2. Indikatorlar, titrlash usullari va hisoblash formulalari.
Titrlashda reaktivning ortiqcha miqdori emas, balki aniqlanayotgan modda miqdoriga ekvivalent miqdori ishlatiladi. Ishchi eritma bilan titrlanayotgan modda orasidagi reaksiyaning tugash paytini, ya`ni ekvivalent nuqtasini aniq belgilash zaruriy shartdir. Reaksiyaning tugashi qanchalik aniq belgilansa, analiz natijasi shunchalik aniq bo`ladi.
Reaksiya tugashini aniqlash uchun indikatorlar deb ataluvchi alohida reaktivlar qo`llaniladi. Ko`pincha indikatorlarning ta`siri shunga olib keladiki, ular titrlanayotgan modda va ishchi eritma o`rtasidagi reaksiya oxirida ishchi eritmaning ozgina ortiqcha miqdori ishtirokida o`zgarishga uchraydi va eritma yoki cho`kmaning rangini o`zgartiradi. Byuretkadan–ishchi eritmadan ma`lum miqdorda quyilganda titrlanayotgan eritma rangi sezilarli o`zgarsa, bunda titrlashning so`nggi nuqtasiga erishildi deyiladi.
Ko`pchilik hollarda indikator aniqlanayotgan modda eritmasiga qo`shiladi va titrlash indikator ishtirokida yuzaga chiqadi. Bu ichki indikatorlardir. Ayrim hollarda titrlash mobaynida titrlanayotgan eritmadan kapillyar bilan bitta tomchidan olinib unga chinni plastinkada bir tomchi indikator qo`shiladi. Shunday qilib, indikator bilan bo`ladigan reaksiya titrlanayotgan eritmadan tashqarida ketadi. Bu holda ishlatiladigan indikatorlar tashqi indikatorlar deyiladi.
Titrlash jarayonini olib borish quyidagicha amalga oshiriladi. O`lchov va oddiy idishlar yaxshilab xromli aralashma, oddiy suv bilan yuviladi, distillangan suv bilan chayiladi, birorta tomchi suyuqlik idish ichida devordan oqaturib ushlanib qolmasligi kerak. Byuretka shtativga mahkamlab o`rnatiladi, ishchi eritma bilan to`ldiriladi, bunda byuretka ichida havo pufakchalari bo`lmasligi kerak. Tutrlanadigan eritma konussimon kolbaga solinadi, rang o`zgarishi aniq bilinishi uchun kolba tagiga oq qog`oz varag`ini qo`yish kerak. Titrlash paytida kran yoki qisqich chap qo`l bilan boshqariladi, kolba esa o`ng qo`l bilan ushlanadi. Byuretkadan ishchi eritma asta–sekin tushiriladi, kolbadagi eritma hamma vaqt aylanma harakat bilan aralashtirib turilishi kerak. Reaktivning sachragan mayda tomchilarini yuvib tushirish uchun vaqti–vaqti bilan kolba devorlarini uning bo`g`zidan boshlab yuvgichdagi distillangan suv bilan oz–ozdan yuvib turish kerak. Titrlashning oxirgi nuqtasiga yaqin byuretkadan eritmani ayniqsa ehtiyotlik bilan bitta–bitta tomchidan qo`shish va kolba ichki devorini tez–tez yuvib turish kerak. Titrlash jarayoni tugagach byuretkadagi sarflangan ishchi eritma hajmi aniqlanadi, natijalar formulaga qo`yiladi va hisoblash ishlari olib boriladi. Titrlash jarayoni eng kamida 3 marta takroran olib boriladi hamda natijalarning o`rtachasi asosida hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |