o\'zbekiston respublikasi soliq kodeksi, uning tarkibi va ahamiyati
Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarga quyidagilar kiradi:
1) mol-mulk solig’i; 2) yer solig’i; 3) obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i; 4) jismoniy shaxslardan transport vositalariga benzin, dizel yoqilg’isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq; 5) ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko’rsatish huquqi uchun yig’im; 6) yagona yer solig’i (soddalashtirilgan tartibdagi soliq) Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar to’lovchisi bo’lib O’zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligi hujjatlariga muvofiq, mulkchilik shaklidan qat‘i nazar, yuridik va jismoniy shaxslar hisoblanadi.
Mol-mulk solig’i va yer solig’i O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga binoan joriy etiladi va: uning butun hududida undiriladi.
Ushbu soliq stavkalarining miqtsori O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida belgilanadi.
Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i, jismoniy shaxslardan transport vositalari uchun benzin, dizel yoqilg’isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq, ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko’rsatish huquqi uchun yig’imlar Qoraqalpog’iston Respublikasi davlat hokimiyati organlari, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan joriy etiladi. Ushbu soliqlar va yig’imlar stavkalarining eng yuqori miqdorlari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida belgilanadi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O’zbekiston Respublikasining butun hududida ayrim mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni umumiy, qat‘iy stavkalarda belgilashi mumkin.
Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar stavkalari soliq to’lovchilarga Moliya vazirligi, Davlat soliq qo’mitasi va uning quyi organlari tomonidan belgilangan tartibda yetkaziladi.
Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i, jismoniy shaxslardan transport vositalari uchun benzin, dizel yoqilg’isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq, ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko’rsatish huquqi uchun yig’imlarning miqdorlari, ularni undirish tartibi, ular bo’yicha qo’shimcha imtiyozlar taqdim etish Qoraqalpog’iston Respublikasi davlat hokimiyati organlari va viloyatlar hamda Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Yuridik shaxslar tomonidan byudjet bilan hisob-kitoblar hisobi byudjetga to’lovlar bo’yicha qarzlar hisobi hisobvaraqlarida mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar har bir turi bo’yicha yuritiladi.
Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarning o’z vaqtida to’lanishi, mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi uchun javobgarlik soliq va boshqa majburiy to’lovlarni to’lovchilar zimmasiga yuklanadi.
Mahalliy soliq va boshqa majburiy to’lovlar to’lanishining tasdig’i bo’lib amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq bank muassasasi yoki vakolatli organ bergan hujjat hisoblanadi.
Soliklarning umumdavlat (respublika) va mahalliy soliqlarga bo’linishi hukumat idoralarining respublika hukumati va mahalliy hukumatlarga bo’linishi asosida kelib chiqadi. Har bir hokimiyat idoralari o’zlarining bajaradigan muhim vazifalaridan kelib chiqib, o’z byudjetiga va uni ta‘minlaydigan soliqlarga va boshqa majburiy to’lovlarga ega bo’lishi kerak. Respublika hukumati umumdavlat miqyosida katta vazifalarni, jumladan, sog’liqni saqlash, maorif, fan, mudofaa, xavfsizlikni saqlash, aholi ijtimoiy himoyasini tashkil etish va boshqa bir qator shu kabi strategik vazifalarni bajaradi. Shuning uchun uning byudjeti ham, soliqlari ham salmoqli bo’lishni talab etadi. Qo’shilgan qiymat solig’i, aktsiz solig’i, yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliq, yer qa‘ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to’lovlar, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, jismoniy shaxslar daromadidan olingan soliqlar respublika byudjetiga tushadi. Umumdavlat soliqlarining muhim xususiyati shundaki, respublika byudjetiga tushadigan soliqlardan mahalliy byudjetlarni boshqarib borish uchun ajratma tushishi mumkin. Bordi-yu, ajratma yetmasa, subventsiya yoki subsidiya beriladi. Umumdavlat va mahalliy soliqlar yagona mohiyatga ega bo’lib, ular byudjetga to’lanishi lozim bo’lgan to’lovlar hisoblanadi.
Mahalliy soliqlar hukumatlar bajaradigan vazifalariga qarab belgilanib, ularga doimiy va to’liq biriktirib beriladi. Mahalliy hokimiyat organlari asosan fuqarolarga yaqin bo’lganligidan ijtimoiy masalalarni, jumladan, maktab, sog’liqni saqlash, madaniyat, maorif, shahar va qishloqlar obodonlashtirilishi kabi vazifalarni bajaradi. Lekin bu soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar byudjet xarajatlarining 30-40 foizini qoplaydi, xolos.
Shuning uchun ham mahalliy byudjetlar daromadlarini ko’paytirish eng dolzarb masalalardan hisoblanadi. Mahalliy soliklarning muhim xususiyati shundaki, ular faqat shu hududning byudjetiga tushadi va ulardan boshqa byudjetlarga ajratmalar berilmaydi.
Mahalliy byudjetlarning soliq va boshqa majburiy to’lovlari kam bo’lganligidan bu byudjetlarning daromad va xarajatlarini barqarorlashtirish (balanslashtirish) ancha murakkabdir. Bu masalani yechishda umumdavlat soliqlaridan ajratmalar beriladi (masalan, qo’shilgan qiymat solig’idan, aktsiz solig’idan va boshqalar).