O‘zbekiston Prezidenti Tatariston sanoat salohiyati ko‘rgazmasi bilan tanishdi
Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozon shahridagi “Kazan Ekspo” markazida ochilgan Tatariston sanoat salohiyati ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbariga Rossiya Hukumati Raisining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va Tatariston Raisi Rustam Minnixanov hamrohlik qildi.
Shu yerda uchinchi O‘zbekiston-Rossiya hududlararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Prezidentimizga ushbu tadbir yakunlari to‘g‘risida batafsil axborot berildi.
O‘zbekiston yetakchisi Tataristonning yetakchi korxonalari sanoat mahsulotlari va texnologiyalari bilan tanishdi.
Ko‘rgazma doirasida Rossiya Hukumati Raisining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Navbatdagi O‘zbekiston va Rossiya hududlari forumida erishilgan kelishuvlarni, eng avvalo, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qozon Kremli” tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga Tatariston Raisi Rustam Minnixanov hamrohlik qildi.
Qozondagi Kreml YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. U Qozonning eng qadimgi qismi bo‘lib, shaharning ko‘p asrlik tarixini o‘zida mujassam etgan me’moriy, tarixiy va arxeologik yodgorliklardan iborat.
Bu yerda O‘zbekiston Prezidenti "Qul Sharif" masjidini kirib ko‘rdi. Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Kamil Samigullin oliy martabali mehmonga masjid tarixi haqida batafsil so‘zlab berdi. Duo o‘qildi.
Masjid 1996-2005-yillarda Qozon xonligi hududida XVI asrning ikkinchi yarmiga qadar mavjud bo‘lgan juma masjidi o‘rnida bunyod etilgan va Imom Qul Sharif nomi bilan atalgan.
Davlatimiz rahbari Qozon va Tatariston mitropoliti Kirill hamrohligida Blagoveshensk soborini ham ko‘zdan kechirdi. Qozon Kremli hududidagi obidalarning eng qadimgisi bo‘lgan ushbu inshoot XVI asrda bunyod etilgan. Pskov me’morchilik an’analarining yorqin namunasidir.
Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrif doirasida Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari keyingi yillarda o‘zaro hamkorlikda yuqori natijalarga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Savdo va investitsiyalar hajmi oshib bormoqda. Toshkent viloyatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda, Jizzax viloyatida texnopark qurilishi davom etmoqda.
Kimyo tarmog‘i va mashinasozlikda yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Jizzax shahrida Qozon federal universitetining filiali ishlamoqda.
Qozon shahrida o‘tgan uchinchi O‘zbekiston – Rossiya hududlararo hamkorlik forumining yakunlari, jumladan, O‘zbekiston hududlarida Rossiyaning “Alabuga” va “Master” texnoparklari bilan yangi sanoat parklarini tashkil etish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar qayd etildi.
Metallarga ishlov berish, axborot-kommunikatsiya, uy-joy kommunal soahalarida istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, ta’lim, turizm va yoshlarga oid siyosatda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida muhim yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy sheriklik loyihalarini qo‘shma “yo‘l xarita”lari asosida ilgari surishga kelishib olindi.