58-modda. Fuqaroviy javobgar Ayblanuvchi tomonidan yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan aqli noraso shaxs tomonidan yetkazilgan zarar uchun qonunga ko‘ra mulkiy javobgar shaxs, korxona, muassasa yoki tashkilot ishda fuqaroviy javobgar sifatida ishtirok etish uchun jalb qilinishi mumkin. Fuqaroviy javobgar sifatida jalb qilish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
59-modda. Fuqaroviy javobgarning huquq va majburiyatlari Fuqaroviy javobgar: ayblov va fuqaroviy da’voning mazmunini bilish; da’voga e’tiroz bildirish; tushuntirish berish; o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun vakil olish; dalillar taqdim qilish; iltimosnoma berish va rad qilish; surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom bo‘lganidan so‘ng ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur ma’lumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida o‘z hisobidan ko‘chirma nusxalar olish yoki ulardagi ma’lumotlarni o‘zga shaklda qayd etish; sud tomonidan ish bo‘yicha dastlabki eshituv o‘tkazilayotganda hamda birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish; sud hukmi va ajrimining fuqaroviy da’voga tegishli qismi ustidan shikoyatlar berish; ish bo‘yicha keltirilgan shikoyat va protestlardan xabardor bo‘lish va ularga nisbatan e’tirozlar bildirish huquqiga egadir.
Fuqaroviy javobgar: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudning chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi va ularning talablariga asosan fuqaroviy da’voga tegishli bo‘lgan dalillar taqdim qilishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko‘ndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan to‘sqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
60-modda. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining, jabrlanuvchining qonuniy vakillari Qonuniy vakil ishda ishtirok etishga voyaga yetmagan yoxud belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun jalb qilinadi.
Ishda qonuniy vakil sifatida ota-onalar, farzandlikka olganlar, vasiylar, homiylar, voyaga yetmaganga yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan ishtirokchiga homiylik qiluvchi muassasalar va tashkilotlarning vakillari qatnashishlari mumkin. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining va sudlanuvchining qonuniy vakili ishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan birga, jabrlanuvchining qonuniy vakili esa jabrlanuvchi bilan birga, shuningdek uning o‘rnida ham ishtirok etadi.
Voyaga yetmagan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining iltimosiga ko‘ra, ishda ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan shaxslar bilan bir qatorda uning katta yoshdagi yaqin qarindoshlaridan birining yoki o‘zi ishonadigan boshqa shaxsning qonuniy vakil sifatida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Qonuniy vakilning ishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilganligi haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchining manfaatlari bilan qonuniy vakilning manfaatlari o‘zaro mos kelmasa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchi tarafida ishda ishtirok etish uchun qaror yoxud ajrim bilan advokat tayinlanadi.