O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə61/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   126
jinoyat huquqi

10.3. Jinoyatga suiqasd qilish

Suiqasd – bu jinoyatni sodir etishning ikkinchi bosqichi bo‘lib, jinoyatni sodir etishga va ijtimoiy xavfli oqibatga erishishga qaratilgan, jinoyatning obyektiv tomonini ifodalovchi ongli harakat bo‘lib, shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra tugatiladi. Suiqasdda tayyorgarlik bosqichidan farqli ravishda jinoyat sodir etish uchun sharoit yaratilmasdan, balki uni sodir etishning bevosita boshlanishi bo‘lib, jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan obyektga tajovuz qilinadi va zarar yetkazish xavfi vujudga keladi. Qonunga xilof bo‘lgan ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish xavfi yoki ijtimoiy xavfli oqibatning yuz berishi real bo‘lib qoladi. Ammo jinoyat shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkazilmaydi.
Jinoyat kodeksining 25-moddasiga muvofiq: «Qasddan sodir etiladigan jinoyat boshlanib, shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan bo‘lsa, jinoyat sodir etishga suiqasd, deb topiladi».
Boshqacha qilib aytganda, suiqasd bu qasddan sodir etilgan jinoyatning tugallanmay qolishi yoki aybdor istagan oqibatning ro‘y bermasligidir. Shunday qilib, suiqasd o‘zida bevosita jinoyat sodir etishning boshlanishini ifodalaydi. Bu bosqichda qonun himoyasida bo‘lgan obyektga bevosita tajovuz qilinadi, aniq bir jinoyatning obyektiv tomoni amalga oshiriladi. Suiqasdda shaxs qonun bilan qo‘riqlanadigan obyektni real xavf ostida qoldiradi, lekin obyektiv va subyektiv sabablar natijasida jinoiy oqibat yuz bermaydi. Masalan, qasddan odam o‘ldirish maqsadida jinoyatchi jabrlanuvchiga zahar beradi, lekin moddaning zararsizligi tufayli jinoiy oqibat yuz bermaydi. Shuning uchun ham suiqasdning ijtimoiy xavflilik darajasi tamom bo‘lgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga yaqin turadi.
Jinoyat huquqi nazariyasida suiqasd obyektiv va subyektiv belgilarga ega, deyiladi. Ko‘pchilik mutaxassislar suiqasdning uch obyektiv belgisi mavjudligini ta’kidlashadi. Birinchi navbatda, suiqasd jinoyat sodir etishga qaratilgan harakat (yoki hara­katsizlik)ni ifodalaydi. Suiqasd bu bevosita jinoyat sodir etishga qaratilgan harakat (harakatsizlik)dir. Ayni shu harakat (harakat­sizlik) jinoyatni amalga oshirishga qaratilgan bo‘ladi. Aybdor aniq bir obyektga tajovuz qilib, uni zarar yetkazish xavfi ostida qoldiradi, ba’zi hollarda unga zarar yetkazadi ham. Bu belgining asosiy mazmuni Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi moddasida ifoda­langan jinoyat obyektiv tomonining qisman bajarilishi (masalan, o‘g‘irlik jinoyatini sodir etish maqsadida shaxsnining uyga kirishi, qulfni buzishi)da ifodalanadi. O‘q otish qurolidan odam o‘ldirishga suiqasd bo‘lganligini aniqlash uchun, quroldan o‘q otilgan yoki otilmaganligini aniqlash lozim bo‘ladi. Onaning o‘z chaqalog‘ini o‘ldirishga suiqasd qilganligini bilish uchun chaqaloqning ovqatlantirilganligi yoki aksini aniqlash kerak bo‘ladi.
Ko‘pchilik hollarda suiqasd harakat (qasddan odam o‘ldirish maqsadida zahar berish) orqali amalga oshiriladi. Shu bilan bir qatorda ba’zi bir hollarda harakatsizlik (masalan, onani o‘z chaqalog‘ini o‘ldirish maqsadida uni emizmaganligi) ham suiqasdni amalga oshirish shakli bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, suiqasdda jinoyat oxiriga yetkazilmaydi. Suiqasd shu belgisi bilan tamom bo‘lgan jinoyatdan farq qiladi.
Тamom bo‘lgan jinoyatdan farqli ravishda suiqasdda jinoyatning obyektiv tomoni jinoyat sodir etayotgan shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, o‘zining to‘liq belgilariga ega bo‘lmaydi. Bu belgi, asosan, obyektiv tomondan jinoiy oqibatning yo‘qligida ifodalanadi. Masalan, shaxs o‘q otish quroli yordamida odam o‘ldirish jinoyatini sodir etmoqchi bo‘ladi, ammo qurolning otmaganligi sababli shaxs o‘lmay qoladi. Bu o‘rinda jinoyat subyektiv jihatdan tugallangan, lekin uni faktik jihatdan tugallanmaganligi uni tamom bo‘lgan jinoyatdan farqlash imkonini beradi. Тamom bo‘lgan jinoyatni suiqasddan farqlashda, aybdorning jinoiy harakati boshlanishidan to jinoiy oqibat yuz bergunga qadar qancha vaqt o‘tganligi ahamiyatga egadir. Agar jinoiy oqibat muayyan vaqt o‘tgandan so‘ng yuz bersa (masalan, jabrlanuvchini o‘ldirish maqsadida unga suiqasd qilib og‘ir tan jarohati yetkazsa va jabrlanuvchi bir necha kundan so‘ng vafot etsa), qilmish tamom bo‘lgan jinoyat, deb baholanadi. Qonunga ko‘ra, oqibat ayblanuvchining qasddan qilgan harakati tufayli yuz berganida, oradan qancha vaqt o‘tishidan qat’iy nazar, jinoyat tamom bo‘lgan, deb hisoblanadi.
Moddiy tarkibli jinoyatlarda suiqasd jinoyat obyektiv tomoni­ning zaruriy belgisi bo‘lgan ijtimoiy xavfli oqibatning yuz bermasligida ifodalanadi. Og‘ir tan jarohati yetkazish maqsadida aybdor lezviya bilan jabrlanuvchiga tajovuz qiladi, ammo lezviya jabrlanuvchi kamarining temir qismiga tegadi va natijada, og‘ir tan jarohati yetkazilmaydi va jinoiy oqibat kelib chiqmaydi. Shuni nazarda tutish kerakki, suiqasd, deb topish uchun har doim ham obyektga zarar yetkazilishi talab etilmaydi. Qator hollarda jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkaziladi. Masalan, katta summadagi pulni o‘g‘irlash maqsadida aybdor seyfni ochadi, ammo u yerda oz miqdordagi pul bo‘ladi. Bunday hollarda qilmish tamom bo‘lgan jinoyat emas, balki ko‘p miqdordagi pulni o‘g‘irlashga suiqasd, deb kvalifikatsiya qilinadi.
Formal tarkibli jinoyatlarda, suiqasd jinoyat tarkibini tashkil qiluvchi barcha harakatlarning to‘liq bajarilmasligida ifodalanadi (masalan, pora beruvchi mansabdor shaxsning qarshiligiga qaramasdan, pora predmetini uning stoli ustida qoldiradi).
Suiqasd jinoyat tarkibining zaruriy belgisi jinoiy oqibat ro‘y bermaganida ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu o‘rinda suiqasdning jinoyat sodir etishning boshqa bosqichlaridan farqlovchi quyidagi belgilarini ko‘rish mumkin. Suiqasd subyektga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, jinoiy oqibat yuz bermagan holdagina ahamiyatga ega bo‘ladi. Subyekt jinoyat sodir etish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan barcha harakatlarni bajaradi, ammo istalgan oqibat yuz bermaydi.
Suiqasdning obyektiv tomonini ifodalovchi uchinchi belgi jinoyatning shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holda tugallanmay qolishidir. Bu belgi jinoyatga tayyorgarlik ko‘rishga ham xosdir. Bu holatlar turlicha bo‘lishi mumkin (masalan, kalitning yaroqsizligi tufayli eshikning ochilmasligi). Jinoyatning tamom bo‘lishiga to‘sqinlik qilgan turli holatlarga: ularning har biri jinoyatchining xohishiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra vujudga kelishi hosdir. Aynan shu belgi suiqasdning yuqorida ko‘rsatilgan obyektiv belgilarini birlashtirib, uni jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytishdan farqlash imkonini beradi.
Jinoyatni sodir etishdan ixtiyoriy qaytishda shaxsda jinoyatni oxiriga yetkazish uchun barcha shart-sharoit mavjud bo‘ladi. Masalan, aybdor o‘g‘rilik jinoyatini sodir etish maqsadida avto­mobil topa olmaganligi haqida xabar bergach, sherigi jinoyatni oxiriga yetkaza olmaydi. Agar aybdor o‘zi xohishi bilan jinoiy fao­liyatini to‘xtatsa, bunda jinoyatni sodir etishdan ixtiyoriy qaytish, deb topiladi.
Subyektiv tomondan, suiqasd faqat to‘g‘ri qasddan sodir etiladi. Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish bosqichi kabi suiqasd ham jinoyatni amalga oshirishda qasdning amalga oshirishga qaratilgan bosqichi hisoblanadi. Aybdor jinoyat sodir etayotganida uni oxiriga yetkazishga harakat qiladi. U o‘z harakati bilan aniq bir jinoyatni sodir etayotganini, jinoyat obyektiv tomonining bir qismini bajarayotganini anglaydi, ijtimoiy xavfli oqibat yuz berishini biladi (moddiy tarkibli jinoyatlarda) va jinoyatni oxiriga yetkazishni istaydi. Suiqasdda shaxsning harakati jinoiy maqsadni amalga oshirishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Masalan, nomusga tegish jinoyatida zo‘rlik ishlatish jinoiy maqsadga erishish vositasi bo‘ladi, agar zo‘rlik shu maqsadda ishlatilmasa, bu jinoyat sodir etishga suiqasd, deb baholanmaydi.
Agar shaxs biror aniq maqsadni ko‘zlab harakat qilsa-yu, uning harakati natijasida boshqa oqibat kelib chiqsa, shaxsning maqsadi qanday oqibatga erishishga qaratilgan bo‘lsa, u o‘sha jinoyatga suiqasd qilishda ayblanadi. Masalan, shaxs jabrlanuvchining sog‘lig‘iga og‘ir shikast yetkazish maqsadida uni ursa, lekin buning natijasida unga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazilsa, bu og‘ir shikast yetkazishga suiqasd, deb topiladi.
Jinoyat kodeksida suiqasdning turlari ko‘rsatilmagan. Jinoyat-huquqiy nazariyasida suiqasd tamom bo‘lgan va tamom bo‘lmagan suiqasdga ajratilgan. Bundan tashqari, yaroqsiz obyektga tajovuz, deb nomlanuvchi suiqasdning turi ham mavjud. Ammo sud amaliyotida suiqasdning bu turi ahamiyatga ega bo‘lsa-da, unga e’tibor berilmaydi.

Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin