Tuzilishi va funksiyasiga ko‘ra sekretsiya bezlari tashqi, ichki va aralash bezlarga ajratiladi. (1-rasm).
Tashqi sekretsiya bezlariga so‘lak, ichak devori, oshqozon devori, sut, yogʻ, ko‘z yoshi bezlari kiradi. Ularning sekreti maxsus yo‘l orqali ichki organlar bo‘shlig‘i yoki tashqi muhit (teri sirti)ga chiqadi. Soʻlak, oshqozon va ichak shilliq qavatidagi bezlardan ishlab chiqaradigan fermentlar ta’sirida oziq moddalar hazm bo‘ladi.
Ichki sekretsiya bezlarining sekret chiqarish yo‘li bo‘lmaydi. Ular ajratgan gormonlar qonga chiqariladi. Qalqonsimon bez, qalqonoldi bezlari, gipofiz, epifiz, buyrakusti, ayrisimon bezlar ichki sekretsiya bezlari hisoblanadi.
Organizmdagi ayrim bezlar bir vaqtning o‘zida ichki va tashqi sekretorlik funksiyasini bajaradi. Oshqozonosti bezi, jinsiy bezlar va jigar xuddi shunday ish- laydi. Ular aralash sekretsiya bezlari deyiladi. Oshqozonosti bezi ichki sekretsiya bezi sifatida qonga gormonlar (masalan, insulin), tashqi sekretsiya bezi sifatida ichak bo‘shlig‘iga fermentlar ishlab chiqaradi. Jinsiy bezlar esa qonga jinsiy gormonlar, jinsiy yo‘llarga tuxum va urug‘ hujayralari ishlab chiqaradi. Jigar ichak bo‘shlig‘iga o‘t suyuqligi, qonga qon tarkibiga kiradigan gem va boshqa oqsillar ishlab chiqaradi.
Ichki va aralash sekretsiya bezlarining qonga ishlab chiqaradigan biologik faol moddalari gormonlar (yunoncha hormao - qo‘zg‘ataman, harakatga keltiraman) deyiladi. Gormonlar qon orqali organizmga tarqalib, organlar va organizmda kechayotgan jarayonlarni boshqarib turadi. Ba’zi gormonlar faqat ayrim organlarga ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, jinsiy gormonlar faqat jinsiy organlarning o‘sishi va rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Boshqa gormonlar, masalan, qalqonsimon bez gormoni tiroksin, buyrakusti bezi gormoni adrenalin koʻpchilik organlar funksiyasiga ta’sir ko‘rsatadi.