Talaba-yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish hamda dunyoqarashini shakllantirish istiqbollari. Biz insonlar ma’naviy ozuqani avalo “bilimlar manbai” bo‘lmish kitobdan olamiz. Kitob – bebaho boylik ekani barchamizga ma’lum. Birorta san’at turini televideniye va radio, zamonaviy kompyuterlar imkoniyati va afzalliklarini inkor qilmagan holda aytish mumkinki, bularning hech biri kitob o‘rnini bosa olmaydi. Ayniqsa, badiiy kitoblar har bir kishida insoniy fazilatlarini kuchaytiradi, dunyoqarashini kengaytiradi. “O‘zimdagi barcha yaxshi xislatlarim uchun kitobdan minnatdorman”, degan edi o‘z davridagi allomalardan biri.
Darhaqiqat, kitob bizning do‘stimiz hisoblanadi. Lekin afsuski, bugungi kunda oramizda bu bebaho-ma’naviy boylikdan bahramand bo‘lish o‘rniga “Internet kafe”larda vaqtini behuda o‘tkazayotgan yoshlar uchrab turadi. Avvallari na kompyuter, na internet bo‘lgan. Ota- bobolarimiz “Boburnoma”, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” singari bebaho asarlarni o‘qib, ulg‘ayishgan. Xo‘sh bugunchi? Ko‘pchilik, ayniqsa, yoshlar internetni kitobdan afzal bilishadi. Shu o‘rinda bu zamonaviy axborot vositasining salbiy oqibatlari ham yo‘q emas. U tufayli bugun kitobga bo‘lgan mehr tobora kamayib boryapti. Unutmaylikki, kitob bizning eng yaxshi do‘stimizdir. Biz qancha ko‘p kitob o‘qiganimiz sari, shuncha tushunchamiz kengayadi. Afsuski, ko‘p yoshlar internetni kitobdan ustun qo‘ymoqda. Bu esa ularni dangasalikka giriftor qilmoqda. Kitob – bu oftob, u bilimlar sarchashmasidir. Kitobni inson tafakkurinint qanotlariga o‘xshatishgan. Zero, tafakkuri, fikr doirasi keng ma’rifatli kishilar jamiyatnint chinakam boyligidir. Aksincha, hayotda ro‘y berib turadigan ayrim noxushliklar ildizi esa ma’rifatsizlik, kitob o‘qimasliknint achchiq mevasi. Temirni zang kemirganidek, odamni ham ma’naviyatsizlik mo‘rt qiladi. Ma’naviyat esa insonga kitob o‘qish orqali yuqadi. Har qanday yangilik ham bir kun eskiradi, biroq insoniyatnint ming-ming yillar davomida qo‘lga kiritgan aqliy hamda fikriy durdonalarini o‘zida jamlagan kitoblar aslo eskirmaydi. Binobarin, kitob-hamisha ilm-ma’rifat, adab va axloq manbai bo‘lib kelgan. Bugungi kunda yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda ham kitobdan ko‘ra qudratliroq vosita yo‘q. Inson aqliy salohiyatining yuksalishida kitobnish o‘rni beqiyos. Zero, kitob tufayli dunyoqarashimiz boyib, tafakkurimiz yanada o‘sib boraveradi. Ne-ne ulug‘ zotlar kitobga oshno bo‘lib, yetuklikka erishgan, komil inson darajasiga yetishganlar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “...har qaysi davlat, har qaysi xalq intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda... Imom Buxoriy, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Jaloliddin Rumiy, Alisher Navoiy merosi xalqimizning milliy yuksalishiga katta hissa qo‘shgan”.
Kitob – inson ma’naviyati va dunyoqarashini yuksaltiruvchi muhim manbaa hisoblanadi. Kitob o‘qigan inson mulohazali, bilimli bo‘lib, yuksak tafakkuri ila boshqalardan o‘zining dunyoqarashi va fikrlashi bilan ajralib turadi. Kitob bilan oshno bola yaxshi inson bo‘lib ulg‘ayadi. Shuning uchun ham oilada, bog‘cha va maktablarda bolalarning kitobga mehrini, adabiyotga qiziqishini oshirish ota-onalarning, o‘qituvchilarning vazifasi.
Ko‘p kitob o‘qigan kishining bilim saviyasi yuqori, muomala madaniyati yuksak, yetuk inson sifatida hayotda o‘z o‘rnini topa oladi.
Qadimda buyuk shoir va yozuvchilarimiz, olimlarimiz kitobga shu qadar mehr qo‘ygan edilarki, hatto tunlari sham yorug‘ida kitob mutolaa qilganlar. So‘z mulkining sultoni Navoiy hazratlari 7 yoshida Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asarini yod olgan, buyuk muhaddisimiz Imom al-Buxoriy hazratlari esa olti mingdan ziyod hadisni yod bilgan. Ammo u davrlarda bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlarning bir qismi ham bo‘lmagan. Lekin ular o‘z maqsadlari sari intilib, yuksak ma’naviyat sohibiga aylanishgan. Demak, biz uchun berilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanish xar birimizning o‘zimizga bog‘liq. To‘qlikka sho‘xlik esa o‘zbek millatining yoshlariga xos fazilat emas. Aslini olganda, ayrim yoshlarimiz bunday loqaydlikdan yiroi. Ular o‘zlarining hur fikrligi va yuksak ma’naviyati bilan ajralib turadi. Biroi, guruch kurmaksiz bo‘lmagani kabi insonlar orasida xam ma’naviy kashshoq kishilar yo‘q emas. Bundaylarning loqaydliklari natijasida “yengil hayot” ixlosmandlari safi ortib bormokda. Okibatda kitob o‘kish unutilmokda. Ma’naviyati sayoz, kitob o‘qimaydigan insonlar oilasida tarbiya topayotgan farzandlar kelajakda barkamol shaxs bo‘lib ulg‘aymaydi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yosh avlod ma’naviy tarbiyasida kitobxonlikning o‘rni hamda yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini yanada oshirish maqsadida bir qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3138-sonli qaroriga muvofiq bolalar va yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy saviyasini yuksaltirish maqsadida mamlakatimizda “Yosh kitobxon” tanlovi tashkil etilgan. Ushbu tanlov yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, u respublikadagi eng yirik tanlov hisoblanadi.
Bundan tashqari 2018 yil 12 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3721son qarori imzolandi. Kelajakda kitobxonlikning mavqeini yanada oshirish uchun bu kabi say-yu harakatlar ko‘lamini yanada kengaytirish zarur. Zero, inson havosiz, suvsiz, nonsiz yashay olmaganidek, kitobsiz ham umr kechirolmaydi. Badiiy adabiyotning inson ma’naviy dunyosiga ta’siri benihoya katta. Adabiyot qalbni tarbiyalaydi. Adabiyotga oshno insonning dili mehr-muhabbatga to‘liq bo‘ladi. Adabiyot insonni kurashga, yuksak maqsadlar bilan yashashga, xalqparvar, vatanparvar bo‘lishga undaydi, bunyodkorlik, yaratuvchilikka da’vat etadi.
Bugungi kunda jamiyatda kitobning ma’naviy hamda axloqiy ozuqa, madaniyat va til ravnaqi uchun asosiy manba, avlodlardan-avlodlarga o‘tib kelayotgan intellektual meros sifatida mavqei hamda ahamiyatini saqlash va hatto tiklashga ehtiyoj sezilayapti. Avvalo, badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan ta’lim muassasalarini ta’minlash, milliy hamda jahon adabiyoti namoyandalarining asarlarini saralash, tarjima qilish ishlarini puxta o‘ylangan tizim asosida tashkil etish lozim. Bundan tashqari, yosh avlodning kitobga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish kerak.
Barkamol avlodni voyaga yetkazishda kitobning tarbiyaviy ahamiyati beqiyos. Binobarin, aynan mutolaa insonga bilim va axborot beradi, uning ma’naviy olamini boyitadi. Yaxshi kitob eng murakkab savollarga javob topishda beminnat dastyordir.