Ta’limni tashkil etish shakllari. Dogmatik o‘qitish o‘rniga asta-sekin o‘quv jarayonida ko‘rgazmalilikni ta’minlashga e’tibor qaratilgan. Buning natijasida ta’limning ko‘rgazmali o‘qitish turi rivojlanib boradi.
Uzluksiz ta’lim tizimida quyidagi ta’lim turlari qo‘llaniladi:
Mujassamlashtirilgan ta’lim o‘quv materiallarini o‘quvchilarning bilish xususiyatlariga imkon qadar moslashtirishni ifodalaydi. Unga ko‘ra mashg‘ulotlar yaxlit mavzuni muayyan qismlarga bo‘lib o‘zlashtirilishga yo‘naltiriladi. O‘quv materiallarini bu tarzda o‘zlashtirish bilish imkoniyatlari turlicha bo‘lgan talabalar tomonidan mavzu mohiyatining puxta anglanishiga yordam beradi. Metodni qo‘llashda o‘quvchilar qobiliyati dinamikasini hisobga oluvchi ta’lim metodlari qo‘llaniladi.
Modul ta’limi o‘quv materiallarini boblar, bo‘limlar yoki paragraflar majmui tarzida o‘rganilishini ta’minlaydi. Bob, bo‘lim yoki paragraflar majmui bloklar tarzida yaxlitlanadi. Bu ta’lim turini qo‘llash o‘quvchi (talaba)larni yangi pedagogik bilimlar, zamonaviy PT hamda ilg‘or didaktik vositalardan xabardor qilishda samarali sanaladi. Mazkur ta’lim turidan o‘quvchilarning mustaqil ta’lim olishlarini yo‘lga qo‘yish, ularni o‘quv materiallari bilan ta’minlash va o‘quv faoliyatlari yuzasidan monitoringni tashkil etishda foydalanish mumkin. Modul ta’limi o‘quvchilarni masofada ham samarali natijalarni beradi. Bunda o‘quvchilar bloklarda chop etilgan yoki kompyuter varianti ko‘rinishidagi o‘quv materiallari bilan ta’minlanadilar. O‘quvchilar o‘quv materiallarini o‘rganganlaridan so‘ng ularga nazariy bilimlarini mustaqil baholash, ularni mustahkamlashga xizmat qiladigan topshiriq (mashq)lar yuboriladi.
Rivojlantiruvchi ta’lim talabalarning ichki imkoniyatlari va ularni ro‘yobga chiqarishga yo‘naltiriladi. Ushbu ta’lim turiga ko‘ra mashg‘ulotlarda amaliy treninglardan keng foydalaniladi. Amaliy treninglar talabalarda pedagogik bilimlarni samarali o‘zlashtirishga yordam berish bilan birga ularning imkoniyatlari to‘la ro‘yobga chiqishini ta’minlaydi. O‘quv mashg‘ulotlarida rivojlantiruvchi ta’lim elementi sifatida taqdimot metodidan foydalanish ham kutilgan natijalarni beradi. Bu metod talabalarda pedagogik faoliyatni tashkil etishga nisbatan ijodiy yondashish, o‘z ustida ishlash, mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini ham rivojlantiradi. Tadqimot metodidan seminar mashg‘ulotlarda talabalarning bilimlarini baholash maqsadida foydalanish mumkin.
Tabaqalashtirilgan ta’lim o‘quvchilarning layoqati, qiziqish va qobiliyatlarini aniqlash uchun qulay sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi. O‘quvchilarga individual ravishda o‘quv materiallarini o‘zlashtirishga imkon beradigan mazkur ta’lim turini qo‘llashda ham DTSda belgilangan meyordan kam bo‘lmagan BKM o‘zlashtiriladi.
Mustaqil ta’lim o‘quvchilar tomonidan turli fanlar asoslarining mustaqil o‘zlashtirilishini nazarda tutadi. Ta’lim tizimida mustaqil ta’limdan foydalanishda o‘qituvchi bilimlarni o‘zlashtirish manbaalarini o‘quvchilarga tavsiya etadi, ularni izlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalarni beradi hamda mustaqil ta’limni samarali, maqsadga muvofiq tashkil etishga yordam beradigan metod, vositalardan xabardor qiladi.
Hamkorlik ta’limining mohiyati o‘qituvchi va o‘quvchilarning ta’lim jarayonida birgalikda ishlashlari, bir-birlarini chuqur tushuna olishlari, bir-birlariga nisbatan yaqinlikni his qilishlari, ta’lim maqsadiga erishganlik natijalarini hamkorlikda tahlil qilishidan iborat.
Individual ta’lim o‘qitishning eng qadimgi turi hisoblanadi. Hayotiy tajribalarni ajdodlardan avlodlarga uzatish ibtidoiy jamiyatda yuzaga kelgan. Yozuv paydo bo‘lishi bilan qavm boshlig‘i turli belgilar yordamida o‘zining tajribalarini yoshlarga o‘rgatgan. O‘qituvchi va o‘quvchining bevosita va individual aloqasiga misol sifatida repetitorlikni ko‘rsatish mumkin. O‘qishni tashkil etishning individual shakli antik davr va o‘rta
asrlarda yagona usul bo‘lgan, undan ba’zi mamlakatlarda XVIII asrgacha keng foydalanilib kelingan.
Faol o‘qitish (yoki interfaol ta’lim) ta’lim tizimida tobora ommalashayotgan ta’lim turi sanaladi. U ta’lim sub’yektlari – o‘qituvchi, o‘quvchi va o‘quvchilar guruhi o‘rtasida yuzaga keluvchi hamkorlik, qizg‘in bahs-munozalar, o‘zaro fikr almashish imkoniyatiga egalik asosida tashkil etiladi. Shuningdek, o‘quvchilarda erkin fikrlash, shaxsiy qarashlarini erkin ifodalash, muammoli vaziyatlar yechimlarini birgalikda izlash ko‘nikma, malakalarini shakllantiradi. Interfaol ta’lim jarayonida bahs-munozara, muammoli vaziyat, trening, debat, intervyu, taqdimot namoyish va o‘yin texnologiyalaridan maqsadli foydalanish kutilgan natijani beradi.
Muammoli ta’lim zamonaviy ta’lim mohiyatini aks ettiruvchi ilg‘or PT hisoblanadi. Undan ta’lim amaliyotida foydalanish talabalarda ijodiy izlanish, kichik tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy farazlarni ilgari surish, natijalarni asoslash va ma’lum xulosalarga kelish kabi ko‘nikma, malakalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Talabalarga pedagogik faoliyatni tashkil etishga oid topshiriq va masalalarni tavsiya etish ularda bilish faolligi va ijodiy qobiliyatni shakllantiradi. Ta’limning bu turida muammoli topshiriqlar, shuningdek, muammoli pedagogik vaziyatlarni hal qilish metodi faol qo‘llaniladi.
Dasturiy ta’lim (dasturlashtirilgan o‘qitish) harakat (operatsiya)lar ketma-ketligi tizimini ifodalovchi, ularni bajarish ilgaridan rejalashtirilgan natijaga olib keluvchi “dastur” terminidan kelib chiqadi. Ushbu ta’lim turining maqsadi o‘quv jarayonini boshqarishni yaxshilashdan iborat. Unga ko‘ra o‘qitish murakkab dinamik tizim sifatida qaraladi. Dasturiy ta’lim yangi didaktik, psixologik va kibernetik g‘oyalar asosida XX asrning 60-yillari boshlarida yuzaga keldi.
Kompyuterli ta’lim o‘qitish jarayonini maxsus ta’lim dasturlariga muvofiq tashkil etilishini nazarda tutadi. Rivojlangan mamlakatlarda kompyuter xizmatidan ta’limda foydalanishning keng rivojlanishi bu boradagi quyidagi asosiy yo‘nalishlarni aniqlashga imkon berdi: o‘quv fanlari bo‘yicha o‘zlashtirish samaradorligini ta’minlash; idrok etish qobiliyati (qo‘yilgan masalani hal etish, mustaqil fikrlash, kommunikativ malakalarni egallash (axborotni to‘plash, analiz, sintez qilish)ni rivojlantirish, u yoki bu ko‘nikmani shakllantirishga imkon beruvchi jarayonlarga e’tibor)ni kuchaytirish.
Kompyuterlardan avtomatlashtirilgan test sinovlari o‘tkazish, baholash va boshqarishda keng foydalaniladi, bu vaqtni tejash imkonini beradi, natijada pedagogik jarayonning samaradorligi oshadi.
So‘nggi yillarda innovatsion (yangilik kiritish) ta’limni tashkil etishga alohida ahamiyat berilmoqda. Ushbu ta’lim o‘ziga xos xususiyatlarga ega: 1) oldindan ko‘ra bilish, ya’ni o‘quvchining avvalgi va hozirgi tajribasi asosida o‘qitish emas, balki uni uzoq kelajakni mo‘ljallashga o‘rgatishdan iborat bo‘lib, o‘quvchi ijtimoiy hayot va kasbiy faoliyatda taxmin qilish, ko‘zlash, modellashtirish va loyihalashtirishni amalga oshira olishi zarur; 2) o‘quvchining hamkorlikda ta’lim olish va muhim qarorlarni qabul qilish (lokal va xususiydan tortib dunyoni, madaniyat, sivilizatsiya rivojlanishini hisobga olishda global muammolarni hal etish)da faol ishtirok etishini ta’minlash.
Bugungi kunda masofaviy ta’lim (lotincha “distantia” – masofadan foydalanishga ehtiyoj oshmoqda. Masofaviy o‘qitish o‘quvchi qayerda va qanday holatda bo‘lishidan qat’iy nazar muayyan ta’lim muassasasi ta’lim dasturini o‘rganish imkoniyatini yaratadi. Bu maqsadni amalga oshirishda zamonaviy axborot texnologiyalari: darsliklar va boshqa bosma nashrlar, o‘rganilayotgan materialni kompyuter telekommunikatsiyalari orqali uzatish, videotasmalar, munozaralar va seminarlar o‘tkazish, regional va milliy televideniye hamda ravdio orqali o‘quv dasturlarini namoyish etish, kabelli televideniye va ovozli pochta, ikki tomonlamali videokonferensiyalar, telefon orqali qayta aloqa bilan bir tomonlama videotranslyatsiya va boshqalarning xizmatiga tayaniladi. Masofali ta’lim o‘qituvchilarga vaqtini tejashda qulaylik yaratadi, asosiy faoliyatidan ajralmagan, jumladan uzoq rayonlarda yashovchilarga o‘qish imkonini yaratadi.
O‘yin texnologiyalari talabalarda pedagogik faoliyatni samarali tashkil etish ko‘nikma, malakalarini o‘zlashtirishga yordam beradi. Ta’lim jarayonining ishtirokchilari (o‘quvchi, ota-ona, pedagogik jamoa vakili, ekspert, ijtimoiy tashkilotlarning xodimlari va b.sh.) sifatida turli rollarni bajarish talabalar tomonidan zarur nazariy bilimlarni puxta o‘zlashtirilishiga imkon yaratadi. Rolli va ishbilarmonlik o‘yinlari o‘yin texnologiyalarining asosiy shakllari sanaladi.
Ta’lim shakllarining rivojlanishi. Jahon pedagogik fani va amaliyotida ta’limni tashkil etishning turli shakllari mavjud. Ayni vaqtda ta’limning quyidagi shakllari ajratib ko‘rsatiladi: individual, individual-guruhli, sinf-dars, ma’ruza, auditoriyadan tashqari va maktabdan tashqari.
Ta’limning individual-guruhli shaklidan Yevropada XVI asrda keng foydalana boshladilar. Markaziy Osiyo davlatlarida bu usuldan qadim davrlarda ham foydalanganlar. Bunga Avesto davri misol bo‘la oladi, bu davrda o‘quvchilar uchun asosiy o‘quv qo‘llanma zardushtiylikning muqaddas manbai “Avesto” (eramizdan avvalgi VII-VI asrlar) bo‘lib kelgan. Avesto davri jamiyatidagi maktablarda individual o‘qitish jamoali o‘qitish bilan birga olib borilar edi. O‘qituvchi “Avesto” kitoblaridan birini ochadi va o‘quvchilar navbatma-navbat kelib ovoz chiqarib o‘qiydilar, keyin hamma birgalikda o‘qilganlarni takrorlaganlar, mashqlarni maxsus taxtachalarda yozganlar. Aqliy mashqlar o‘qituvchining o‘quvchi bilan erkin suhbati davomida olib borilgan. Jismoniy tarbiyalash individual va jamoali mashg‘ulotlar shaklida amalga oshirilgan. Otda yurish, ov qilish, qilichdan foydalanishni bilish, suvda suzish, yugurish, nayza otish va shu kabilar harbiy tayyorgarlikning majburiy turlari hisoblangan. Ta’lim olish jarayoni kun chiqqandan kun botgungacha davom etgan, uy vazifalari mavjud bo‘lmagan.
XI asrdayoq Abu Ali ibn Sino o‘zining “Tadbiri manzil” nomli ilmiy asarining maxsus “Amuzish va parvarishi modrasas farzand” (“Bolalarni maktabda o‘qitish va
tarbiyalash”) bo‘limida o‘quvchilarga jamoali o‘qitish haqida quyidagi tavsiyalarni beradi: 1) agarda o‘quvchilar birgalikda o‘qisalar, ular zerikmaydilar, fanni o‘rganishga qiziqish kuchayadi; ularda bir-birlaridan ortda qolmaslik uchun o‘zaro musobaqalashish istagi rivojlanadi, ular bolaning o‘qishi yaxshilanishiga yordam beradi; 2) o‘zaro suhbatlarda o‘quvchilar kitobdan o‘qish yoki kattalardan eshitgan qiziqarli ma’lumotlarni bir-birlariga aytib beradilar; 3) bolalar birgalikda yig‘ilganlarida bir- birilari bilan do‘stlashadilar va bir-birlarini hurmat qiladilar; ular faqatgina musobaqalashmaydilar, balki bir-birlariga o‘quv materiallarini o‘zlashtirishda yordam beradilar; bu bilan bolalar mag‘rurlanadilar, bir-birlaridan yaxshi odatlarni o’rganadilar.
Burhoniddin Zarnuji (XII asr) “Bilim olish yo‘lida o‘quvchiga maslahatlar” nomli asarida maktabda dars taxminan bir soatlar davom etishi kerakligi yoziladi. O‘qituvchi maktabda darsga tushinish va o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan o‘quv materiallarini tanlab olishi, darsda o‘rganiladigan materiallarni tushuntirib berishi kerak. O‘quv materiali shunday tanlanishi kerakki, u ikki marotaba takrorlanganda o‘zlashtirilsin. Shuning uchun u katta matnlarni qismlarga bo‘lish va boshqa darslarda uni albatta takrorlashni taklif etadi
XV asrda jamoali o‘qitishni tashkil etish g‘oyasini Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek davom ettiradi. Mutafakkir o‘zining madrasalarida individual mashg‘ulotlar tizimini bekor qiladi va “jamoa” sinf-dars tizimiga yaqin bo‘lgan shaklini joriy qiladi. Umumiy ma’ruzani 50-70 nafar kishidan iborat katta guruhga odatda o‘z sohasida mashhur bo‘lgan olim mudarris (o‘qituvchi-professor) o‘qiydi, amaliy mashg‘ulotlarni esa 10-15 kishidan iborat kichik guruhda kichik mudarris (o‘qituvchi) olib boradi. O‘qitishning muhim metodlari munozara va tortishuvlar hisoblangan.