4. Ushbu usullarning ishlatilish sohalari.
Farmatsevtika tahlilida permanganatometriya usulining bevosita titrlash usulida asosan vodorod peroksid, gidroperit, magniy peroksid, qaytarilgan temir, temir (II) sulfat, kalsiy oksalat, oksalat kislota kabi dori preparatlarini analiz qilinadi. Bu usulda ishchi eritmaning o`zi indikator vazifasini bajaradi hamda titrlash jarayoni suyuqlik pushti rangga bo`yalgunga qadar olib boriladi. H2SO4 ishtirokida suyuqlik pushti rangga o`tguniga qadar KMnO4 ning 0,1 n eritmasi bilan titrlab olinadi.
Permanganatometriya usulining ishchi eritmaning ortiqchasi bo`yicha qayta titrlash usulini Davlat Farmakopeyasi natriy nitritning miqdorini aniqlashda tavsiya qiladi. Bu usulda ma`lum miqdor preparat saqlangan eritmaga ortiq hajmda KMnO4 ning 0,1 n eritmasi va H2S2O4 ni qo`shib, ma`lum vaqtga qadar qo`yib qo`yiladi. So`ngra eritmaga KJ qo`shiladi va ajralib chiqqan erkin J2 Na2S2O3 ning 0,1 n eritmasi bilan titrlab olinadi.
Yodometriya usuli bilan J– ni erkin J2 gacha to`liq oksidlaydigan oksidlovchilar (permanganatlar, dixromatlar, Cu (II) tuzlari, Fe (III) tuzlari, erkin galogenlar va boshqalar) ham, erkin J2 ni J– gacha to`liq qaytaradigan qaytaruvchilar (sulfidlar, sulfitlar, SnCl2 va boshqalar) ham aniqlanadi. Farmatsevtika tahlilida yodometriya usuli bilan natriy tiosulfat, askorbin kislota, analgin, formalin, furatsilin, nikodin, benzilpenitsillin, antipirin, dibazol, promedol, kofein natriy benzoat, kaliy permanganat, natriy arsenat, mis (II) sulfat, vodorod peroksid, gidroperit kabi dori preparatlarining miqdori aniqlanadi.
Farmatsevtika tahlilida bromatometriyaning bevosita titrlash usulidan fenol, timol, salitsilat kislota, fenilsalitsilat, mezaton, xinazol, streptotsid, anestezin, novokain, mishyak (III) oksid kabi dori preparatlarining miqdori aniqlanadi. Bunda preparatning eritmasi KBr, H2SO4 va metiloranj indikatori ishtirokida suyuqlik rangsizlangunga qadar KBrO3 ning 0,1 n eritmasi bilan titrlanadi.
Bromatometriyaning teskari, ya`ni ishchi eritmaning ortiqchasi bo`yicha qayta titrlash usulida rezorsin miqdorini aniqlashda, ma`lum hajmda olingan eritmaga H2SO4 va KBr ishtirokida KBrO3 ning 0,1 n eritmasidan aniq va ortiqcha hajmda qo`shiladi, og`zini mahkam yopgan holda bir oz turg`izib qo`yiladi. So`ngra unga KJ qo`shiladi va ajralib chiqqan erkin J2 ni Na2S2O3 ning 0,1 n eritmasi bilan titrlanadi.
Nitritometriya usulida Davlat Farmakopeyasi sulfanilamid preparatlari, para–aminobenzoy kislota hosilalari (anestezin, novokain, novokainamid, dikain), para–aminosalitsil kislota hosilalaridan parasetamol, nitroaromatik birikmalardan levomitsetin miqdorini aniqlashni tavsiya qiladi. Bunda amino guruh «qurshab» olingan preparatlarni, jumladan, eruvchan streptotsid va parasetamollarni aniqlashda, avval ularni kislotalar bilan qizdirish yordamida gidrolizlab, amino guruh «ochib» tashlangandan so`ng titrlanadi.
Dostları ilə paylaş: |