Shaxsiy sifatlar tizimida: milliy mafkuraviy onglilik, milliy odoblilik, farosat, nozik didlik, o‘z kasbiga sadoqat va vijdoniylik, tashabbuskorlik, bolajonlik, talabchanlik, adolatparvarlik, pedagogik odob, tadbirkorlik, qat’iylik, har qanday vaziyatda o‘zini idora qila olish, millatlararo muloqot madaniyati, kuzatuvchanlik, samimiylik, topqirlik, kelajakka ishonch, xushmuomalalilik kabi fazilatlarga ega bo‘lishi kerak. Kasbiy sifatlar tizimida:pedagogik ziyraklik, O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li mohiyati, beshta tamoyil rivojlanishining ma’naviy – axloqiy negizlarini bilishi, milliy tarbiya mohiyati va mazmunini chuqur anglash, chuqur ilmiy nazariy salohiyati, pedagogik ijod, o‘z fanining tarbiyaviy imkoniyatlarini mukammal bilish, pedagogik bilimlarni takomillashtirishga intilish, mamlakatimiz Prezidentining ichki va tashqi siyosatidan xabardorlik, o‘zbek xalqining an’analari, qadriyatlari, urf – odatlarini yaxshi anglashi, siyosat, tarix, madaniyat, ma’naviyat, adabiyot va san’at, axloqshunoslik, dinshunoslik, huquqshunoslik, o‘lkashunoslik, texnikaga oid ma’lumotlardan xabardorlik, etnopedagogika, etnopsixologiyaga oid bilimlarga ega bo‘lish va hokazo.
O‘qituvchi kasbining tarixiy taraqqiyoti va uning jamiyatdatutgan o‘rni. Pedagogik kasb – bu barkamol inson sifatida xarakterlanuvchi ijtimoiy ahamiyatga molik fazilatlarning barqaror tizimidir. O‘qituvchi o‘z kasbiga ixlos qo‘yishi va uning ijtimoiy ahamiyatini tushunib etishi, bolalarga ta’sir o‘tkazishi va ular bilan hamdardligini namoyon qila olishi shunday fazilatlar majmuasidirki, ular o‘qituvchi faoliyati va muloqoti bilan uyg‘unlashganda o‘qituvchi mehnatining bir butunligiga erishiladi.
O‘qitish va tarbiyalash – bular bir-biridan ancha farqli tushunchalardir. O‘qituvchi o‘z kasbining to‘la ma’nodagi egasi bo‘lishi uchun atrof muhitidagi odamlar orasida hurmat–ye’tibor qozona olishi kerak. O‘qituvchi hamma joyda madaniyatli murabbiy, ezgu fazilatlar egasi sifatida namuna bo‘lishi zarur.
XII asrlarga kelib O‘rta Osiyoda ilm-fan va madaniyat sohasidagi rivojlanish bevosita ta’lim va tarbiya beruvchi mudarrislarning qizg‘in faoliyati hamda ularga
qo‘yiladigan talablarning nihoyatda rang-barangligi va xilma-xilligi bilan diqqatga sazovordir.
Buyuk allomalarimiz o‘z asarlarida mudarrislar kasbining nozikligini, mas’uliyatli ekanligini va murakkabligini, shu bilan birga sharafli ekanligini, yoritib, muallimning mahorati, ularga qo‘yilgan talablar, fazilatlariga oid qarashlar, shogirdlar bilan munosabatga kirishish mahorati, muomalasi to‘g‘risida o‘z mulohazalarini bildirganlar. Abu Nasr Forobiy(873-930) ta’limotiga ko‘ra, ta’lim-tarbiya jarayoni tajribali va bilimli o‘qituvchilar tomonidan tashkil etilishi, boshqarilib turilishi va ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim, chunki “har bir bola o‘zicha narsa va hodisalarni bila olmaydi hamda baxtga erisholmaydi. Unga buning uchun o‘qituvchi lozim”.Ta’lim va tarbiya berishda “...ustoz shogirdlariga qattiq zulm ham, haddan tashqari ko‘ngilchanlik ham qilmasligi lozim. Chunki ortiqcha zulm, shogird dilida ustozga nisbatan nafrat uyg‘otadi, bordiyu ustoz juda ham yumshoq ko‘ngilli bo‘lsa, shogird uni mensimay qo‘yadi va u beradigan bilimdan sovib qoladi. Shuning uchun o‘qituvchi bolalarning fe’l- atvoriga qarab ta’lim-tarbiyaning “qattiq” yoki “yumshoq” usullaridan foydalanishi mumkin” deydi. Bunda ustoz mudarrisga quyidagi talablarni qo‘yadi:
Birinchi yo‘l:tarbiyalanuvchilar o‘qish va o‘rganishga ishtiyoqmand bo‘lsalar ta’lim-tarbiya jarayonida mudarris tomonidan yumshoq usullar qo‘llaniladi. Bunda u qanoatbahsh so‘zlardan foydalanadi, chorlovchi ilhomlantiruvchi gaplar aytib o‘quvchiga ko‘nikma va malakalarni vujudga keltiradi, natijada o‘quvchining iqtidori uyg‘onib, g‘ayrat-shijoati bilan bilim olishga, kasb egallashga intiladi;
Ikkinchi yo‘l:tarbiyalanuvchilar o‘zboshimcha, itoatsiz bo‘lsalar, mudarris tomonidan qattiq, ya’ni majburlovchi usullar qo‘llaniladi. Bu asosan gapga ko‘nmovchi ba’zi qaysar shaharliklar va boshqa sahroyi xalqlarga nisbatan ishlatiladi. Ushbu usul natijasida o‘quvchi nazariy bilimlarni o‘rganishga astoydil kirishadi, fazilati yaxshi bo‘lib, kasb-hunarlarni va san’atlarni egallashga intiladi. Maqsad ularni fazilat egasi qilish va kasb hunar ahillariga aylantirishdir (o‘sha kitob, 198 bet).