Shigellyozlarda epidemiologik nazoratni tashkil etish
Epidemiologik nazorat shigellyozlarda ham boshqa kasalliklardagi singari 3 ta
asosiy qismdan yoki bosqichdan iborat:
a) Epidemik jarayon va kasallanganlar haqidagi axborotlarni to’plash.
b) epidemik jarayonga diagnoz qo’yish.
v) boshqaruv ishlarini amalga oshirish.
Epidemik jarayon va kasallanganlar haqidagi axborotlar quyidagilarni
bajarishni taqozo etadi:
1. Aholi o’rtasida (bolalar va katta yoshdagi kishilar orasida alohida) shigella
tashuvchilikni va doimiy ravishda kasallanish darajasini aniqlab turish lozim.
2. Shigellalar atrof - muhitda oziq-ovqat mahsulotlarida, suvda va boshqa
ob’ektlarda tarqalganligi ma’lumotlarini to’plash.
3. Bemorlardan ajratib olingan shigellalarning turlarini aniqlab, antigenlik
strukturasi va biokimyoviy xossalarini, ya’ni mannit parchalash va
parchalamasligini yoki laktoza parchalash qobiliyatini hamda antibiotiklarga
chidamliligini aniqlash lozim.
Yuqorida qayd etilgan ma’lumotlarni uzluksiz va doimiy ravishda to’plash
uchun epidemiologlar boshqa tibbiyot xodimlari bilan o’zaro hamkorlikda
ishlashlari kerak.
Epidemik jarayonga diagnoz qo’yish uchun quyidagilarni bajarish tavsiya
etiladi: shigellyoz kasalliklarida epidemik o’choqlarni, unda kasallikning kelib
chiqish sabablarini sinchiklab tekshirish kerak. Kasallikni shigellaning qaysi turi
chaqirganligiga qarab qaysi omil bu jarayonni rivojlanishida muhim rol o’ynashini
aniqlash mumkin.