Dezinfeksiyaning biologik usuli. Infeksiya qo’zg’atuvchilarini biologik
vositalar bilan yo’qotishning o’ziga xos vazifasi bor. Bunday usul o’choqli
dezinfeksiyada ishlatilmaydi.
Biologik usulga suvlarni tuproq va shag’al-toshlar orqali sizdirilib,
o’tkazilishi natijasida tozalash yoki go’ng va chiqindilarni yerga ko’mib tuproqda
chiritish natijasida mikroblarni o’ldirish kabilar misol bo’ladi.
Dezinfeksiya kameralari, ularning tiplari va qo’llash qoidalari. Ip
gazlama, jun, movut, charm va mo’ynali kiyimlarni, to’shak, yostiq, hayvon
mahsulotlarining ba’zi turlari (teri, jun, ot qili, to’ngiz qili va boshqalarni, eski-
latta va boshqalarni), kitoblarni zararsizlantirishda kamera usullarini qo’llash
maqsadga muvofiqdir, buning uchun maxsus qurilmalar va turli xil dezinfeksiya
kameralari mavjuddir.
Boshqa usullarga nisbatan kamera usullarining katta afzalligi bor, chunki
mikroblarning vegetativ va spora hosil qiluvchi turlari bilan zararlanganda
yuqorida ko’rsatib o’tilgan buyumlarni ishonchli ravishda zararsizlantirib ularni
dezinfeksiya qiladi.