O'zbekistonning sovet davri tarixining alohida xususiyatlari va davrlashtirish masalalari. Mazkur darslik sahifalarida Vatanimiz tarixining eng murakkab va
ziddiyatli, katta yo'qotishlar va talafotlarga boy, shuningdek, ota-bobolarimizning yurt
ozodligi va mustaqilligi uchun olib borgan qahramonona kurashlari, mag'lubiyatlari va
zafarlari hamda o'zbek xalqining bunyodkorlik faoliyati va fidokorona mehnatlarini o'z
ichiga olgan O'zbekistonning sovet davri tarixi yoritiladi.
1917 - 1991-yillar O'zbekiston tarixida sovet davrini tashkil qiladi. Mazkur davrni
quyidagi katta
2 ta bosqichga ajratish mumkin: 1)
birinchi bosqich -1917 - 1924-
yillar; 2)
ikkinchi bosqich -1925 - 1991-yillar. Birinchi bosqich-da mintaqada
Turkiston, Buxoro, Xorazm respublikalari tashkil qilingan bo'lsa, ikkinchi davr 1925-yil
fevralda O'zbekiston SSRning tuzilishi bilan boshlanadi hamda 1991-yilda sovet
davlatining parchalanishi bilan tugaydi. Bu bosqichlar ham o'z navbatida bir nechta
kichik bosqichlarga bo'linadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 14-dekabrda
Oliy Majlis palatalarining qo'shma majlisida so'zlagan nutqida yaqin o'tmish tariximizga
quyidagicha baho bergan edi: "O'zbek xalqining necha mingyillik tarixida qanday
murakkab davrlar, og'ir sinovlar bo'lganini barchamiz yaxshi bilamiz.
O'zbekistonning eng yangi tarixi va biz erishgan olamshumul yutuqlar mard va
matonatli xalqimiz har qanday qiyinchilik, to'siq va sinovlarni o'z kuchi va irodasi bilan
yengib o'tishga qodir, deb baralla aytishga to'la asos beradi.
Biz ajdodlarimizning yorqin xotirasini asrab-avaylab, qalbimizda, yuragimizda
abadiy saqlaymiz. Bukilmas iroda, fidoyilik va jasorat namunasini amalda namoyon
etib, o'z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishiga bag'ishlagan ustoz
va murabbiylarimiz, zamondoshlarimiz bilan biz cheksiz faxrlanamiz".