295-modda. Majburiyatni bajargan kafilning huquqlari Majburiyatni bajargan kafilga kreditorning ushbu majburiyat bo‘yicha huquqlari hamda
garovga oluvchi sifatida kreditorga tegishli bo‘lgan huquqlar kafil kreditorning talabini qancha
hajmda qanoatlantirgan bo‘lsa, shuncha hajmda o‘tadi. Kafil kreditorga to‘langan summaga
foizlar to‘lashni va qarzdor uchun javobgarlik munosabati bilan ko‘rgan boshqa zararini to‘lashni
qarzdordan talab qilishga haqli.
Kafil majburiyatni bajarganidan keyin kreditor qarzdorga bo‘lgan talabni tasdiqlovchi
hujjatlarni kafilga topshirishi va bu talabni ta’minlaydigan huquqlarni berishi shart.
Ushbu moddada belgilangan qoidalar agar qonunda yoki kafilning qarzdor bilan
shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qo‘llaniladi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 259 , 292 — 294 , 296 — 298-moddalari . LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 28.02.2003-yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish huquqi bilan bog‘liq normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 110-son qarorining 2, 3-bandlari , O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 22.12.2006-yildagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-son qarorining 32-bandi . 296-modda. Qarzdor majburiyatini bajarganligi haqida kafilni xabardor qilish Kafillik bilan ta’minlangan majburiyatni bajargan qarzdor bu haqda kafilni darhol
xabardor qilishi shart. Aks holda o‘z navbatida majburiyatni bajargan kafil asossiz olinganni
kreditordan undirib olishga yoki qarzdorga regress talab qo‘yishga haqli. Regress talab qo‘yilgan
taqdirda qarzdor asossiz olingannigina kreditordan undirib olishga haqli.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 259 , 292 — 295 , 297, 298-moddalari . LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 22.12.2006-yildagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-son qarorining 33-bandi .