SINFDAN TASHQARI O‘QISH (17 soat, A1+: 17 soat). Sinfdan tashqari o‘qish o‘quv dasturi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, unda ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda yaqindan yordam beradi. Buning uchun o‘quvchilarda kitobxonlik madaniyatini tarbiyalash, ularni oddiy kitobxondan ijodkor kitobxon darajasiga ko‘tarish talab etiladi. Bolalarda kitob ustida ishlash malakasini shakllantirish ularda kitobxonlik madaniyatini tarbiyalashning muhim omilidir.
Sinfdan tashqari o‘qish mashg‘ulotlari ikki haftada bir marta o‘tkaziladi va o‘qish uchun ajratilgan soatlardan foydalaniladi. Badiiy-adabiy asarlar mustaqil ravishda va izchil o‘qib borilsa, o‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytirishga, shakllantirishga xizmat qiladi.
Sinfdan tashqari o‘qish tanish bo‘lmagan muallifning kitoblari, muqovasi, titul varag‘i, kirish so‘zi, mundarijasi va rasmlariga qarab asarning taqvimiy mazmunini aniqlash vazifasini amalga oshirishga xizmat qiladi. Bolalarga ezgulikka muhabbat, yovuzlikka nafrat uyg‘otish, bog‘lanishli nutqini o‘stirish, adabiy-estetik tafakkurini yuksaltirish o‘qish darslarining tub mohiyatini tashkil etadi.
Mavzularni o‘rganish uchun – 137 soat (A1+: 68 soat) Nazorat ishlari uchun – 18 soat Takrorlash – 15 soat Jami – 170 soat (A1+: 238 soat) 4-sinf bitiruvchi o‘quvchilarda shakllangan tayanch kompetensiya elementlari: Axborot bilan ishlash kompetensiyasi: A1 mavjud axborot manbalaridan eshittirishlarni tinglab tushunadi va gapirib bera oladi;
o‘z yoshiga mos kitoblarni, gazeta va jurnallarni tanlay oladi va kutubxonadan foydalana oladi;
kundalik faoliyatda uchraydigan hujjatlar (oddiy tabriknomalarni yoza oladi) bilan ishlay oladi.
A1+ axborot manbalardan (turli badiiy adabiyotlardan) oqilona foydalana oladi va ulardan xulosa chiqara oladi.
O‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi: A1 o‘quv fanlarini o‘rgana oladi va bir-biridan farqlay oladi;
o‘z xatosini tushunib, tuzatishga harakat qiladi;
turli yo‘nalishdagi (ertak, sarguzasht, hikoya va san’atga doir) kitoblarni muntazam o‘qib-o‘rganib boradi va bilimini oshiradi;
yaxshilik va yomonlikni bir-biridan farqlay oladi va yaxshi fazilatlarni o‘zida aks ettirishga harakat qiladi.