Buxgalteriya hisobi, tahlil va audit ixtisosligi bo`yicha nazariy metodologiya kursining maqsadi: Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama hamda jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatni modernizatsiyalash, hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirish bugungi kunning dolzarb masalasidir. Shu kabi masalalar ketma-ketligini o`zida mujassamlashtirgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil 7 fevralda “O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasi to`g`risida”gi PF-4947 farmon imzolandi. Unga ko`ra, yaqin besh yillikda mamlakatimiz zabt etishi nazarda tutilgan ulkan marralar, xalqimiz hayot darajasini yuksaltirishning mexanizmlari aniq belgilab berildi. Harakatlar strategiyasi va uning ustuvor yo`nalishlari O`zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida muhim ahamiyatga ega yirik kontseptsiya hisoblanadi. Undan ilmiy izlanishlar olib borishda, maqola, risola o`quv qo`llanmalar ishlab chiqishda va boshqa turdagi tadqiqotlarda samarali foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Iqtisodiyotni modernizatsiyalash va ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash sharoitida buxgalteriya sohasidagi yangiliklarni ta’lim tizimida qo`llash hozirgi kunning eng dolzarb masalasi bo`lib hisoblanadi.
Albatta amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar iqtisodiyotimizning sanoat ishlab chiqarishi bilan bir qatorda tub negizini tashkil etuvchi sohalarda ham o`z samarasini bermoqda. Xususan, qishloq xo`jaligi, qurilish, savdo va transport tarmoqlarida boshqaruvni samarali tashkil etish uchun ulardan olinayotgan ma’lumotlarni ishonchliligini ta’minlashda buxgalteriya hisobining roli nihoyatda kattadir.
Ushbu dastur iqtisodiyotni diversifikatsiyalash sharoitida iqtisodiyot real sektorlarida buxgalteriya hisobining o`rni va ahamiyati, buxgalteriya hisobi metodlari va tamoyillari, pul mablag`lari va valyuta operatsiyalari hisobi, mehnat va ish haqini hisobga olish, tovar-moddiy zaxiralar hisobi, investitsiyalar hisobi, asosiy vositalar hisobi, nomoddiy aktivlar hisobi, mahsulot (ish, xizmat) ishlab chiqarish harajatlari va mahsulot tannarxi hisobi, byudjetlashtirish va harajatlarni nazorat qilish, tayyor mahsulot va uning sotilishini hisobga olish, xususiy kapital hisobi, moliyaviy natijalar hisobi, hisobotlarni tuzish va taqdim etish, uning me’yoriy tartibga solinishi, hozirgi kunda buxgalteriya hisobining rivojlanish tendentsiyasi, istiqboli hamda respublikamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalari va ustuvor vazifalari masalalarini qamrab olgan.
Korxonalar faoliyati samaradorligini oshirishning asosiy omillardan biri harajatlarni tejashdir. Harajatlarni tejashga ularni buxgalteriya hisobini to`g`ri yuritish va harajatlar ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish orqali erishiladi. Ayniqsa korxonalarda logistik harajatlar hisobi va auditini xorij tajribalari hamda moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari va xalqaro audit standartlari talablari yordamida o`rganish asosida uni takomillashtirish yo`nalishlariga doir takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish izlanishning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |