Profilaktikasi. Infeksiya manbai, yuqish yo’llari ko’pligi xilma-xilligi sababli
Ku-isitma profilaktikasi murakkab va qiyin muammolardan hisoblanadi. U boshqa
zoonoz infeksiyalardagidek veterinariya va tibbiy xizmatlar tomonidan ikki
yo’nalishda kompleks tarzda o’tkazilishi joiz.
1. Inson uchun asosiy infeksiya manbai bo’lgan uy hayvonlari o’rtasida
kasallanishni oldini olish.
2. Ishchilar o’rtasida kasallanishning oldini olish.
Qishloq xo’jaligi hayvonlarini kasallanishdan muhofazalash veterinariya-
sanitariya xizmati zimmasida bo’ladi. Hayvonlarni kanalardan himoyalash
maqsadida har 7-10 kunlarda akaritsidlar bilan ishlov berish zarur. Mollar orasida
kasallik qayd etilganida epizootik o’choqni chegaralash va yo’qotish uchun
quyidagilar amalga oshiriladi:
1. Kasallangan hayvonlarni alohida joyga qo’yish (karantin).
2. Hayvonlar ajratmalari, yo’ldosh, em-xashak qoldiqlarini zararlantirish
(yoqish).
3. Binoni 3-5%li fenol yoki kreolin, 10-12%li xlorli ohak, 10% o’yuvchi
natriy eritmalarida dezinfeksiya qilish.
4. Kasal mollarni go’sht uchun so’ydirmaslik.
5. Sut va sut mahsulotlarini 10 minut qaynatilganidan keyin foydalanish,
chunki pasterizatsiya koksiellalarning to’liq halok bo’lishini ta’minlay ololmaydi.
6. Kasallangan hayvonlar juni, terisi, charmi tegishli veterinariya
ma’lumotnomasi bilan 2 qavatli idishlarda transportirovka qilinadi va keyinchalik
maxsus ishlov berilishi zarur.
Odamlarni Ku-isitmadan muhofazalash quyidagi tadbirlarni ko’zda tutadi:
1. Kasallangan hayvonlarni parvarishlash uchun kasallanib o’tganlar,
emlanganlar yoki musbat reaksiya ko’rsatuvchi kishilar jalb etilishi zarur.
2. Chorvachilikda tegishli yumushlar maxsus korjomalarda amalga oshirilishi
va ular keyin zararsizlantirilishi darkor.
3. Xavfli guruhga mansub shaxslar (epidemiologik ko’rsatma bo’yicha)
emlanishlari zarur. Faol emlash uchun tirik M-44 vaksinasi teri ustiga qo’llaniladi.
Revaksinatsiya manfiy reaksiyali kishilarga ikkiyildan keyin o’tkaziladi.
Emlanganlarga emlashdan keyin 3 hafta o’tgach chorvachilikda va chorva
mahsulotlariga ishlov berishda ishlash uchun ruxsat etiladi. Emlashga 14 yoshdan
60 yoshgacha bo’lgan kishilar jalb etiladi.