Matn ustida ishlash. O‘qish darslarining asosiy qismi asarni o‘qish va matn ustida ishlashga ajratiladi. O‘quvchidan asarlar yuzasidan o‘qituvchi bergan savollarga va darslikda berilgan savollarga javob olish, rasmlarga qarab matnlarni qayta hikoya qilish, asarni mavzu doirasini aniqlash, sarlavhani asardagi asosiy fikr bilan taqqoslash, asarning to‘liq mazmunini qayta hikoyalash yoki asar yuzasidan fikr bildirishga o‘rgatish.
Asarni qismlarga ajratish, uning xat boshi bilan aloqadorligi haqida tasavvur hosil qilish. Asar matnini eshitganlari, ko‘rganlari, kuzatganlari asosida to‘ldirish – ijodkorlik sifatlarini tarkib toptirish. Asarda ishtirok etuvchilarni bilib olish, ularga eng oddiy tavsif berish: yaxshi- nima uchun yaxshi, yomon- nima uchun yomon ekanini dalillash.
Asarlarni mavzu doirasiga ko‘ra guruhlash. Asar yuzasidan tuzilgan rejani qayta o‘qish orqali o‘rgatish.
Asardagi ayrim so‘zlarning ma’nolarini izohlashga (gap orqali, sinonimi, antonimini keltirish orqali) o‘rgatish, matndagi ayrim so‘zlarga ma’nodosh, qarama – qarshi ma’noli so‘zlar topishga o‘rgatish.
Shaxslarni, tabiat manzaralarini tasvirlovchi badiiy ifodalarni o‘qituvchi yordamida aniqlash o‘quvchilar nutqiga kiritish, ko‘p ma’noli so‘zlar ishtirokida birikmalar yoki gaplar tuzdirish, diqqatini so‘zning ma’nosiga qaratish, “O‘qish kitobi” mundarijasidan kerakli asarni topish.
Sinfdan tashqari o‘qish va nutq o‘stirish Sinfdan tashqari o‘qish uchun 8-16 betli kichik hajmdagi asarlardan tuzilgan bolalarbop kitoblar tanlanadi. Sinfdan tashqari o‘qish darsida 1-1,5 betli asardan foydalaniladi. Ular bilan o‘quvchilar o‘qituvchining o‘qib berishi orqali tanishtiriladi. Sinfdan tashqari o‘qish dasturining asosiy vazifasi o‘qish malakalarini takomillashtirish, bilimlarini boyitish, kitob bilan mustaqil ishlashga o‘rgatishdir.
Haftada oxirgi o‘qish darsining 20 daqiqasi sinfdan tashqari o‘qish uchun ajratiladi.
O‘qish mavzusi sinfda o‘qiladigan asarlar mavzusi bilan uyg‘unligiga, ta’lim tarbiya birligida, mavsumiy, bosqichli va bolalar qiziqishiga rioya qilgan holda belgilanadi hamda asarlar tanlanadi. Asosan quyidagi mavzular rejalashtiriladi.
1. Gulla – yashna hur O‘zbekiston.
2. O‘zbekistonning qahramon o‘g‘lonlari.
3. Tabiat – bizning uyimiz.
4. Bola odobi bilan aziz.
5. Bilim ol, hunar o‘rgan.
Sinfdan tashqari o‘qishning asosiy vazifasi bolalarni mustaqil amaliy faoliyatga o‘rgatish, bilimini boyitish va o‘qish ko‘nikmalarini takomillashtirishdir. O‘qituvchilarga sinfdan tashqari o‘qish darslarida o‘qishlari zarur bo‘lgan kitoblar, ular bilan tanishish tartibi yuzasidan ko‘rsatmalar beriladi. Maktab kutubxonasi bilan birgalikda kitob ko‘rgazmalari tashkil etiladi.
Kitob muqovasi tituli, betlarini farqlay olish, asar muallifi, nomlarini, rassomlarni tanib, bilib olish. Rasm asosida asarlarning nima haqida ekanini, mazmunini aniqlashga erishish. O‘quvchilarning o‘qigan kitoblari ro‘yxatini yozib borishga o‘rgatish.
O‘quvchilarda muayyan mavzularda tavsiya etilgan asarlar ichidan kitob tanlash va o‘qish ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘qigan asari mazmunini qisqacha so‘zlab berishga o‘rgatish.