8.3. Tavakkalchilikni (yo‘qotishlarni) pasaytirish Tavakkalchilikni pasaytirishning quyidagi turlari mavjud: diversifikatsiya,
sug‘urtalash, tavakkalchilikni birlashtirish, tavakkalchilikni taqsimlash, axborot
izlash, fyuchers, opsion, xedjerlash va boshqalar.
Diversifikatsiya usulida tavakkalchilik bir necha tovarlarga taqsimlanadi,
ya’ni biror tovarni sotish (sotib olish) yuqori tavakkalchilik bilan bog‘liq bo‘lishi
boshqa bir tovarni sotishdan (sotib olishdan) bo‘ladigan tavakkalchilikni
kamaytirishga olib keladi.
Masalan, biror firma ikki xil mahsulot ishlab chiqaradi. Ma’lumki, bir vaqtning
o‘zida ikkala mahsulot turiga bo‘lgan talabning kamayib ketish ehtimoli, ulardan
bittasiga bo‘lgan talabni kamayib ketish ehtimolidan yuqori. Ko‘p hollarda bir turdagi
mahsulotga bo‘lgan talab kamayganda ikkinchi turdagi mahsulotga bo‘lgan talab
oshadi. quyidagi 8.3-jadvalda ikki turdagi mahsulotdan olinadigan daromadlar
keltirilgan.
8.3- jadval Tovarlarni sotishdan tushgan daromad Tovarlar turi Yoz fasli Qish fasli 1-tur (muzqaymoq)
150 mln. so‘m
5 mln. so‘m
2-tur (kofe va issiq choy)
50 mln. so‘m
120 mln. so‘m
Manba: shartli raqamlar
Firma o‘z ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilib yoz oyida ikkinchi tur tovar
hisobidan yo‘qotadigan daromadini birinchi tur tovarni ko‘proq sotish hisobidan
qoplaydi. Xuddi shunday qish faslidagi yo‘qotishlar ikkinchi tovar hisobidan
qoplanadi. Ko‘rinib turibdiki firma diversifikatsiya yo‘li bilan tavakkalchilikni
kamaytirdi. Lekin, diversifikatsiya tavakkalchilikni to‘liq yo‘qotmaydi, u faqat
kamaytiradi xolos.
Tavakkalchiliklarni qo‘shish - ushbu usul tasodifiy yo‘qotishlarni o‘zgarmas
xarajatlarga aylantirish orqali tavakkalchilikni kamaytirishga qaratilgan. Ma’lumki,
mulkning o‘g‘irlanishi, shaxsning kasal bo‘lib ishga chiqmasligi, tabiiy ofatlarning
bo‘lishi tasodifiy bo‘lib ular juda katta xarajatlarga olib kelishi mumkin. Ushbu
noxush hodisalarning oqibatlarini kamaytirishda sug‘urtaning ahamiyati katta.
O‘zbekistonda ham hozirgi vaqtda ko‘pgina insonlar o‘z hayotlarini, mulkini
sug‘urtalaydilar. Sug‘urta ishlarini yo‘lga qo‘yish uchun respublikada maxsus
qonunlar ishlab chiqilgan va bir qator davlat va nodavlat sug‘urtalash firmalari
faoliyat ko‘rsatmoqda.
Sug‘urtalashda tavakkalchilikni qo‘shish samaradorligi shu bilan belgilanadiki,
sug‘urtalangan shaxslarning tavakkalchiligi bir-biriga bog‘liq bo‘lmasligi kerak.