Hisobga olish ta’limning muayyan davrida o‘quvchilar va o‘qituvchi faoliyatini umumlashtirish, xulosalash demakdir.
O‘quvchilarning o‘zlashtirish natijalarini hisobga olishda quyidagilarga e’tiborni qaratish lozim: 1) o‘quv dasturi asosida mavzu va bo'limni o‘rganishda o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini har tomonlama nazorat qilish; 2) har bir yakunlangan mavzu bo‘yicha o‘quvchilarning faoliyati to‘g‘risida xulosa chiqarish; 3) o‘rtacha arifmetik ma’lumotlarga tayanibgina o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini baholamaslik; 4) o‘quvchilarning mavjud bilimlariga aniq, batafsil ma’lumot (tavsif) berish uchun ularning bir necha o‘quv yilidagi statistik o‘zlashtirish ma’lumotlarga asoslanib tahlil etish.
O‘zlashtirishni nazorat qilish quyidagi vazifalarini bajaradi:
Nazorat qilish va hisobga olish vazifalari
Nazorat qilishning asosiy vazifasi o‘quvchilarning BKM darajasini aniqlash va baholashdan iborat. Bu o‘quv materiallarini o‘rganishning keyingi bosqichiga o‘tish imkoniyatlarini aniqlashtiradi va o‘qituvchining o‘quv metod hamda usullarini to‘g‘ri tanlaganini nazorat qiladi. Nazorat qilish vazifasi o‘quv materiallarini o‘rganishning maqbul yo‘llarini topish bilan bog‘liqdir.
O‘qitish vazifasi o‘quvchilarning bilimini tekshirishda aniq ko‘rinadi. Yangi mavzuni mustahkamlash jarayonida yoki uy vazifalarini tekshirishda o‘quvchilarning o‘tilgan mavzuni takrorlashga, ular uchun tushunarsiz bo‘lgan ma’lumotlarni bilib olishlariga imkon tug‘iladi.
Nazoratning tarbiyaviy vazifasi shundan iboratki, o‘quvchilar tekshirishga tayyor bo‘lish uchun darslarni o‘z vaqtida tayyorlaydilar, bo‘sh vaqtdan unumli foydavlanishga harakat qiladilar, intizomga o‘rganadilar.
Tekshirish va baholash o‘quvchining o‘z bilimlari va qobiliyatlarini o‘zi mustaqil aniqlashiga ham yordam beradi. O‘zidagi kamchiliklarni ko‘ra olishga va uni tugatish yo‘llarini izlashga ko‘maklashadi. Lekin o‘quvchining bilimini baholashda o‘qituvchi nohaqlikka yo‘l qo‘ysa, o‘quvchi bilan o‘qituvchi o‘rtasida ziddiyat kelib chiqadi. Uy vazifalarining esa haddan ziyod ko‘p bo‘lishi ham o‘quvchilarning yuzaki dars tayyorlashiga olib keladi.
Agar nazorat o‘qitish va tarbiyalash vazifalari to‘g‘ri amalga oshirilsa, shaxsning tafakkurini rivojlantirish hamda his-tuyg‘ulari va axloqiy sifatlarini tarbiyalashga imkon tug‘iladi. Bu o‘z-o‘zidan nazoratning rivojlantiruvchi vazifasi sanaladi.