Gerontоlogiyada hamshiralik ishi (I.Razikova, D.Aliqulova)
O’pka sili . Keksa va yoshi qaytgan odamlar organizmi qandli diabet, pnevmoniya va
boshqa surunkali kasalliklar tufayli kasallikka qarshi kurashishga zaiflashadi, ularda
yuqumli kasalliklar og’ir kechadi.
O’pka silining kelib chiqishida kox mikrobakteriyasi asosiy ro’l o’ynaydi. Kasallik
davrida o’pka silining kuchayishiga turmush tarzining yomonligi, yetarli koloriyali ovqat
yemaslik hamda o’z vaqtida dispanser nazoratidan o’tmaslik asosiy sabab bo’ladi. O’pka
sili belgilari ko’pincha qarilik yoki shamollash deb o’ylanadi, chunki qariyalarda uning
klinika belgisi: ko’p terlash, tana haroratining ko’tarilishi kuzatilmaydi, balki yo’tal,
behollik, ozib ketish, balg’am ajratilishi kabi belgilar bo’ladi xolos. Bemorlar balg’amida
mikrobakteriyalarni topish juda qiyin. Tamografiya va rentgenografiyadagina sil
manzarasini ko’rish mumkin. Keksalarda silni davolash uchun kimyoviy preparatlar
qo’llash mumkin. Streptomisin, ftivazid, tubazid, PASK, tibon preparatlari qo’llanilganda
bemor albatta stasionarda bo’lishi kerak, chunki bu preparatlar yurak qon aylanish
sistemasiga asoratlar berish ehtimoli bor. Davolashda disensibillovchi dori vositalari va
gormonlar qo’llanadi. Keksalarda kimyoviy preparatlarni qo’llashning sutkalik ma'qul
dozalari quyidagicha:
Streptomisin
0,5-0,75 gr.
Ftivazid
1-1,5 gr.
Tubazid
0,45 gr.
Etambutol
0,8-1,2 gr.
PASK
9-12 gr.
Metazid
1 gr.
Rifampisin 0,45-0,6 gr. O’pka sili bilan og’rigan bemorlar dispanser nazoratida
bo’ladi. Hamshira bemorning uyiga tez-tez borib, bemorning ahvolidan xabar olib turishi,
gigiena qoidalariga rioya qilinishi, balg’amni maxsus tufdonlarga yig’ish zarurligini nazorat
etishi zarur.
O’pka raki - o’pkadagi xavfli o’sma bo’lib, 40 yoshdan 70 yoshgacha bo’lgan
bemorlarda ko’p uchraydi. O’pka rakining kelib chiqishiga o’pkaning surunkali kasalliklari
va tashqi muhitdagi zaharli moddalar bilan ta'sirlanib turishi, chekish sabab bo’ladi.
Kasallik asta-sekin avj olib boradi, bemorlarni yo’tal, ko’krak qafasida og’riqlar bezovta
qiladi. Balg’amda qon bo’lishi mumkin. hansirash, ishtaqaning yo’qolishi, kaxeksiya
kuzatiladi. Tana harorati o’rtacha ko’tariladi. Limfa tugunlari kattalashib qoladi.
O’pka raki tashxisi rentgenologik tekshiruvdan so’ng qo’yiladi. O’pka rakini
davolashda keksa kishilarda operativ davolash qo’llanilmaydi. Asosan konservativ davo
buyuriladi. Nur bilan davolash bemorning immunologik qobiliyatini susaytirib yuboradi,
shuning uchun ehtiyotlik bilan tayinlanadi. Ximioterapiya o’tkazish maqsadida siklofosfan,
embixin, benzotef, toifosfamid, 5-ftorurasil vositalari qo’llanadi.
O’pka raki bilan og’rigan bemorlar doimo nazoratda bo’lishi, hamshira bemorga
diqqat e'tiborini kuchaytirishi, buyurilgan dori-darmonlarni iste'mol qilish, ko’rsatmalarga
rioya qilish o’z vaqtida bajarilishini nazorat etishi zarur.