Mavzuga oid adabiyotlar:
1. A. Yu. Ibodov: «Farmatsevtik kimyo», I tom, Toshkent, «Tibbiyot» nashriyoti, 1996 yil, 59–98 betlar;
2. M. S. Mirkomilova: «Analitik kimyo», Toshkent, «O`zbekiston» nashriyoti, 2005 yil, 134–141 betlar;
3. M. G`ulomova: «Analitik kimyo», Toshkent, «Talqin» nashriyoti, 2005 yil, 89–105 betlar;
4. U. Haydarov: «Analitik kimyo», Toshkent, «O`qituvchi» nashriyoti, 2007 yil, 150–160 betlar.
Mavzu: Gravimetrik (tortma) analiz usuli. Titrometrik (hajmiy) analiz usuli.
O`quvchi–talaba bilishi kerak:
1. Gravimetrik analiz usulining mohiyatini;
2. Cho`ktirish, filtrlash, quritish, tortish jarayonlarini to`g`ri olib borishni va analiz natijalarini to`g`ri hisoblashni;
3. Titrometrik analiz usulining mohiyatini;
4. Titrometrik analiz turlari va titrlash usullarini.
Yangi darsning bayoni.
1. Gravimetrik analiz usulining mohiyati.
Gravimetrik analiz usuli deb analiz natijasida olingan modda massasi bo`yicha tekshirilayotgan namunadagi element (modda) ning miqdori to`g`risida xulosa qilinadigan miqdoriy analiz usuliga aytiladi.
Ko`pchilik hollarda cho`ktirish va kamroq haydash usullari ishlatiladi. Cho`ktirish usulida aniqlanayotgan komponent juda kam eriydigan birikma shaklida cho`kmaga tushiriladi va bu birikma massasi aniqlanadi. Ajratilgan modda massasini aniqlashdan oldin uni quritiladi yoki qizdiriladi. Bunda ba`zi cho`ktirilgan birikmalar boshqa tarkibli birikmaga aylanadi. Kamroq haydash usuli bilan faqat uchuvchan yoki analiz vaqtida uchuvchan birikmalarga aylanadigan tarkibiy qismlar aniqlanadi.
Gravimetrik analiz sanitariya–gigiyena tekshirishlarida, farmatsevtik preparatlarning analizida keng qo`llaniladi. Masalan, bu usul bilan kolbasadagi, suzma, yorma va nondagi namlik aniqlanadi.
Cho`ktirish usuli uchun almashinish, kompleks hosil qilish, parchalanish reaksiyalaridan foydalaniladi. Eritmaga reaktiv qo`shilganda reaksiya natijasida aniqlanayotgan komponent cho`kmaga tushadi, masalan:
FeCl3 + 3NaOH = Fe(OH)3↓ + 3NaCl
Cho`kma shaklida ajralayotgan modda aniqlanayotgan moddaning cho`ktiriladigan shakli deyiladi. Cho`ktiriladigan shaklga quyidagi talablar qo`yiladi:
1. Cho`ktiriladigan modda juda kam eruvchan bo`lishi kerak, bo`lmasa aniqlanayotgan moddani amaliy jihatdan cho`kmaga tushirish mumkin emas;
2. Cho`kma uni oson filtrlash va yuvish imkonini beradigan tuzilishga ega bo`lishi kerak va eritmadagi begona moddalar bilan oson ifloslanmasligi kerak.
Filtrlangan va yuvilgan cho`kma issiqlik ta`siriga uchratiladi: quritiladi yoki qattiq qizdiriladi. Bunda cho`kmadan suv, yuvilmagan uchuvchan aralashmalar batamom yo`qotiladi va ko`pincha cho`kma tarkibi o`zgaradi, masalan:
2Fe(OH)3 = Fe2O3 + 3H2O
Massasi bo`yicha aniqlanayotgan komponent miqdori to`g`risida xulosa qilinadigan birikma aniqlanayotgan moddaning tortiladigan shakli deyiladi. Agar cho`ktiriladigan va tortiladigan shakllar bir xil bo`lmasa, cho`ktiriladigan shakl yetarli darajada oson va to`liq tortiladigan shaklga o`tadigan bo`lishi kerak. Tortiladigan shaklga ham quyidagi talablar qo`yiladi:
1. Tortiladigan shakl kimyoviy formulaga aniq to`g`ri keluvchi ma`lum tarkibga ega bo`lishi kerak;
2. Olingan tortiladigan shakl kimyoviy jihatdan barqaror bo`lishim yuqori haroratda parchalanmasligi va uchmasligi kerak;
3. Bu talablarning hammasiga rioya qilinganda tortish shakli massasining aniqlanayotgan komponent massasiga nisbati eng katta bo`lgandagi shakli afzaldir. Bu holda aniqlash xatoligi analiz natijasiga kamroq ta`sir qiladi.
Dostları ilə paylaş: |