Muvofiqlik - bu mahsulot, xizmat yoki jarayonga belgilangan barcha talablarga rioya qilish yoki ularni bajarishlikdir. Mahsulot muvofiqligini ishlab chiqaruvchi va iste’molchilardan manfaatdor bo’lmagan uchinchi tomon (tashkilot yoki shaxs) tasdiqlaydi. Odatda, bu holda uchinchi tomon vazifasini sinov laboratoriyalari (markazlari) bajaradi. Chunki, har qanday sinalgan namunaning ma’lum bir standart yoki boshqa me’yoriy hujjat talabiga mos kelishini sinov laboratoriyalari tasdiqlaydi. Bunday faoliyatga muvofilikni sertifikatlashtirish deyiladi. Muvofiqlikni sertifikatlashtirish foliyatini o’tkazish uchun o’z tartib qoidalariga ega bo’lgan tizim, sertifikatlashtirish tizimlari mintaka va xalqaro darajasida joriy etilishi mumkin. Sertifikatlashtirish tizimini bajaradigan va nazorat qiladigan markaziy idora sertifikatlashtirish sohasidagi o’z vakolati va muvofiqlikni sertifikatlashtirish huquqini boshqa idoraga berishi mumkin.
Mahsulot, xizmat yoki jarayonning me’yoriy hujjatlarda belgilangan talablarga asosan ishlab chiqarilganligini tasdiqlash uchun uchinchi tomon ham ma’lum bir tartibda faoliyat olib boradi. Bunday (uchinchi tomon) faoliyatning tarkibi va tartibi sertifikatlashtirish sxemasi deyiladi.
Muvofiqlik sertifikat - bu mahsulot, xizmat yoki jarayonlarini ma’lum bir standart yoki boshqa me’yoriy hujjatlarga mos kelishini ishontiradigan va sertifikatlashtirish tizimi qoidalari asosida nashr etilgan hujjat. Muvofiklik sertifikati, uchinchi tomondan mahsulot, xizmat yoki jarayonlar ularga belgilangan talablar asosida ishlab chiqarilganligini tasdiqlagan holda beriladi.
Muvofiqlik belgisi ham xuddi shu asosda beriladi. Muvofiqlik belgisi deb, ushbu mahsulot, xizmat yoki jarayonni ma’lum standart yoki boshqa me’yoriy hujjatga mos kelishini ishontiruvchi sertifikatlashtirish tizimi qoidalari asosida berilgan yoki ishlatiladigan va ma’lum tartibda himoya qilinadigan belgiga aytiladi.
Majburiy sertifikatlashtirish – bu sertifikatlashti-rish vakolatiga ega bo’lgan idora tomonidan mahsulot (xizmat)ning standartlardagi majburiy talablarga muvofiqligini tasdiqlashdir.
O’zbekiston Respublikasida mahsulot (xizmat)ni sertifikatlashtirish majburiy va ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.
Mahsulot (xizmat)larni majburiy sertifikatlashtirish tartibi O’zbekiston Respublikasining «Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to’g’risida»gi qonuni asosida ishlab chiqilgan. Ushbu Qonun xavfsizligini tasdiqlash talab etiladigan mahsulotlar, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlarini Respublika hududida olib kelish va ularni chetga chiqarish qoidalarini belgilaydi hamda bu tartib O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi. Shuning bilan birgalikda sertifikatlashtirilishi shart bo’lgan mahsulotlar ro’yxati ham har yili Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi va bu ro’yxatda sertifikatlashtirilishi shart bo’lgan mahsulotlarning kodi ko’rsatiladi.
Ixtiyoriy sertifikatlashtirish deganda, ishlab chiqaruvchi (bajaruvchi), sotuvchi (ta’minlovchi) yoki iste’molchi tashabbusi bilan ixtiyoriy ravishda o’tkaziladigan sertifikatlashtirish tushuniladi.
Sertifikatlashtirish sohasidagi guvohnoma - bu sertifikatlashtirish tizimi qoidalariga asosan nashr etilgan hujjat. Bu hujjat sifat sertifikati bilan birgalikda mahsuloti yoki xizmati sertifikatlashtirishdan o’tkazilgan shaxs yoki idora (korxona, tashkilot)ga beriladi va bu hujjat (litsenziya) shaxs yoki idoraga undan tegishli ravishda foydalanish huquqini beradi.
Sifat sertifikati - bu etkazib berilayotgan molga ilova qilinadigan va uning sifatini tasdiqlaydigan hujjat.
Mahsulot, xizmat va jarayonlardan tashqari korxona yoki tashkilotning ishlab chiqarish sharoitlari ham sertifikatlashtirishdan o’tkaziladi. Ishlab chiqarishni sertifikatlashtirish - bu sertifikatlashtirish idorasi yoki boshqa maxsus vakolatga ega bo’lgan idora tomonidan ma’lum mahsulotni ishlab chiqarish uchun zarur va etarli sharoitlar mavjudligini, unga tegishli bo’lgan me’yoriy hujjatlarda belgilangan talablarning barqarorligi va sertifikatlashtirishda nazorat ostiga olinishini ta’minlashning rasmiy tasdig’idir.
Sifat tizimini sertifikatlashtirish deganda, tizimning xalqaro yoki milliy standart talablariga muvofiq kelishini tekshirish, baholash va sertifikat berish orqali tasdiqlash haqidagi faoliyat tushuniladi. Sifat tizimini sertifikatlashtirish ta’minlovchining raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqara olishiga to’liq ishonch hosil qilish maqsadida o’tkaziladi.
Mahsulotning tavsiflari milliy va xalqaro me’yoriy-texnik hujjatlarga mos kelishini aniqlash uchun o’tkaziladigan sinovlarga sertifikatlashtirish sinovlari deb ataladi. Sertifikatlashtirish sinovlari uchun mahsulotdan namunalar olinadi va ushbu namunalar bo’yicha sertifikatlashtirish sinovlari o’tkaziladi.
Sinov laboratoriyalari (markazlari)ning ma’lum sinovlar yoki sinovlarning ma’lum xillarini amalga oshirish huquqlarini rasmiy jihatdan tan olish laboratoriyalarni akkreditlash deyiladi. Laboratoriyalarni akkreditlash uchun akkreditlovchi idoralar o’z ish tartibi va boshqarish qoidalariga ega bo’lishi lozim. O’z ish tartibi va boshqarish qoidalariga ega bo’lgan tizim laboratoriyalarni akkreditlash tizimi deb ataladi. Laboratoriyalarni akkreditlash mezoni deganda esa, sinov laboratoriyasini akkreditlash uchun qanoatlantirishi lozim bo’lgan akkreditlash idorasi tomonidan ishlatiladigan barcha talablar majmuasi tushuniladi. Laboratoriyani akkreditlash maqsadida uning mezonlariga muvofiqligini tekshirish orqali aniqlash laboratoriyani attestatsiyalash deb ataladi. Akkreditlashdan o’tgan sinov laboratoriyalari esa akkreditlangan laboratoriya deyiladi.
Yuqorida ko’rsatib o’tilganlardan tashqari sertifikatlashtirish sohasida «Ekspert-auditor», «Tekshiruvchan nazorat» kabi atamalar va «bir, ikki va ko’p tomonlama kelishuvlar» degan tushunchalar ham ishlatiladi.
Ekspert-auditor deb, sertifikatlashtirish sohasida muassasa va korxonalar faoliyatini baholash hamda nazorat qilish huquqiga ega bo’lgan va attestatsiyadan o’tgan shaxsga aytiladi. Tekshiruvchan nazorat deganda esa, sertifikatlashtirish uchun akkreditlangan idoralar sinov laboratoriyalarining faoliyati, mahsulotning sertifikatlashtirilganligi va ishlab chiqarilishini nazorat qilish tushuniladi.
Bir tomonlama kelishuv - bu birinchi tomon tarafidan ikkinchi tomonning ish natijalarini tan olish haqidagi kelishuv. Ikki tomonlama kelishuv esa, ikki tomonning ish natijalarini qamrab oluvchi o’zaro tan olish haqidagi kelishuvdir. Ikkidan ortiq tomonlarning ish natijalarini o’zaro tan olish haqidagi kelishuv ko’p tomonlama kelishuv deb ataladi. Bu tushunchalar asosan sertifikatlashtirish va boshqa mamlakatlarning sertifikatlarini tan olish jarayonida ishlatiladi.
Sertifikatlashtiriladigan mahsulotning xavfsizligi va sifati bo’yicha ishlatiladigan atama va tushunchalar O’zbekiston Respublikasining «Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to’g’risida»gi qonunida ifodalab berilgan.
Shu narsani ta’kidlab o’tish joizki, O’zbekiston Respublikasining «Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to’g’risida»gi qonuni va sertifikatlashtirish bo’yicha boshqa me’yoriy hujjatlar talablariga ko’ra sertifikatlashtirilishi lozim bo’lgan mahsulotni, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlarini muvofiqlik sertifikatisiz yoki muvofiqlik belgisisiz realizatsiya qilish (sotish) qat’iyan man etiladi.