Oliy ta’limdan keyingi ta’lim. Oliy ta’limdan keyingi ta’limni oliy ta’lim va ilmiy
tashkilotlarda olish mumkin.
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish
maqsadida mutaxassislikni chuqur o‘rganishni va ilmiy izlanishlar olib borishni nazarda tutadigan
tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchanlik asosida ilmiy darajaga ega ilmiy
va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni ta’minlaydi.
Tayanch doktorantura falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) ilmiy darajasiga
da’vogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etiladigan oliy malakali
ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakli
hisoblanadi.
Doktorantura fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasiga da’vogar
izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va
ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakli hisoblanadi.
Mustaqil izlanuvchilik falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori
(Doctor of Science (DSc) ilmiy darajalariga da’vogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan
ajralmagan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi
bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakli hisoblanadi.
Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish. Kadrlarni qayta
tayyorlash tayanch mutaxassisliklar va kasblarga muvofiq bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyatni
amalga oshirish uchun qo‘shimcha kasbiy bilim, malaka va ko‘nikmalarning zarur hajmi
egallanishini ta’minlaydi.
Kadrlar malakasini oshirish kasbiy bilim, malaka va ko‘nikmalarning chuqurlashtirilishi
hamda yangilab borilishini ta’minlaydi, kadrlarning toifasi, darajasi, razryadi va lavozimi
oshishiga xizmat qiladi.
Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shakllari va muddatlari
tegishli davlat ta’lim talablari bilan belgilanadi.