56-modda. Fuqaroviy da’vogar Jinoyat, xuddi shuningdek aqli noraso shaxsning jamoat uchun xavfli qilmishi shaxsga, korxonaga, muassasaga yoki tashkilotga mulkiy zarar yetkazgan deb hisoblash uchun dalillar bo‘lsa, ular fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etiladi. Fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
Voyaga yetmaganlarning, shuningdek muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish uchun fuqaroviy da’vo ularning qonuniy vakillari va prokuror tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
57-modda. Fuqaroviy da’vogarning huquq va majburiyatlari Fuqaroviy da’vogar: fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atish va uni quvvatlash; dalillar taqdim qilish; qo‘zg‘atilgan da’vo bo‘yicha tushuntirishlar berish; o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun vakil olish; iltimosnoma berish va rad qilish; surishtiruvchidan, tergovchidan, prokurordan yoki suddan da’voni ta’minlash choralarini ko‘rish haqida iltimos qilish; surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom bo‘lganidan so‘ng ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur ma’lumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida o‘z hisobidan ko‘chirma nusxalar olish yoki ulardagi ma’lumotlarni o‘zga shaklda qayd etish; sud tomonidan ish bo‘yicha dastlabki eshituv o‘tkazilayotganda hamda birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar berish; sud hukmi va ajrimining fuqaroviy da’voga tegishli qismi ustidan shikoyat qilish; ish bo‘yicha keltirilgan shikoyatlar, protestlardan xabardor bo‘lish va ularga nisbatan e’tirozlar bildirish huquqiga egadir.
Fuqaroviy da’vogar: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudning chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi va ularning talablariga asosan fuqaroviy da’voga tegishli bo‘lgan dalillar taqdim etishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko‘ndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan to‘sqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgan shaxs ayni vaqtda jabrlanuvchining barcha huquqlaridan foydalanadi va uning majburiyatlarini bajaradi.