalar uyushtiriladi, o‘quvchilar o‘rtasida samarali axborot vositalari yordamida ijtimoiy-g‘oyaviy, axloqiy, estetik, ekologik, huquqiy, iqtisodiy va hokazo bilimlarning targ‘iboti tashkil etiladi. O‘qituvchi jamoa a’zolarining birgalikdagi faoliyatini tashkil etar ekan, jamoa a’zolarining ijodiy tajribasiga hissa qo‘shish imkonini beradigan o‘zaro munosabatlarini shakllantirishga ta’sir ko‘rsatadigan shakl va metodlardan foydalanadi.
Jamoada barqaror insoniy munosabatlar yuzaga kelishining sababi – uning a’zolarini ijobiy, madaniy-ma’rifiy mazmunga ega bo‘lgan ishlarni tashkil etishda faol ishtirok etishlaridir. Jamoa rivojlanishining uchinchi bosqichda ko‘rsatib o‘tilgan xususiyatlar shundan dalolat beradiki, ushbu bosqichda jamoa faoligina emas, balki jamoaning har bir a’zosi bir-birlariga nisbatan axloqiy mazmundagi talablarni qo‘ya boshlaydilar.
Jamoa rivojlanishining to‘rtinchi bosqichi.Bu bosqich uning barcha a’zolari jamoa oldida turgan vazifalar asosida o‘z-o‘zlariga talablar qo‘ya olishlari bilan tavsiflanadi. Har bir bosqich jamoa a’zolarining o‘ziga nisbatan muayyan talab qo‘yishi bilan tavsiflanadi, ammo qo‘yilgan har bir talab o‘ziga xos yo‘nalishi (masalan o‘yindan umuminsoniyat baxti yo‘lida kurashishiga intilish o‘rtasidagi farq) bilan ajralib turadi.
To‘rtinchi bosqich jamoa a’zolarining o‘ziga nisbatan yuksak axloqiy talablar qo‘ya olishlari bilan ahamiyatlidir. Jamoaning hayoti va faoliyati mazmuni jamoa a’zolarining har biri uchun shaxsiy ehtiyojga aylanadi. Jamoadagi tarbiya jarayoni o‘z- o‘zini tarbiyalash jarayoniga aylanadi. Biroq bu holat jamoaning muayyan shaxsni yanada rivojlantirishdagi roli va o‘rnini pasaytirmaydi. To‘rtinchi bosqichda amalga oshiriladigan vazifalar ancha murakkab va mas’uliyatlidir. Mazkur bosqichda jamoa oldiga istiqbolli, yuksak va murakkab talablarni qo‘yish uchun mutlaqo qulay sharoit yaratiladi.
Bir guruh pedagoglar o‘quvchilar jamoasini uning shakllanish va rivojlanishiga ko‘ra uch bosqichga ham bo‘ladilar. Ya’ni: a) jamoani dastlabki jipslashtirish; b) jamoani shakllantirish asosida uning har bir a’zosini individual rivojlantirish; v) jamoaning umumiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
Jamoa hayotida muhim o‘rin tutuvchi har bir bosqichni ajratib ko‘rsatish yuqorida bayon etilgan fikrlarga zid emas, balki shaxsning rivojlanishida jamoaning yetakchi ahamiyatini ta’kidlaydi.