Organizm - bir butun sistema. Organizmdagi hujayralar, to‘qimalar, organlar va organlar sistemalari o‘zaro muvofiqlashgan bir butun sistema holatida ishlaydi. Bunday muvofiqlashuv gumoral (lot. gumor — suyuqlik), ya’ni qon, limfa va to‘qima suyuqligiga sekretsiya bezlari ajratib chiqaradigan kimyoviy moddalar - gormonlar hamda nerv sistemasi orqali amalga oshadi.
3.2. Organizm funksiyasiningnerv va gumoral boshqarilishi
Organizm funksiyasining gumoral boshqarilishi. Sekretsiya bezlari ishlab chiqaradigan kimyoviy moddalar hujayralar, to‘qimalar, organlar va umuman, organizmda boradigan barcha jarayonlarni boshqarib boradi. Bu moddalarning ko‘pchiligi juda past konsentratsiyada ham organizm ishiga katta fiziologik ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababdan ular biologik faol moddalar deyiladi. Organizmda biologik faol moddalarni ishlab chiqaradigan maxsus bezlar mavjud bo‘lib, ular sekretsiya bezlari deyiladi. Bu moddalar organizm funksiyasi tuzilishini barcha darajalarida boshqarib boradi. Biologik faol moddalar hujayra, to‘qima, organlar, hatto bir butun organizm funksiyasini kuchaytirishi - qo‘zg‘atishi yoki pasaytirishi, ya’ni tormozlashi mumkin.