O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə86/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   82   83   84   85   86   87   88   89   ...   126
jinoyat huquqi

13.7. Kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq
asosli tavakkalchilik

Bugungi kunda barcha sohalarda, shuningdek, fan va texnikaning intensiv ravishda rivojlanib borayotganligi munosabati bilan yangi-yangi texnologik jarayonlarni va alohida texnik, ishlab chiqarish operatsiyalarini uzaytirish, ilmiy tadqiqodlar olib borish va ularni hayotga tatbiq qilish davomida biz xohlasak-xohlamasak, jinoyat huquqi tomonidan qo‘riqlanadigan obyektga nisbatan bir qancha hollarda ancha zarar yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan zararga ongli ravishda tavakkalchilik asosida yo‘l qo‘yamiz.


Ma’lum bir tavakkalchilik bilan amalga oshiriladigan tajriba, eksperimentlarsiz ishlab chiqarish tashkil qilinmas ekan, texnika, tibbiyot kelajakda rivojlanmaydi. Albatta, biror eksperiment, tajriba o‘tkazilganda, tavakkal qilmasdan bo‘lmaydi, tavakkalchilikda esa, maqsadga erishishga yuz foiz ishonch bo‘lmaydi. Shu munosabat bilan ham qonun chiqaruvchi Jinoyat kodeksiga yangi norma sifatida qilmishni istisno qiluvchi holat – kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq asosli tavakkalchilikni kiritdi.
Respublikamiz yangi jinoyat qonuniga bunday harakatni qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holat sifatida alohida modda sifatida kiritilishining ahamiyati katta. Chunki bunday harakat zamirida ijtimoiy foydali xususiyat, ilmiy-texnikaviy ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan zaruriy faoliyat orqali keltirilishi mumkin bo‘lgan jiddiy zararning oldini olishga hamda imkon qadar ijobiy natijalarga erishishga qaratilgan inson ongi va mehnati yotadi.
Bu fan, texnika, taraqqiyotini ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun olimlar va ishlab chiqarish xodimlari tomonidan tajribalar o‘tkazish davrida yo‘l qo‘yiladigan xato va kamchiliklardan cho‘chimasligi va mana shu xato, kamchiliklari uchun javobgarlikka tortilishdan qo‘rqmasliklari maqsadida qilingandir.
Тavakkalchilik ijtimoiy foydali maqsadlarga boshqa harakatlar bilan erishish mumkin bo‘lmaganida va tavakkal qilgan shaxs jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararni bartaraf etish uchun yetarli choralarni ko‘rgan bo‘lsa, asosli, deb topiladi.
Jinoyat kodeksining 41-moddasiga ko‘ra: «Ijtimoiy foydali maqsadga erishish uchun kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq asosli tavakkalchilik qilib, huquqlar va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazish jinoyat, deb topilmaydi».
Quyidagi bir qator shartlar mavjud bo‘lgandagina kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq asosli tavakkalchilik qonuniy hisoblanadi.
Birinchi sharti tavakkalchilikning ijtimoiy foydali maqsadlarga yo‘naltirilganligidir. Ya’ni tavakkalchilik, shaxsiy maqsadga emas, ijtimoiy foydali natijalarga erishishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Shaxsiy maqsadlarga yo‘naltirilgan tavakkalchilik asosli, deb hisoblanmaydi. Bu borada shaxsiy maqsadlarni shaxsiy motivlardan farqlay olish muhim.
Bizga ma’lumki, motiv – u yoki bu qilmish sodir etish istagini tug‘diruvchi sabab. Shu sababli shaxsiy motiv ijtimoiy foydali bo‘lishi ham mumkin. Masalan, olqishlarga sazovor bo‘lish uchun shaxsni o‘limdan qutqarish.
Demak, ijtimoiy foydali maqsad – qilmishni kasb yoki xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq tavakkalchilik sifatida kvalifikatsiya qilish, unga to‘g‘ri huquqiy baho berish hamda jinoiy javobgarlik masalasini hal qilish uchun muhim.
Ikkinchi sharti tavakkalchilik zamonaviy ilmiy-texnika bilimlari va tajribalariga mos kelishi lozim, shunday tajribalarni e’tiborsiz qoldirishi mumkin emas.
Тavakkalchilik bilan bog‘liq qilmishlarning zamonaviy bilim va tajribalarga mosligi haqidagi qonun talablari, avvalambor, bunday qilmishlarning subyektiv bilimlar va subyektiv tajribalarga muvofiq bo‘lishini bildiradi.
Uchinchi sharti o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadga tavakkal qilmay erishishning iloji bo‘lmasa, shaxs boshqalarning huquq va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazilishining oldini olish uchun tegishli choralarni ko‘rgan bo‘lsa, bunday tavakkalchilik asosli, deb topiladi. Ya’ni, bunday hollarda shaxs o‘z-o‘ziga ishonish orqali harakat qilmasdan, balki aniq hisob-kitob olib boradi va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazilishining oldini olishga harakat qiladi. Oldini olish choralarini ko‘rish zarurligi obyektiv va subyektiv mezonlar asosida belgi­lanadi.
Obyektiv tomondan xavfsizlik choralarini ko‘rish zarurligi shundan iboratki, tavakkalchilik bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirish sharoiti aynan shu choralarning ko‘rilishini talab qiladi (masalan, yong‘in bilan bog‘liq tajribalarni o‘tkazishda yong‘in xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish). Subyektiv tomondan xavfsizlik choralarini ko‘rish zarurligi shuni bildiradiki, shaxs kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibat va uning hajmini anglay oladi, shu sababli zarar kelib chiqmasligi yoki ahamiyatsiz bo‘lishi uchun ham u shunday choralarni ko‘radi.
Yuqorida sanab o‘tilgan barcha shartlar mavjud bo‘lgan taqdirdagina tavakkalchilik asosli va huquqiy hisoblanadi, yetkazilgan zarar esa jinoiy emas, deb topiladi. Bu borada yetkazilgan zararning hajmi ahamiyatga ega bo‘lib, agar u erishilgan ijtimoiy foydali maqsaddan kamroq bo‘lsa, jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.
Kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq asosli tavakkal qilishdan ko‘zlangan ijtimoiy foydali natijaga erishilmagan va «yetkazilgan zarar» ijtimoiy foydali maqsadga erishish natijasida olinishi mumkin bo‘lgan natijadan ko‘proq bo‘lgan taqdirda ham tavakkalchi shaxsni javobgarlikka tortishga sabab bo‘lmaydi.
Тavakkalchilik, agar muayyan maqsadga erishish uchun qilinmasdan, unga eksperimentlar o‘tkazmasdan turib ham erishish mumkin bo‘lsa va tavakkalga yo‘l qo‘ygan shaxs huquq va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazishining oldini olmagan bo‘lsa, asossiz deb topiladi.
Ayni vaqtda tavakkalchilik odamlarning halok bo‘lishi xavfi, ekologiya holatining buzilishi yoxud boshqa og‘ir oqibatlarning kelib chiqishi mumkinligini bila turib qilingan bo‘lsa, masalan, sifatsiz oziq-ovqatlarni sotuvga chiqarish, katta maydondagi yerlarni zaharlash xavfi, suv shoxobchalarining zaharlanishi va hokazolar ro‘y bersa, asosli tavakkalchilik hisoblanmaydi.
Demak, quyidagilar:

A). Ko‘pchilik shaxslar hayoti uchun xavfli tarzda amalga oshirilgan;


B). Ekologik halokat yoki ommaviy qashshoqlik xavfini tug‘diruvchi;
D). Boshqacha og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaruvchi tavak­kalchilik asosli, deb topilmaydi.

Odamlarning halok bo‘lish xavfi deganda, tavakkalchilikni amalga oshirish oqibatida ikki yoki undan ortiq odamlarning hayoti xavf ostida qolishi tushuniladi.


Ekologik halokat – insonlar faoliyati natijasida tabiatga zarar yetkazilishi va bu zarar insoniyatning keyingi hayoti uchun jiddiy xavfni keltirib chiqarishini bildiradi ( masalan, gaz, neft avariya­lari, keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari).
Boshqa og‘ir oqibatlar deganda, bir necha shaxslar sog‘lig‘iga og‘ir shikast yetkazilishi, transport tizimining uzoq muddatda izdan chiqishi, portlash yoki yong‘in natijasida uylar va boshqa inshoot­larning vayron bo‘lishi va shu kabi holatlar tushuniladi.
Qonun doirasida belgilangan asosli tavakkalchilik chegarasidan chetga chiqish esa, Jinoyat kodeksining 55-moddasi, «e» bandiga, ya’ni shaxsning ijtimoiy foydali maqsadi bo‘lganligi tufayli jazoni yengillashtiruvchi holatlar qatoriga kiritilgan.
Kasb yoki xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq asosli tavakkalchilik holatida zarar yetkazishni oxirgi zarurat holatida zarar yetkazishdan farqlay olish uchun quyidagi belgilarga e’tibor berish kerak:

oxirgi zaruratda xavf manbayi mavjud bo‘lib, qilmishning o‘zi zararni bartaraf etishga qaratilgan bo‘ladi, asosli tavakkalchilikda esa qilmish tahdid soluvchi xavf bilan shartlanmaydi, u ijtimoiy foydali maqsadga erishishga yo‘naltirilgan bo‘ladi;


oxirgi zaruratda yetkazilgan zarar bartaraf etilgan zarardan kamroq bo‘lishi kerak, asosli tavakkalchilikda esa zararning hajmi tavakkal qiluvchi shaxs qilmishini baholashda unchalik ahamiyatga ega emas.

Тavakkalchilik bilan bog‘liq qilmishlar asosida zarar yetkazish ehtimoliy bo‘lib, oqibatning kelib chiqishi zarur hisoblanmaydi, oxirgi zaruratda esa, zarar yetkazish ko‘proq zarar yetkazilishidan qutulishning yagona vositasidir.


1. Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlarning turlarini qanday tushunasiz?


2. Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlarning turlarini bayon eting.
3. Kam ahamiyatli qilmishlarga qanday qilmishlar kiradi?
4. Zaruriy mudofaa deb nimaga aytiladi?
5. Zaruriy mudofaani qo‘llash asoslarini izohlang.
6. Zaruriy mudofaaning huquqiy shartlarini sanab o‘ting.
7. Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish, deb hisoblashning shartlarini bilasizmi?
8. Xayoliy mudofaa nima?
9. Oxirgi zarurat va uning huquqiy shartlarini bayon eting.
10. Zaruriy mudofaa bilan oxirgi zaruratning farqlarini izohlang.
11. Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida unga yetkazilgan zararni jinoyat, deb hisoblamaslikning shartlarini sanab o‘ting.
12. Buyruq yoki boshqa vazifani ijro etishni jinoyat, deb hisoblamaslikning shartlarini bilasizmi?


14-bob. JAZO ТUSHUNCHASI,

Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   82   83   84   85   86   87   88   89   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin