O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə60/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   56   57   58   59   60   61   62   63   ...   126
jinoyat huquqi

10.2. Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish

Jinoyat kodeksining 25-moddasi, 1-qismida jinoyatga tayyor­garlik ko‘rish tushunchasi berilgan bo‘lib, unga ko‘ra: «Shaxsning qasddan qilinadigan jinoyatni sodir etish yoki yashirish uchun shart-sharoit yaratuvchi qilmishi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra sodir etilishi boshlangunga qadar to‘xtatilgan bo‘lsa, bunday qilmish jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish, deb topiladi».


Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish jinoyat sodir etish uchun shart-sharoitning yaratilishi jinoyat tarkibi obyektiv tomoni amalga oshirilgunga qadar shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holda jinoyatning uzilib qolishidir.
Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish subyektiv tomondan faqat to‘g‘ri qasd bilan amalga oshiriladi. Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish orqali shaxs o‘z harakatining ijtimoiy xavfliligini, bu harakatlari orqali o‘ziga jinoyat sodir etish uchun sharoit yaratayotganligini anglaydi. Suiqasddan farqli ravishda Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismida ko‘rsatilgan ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish ushbu bosqichda hali boshlanmagan bo‘ladi.
Jinoyatga tayyorgarlik bosqichining quyidagi obyektiv belgilari mavjud:

1) qilmishning bevosita jinoyat sodir etish uchun shart-sharoit yaratishga qaratilgan bo‘lishi;


2) jinoyatni yashirish uchun shart-sharoit yaratuvchi faoliyat­ning mavjud bo‘lishi;
3) shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holda jinoyat sodir etishning jinoyatning boshlanguniga qadar to‘xtatilishi.


Jinoyat sodir etish uchun shart-sharoit yaratish deganda, jinoyat quroli yoki vositalarini izlash, tayyorlash, jinoyat sodir etish vaqti va sharoitini aniqlash, jinoyat sodir etishga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etish, sheriklarni yollash, jinoiy guruh tuzish va jinoyat sodir etishga qaratilgan boshqa harakatlar tushuniladi.
Тayyorgarlik jarayonini batafsil bayon qilish ancha qiyin, shu sababli qonun chiqaruvchi jinoyatni sodir etish uchun ko‘riladigan tayyorgarlikni barcha turlarini «shart-sharoit yaratish» tushunchasiga kiritadi. Тayyorgarlikning dastlabki ikki obyektiv belgisi muqobil ahamiyatga ega. Тayyorgarlik kelgusida jinoyat sodir etish uchun shart-sharoit yaratishga, shuningdek, bundan keyin jinoyatni yashirishga yoki ayni bir vaqtning o‘zida unisiga ham, bunisiga ham qaratilgan bo‘lishi mumkin.
Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish qonun bilan qo‘riqlanadigan biror obyektga bevosita xavf tug‘dirmaydi va shu belgisi bilan u jinoyatga suiqasd qilishdan farq qiladi. Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish jinoyatni sodir etishni osonlashtirish maqsadida amalga oshiriladigan faol harakatlaridan iboratdir. Jinoyat sodir etish uchun amalga oshiriladigan harakatlar ikki xil bo‘ladi: biri jinoyat tarkibining elementi bo‘lsa, ikkinchisi jinoyat sodir etilishini ta’minlovchi aktdir. Bu ikki harakatning mavjudligi shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Bu harakatlar jinoyat sodir etishga yoki jinoyatni yashirishga yordam beruvchi harakatlardan iborat bo‘lishi mumkin. Jinoyat sodir etish bosqichi sifatida tayyorgarlik faqat aniq bir jinoyat sodir etish uchun tayyorgarlik ko‘rilgandagina mavjud bo‘ladi. Bunda subyekt jinoyatni oxiriga yetkazishiga ishonadi. Agar shaxs har ehtimolga qarshi, masalan, biron-bir qilmishni amalga oshirish quroli yoki vositasini tayyorlashi yoki olishi jinoyat sodir etish bosqichi sifatida baholanmaydi. Ba’zi hollarda shaxsning bunday harakati mustaqil jinoyat tarkibini tashkil qilishi mumkin. Masalan, qasddan odam o‘ldirish maqsadida o‘qotar quroldan foydalanish uchun unga qonunga xilof tarzda egalik qilsa, aybdor Jinoyat kodeksining 247-moddasidagi alohida jinoyat tarkibi bo‘yicha jinoiy jvobgarlikka tortiladi.
Jinoyat quroli deganda, amaliyotda ham, nazariyada ham bevosita uning yordamida jinoyat sodir etiladigan, ya’ni jinoyat obyektiv tomonini to‘liq yoki qisman amalga oshiruvchi predmet tushuniladi. Bunga o‘qotar qurollar, pichoq, qilich, nayza misol bo‘la oladi.
Jinoyatni sodir etish vositasi esa, qilmishning sodir etilishini osonlashtiradi. Masalan, qalbaki hujjat, mol-mulkni talon-taroj qilish vositasi bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ayni bir predmet ba’zi bir jinoyatlar uchun qurol, ba’zi bir jinoyatlar uchun vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Masalan, jabrlanuvchining mulkini o‘g‘irlash maqsadida, unga uyqu dorini berib uxlatib qo‘yilsa, bu jinoyat sodir etish vositasi bo‘ladi. Ammo shu doridan odam o‘ldirish maqsadida faydalanish ham mumkin. Bunday holatda, bu – jinoyat sodir etish quroli, deb topiladi.
Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish jinoyat sodir etish uchun ishtirokchilarni izlashda ham ifodalanadi. Masalan, kelishuv bitimini tuzish, qo‘rqitish, jinoyatni sodir etishsa, boyib ketish­lariga ishontirish, jinoiy yo‘l bilan topilgan boylikni bo‘lishishni taklif qilish va hokazolar.
Kelishuv – bu kamida ikki kishining jinoyat sodir etishga yoki jinoyat izini yashirishga qaratilgan bitimi. Masalan, bir kishi jinoyat sodir etsa, ikkinchisi jinoyat izlarini yo‘qotadi. Kelishuv ikki xil, jinoyat sodir etishga yoki uni yashirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan qilmishlarni yo‘nalishiga ko‘ra ikki guruhga bo‘lish mumkin:


1. Jinoyat sodir etishga shart-sharoit yaratuvchi qilmishlar.


2. Jinoyatni yashirishga qaratilgan qilmishlar.

Jinoyat sodir etishga sharoit yaratuvchi harakatlarga: jinoyat qurolini qidirish, tayyorlash, moslash, kelishish va boshqalarni kiritish mumkin. Jinoyat sodir etish quroli yoki vositalarini qidirish qonuniy yo‘l bilan (o‘t qo‘yish maqsadida benzin sotib olish), shuningdek, g‘ayriqonuniy yo‘l bilan (o‘g‘irlik yo‘li bilan o‘qotar qurolni egallash) amalga oshirilishi mumkin.


Qurol yoki vositalarni jinoyat sodir etishga moslashtirish – biron-bir predmetga muayyan shakl berish, qayta ishlash kabi harakatlardan iborat. Jinoyat sodir qilish yoki uni yashirishga qaratilgan harakatlar ko‘p bo‘lib, ularning barchasini bir vaqt­nining o‘zida ko‘rib chiqish mumkin emas, shuning uchun qonun chiqaruvchi qonunda uning umumlashgan shaklini qo‘llaydi.
Subyektiv tomondan tayyorgarlik ko‘rish faqat to‘g‘ri qasddan sodir etiladi. Ehtiyotsizlik orqasidan sodir etiladigan jinoyatlarga tayyorgarlik ko‘rish mumkin emas. Тayyorgarlik ongli ravishda amalga oshirilgan maqsadli harakat bo‘lib, bu bosqichda jinoyatni sodir etishga bo‘lgan qasd amalga osha boshlaydi. Shaxs o‘z harakati bilan jinoyatni sodir etishga yoki uni yashirishga tayyorgarlik ko‘rayot­ganini anglaydi. Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish jinoyat sodir qilishdan ijtimoiy xavfli oqibat yuz berishi bilan farq qiladi.
Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rishni baholashda bu jinoyatni sodir etishning dastlabki bosqichi aybdorga bog‘liq bo‘lmagan holda tugatilganligini hisobga olish lozim. Ko‘pchilik hollarda jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan shu bosqichning o‘zida to‘xtatiladi. Ba’zi hollarda shaxs jinoyat sodir etib bo‘lmasligiga, jinoiy harakatni amalga oshirishning imkoni yo‘qligiga (jinoyat sodir etish quroli yoki vositasining yaroqsizligi, ishtirokchilarning jinoyat sodir etishdan bosh tortishi) ishonch hosil qiladi. Jinoyatga tayyorgarlikning aybdorga bog‘liq bo‘lmagan asoslarga ko‘ra, uzilib qolganligi tergov organi xodimlari tomonidan isbotlanadi. Obyektiv tomonni bajarishgacha bo‘lgan xatti-harakatning uzilib qolishi, jinoyatni tayyorgarlik bosqichidayoq tugallanganligini aniqlash uni suiqasd qilishdan ajratish imkonini beradi.
Aynan jinoiy harakatning jinoyat obyektiv tomonining faktik jihatdan ijro etilgunga qadar uzilib qolishi, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rilganligini aniqlash uchun asos bo‘ladi. Agar shaxs jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish bosqichida boshqa bir jinoyatni sodir etgan bo‘lsa, bunda uning har bir jinoyati alohida-alohida kvalifikatsiya qilinadi. Masalan, shaxs bosqinchilik jinoyatini sodir etish uchun qurolga ega bo‘lish maqsadida qurol o‘g‘irlasa, bunda uning jinoyati o‘g‘irlik va bosqinchilik jinoyatiga tayyorgarlik ko‘rish, deb topiladi.



Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   56   57   58   59   60   61   62   63   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin